Home / FOTO LAVHALAR / Vijdon erkinligi va bagʻrikenglik – barqarorlik sari maʼrifiy qadamlar

Vijdon erkinligi va bagʻrikenglik – barqarorlik sari maʼrifiy qadamlar

Bugungi global tahdidlar va gʻoyaviy taʼsirlar sharoitida jamiyatda barqarorlikni taʼminlash, fuqarolarning diniy ehtiyojlarini sogʻlom asosda qondirish hamda yoshlarni turli mafkuraviy taʼsirlardan himoya qilish maqsadida mamlakatimizda izchil davlat siyosati yuritilmoqda. Bu siyosat “Oʻzbekiston Respublikasida diniy sohadagi davlat siyosati konsepsiyasi”da oʻz ifodasini topgan boʻlib, uning mazmun-mohiyatini joylarda keng jamoatchilikka yetkazish dolzarb vazifalardan hisoblanadi.

Shu maqsadda, Toyloq tuman hokimligi majlislar zalida mahalla fuqarolar yigʻinlarining “yettilik” aʼzolari ishtirokida maʼrifiy suhbat oʻtkazildi. Unda Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi boʻlim boshligʻi J.Jumayev, tuman hokimi oʻrinbosari J.Haqberdiyev, Din ishlari boʻyicha qoʻmita tuman bosh mutaxassisi N.Mamaraimov va tuman ayollar targʻibot guruhi rahbari M.Yoʻldosheva maʼruza bilan ishtirok etdi.

Tadbirda, avvalo, Konsepsiyada belgilangan tamoyillar — fuqarolarning vijdon erkinligini taʼminlash, turli din va eʼtiqod vakillari oʻrtasida bagʻrikenglik muhitini shakllantirish, davlat va din munosabatlarini mutanosib ravishda yoʻlga qoʻyishning ahamiyati xususida atroflicha maʼlumot berildi.

Shu bilan birga, mafkuraviy immunitetni shakllantirishda mahallaning oʻrni, fuqarolar, ayniqsa, yoshlar bilan targʻibot-tashviqot ishlarini samarali tashkil etish uslublari muhokama qilindi. Ilm va maʼrifatni keng ommalashtirish, millatlararo totuvlik va diniy bagʻrikenglik gʻoyalarini mustahkamlash – konsepsiyadan kelib chiqadigan ustuvor vazifalardan ekani alohida qayd etildi.

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi
Matbuot xizmati

Check Also

Bilim, maʼrifat va qadriyat – barqarorlikning maʼnaviy omillari

Bugungi kunda jamiyat barqarorligi, tinchlik va hamjihatlikni taʼminlashda diniy mutaassiblik, ekstremizm va terrorizm kabi tahdidlarga …