Maʼnaviy barqarorlikni taʼminlash, yoshlarni turli yot gʻoyalar taʼsiridan asrash va jamiyatda sogʻlom fikrlash muhitini shakllantirish bugungi kunning ustuvor vazifalari sirasiga kiradi. Maʼnaviy barqarorlikni mustahkamlashga qaratilgan saʼy-harakatlar doirasida Kattaqoʻrgʻon tumanida navbatdagi maʼrifiy uchrashuv tashkil etildi.
“Jaholatga qarshi maʼrifat bilan kurashamiz” shiori ostida tumandagi mahallalar raislari, faol xotin-qizlar, yoshlar yetakchilari, profilaktika inspektorlari, shuningdek, hokimlik mutasaddilari bilan diniy-mafkuraviy tahdidlarga qarshi kurashishda jamoatchilik, ayniqsa, mahalla tizimining oʻrni va masʼuliyati, yoshlarda maʼnaviy immunitetni mustahkamlashda bilim, maʼrifat va targʻibotning oʻrni haqida suhbat qilindi.
Taʼkidlanganidek, bugungi axborot maydonida insonlar ongi uchun jadal kurash kechmoqda. Yoshlar eʼtiborini oʻz hududi, jamiyati va Vatani manfaatiga yoʻnaltirish, ularda fuqarolik masʼuliyatini shakllantirish va rivojlantirish har bir mahallaning, har bir faolning vazifasidir.
Muloqotda qatnashchilar hududlarda olib borilayotgan profilaktik ishlar, muammoli nuqtalar va ularga yechim boʻlishi mumkin boʻlgan takliflar bilan oʻrtoqlashdi.
Tadbir yakunida bunday maʼrifiy muloqotlarni tizimli ravishda yoʻlga qoʻyish, mahallada faoliyat yuritayotgan turli tuzilmalar hamkorligini mustahkamlash orqali jamiyatda barqaror maʼnaviy muhitni yanada mustahkamlash mumkinligi taʼkidlab oʻtildi.