Home / FOTO LAVHALAR / Vijdon erkinligi va bagʻrikenglik – davlat siyosatining ustuvor yoʻnalishi

Vijdon erkinligi va bagʻrikenglik – davlat siyosatining ustuvor yoʻnalishi

Jamiyatda bagʻrikenglik, dinlararo totuvlik va fuqarolarning vijdon erkinligini taʼminlash borasida olib borilayotgan islohotlar mazmun-mohiyatini keng jamoatchilikka yetkazish maqsadida Kattaqoʻrgʻon shahrida Oʻzbekiston Respublikasida diniy sohadagi davlat siyosati: maqsad, vazifa va prinsiplar” mavzularida davra suhbati tashkil etildi.

Tadbirda shahar hokimi Gavhar Alimova, Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi Jonibek Jumayev, hokimlik masʼullari, imom-xatiblar, “mahalla yettiligi” aʼzolari, nuroniylar, otinoyilar va jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.

Suhbat davomida mamlakatda turli din va eʼtiqod vakillari oʻrtasida oʻzaro hurmat va hamjihatlikni mustahkamlash, diniy erkinlikni kafolatlovchi qonunchilik asoslari, davlat va din munosabatlari, shuningdek, diniy sohaga doir siyosatning asosiy yoʻnalishlari haqida atroflicha maʼlumotlar berildi.

Taʼkidlanganidek, vijdon erkinligi insonning eʼtiqod masalasida daxlsizlikni anglatadi. Ayni paytda bu erkinlik jamiyatda sogʻlom maʼnaviy muhitni taʼminlash va yot gʻoyalarga qarshi maʼrifiy toʻsiq yaratishni ham nazarda tutadi.

Taʼlim muassasalari, mahalla vakillari, diniy soha rahbarlari hamkorligida aholi, xususan, yoshlar orasida maʼnaviy-maʼrifiy targʻibot ishlarini kuchaytirish, ular ongiga vijdon erkinligi, bagʻrikenglik, hamjihatlik gʻoyalarini singdirish bugungi davr talabi ekani alohida qayd etildi.

Tadbir ishtirokchilari tomonidan qator taklif va mulohazalar bildirildi, ularning savollariga mutaxassislar tomonidan asosli javoblar berildi.

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi
Matbuot xizmati

Check Also

Profilaktik muloqotda – tibbiyot xodimlari

Oʻzbekistonda fuqarolarning vijdon erkinligini taʼminlash va diniy sohada oqilona davlat siyosatini yuritish ustuvor yoʻnalishlardan biri …