Home / FOTO LAVHALAR / Profilaktik muloqotda – tibbiyot xodimlari

Profilaktik muloqotda – tibbiyot xodimlari

Oʻzbekistonda fuqarolarning vijdon erkinligini taʼminlash va diniy sohada oqilona davlat siyosatini yuritish ustuvor yoʻnalishlardan biri sanaladi. Bu borada jamoatchilik, ayniqsa, tibbiyot sohasi vakillarining xabardorligini oshirish maqsadida Toyloq tumanida ular bilan profilaktik uchrashuv tashkil etildi.

Tadbirda Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi J.Jumayev, Din ishlari boʻyicha qoʻmitaning tumandagi bosh mutaxassisi N.Mamaraimov va tuman ayollar targʻibot guruhi rahbari M.Yoʻldosheva maʼruzalar bilan qatnashdi.

Uchrashuvda Oʻzbekiston Respublikasida fuqarolarning vijdon erkinligini taʼminlash va diniy sohadagi davlat siyosati konsepsiyasining mazmuni, uning ahamiyati va amaliyotda qoʻllanishi haqida atroflicha maʼlumot berildi. Maʼruzachilar fuqarolarning diniy eʼtiqodiga daxl qilmaslik, ayni paytda soxta diniy manipulyatsiyalarga qarshi kurashish orqali jamiyat barqarorligini mustahkamlash muhimligini taʼkidladi.

Shuningdek, suhbat davomida jaholat, diniy savodsizlik va yolgʻon gʻoyalarga ishonish kabi holatlarning salbiy oqibatlari, ilm-maʼrifat asosida ish yuritish zarurati haqida soʻz yuritildi. Tibbiyot xodimlari orasida maʼrifiy immunitetni mustahkamlash, jamoatchilik bilan vakillari muloqotda doʻstona va samimiy munosabatda boʻlish lozimligi qayd etildi.

Tadbir yakunida milliy va diniy qadriyatlarimizni asrab-avaylash, buyuk allomalarimizning ilmiy-maʼrifiy merosini keng targʻib qilish va yosh avlod ongida mustahkamlash masalalariga ham eʼtibor qaratildi.

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi
Matbuot xizmati

Check Also

Bilim, maʼrifat va qadriyat – barqarorlikning maʼnaviy omillari

Bugungi kunda jamiyat barqarorligi, tinchlik va hamjihatlikni taʼminlashda diniy mutaassiblik, ekstremizm va terrorizm kabi tahdidlarga …