Home / MAQOLALAR / “SHAMOILUN NABAVIY”NING MARKAZ QOʻLYOZMALAR FONDIDA SAQLANAYOTGAN NODIR QOʻLYOZMA NUSXASI

“SHAMOILUN NABAVIY”NING MARKAZ QOʻLYOZMALAR FONDIDA SAQLANAYOTGAN NODIR QOʻLYOZMA NUSXASI

Movarounnahr hadis maktabining yirik vakili, mashhur muhaddis Imom Termiziy 209/824-yili Termiz yaqinidagi (hozirgi Surxondaryo viloyatining Sherobod tumani hududida joylashgan) Bugʻ qishlogʻida, oʻrtahol oilada tavallud topgan. Allomaning toʻliq ismi – Abu Iso Muhammad ibn Iso ibn Savra ibn Muso ibn Zahhok Sullamiy Termiziy boʻlib, Abu Iso uning kunyasi, Muhammad ismi, Iso otasining ismi, Savra bobosining ismi, Termiziy tugʻilgan joyiga nisbadir.

Imom Termiziyning yoshlik yillari Termizda oʻtib, dastlabki taʼlimni ham shu shaharda olgan. 20 yoshida Xurosonga borib, Isʼhoq ibn Rohavayh Marvaziydan taʼlim olgan. 25 yoshida Basraga, soʻng Hijozga borib taʼlimni davom ettirgan. 20 yil davomida turli yurtlarda hadislarni oʻrganib, toʻplab, boshqalarga oʻrgatgan. 250/864-yilda Termizga qaytib kelgan.

Imom Termiziy Qutayba ibn Said Saqafiy Bagʻloniy (vaf. 240/854-y.)[1], Abdulloh ibn Muoviya Jumahiy (vaf. 243/857-y. ), Ali ibn Hujr Marvaziy (vaf. 244/858-y.), Suvayd ibn Nasr ibn Suvayd Marvaziy (vaf. 241/855-y.), Abd ibn Humayd Keshiy (vaf. 249/863-y.), Abu Muhammad Abdulloh ibn Abdurahmon ibn Fazl Samarqandiy Dorimiy (vaf. 255/869-y.) va Abu Abdulloh Muhammad ibn Ismoil Buxoriy (vaf. 256/870-y.) kabi mashhur muhaddislarga shogird boʻlib, ulardan hadis rivoyat qilgan.

Imom Termiziy olti mashhur muhaddis – “kutubi sitta” sohiblarining toʻrtinchisidir.

Alloma 279/892-yil oʻzi tugʻilib oʻsgan qishloqda vafot etgan va oʻsha yerda dafn qilingan[2].

Alloma oʻzidan boy ilmiy meros qoldirgan. Ularning aksariyati bizgacha yetib kelgan.

  1. “Sunani Termiziy”;
  2. “Shamoilun nabaviy” (“Nabaviy xulq asoslari”);
  3. “Ilalu fil hadis” (“Hadislardagi illatlar”);
  4. “Risolatu fil xilofi val jadal” (“Hadislardagi ixtilof va bahslar haqida risola”);
  5. “Kitobut tarix”;
  6. “Kitobuz zuhd” (“Zohidlik kitobi”);
  7. “Kitobul asmou val kunya” (“Ismlar va kunyalar kitobi”);
  8. “Asmous sahoba” (“Sahobalarning ismlari”) kabi asarlar shular jumlasidandir.

Imom Termiziyning “Jomiʼus sahih” (“Ishonchli toʻplam”) asari “Sunani Termiziy”, “Jomiʼul kabir” (“Katta toʻplam”) yoki (“Sahihi Termiziy”) nomlari bilan mashhur boʻlib, u 6 ishonchli hadis toʻplamining toʻrtinchisi hisoblanadi. Allomaning Paygʻambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamning shaxsiy hayoti, U zotning surati, siyrati, ajoyib fazilatlari va odatlariga bagʻishlangan yana bir mashhur asari “Shamoilun nabaviy” boʻlib, u 400dan ortiq hadis[3]ni oʻz ichiga olgan.

Darhaqiqat, dunyoda hech bir insonning tarixi Paygʻambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamning tarixlari kabi mukammal oʻrganilmagan. U zotning sunnatlari, xalqiy va xulqiy sifatlarini vasf etuvchi hadislar koʻplab muhaddislar tomonidan kitobat qilingan. Ular orasida Imom Termiziy qalamiga mansub “Shamoilun nabaviy” asarining ilmiy va tarbiyaviy ahamiyati juda yuqoridir. U oʻziga xos uslubi bilan Paygʻambar alayhissalom shamoyillariga oid boshqa asarlardan alohida ajralib turadi. Mazkur asar koʻp asrlardan buyon nafaqat tadqiqotchi olimlarning, balki Paygʻambar alayhissalomning siyrat va fazilatlarini oʻrganishga qiziqqan barcha musulmonlarning eʼtiborini oʻziga tortib keladi.

“Shamoil” arabcha “shamila” soʻzining koʻpligi boʻlib, “fazilat”, “tabiat”, “xulq-atvor” kabi maʼnolarni anglatadi.

Asarni mazmun-mohiyatiga koʻra ikki qismga boʻlish mumkin.

  1. Xalqiy sifat – tashqi sifat;
  2. Xulqiy sifat – ichki sifat.

Xalqiy sifat. Bunga Paygʻambar alayhissalomning xalqiy sifatlari – surat (tashqi qiyofa)larini tavsiflagan hadislar kiradi. Ularga koʻra, Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallam suyagi yirik, oʻrta boʻyli, gavdali, baquvvat, xushbichim, koʻkraklari keng, qorinlari bilan koʻkraklari bir (tekis), qoʻllari goʻshtdor, peshonalari keng va koʻzlari katta-katta boʻlganini bilib olish mumkin.

Xulqiy sifat. Bunga Paygʻambar alayhissalomning siyratlari – ichki dunyosi va axloqiy sifatlariga oid hadislar kiradi. Ular orqali Paygʻambarimiz Muhammad alayhissalom axloqiy jihatdan namunaviy, mukammal bir siymo boʻlganini bilib olish mumkin. Jumladan, u zot kattayu kichik, erkak-ayol, boy-kambagʻallar bilan bir xil muomalada boʻlganlar. Biror kishi nojoʻya ish qilib, uzr soʻrasa, darhol qabul qilganlar. Yoʻlda uchragan barcha insonlarga birinchi boʻlib salom berib, samimiy hol-ahvol soʻraganlar.

Mazkur asarning qoʻlyozma nusxalari Er kurrasining deyarli barcha mintaqalaridagi arxiv, muzey va kutubxonalarda saqlanib kelmoqda. Lekin mamlakatimiz xazinalarida “Shamoilun nabaviy”ning qoʻlyozma nusxalari kam uchraydi[4].

Jumladan:

Uning ikkita qoʻlyozma nusxasi Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi manbalar xazinasida inv.№71 va inv.428/II raqamlari ostida saqlanmoqda. Ulardan biri – №428 raqam ostida saqlanayotgani majmua tarkibida.

Majmuada quyidagi oʻn asar jamlangan:

  1. Shamsiddin Muhammad ibn Muhammad ibn Muhammad Jazariy – “Al-Hisn al-hasin min kalom sayd al-mursalin” (v. 1b-78b);
  2. Abu Iso Muhammad Iso ibn Savra Termiziy – “Shamoilun nabaviy” (v. 79b-147a);
  3. Abu Zakariyyo Yahyo ibn Sharofiddin ibn Murriy ibn Hasan Hizomiy Huvroniy Navaviy – “Arbaʼin hadis” (v. 148b-162a);
  4. Hofiz Jaloliddin Abdurahmon ibn Abu Bakr Suyutiy – “Kitobul lubob” (v. 163b-178a);
  5. Abu Abdulloh Muhammad ibn Ismoil Buxoriy – “Al-Ahodis as-sulosiyot” (v. 180a-184a);
  6. Muallifi nomaʼlum boʻlgan “Kaʼbul axbor” asari (v. 184b-203a);
  7. Muallifi nomaʼlum boʻlgan “Muxtasaru jomiʼ” asari (v. 204b-211a);
  8. Muhammad Amin ibn Ubaydulloh Muminobodiy – “Sharhu faroizis Sirojiya” asari (v. 212b-266a);
  9. Muallifi nomaʼlum “Anvoi hisob” (Hisobning navlari) asari (v. 266b-268b);
  10. Abdurahmon ibn Ahmad Jomiy Abdurohman – “Risolai sagʻir dar muammo” asari (v. 269b-270a).

Majmua tarkibidagi (inv. № 428/II) ikkinchi manba Abu Iso Muhammad ibn Iso ibn Savra Termiziyning “Shamoilun nabaviy” asari boʻlib, u Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning fazilati, tabiati va xulq-atvori hamda xalqiy va xulqiy sifatlari bobida tengsiz manba hisoblanadi. Asar 69 varaq (79b-147b)dan iborat boʻlib, 56 bob va 415 hadisdan tashkil topgan.

Asar 79b varaqdan basmala bilan quyidagicha boshlangan.

بسم الله الرحمن الرحيم الحمد لله وسلام علی عباده الذین اصطفی قال الشیخ الحافظ ابو عیسی محمد بن عیسی بن سؤرة الترمزی رحمة الله تالى باب ماجآء فى خلق رسول الله صلى الله عليه وسلم …[5].

Mehribon va rahmli Alloh nomi bilan boshlayman. Allohga hamdu sano va tanlab olingan bandalari (paygʻambarlari)ga salomlar boʻlsin. Shayx, hofiz Abu Iso Muhammad ibn Iso ibn Savra Termiziy aytadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning xalqiy sifat (tashqi koʻrinish)lari haqida kelgan rivoyatlar bobi”.

Undan soʻng ilk hadis keltirilgan:

  • أَخْبَرَنَا أَبُو رَجَاءٍ قُتَيْبَةُ بْنُ سَعِيدٍ عَنْ مَالِكِ بْنِ أَنَسٍ عَنْ رَبِيعَةَ بْنِ أَبِي عَبْدِ الرَّحْمَنِ عَنْ أَنَسِ بْنِ مَالِكٍ رَضِيَ اللهُ عَنْهُ أَنَّهُ سَمِعَهُ يَقُولُ: كَانَ رَسُولُ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ لَيْسَ بِالطَّوِيلِ الْبَائِنِ وَلَا بِالْقَصِيرِ وَلَا بِالأَبيضِ الأَمْهَقِ ولا بالأدَمِ ولا بالجَعْدِ القَطَطِ ولا بِالسَّبْطِ، بَعَثَهُ اللهُ تَعَالَى عَلَى رَأْسِ أَرْبَعِينَ سَنَةً فَأَقَامَ بِمَكَّةَ عَشْرَ سِنِينَ وَبِالْمَدِينَةِ عَشْرَ سِنِينَ وَتَوَفَّاهُ اللهُ تَعَالَى عَلَى رَأْسِ سِتِينَ سَنَةً وَلَيْسَ فِي رَأْسِهِ وَلِحْيَتِهِ عِشْرُونَ شَعْرَةً بَيْضَاءَ.[6]
  1. Bizga Abu Rajo Qutayba ibn Saʼiyd Molik ibn Anasdan, u Robia ibn Abu Abdurahmondan, u Anas ibn Molik roziyallohu anhudan xabar qildi. Robia ibn Abu Abdurahmon Anas ibn Molik roziyallohu anhuning bunday deb aytayotganini eshitibdi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam juda novcha ham, pakana ham, oʻta oppoq ham, bugʻdoyrang ham emas edilar. (Sochlari) juda jingalak ham, oʻta silliq ham emas edi. Qirq yoshlarida Alloh taolo u zotni paygʻambar qildi. Makkada oʻn yil, Madinada oʻn yil turdilar. Alloh taolo oltmish yosh avvalida[7] u zotni vafot ettirdi. Oʻshanda soch-soqollarida yigirmata ham oq tola yoʻq edi”.

Izoh. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam oʻrta boʻyli boʻlib, koʻrgan kishi novcha deb ham, pakana deb ham taʼriflamaydigan darajada moʻtadil boʻlganlar.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning ranglari oʻta oq ham, juda bugʻdoyrang ham boʻlmagan. Balki qizgʻish-oq (nurli, charogʻon) yuzli inson boʻlganlar.

Sochlari oʻrtacha boʻlib, juda jingalak, bir-birining ichiga kirib ketgan ham, oʻta silliq, tekis ham boʻlmagan.

Bu rivoyatda Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning Makkada oʻn yil turganlari va oltmish yil umr koʻrganlari aytilgan. Bunga sabab arablarning goho kasr sonlarni zikr qilmaydigan odatlaridir (yaʼni, “oʻn uch” demasdan “oʻn” degan. “Alloh taolo oltmish yosh avvalida u zotni vafot ettirdi” deganda ham kasr son tashlab ketilgan, deb qaraladi).

Haqiqatda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam qirq yoshga toʻlganlarida Alloh taolo u zotga ilk vahiyni nozil qilgan. Paygʻambar boʻlganlaridan keyin Makkada oʻn uch yil turganlar. Makkadan Madinaga ellik uch yoshlarida hijrat qilganlar. Shundan soʻng Madinada un yil yashaganlar. Vafot etganlarida, oltmish uch yoshda boʻlib, soch-soqollaridagi oq tolalarning soni yigirmaga ham yetmagan.

Bu bobdan Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning xalqiy sifatlariga oid 15 ta hadis oʻrin olgan. Byeshinchi hadis bilan oltinchi hadis maʼno va matn jihatidan bir xil boʻlgani uchun birining faqat sanadi keltirilgan[8].

Taʼkidlanganidek, asar 56 bob va 415 hadisdan tashkil topgan. Asarning oxirgi 56-bobi “Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni tushda koʻrish haqida kelgan rivoyatlar” boʻlib, unda 10 hadis jamlangan.

Eng soʻnggi hadis 147a varaqda quyidagicha keltirilgan:

حَدَّثَنَا مُحَمَّدُ بْنُ عَلِي ثَنَا النَّضْرُ أَنْبَأَنَا ابْنُ عَوْنٍ عَنِ ابْنِ سِيرِينَ قَالَ: هَذَا الْحَدِيثُ دِينٌ فَانْظُرُوا عَمَّنْ تَأْخُذُونَ دِينَكُمْ.

Ibn Sirin rahmatullohi alayhdan rivoyat qilinadi: “Bu hadis dindir. Shunday ekan, diningizni kimdan olayotganingizga qarangiz”.

Izoh. Nabiy sollallohu alayhi vasallamga nisbat berilgan, sanadi u zotga yetib borgan bu hadislar dinning mohiyatini ochib beradi. Biz oʻsha hadislar orqali dinni oʻrganamiz. Shuning uchun hadislarni kimdan qabul qilayotganimizga eʼtibor berishimiz zarur.

Imom Termiziy “Shamoilun nabaviy” kitobini mana shu rivoyat bilan yakunlanganining hikmati ham shunda. Chunki, musulmon kishi hadis, tafsir, fiqh, aqida, siyrat, shamoil kabi diniy ilmlarni oʻrganishda faqat ishonchli, sanadi Nabiy sollallohu alayhi vasallamga yetib borgan, sahobai kiromlardan naql qilingan rivoyatlarga suyanishi lozim.

Shariat ilmlari duch kelgan odamdan olinavermaydi. Avval uning ilmi yetukligiga, adolatiga, diyonatiga qaraladi. Negaki, ilm yolgʻonchi, bidʼatchi, adashgan kimsalardan oʻrganilsa, dinning asoslarini notoʻgʻri talqin qilish, islomning asl mohiyatidan uzoqlashish, notoʻgʻri gʻoyalarni tarqatish, jamiyatda nizo va boʻlinishlarni keltirib chiqarish, axloqiy buzilish kabi salbiy oqibatlari juda ayanchli boʻladi.

Asarning 147a varagʻida kolofon qismi boʻlib, unda quyidagi jumlalar yozilgan:

تمت الحديث

شد بتوفیق الهى لا ینام این کتابت روزي آدينة تمام

Uxlamaydigan Ilohning tavfiqi bilan, bu kitob juma kuni yozib tugatildi.

Undan soʻng quyidagi jumlalar yozilgan:

قاريان بر من قهر عتاب  ر خطاى رفته باشد در كتاب

آن خطاى رفته راتصحيح كن از كرم والله اعلم بالصواب

Oʻquvchilar! Kitobda xato boʻlsa, bagʻrikenglik bilan uni tuzatingiz. Alloh bilguvchiroqdir.

Kolofonda qoʻlyozmaning koʻchirilgan vaqti, xattoti haqida maʼlumot keltirilmagan. Ammo xat turi, yozilish uslubi, satr qatori, mistara, poygir, siyoh rangi va qogʻoz navi majmuaning 1b-78b varaqlaridagi Shamsiddin Jazariyning “Hisnul hasin min kalom saydil mursalin” asari bilan bir xil boʻlganidan kelib chiqib, bu ikki kitob bir xattot tomonidan koʻchirilgan, deyish mumkin.

Majmuaning 78a-78b varaqlarida 821/1418 yil jumodil oxir oyida, yakshanba kuni, Hirot tashqarisida Jagʻirton (Jafarton) mavzesi, Ruhobod mahallasida xattot Jaloliddin ibn Muhammad ibn Ubaydulloh Qoiniy tomonidan koʻchirilgani qayd etilgan[9]. Ammo “Shamoilun nabaviy”ning kolofonida “bu kitob juma kuni yozib tugatilgan” deyilgan. Bundan xattot Shamsiddin Jazariy “Hisnul hasin min kalom saydil mursalin” asarini koʻchirib boʻlganidan soʻng Imom Termiziyning “Shamoilun nabaviy” asarini koʻchirgan, deb xulosa qilish mumkin.

Asar arab tilida, nasx xatida koʻchirilgan, 13 satrdan, mistara, poygiri bor, asosiy matn qora, bob va fasl nomlari qizil siyohda yozilgan. Hoshiyasida baʼzi soʻzlarning sharhi, matnda qolib ketgan soʻzlarning toʻldirmalari keltirilgan. Matn orasida baʼzi soʻzlarning forscha tarjimalari yozilgan. Sharq qogʻozi, kurrosasi 8 varaqdan tashkil topgan. Matn oʻlchami – 150´95 mm., varaq oʻlchami – 247´193 mm.

Muqova va tayakisi mallarang charmdan boʻlib, chetlari biroz yemirilgan. Orqa muqovasi joyidan ajralgani uchun qisman taʼmirlangan.

Imom Termiziyning “Shamoilun nabaviy” asari Paygʻambarimiz Muhammad alayhissalomning shamoyillarini oʻrganishda, yoshlarni imonli, eʼtiqodli qilib ulgʻaytirish va ularni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashda katta ahamiyatga ega. Ushbu qoʻlyozma nusxa esa, mazkur asarni oʻrganishda, tahqiq, tadqiq va tahlil etishda tadqiqotchilar uchun muhim manba boʻlib xizmat qiladi.

[1] U “kutubi sitta” –  “olti eng ishonchli toʻplam” egalarining shayxi hisoblanadi.
[2] Mirzo Kenjabek. Buyuk Termiziylar, Termiz tazkirasi. –T.: “Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi” Davlat ilmiy nashriyoti. 2017. –B.115.
[3] “Shamoilun nabaviy”dagi matni va mazmuni takror kelgan hadislarni hisoblaganda 415 ta, ularni hisobga olmaganda esa 408 ta hadisni tashkil etadi.
[4] Termizlik allomalar asarlarining qoʻlyozmalari katalogi. –T.: 2015. –B. 4.
[5] Abu Iso Muhammad ibn Iso Termiziy. Shamoilun nabaviy. IBXITM. Qoʻlyozma № inv. MR 428/II. –B. 79a.
[6] Abu Iso Muhammad ibn Iso Termiziy. Shamoilun nabaviy. IBXITM. Qoʻlyozma № inv. MR 428/II. –B. 79a.
[7] Roviy faqat oʻnlikni zikr qilgan, kasr sonni tashlab ketgan (yaʼni, “oʻn uch” demasdan “oʻn” degan).
[8] Qarang: Abu Iso Muhammad ibn Iso Termiziy. Shamoilun nabaviy. IBXITM. Qoʻlyozma № inv. MR 428/II. –B. 80a.
[9] Qarang Shamsiddin Jazariy. Hisnul hasin min kalom saydil mursalin. IBXITM. Qoʻlyozma № inv. MR 428/I. –B. 78a – 78b.
Yoʻldoshxon ISAYEV,
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi

Check Also

ILK ARAB-MUSULMON DAVLATCHILIGI: SOLIQ SIYOSATI VA UNING IQTISODIY BARQARORLIKKA TA’SIRI

Yangi davlatning moliyaviy qudratini shakllantirish va uni rivojlantirishda soliqlar muhim oʻrin tutadi. Maʼlumki, rivojlangan soliq …