Hozirgi murakkab geosiyosiy va gʻoyaviy keskinliklar avj olgan vaziyatda mamlakatimizda barqarorlikni taʼminlash, yoshlar ongini salbiy taʼsirlardan himoya qilish, vijdon erkinligi va bagʻrikenglik tamoyillarini joriy etish borasida izchil siyosat yuritilmoqda. Ushbu siyosatning huquqiy asosi sifatida qabul qilingan “Oʻzbekiston Respublikasida fuqarolarning vijdon erkinligini taʼminlash va diniy sohadagi davlat siyosati konsepsiyasi” mazmun-mohiyatini keng jamoatchilikka yetkazish maqsadida mamlakatimizning barcha hududlarida profilaktik tadbirlar oʻtkazilmoqda.
Navbatdagi tadbir Urgut tumanida mahalla fuqarolar yigʻini “yettilik” aʼzolari, tuman korxona va tashkilotlari rahbar va xodimlari ishtirokida tashkil etildi. Unda Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi M.Xidirov, Din ishlari boʻyicha qoʻmitaning Urgut tumani boʻyicha bosh mutaxassislari, tumandagi ijtimoiy tuzilmalar va jamoatchilik vakillari ham qatnashdi.
Muloqotda, avvalo, diniy sohadagi davlat siyosatining insonparvar va ochiq xususiyati, uning negizini tashkil etuvchi bagʻrikenglik va vijdon erkinligi tamoyillari haqida atroflicha maʼlumot berildi. Konsepsiyada belgilangan ustuvor vazifalardan biri sifatida jamiyatda sogʻlom diniy muhitni shakllantirish va fuqarolar, ayniqsa, yoshlar orasida turli shakldagi jaholat, radikalizm va aqidaviy mutaassiblikka qarshi maʼrifiy immunitetni mustahkamlash zarurligi taʼkidlandi.
Tadbir davomida ishtirokchilar diniy va dunyoviy bilimlarni yoshlarga uygʻun ravishda oʻrgatish, maʼnaviy tarbiyani kuchaytirish borasidagi fikr-mulohazalari bilan oʻrtoqlashdi.