Home / FOTO LAVHALAR / Oila — maʼnaviyat qasri, oqila ayol – uning ustuni

Oila — maʼnaviyat qasri, oqila ayol – uning ustuni

Samarqand shahrida “Oqila ayollar — mahalla tayanchi” shiori ostida xotin-qizlar masalalariga bagʻishlangan forum boʻlib oʻtdi. Unda davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, huquq-tartibot idoralari mutasaddilari, mahalla faollari, ziyolilar hamda turli sohalarda faoliyat yuritayotgan xotin-qizlar qatnashdi.

Forumda Samarqand viloyati hokimining oʻrinbosari, Oila va xotin-qizlar boshqarmasi boshligʻi Zebo Saidova, Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi mutasaddilari, viloyat kengashi deputatlari va boshqa masʼullar ishtirokida oila mustahkamligi, ayollarning jamiyatdagi faol oʻrni, huquqiy madaniyat va ijtimoiy masʼuliyatni yanada yuksaltirishga doir muhim mavzular muhokama qilindi.

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi J.Jumayev oilalarda ijtimoiy-maʼnaviy barqarorlikni mustahkamlash masalalari borasida atroflicha fikr yuritdi.

Taʼkidlanganidek, oila — islom taʼlimotiga koʻra, faqat ijtimoiy tuzilma emas, balki maʼnaviy-maʼrifiy tarbiyaning ilk maktabidir. Jumayev, xususan, oyat va hadislar asosida ayolning oiladagi oʻrni, uning eri va farzandlari oldidagi masʼuliyati, shu bilan birga jamiyatda tutgan muqaddas maqomini keng yoritib, diniy maʼrifat orqali oilaviy munosabatlarni mustahkamlash, ajrimlarning oldini olish va yoshlarni sogʻlom ruhda tarbiyalashga doir qator aniq taklif va tavsiyalar berdi.

Forum doirasida milliy hunarmandchilik koʻrgazmasi, folklor ansambllar chiqishlari ham tashkil etildi. Bu esa tadbirga yanada koʻtarinki ruh baxsh etdi.

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi
Matbuot xizmati

Check Also

Ilmu urfonni tutashtirgan maʼnaviy rishtalar

Xabar berganimizdek, Turkiyadagi Islom tafakkuri institutida “Movarounnahr toʻrtinchi yozgi seminarlari” izchil davom etmoqda. Dastur doirasida …