Yangi davlatning moliyaviy qudratini shakllantirish va uni rivojlantirishda soliqlar muhim oʻrin tutadi. Maʼlumki, rivojlangan soliq tizimi davlat qudratini taʼminlaydi. Paygʻambar Muhammad sallallohu alayhi vasallam ham Madina shahar-davlati iqtisodiy tizimini shakllantirish harakatini boshlab berganlar. Ilk davr soliq tizimida Madina hukmiga boʻysundirilgan qabilalarning mol-mulki asosiy oʻrin tutdi. Lekin Paygʻambar sallallohu alayhi vasallam davrlarida (622-632) chorva-moldan davlat foydasiga olinadigan soliq mavhum – goho “sadaqa” (صدقة), goho “zakot” (زكاة) deb atalib, bu termin – atamalar ilk davrda sinonim soʻzlar sifatida qoʻllangan.
Qurʼoni karimning tarixiy voqealar aks etgan oyatlaridan qadimda yahudiy [19; 20] va nasroniy jamoalar [21; 22] uchun ham diniy soliqlar qoʻllanilganini koʻrish mumkin. Demak, Arabiston yarim oroli, Vizantiya va Sosoniylar davlatlaridagi xristianlik va yahudiylik dinlariga eʼtiqod qiluvchi aholi uchun islom paydo boʻlishidan oldin bunday soliq turi maʼlum boʻlgan. Qadimda xristianlar oʻrtasidagi tabaqaviy tenglikni saqlash maqsadida ushbu dinga eʼtiqod qiluvchi boy va oʻrtahol aholidan oylik daromadining oʻndan biri (desyatina) soliq sifatida cherkovga olingan. Bu soliqdan tushgan mablagʻ cherkovni taʼmirlash va ruhoniylar ehtiyoji uchun ishlatilgan [20:69]. Yahudiylarda esa diniy majburiyat sifatidagi soliq “solihlik” (sedaka) deb atalgan [25:321]. Yahudiylar chorva-mollari, hosil, urushda orttirilgan oʻljalar va mol-mulkining oʻndan birini har oyda sedaka soligʻi sifatida ibodatxonani taʼmirlashga ishlatgan, shuningdek, ruhoniylar, kambagʻallar, beva va yetimlarga tarqatgan [18:25].
Islom dinida ham zakot soligʻi musulmonlarning boy tabaqalari uchun diniy majburiyat sifatida joriy etildi. Xristianlik va yahudiylikdan farqli oʻlaroq zakot soligʻi musulmonlardan yiliga bir marta yigʻib olinadigan boʻldi. Avvaliga Paygʻambar Muhammad sallallohu alayhi vasallam va xalifa Abu Bakr davrlarida (632-634) zakot soligʻi Qurʼonda buyurilganidek [23], faqat faqirlar[1], miskinlar[2], sadaqa [zakot] yigʻuvchilar, koʻngillari islomga oshna qilinuvchi kishilar, qullarni ozod qilish uchun, qarzdorlar va musofirlarga tarqatildi. Paygʻambar sallallohu alayhi vasallam zakot soligʻidan tushgan mablagʻning maʼlum qismini musulmon boʻlmagan arab qabilalari shayxlari, eʼtiborli kishilarga nafaqa sifatida berib turgan. Bundan asosiy maqsad, ularning qabiladoshlari orasida islom diniga nisbatan hurmat hissini uygʻotish edi. Ammo tadqiqotlarda Qurʼonda zikr etilgan mazkur yetti toifaning ichidagi koʻngillari islomga oshna qilinuvchi kishilar (مؤلفة قلوبهم – muʻallafatu qulubihim)ga nafaqa berish hukmining bekor (منسوخ – mansux) qilinishi masalasida biroz noaniqlik mavjud. Masalan, Abdulaziz Mansurovning “Qurʼoni karim maʼnolari tarjimasi” kitobida ushbu toifaga Abu Bakr davrida zakot soligʻidan tushgan mablagʻ hisobidan nafaqa (mukofot) berish hukmi bekor qilingan degan xulosa mavjud [6:187]. Biroq bu fikrga biroz aniqlik kiritish maqsadga muvofiqdir. Chunki tarixiy manbalarda xabar berilishicha, Paygʻambar Muhammad sallallohu alayhi vasallam vafotlaridan keyin Arabiston yarim orolida yuz bergan ar-Ridda harakati natijasida islomni qabul qilgan koʻplab arab qabilalari Abu Bakrga zakot soligʻi toʻlashdan voz kechdi. Abu Bakr zakot soligʻi toʻlamagan baʼzi qabilalarning musulmon boʻlmagan sayyidlariga muʻallafat al-qulubihim nafaqasini berishdan bosh tortdi. Ammo qabilasi oʻz vaqtida zakot soligʻini toʻlab borgan qabila sayyidlariga nisbatan mazkur statusni saqlab qoldi. Masalan, Ibn Saʻdning (vaf. 845-y.) maʼlumot berishicha, Abu Bakr musulmon boʻlmagan Adiy ibn Hotim (vaf. 687-y.)ga yigʻilgan zakotdan 30 tuyani hadya qilgan [5:306; 6:221].
Keyinchalik, xalifa Umar ibn Xattob davriga kelib, islom davlatining taʼsir doirasi Arabiston yarim orolidan tashqariga ham kengaydi va uning nufuzi yetarli darajada mustahkamlandi. Shu sababdan, islom davlati uchun Paygʻambar Muhammad sallallohu alayhi vasallam va Abu Bakr davrlarida yigʻilgan zakot soligʻi hisobiga yashovchi musulmon boʻlmagan rahbarlar (muʻallafat al-qulubihim) yordamiga ortiqcha zarurat qolmadi. Shu holatda davlat boshlig‘i Umar ibn Xattob bu toifaga nafaqa toʻlashni uzil-kesil toʻxtatdi [5:3/306; 1:2/571]. Demak, Umar ibn Xattobning Qurʼon oyatlarida zikr etilgan koʻngillari islomga oshna qilinuvchi kishilarga nafaqa berishni toʻxtatish haqidagi hukmi bu oyatning amalda mansux qilinishida asosiy rol oʻynadi.
Soliq masalasida ilk davrga nisbatan tub oʻzgarishlar Umar ibn Xattob davriga kelib yuz bera boshladi. Ammo tadqiqotchilar orasida islom davlati ilk davri (632-634) va ikkinchi xalifa davri (634-644) vaziyatlari oʻrtasida yuz bergan oʻzgarishlarga yetarli darajada eʼtibor bermaslik tendensiyasi kuzatiladi. Masalan, O.G.Bolshakovning fikricha, zakot ekinzor, uzumzor va xurmozorlardan ham olinib, nisobi – 5 vasqni (975 kg) tashkil etadi. Zakot soligʻi mahsulotning oʻndan bir qismi (1/10) hajmida yigʻib olingan. Yigʻilgan zakotni taqsimlash qozi ixtiyorida boʻlgan [19:74]. Ammo birinchidan, O.G.Bolshakovning zakot terminiga bergan taʼrifida, ikkinchidan, uning yigʻib olinish tartibi va nihoyat, uchinchidan, uni sarf qilinishi masalalarini talqin etishida bir necha chalkashlik mavjud.
Birinchidan, Paygʻambar Muhammad (s.a.v.) davrida sugʻoriladigan yerlar, xurmozorlardan olinadigan soliqlar butunlay boshqa turda boʻlib, bosib olingan yerlar Madina shahar-davlati tomonidan oʻzining avvalgi egalariga yangidan ijara sifatida rasmiylashtirib berilgan. Davlat ularga hech qanday natura yoki pul soligʻi solmas, balki hosil pishgandan soʻng esa uning koʻproq (50 %dan to 75 % gacha) qismini ijara haqi sifatida yigʻib olar edi [24:174]. Keyinchalik istilo urushlari (fath) natijasida Arabiston yarim oroli tashqarisida joylashgan katta hajmdagi sugʻoriladigan yerlar bosib olina boshlandi. Davlat xoʻjaligi tobora murakkablashib borgani sababli Umar ibn Xattob davriga kelib soliq tizimiga bir necha yangilik kiritildi. Ulardan eng asosiysi xaroj (خراج) boʻlib, u qishloq xoʻjaligi mahsulotlaridan olina boshladi [3:94,97].
Demak, davlat soliq tizimida Paygʻambar Muhammad (s.a.v.) davrida chorva-moldan olinadigan zakot tushum miqdori sugʻoriladigan yerdan olinadigan xaroj tushum miqdoridan tobora ozayib borgani sababli, zakot davlat soligʻi sifatida oʻz mavqeini yoʻqota boshladi. Asosiy davlat soligʻi mavqeini xalifa Umar davriga kelib, xaroj egallay boshladi. Chunki umumiy hajm jihatidan xaroj davlat kirimining asosini tashkil etdi. Zakot esa har bir musulmonning davlat oldidagi emas, balki uning yaratgan oldidagi diniy majburiyatiga – nochor musulmonlar uchun beradigan diniy soliqqa aylana boshladi. Tabiiy, uni taqsimlash jamoa diniy sudyasi – qozining ixtiyoriga o‘tdi.
Shuningdek, tarixiy maʼlumotlarga koʻra, Umar ibn Xattob davriga kelib, yetishtirilayotgan hosilning soliq miqdorini yer oʻlchov birligiga qarab belgilash joriy etila boshlangan. Masalan, har jarib (1592 m2) bugʻdoyzordan – 4 dirham, arpazordan – 2 dirham, paxta va kunjut uchun – 5 dirham, al-forsiy navli xurmoning har bir tupi uchun – 1 dirham, uzumzordan – 10 dirhamdan xaroj soligʻi tayinlangan [10:1/175]. Bu soliqlar tabiatidagi oʻzgarish rossiyalik tadqiqotchi tarafidan ikki davr soliq tizimini bir davrda deb hisoblashi oqibatida zakot bilan xaroj (yerdan olinadigan mahsulot soligʻi) chalkashtirilib yuborilgan. Endi O.G.Bolshakovning mahsulotning (1/10) qismi zakot soligʻi sifatida yigʻib olinishi haqidagi fikriga kelsak, bu yerda ham ikki davr voqeligini aralashtirib yuborish holatiga duch kelamiz. Maʼlumki, Paygʻambar (s.a.v.) va Abu Bakr davrlarida zakot chorva-mol soligʻi maʼnosida tushunilgan va uning miqdori molning (1/40) ulushini tashkil qilgan. Keyinchalik xaroj turlari rivojlangan davrda mol-mulkning (1/10) hajmida yigʻib olinadigan xaroj turiga ushr nomi berildi. Demak, O.G.Bolshakov avvalgi davr zakoti va ushr tipidagi xarojni aralashtirib yuborgan. Buning oqibatida u zakot (1/10) miqdorida yigʻib olingan, degan notoʻgʻri xulosaga kelgan.
Islomdan avvalgi arablar amaliyotida biror hududni kuch bilan (ʻanvatan) bosib olish davomida aholi punktlaridagi ekinzorlarni oʻzaro mulk qilib boʻlib olish odat tusiga kirgan edi. Paygʻambar Muhammad (s.a.v.) ham shu odatga ergashgan holda Haybarni zabt etish (628-y.) davomida egasi urushda halok boʻlgan ekinzorlarni istiloda qatnashgan askarlarga boʻlib berganlar [13:416].
Davlat mustahkamlana borgach, bu amaliyotdan voz kechila boshlandi. Masalan, Umar ibn Xattob Sosoniylar va Vizantiya imperiyalari hududlaridagi podshohlar, ularning oilalari, amaldorlar hamda urushda oʻlganlar, qochib ketgan yer egalarining ekinzorlarini davlat mulki hisobiga oʻtkazdi. Bu yangi yerlar musodara qilinmaydigan as-savofiy (الصوافي) yerlar deb nom oldi [3:98-100]. Ayniqsa as-Savod, Shom viloyatlari arab davlati tasarrufiga kiritilgach, savofiy ekinzorlar hajmi ortib ketdi. Ular davlat tasarrufiga kiritilib, ijaraga berila boshlandi. Umar davrida davlat amaliyotida eski amaliyotni davom ettirmoqchi boʻlgan qoʻmondonlarning xatti-harakatlari keskin toʻxtatildi. Masalan, Amr ibn Os Iskandariyadagi bosib olingan yerlarni al-fayʻ (الفيء – oʻlja) sifatida askarlarga boʻlib berishini istadi. Ammo Umar davlat manfaatlariga zid boʻlgan bu urinishni keskin toʻxtatdi [3:42].
Demak, Umar ibn Xattob Paygʻambar Muhammad (s.a.v.) tomonidan taʼsis etilgan askarlarning al-fayʻ ulushini bekor qilib, uning oʻrniga yangi institutni joriy etdi. Bu – askarlik devoni edi. Bu esa, oʻz navbatida, har bir askarga davlat tomonidan muayyan maosh toʻlab turishni taqozo qildi.
Markazlashib kelayotgan davlatning iqtisodiy rivojlanishida xaroj instituti muhim oʻrin tutadi. Tadqiqotlarda ilk davrdagi xaroj soligʻining hajmi va uning obyekti masalasi muammoligicha saqlanib qolmoqda. Tadqiqotchi Tavfiq Sulton al-Yuzbakiy xaroj soligʻi Umar ibn Xattob davrida Vizantiya va Sosoniylar davlatlari bosib olinganidan keyin eronliklardan oʻzlashtirilgan holda taʼsis etilgan, degan fikrni bildiradi [17:80]. Ammo birlamchi manbalar bu fikrni rad etadi. Masalan, Paygʻambar Muhammad (s.a.v.) va Abu Bakr davrida Arabiston yarim orolidagi dehqonchilik rivojlangan biror hudud (sulhan) istilo etilganda, undagi dehqonlarning ekinzorlari oʻz egalarida qoldirilib, ularga jizya soligʻi oʻrniga xaroj soligʻi tayin etilgan. Bu holatni Paygʻambar (s.a.v.)ning Hajar aholisi bilan sulh tuzib, ularga xaroj tayin etishi misolida koʻrishimiz mumkin [3:229]. Demak, xaroj soligʻini birinchi boʻlib, arab davlatchiligi tarixida Paygʻambar Muhammad (s.a.v.) tatbiq etganlar. Ammo, Umar ibn Xattob davriga kelib, davlatchilikning tezlik bilan rivojlanib borishi sharoitida ‘anvatan yoki sulhan istilo etilgan yerlarning har ikkisiga ham ekinzorlar hosillaridan olinadigan xaroj soligʻi tayin etila boshlandi.
Asta-sekin Arab xalifaligi amaliyotida xarojning uch turi shakllana boshladi: misoha, muqotaʻa, muqosama. Birinchi turdagi soliq (مساحة – misoha) olish tartibi quyidagicha boʻlgan: ishlov berilgan yer bir necha qismga boʻlinib, uning maʼlum bir qismida yetishtirilgan hosil davlatga toʻligʻicha natural holda soliq qilib olingan. Ikkinchi turdagi soliq (مقاطعة – muqotaʻa) esa katta yerdan foydalanish uchun bir necha yil oldin, belgilangan pul miqdori bilan olingan. Uchinchi turdagi soliq (مقاسمة – muqosama) yerda yetishtirilgan umumiy hosilning bir qismi holida davlat foydasiga olingan.
Arab-musulmon davlati byudjetining yuksalishidagi asosiy manba rolini ushr ( عشر– arab tilidan soʻzma-soʻz: oʻndan bir) soligʻi oʻynadi. Ushr soligʻi yigʻilgan hosilning 1/10 qismiga teng. Aksariyat manbalarda ushr soligʻi baʼzan alohida, baʼzan xaroj soligʻining tarkibiy qismi sifatida talqin etiladi. Ushr soligʻi xalifa Umar davrida oʻzining aniq koʻrinishiga ega boʻldi. Bu davrga kelib, markazlashgan islom davlatining soliq siyosatida boj va savdo ushri paydo boʻldi. Bu soliq urush olib borilayotgan davlat (balad al-harb)dan Madina davlati tasarrufidagi hududlarga tijorat uchun qatnaydigan kemalar va yakka savdogarlarning tovarlari hisobidan olingan. Shuningdek, boj ushrining foiz qiymati ham savdogarning diniy eʼtiqodiga qarab belgilangan: musulmonlardan ushrning choragi (1/4), yaʼni 2,5 % yoki 5 dirham yoki yarim misqol oltin, zimmiylardan ushrning yarimi (1/2), yaʼni 5 % yoki 10 dirham yoki bir misqol oltin, musulmonlar urush eʼlon qilgan hududdan kelganlar (ahl balad al-harb yoki harbiy) uchun esa oʻndan bir (1/10), yaʼni 20 dirham yoki ikki misqol ushr olingan. Shuningdek, ushr soligʻining nisobi 20 misqol tilla yoki 200 dirham etib belgilangan [3:234-236]. Bundan ushrga ham zakotning nisobi asosiy mezon qilib belgilanganini koʻrishimiz mumkin. Shuningdek, islom davlati hududiga kirib kelayotgan bugʻdoy va yogʻ mahsulotlariga musulmonlarda ehtiyojning kattaligi uchun yarim ushr, mosh, noʻxat, yasmiq, loviyalarga – toʻliq ushr tayin etilgan [18:2/417].
O.G.Bolshakovning fikricha, yangi barpo etilgan Kufa va Basra shaharlarining bozorlarida savdogarlarga yer haqi va boj soligʻi tayin etilmagan [19:74]. Ammo tarixchilarning maʼlumotiga koʻra, yangi qurilgan harbiy lagerlarda askarlarning oʻzlari yashamagan. Ular oʻz oilalarini birga olib yurish imkoniyatiga ega boʻlgan [16:64; 14:1/390-91]. Demak, shaharda tashqaridan keltiriladigan kundalik oziq-ovqat va boshqa tovarlarga ehtiyoj katta boʻlgani tabiiy. Shuningdek, Kufa va Basra shaharlari oʻsha davrda balad al-harbga yaqin yerda joylashgan bo‘lib, Xalifa Umar buyrugʻiga binoan har bir chetdan kelgan tijoratchi uchun boj soligʻi (ushr) joriy etilgan edi. Tarixchilarning xabar berishicha, Umar ibn Xattob Iroq va Shom hududlari uchun ushr, yaʼni boj soligʻini toʻplash uchun as-Sari ibn Ismoilni tayinlagan [3:239; 13:416]. Demak, Kufa va Basra shaharlaridagi bozorlardan ham boshqa shaharlardagidek, boj va boshqa soliqlar oʻz oʻrnida va muayyan tarzda olingan.
Tadqiqotchi Muhammad Akramxon, Paygʻambar Muhammad (s.a.v.)ning ushr toʻgʻrisidagi quyidagi hadisini talqin etib, shunday yozadi: «… ushrni musulmonlar emas, balki yahudiylar va nasroniylar toʻlaydilar» [18:211]. Hadisdan ushrning qaysi toifasi ekanligini bilish qiyin, ammo muallif hadisni ingliz tiliga tarjima qilish jarayonida ushrni “import duty”, yaʼni “boj soligʻi” tarzida talqin qilgan. Ammo manbalarda boj soligʻiga Umar ibn Xattob xalifaligi davrida asos solingani haqidagi ma’lumotlar mavjud. Basra voliysi Abu Muso al-Ashʻariy (vaf. 665-y.) xalifaga maktub yoʻllab, musulmonlar balad al-harb hududlariga tijorat uchun kirsa, mollarining oʻndan birini soliq sifatida olayotganini yozadi. Unga javoban xalifa: musulmonlardan qancha olayotgan boʻlsa, balad al-harb aholisidan – 10%; ahli zimmadan – 5%; musulmonlardan esa – 2,5% ushr soligʻi olish haqida buyruq beradi [14:381].
Shuningdek, Furot daryosi yoqasida joylashgan Manbij savdogarlari Umar ibn Xattobdan tijorat uchun markazlashgan arab davlati tarkibidagi hududlarda ushr soligʻi evaziga savdo qilishga ruxsat soʻraydi. Xalifa sahobalar bilan kengashib, ularning taklifiga rozi boʻladi [13:417-418].
Demak, savdo va boj ushrini Umar ibn Xattob taʼsis etdi. Paygʻambar Muhammad (s.a.v.) va Abu Bakr davrlarida boj soligʻi mavjud boʻlmagan. Koʻrinib turibdiki, Umar bu soliq turini ham yangi davr voqeligidan kelib chiqib, joriy etdi. Demak, Muhammad Akramxonning “xaroj ushri” iborasini ingliz tiliga xato tarjima qilishining boisi tadqiqotchining markazlashgan Madina davlatining iqtisodi, soliqlar siyosatini yaxshi tadqiq qilmaganidan yuzaga kelgan. Chunki ilk bor boj soligʻini Iroq va Shom tijoratchilari toʻlagan [3:327], bu soliq Paygʻambar (s.a.v.) davrida davlat iqtisodiyoti uchun nomaʼlum boʻlgan.
Shuningdek, zabt etilgan hududlarning yangi dinni qabul qilgan dehqonlari oʻz ekinzorlaridan xaroj soligʻi oʻrniga ushr soligʻi toʻlagan [12:131]. Lalmikor va ariqlardan sugʻoriladigan yerlardan ushr, quduq, hovuz, meshlarda sugʻoriladigan yerlardan esa yarim ushr olingan [3:95]. Bu misollardan Umar ibn Xattobning davlat hukmi doirasini yangi hududlarga kengaytirishda soliqlar siyosatidan unumli foydalana olganini koʻrish mumkin.
Yangi shakllanayotgan soliq tizimida musulmon boʻlmagan aholidan jon boshi hisobida olinadigan jizya soligʻi muhim oʻrin tutdi. Al-Jizya (الجزية) instituti Arab xalifaligi oʻtmishdoshlari – Sosoniylar (224-651) va Vizantiya imperiyalari davlat tizimida ham mavjud boʻlgan. Bu imperiyalar hududida yashagan johiliya davri arablari mazkur jon soligʻini joliya deb atagan. Davlat namoyandalari bu soliqni yiliga uch marta yigʻib olgani maʼlum [12:3; 12:42]. Shahanshoh Xusrav Anushirvon (531-579) xristian va yahudiylarning baʼzi toifalariga bu soliqni joriy qilgan. Ammo, boshqa dinga eʼtiqod qiluvchilar orasidan zodagon xonadon vakillari, voliylar, otliq askarlar, haram (ibodatxona) xizmatchilari, sudyalar, dehqonlar raislari va devon kotiblari bu soliqdan ozod etilgan [12:42-43].
- Akram Diyo al-Umariy. Asr al-xilofa ar-roshida. – Ar-Riyod, 1998.
- Al-Jahshiyoriy. Al-Vuzaro val kuttob: 2 jildli. – Al-Qohira: Mustafo al-Bobiy al-Halabiy, 1981.
- Al-Movardiy, Abul Hasan. Al-Ahkom as-sultoniya: 2 jild. – Bayrut: Dor al-kutub al-ilmiya, 1909.
- Al-Xudariy Muhammad. Ad-Daula al-umaviya. – Bayrut: Dor al-qalam, 1986.
- Ameer A. A short history of the saracens. – Lahore, 1993.
- Абу Юсуф Яъқуб ибн Иброҳим ал-Куфи. Китаб ал-харадж / перевод с арабского и комментарии А.Э.Шмидта; супракоммент. к пер. А.С.Боголюбова. Подготовка к изданию А.А.Хисматулин. – СПб.: Петербургское востоковедение, 2001.
- Большаков О.Г. Закат // Ислам. Энциклопедический словарь. – М.: ГРВЛ, 1991. – Б.74.
- Вопрос пастору. Каково библейское учение о десятине. htm http://www. harvest.org.ua/html/ask.html/
- Hasan Ibrohim Hasan. Ali Ibrohim Hasan. An-Nuzum al-islomiya. – Al-Qohira, 1996.
- Hasan Ibrohim Hasan. Taʻrix al-islom as-siyosiy va-d-diniy va-s-saqofiy val ijtimoʻiy: 4 jildli. – Bayrut, 1996.
- Ibn Abi Shayba. Al-Musannaf fil ahodis val osor. – Bayrut, 1989. – T.2.
- Ibn Saʻd. At-Tabaqot al-kubro: 8 jildli. – Bayrut: Dor as-sadr, 1984-1988.
- Jirji Zaydon. Tarix at-tamaddun al-islomiy: 2 jildli. – Bayrut: Dor al-maktaba, 1996.
- Karaman X. Zekāt // Islam ansiklopedisi. – T. 13. – Istanbul, 1969.
- Muhammad Abul fadl Ibrohim. Tarix at-Tabariy. Tarix ar-Rusul val muluk li Abi Jaʼfar Muhammad ibn Jarir at-Tabariy. 11 jildli. – Al-Qohira. Darul maorif bimisr, 1960-1969.
- Muhammad Akram Khan. Economic teachings of Prophet Muhammad. – Islamabad-Pakistan, 1989.
- Qurʼoni karim maʼnolarining tarjimasi. Mansurov A. tarjimasi. – T.: Toshkent islom universiteti, 2018.
- Taufiq Sulton al-Yuzbakiy. Tarix ahl az-zimma fil Iroq. – Ar-Riyod, 1983.
- Бақара сураси, 83-оят.
- Моида сураси, 12-оят.
- Марям сураси, 30-31-оятлар.
- Баййина сураси, 5-оят.
- Тавба сураси, 60-оят.