Hadisnavislik rivojlanib, hadis toʻplamlari turkumlarga, yoʻnalishlarga boʻlingach, Qurʼon haqida shuningdek, sura va oyatlar fazilatiga bagʼishlangan “Fazoilul Qurʼon” yoʼnalishida koʼplab asarlar tasnif qilingan. X-XI asrlarda yashagan buyuk vatandoshimiz Abu Abbos Jaʼfar ibn Muhammad Mustagʼfiriy Nasafiy (961-1041) [5:123] koʼp qirrali olim sifatida avvalgi ulamolar anʼanasi davom ettirib, bu sohada ham ijod qildi va “Fazoilul Qurʼon” asarini meros qoldirdi.
Imom Shamsiddin Zahabiy: “U Movarounnahrning oʻz davridagi muhaddisi edi”, [3/17:565] deb taʼkidlagan. Imom Boxarziy allomani: “U Nasaf imomi, xatibi va muftiysi boʻlgan. U yerda unga oʻxshashini topa olmaysiz”, [4:74] deb tariflagan.
Mustagʻfiriy haqidagi ilk maʼlumotlar Samʼoniy, Suyutiy asarlarida va boshqa tabaqot kitoblarida uchraydi. Zamonaviy adabiyotlar boʻyicha esa U.Uvatovning kitobidan [5:123-126] foydalanish mumkin. Bu manbalarda keltirilgan maʼlumotlar umumiy boʻlib, Mustagʻfiriy shaxsiyati va ilmiy faoliyati haqidadir. Uning “Fazoilul Qurʼon” asari haqida batafsilroq tanishish uchun zamonaviy arab va turk adabiyotiga murojaat qilish kerak. Ushbu maqolada mazkur asardagi hadislar va ular atrofidagi maʼlumotlarni yozish usullari tahlil qilindi.
Ushbu maqola umumqabul qilingan metodlar, qiyosiy-mantiqiy tahlil, ketma-ketlik tamoyillari asosida yoritilgan.
Mustagʻfiriy hadislarni rivoyat qilar ekan, kitobida ilk bor zikr qilingan roviyning aniq ismini qayd etgan. Keyinroq oʼsha roviydan olgan boshqa hadisni zikr qilgach, uning ismini qisqartirib, mashhur nomini qoʼygan. Lekin birinchi marta yozib olgan joyi bilan keyinroq yozib olgan joyi oʼrtasida koʼplab hadislarni zikr qilgan boʼlsa, bu holda oʼsha roviyning ismini toʼliq aytib, uni boshqa roviylar bilan chalkashtirib yuborishning oldini olgan va oson tan olinishini taʼminlagan. Mustagʼfiriy oʼz asarlarida baʼzi roviylar uchun qoʼllagan bu usulni u rivoyat qilgan hadislarning nisbatini kengaytirmaslik uchun tafsir qilish mumkin. Darhaqiqat, uning koʼplab asarlar yozganini va oʼzi yashagan davr sharoitini hisobga olsak, u yozuv materiallarini tejash yoki baʼzi tushunmovchiliklardan qochish uchun bu usuldan foydalangan boʼlishi mumkin. Qolaversa, buyuk muhaddislar bir xil hadisni takrorlashdan saqlanganidek, Mustagʼfiriy ham zarurat boʼlmasa, oʼsha maʼlumotni yana zikr qilishni istamaydi, degan fikrni aytish mumkin.
Sanadda roviy ismining berilishi. Roviylar ismining qisqartmasi.
– 1أخبرنا أبو محمد عبد الله بن محمد بن زر ، أخْبَرَنا محمد بن صالح ، حَدَّثَنا أبو كريب ، حَدَّثَنا المحاربي عن سفيان عن واقد عن زاذان قال : من تعلم القرآن يأكل به جاء يوم القيامة ووجهه عظم ليس عليه لحم
– 2أخبرنا عبد الله بن محمد بن زر ، أخْبَرَنا محمد بن صالح ، حَدَّثَنا أبو كريب ، حَدَّثَنا المحاربي عن جويبر عن الضحاك قال : قال عمر رضوان الله عليه : تعلموا كتاب الله تعالى وسلوا الله به قبل أن يأتي أقوام يتعلمونه يسألون به الناس يتخذونه مأكله وزاملة يحقبونه خلف الرحال
3- أخبرني الشيخ أبو محمد عبد الله بن محمد بن زر الرازي حدثنا الحسين بن الحسن العطاري حدثنا ابن الأشعث حدثنا حزم قال : سمعت أبا عمران الجوني يقول : بلغنا أن النبي صلى الله عليه وسلم قال : اقرؤوا سورة هود يوم الجمعة
Keltirilgan uch misolda ham yuqorida aytib oʼtgan fikrlarni yaqqol koʼrish mumkin. Darhaqiqat, Mustagʼfiriy birinchi hadisda [4:138] ustozi Abu Muhammad Abdulloh ibn Muhammad ibn Zir ismini zikr qiladi. Ikkinchi hadisda Abdulloh ibn Muhammad ibn Zir [4:139], deb qisqartirib keltirgan. Keyingisida Abu Muhammad Abdulloh ibn Muhammad ibn Zir, deb birinchi misoldagidek roviyning ismini toʼliq [4/2:557] koʼrsatadi.
Yana bir misol: Mustagʼfiriy Abu Ali Zohir ibn Ahmaddan saboq olgan [3/16:478] va asarida koʼp oʼrinlarda tilga olgan. U baʼzi oʼrinlarda Ahmad ismini qisqartirib, Shayx Abu Ali deb [4:392] yozadi. Uning asarlarida bunday misollarni koʼp uchratish mumkin.
Hadislarning farqli sanadlari bayoni. Uning asarlari bilan tanishish jarayonida Mustagʼfiriy kitoblarining manbalarini ikki qismga boʼlish mumkin:
Ustozlaridan oʼrgangan hadislari.
Yozma manbalardan olib kiritganlari.
Uning “Fazoilul Qurʼon” va “Daloilun nubuvva” asarida qayd etilgan boblarda mavzuga oid bir xil hadislarni uchratish mumkin. U hadisning turli turuqlarini lafz jihatidan birlashtirgan. Bu holat Mustagʼfiriyning yana bir jihatini ham ochib beradi. Bu nisbat bilimi va unga bergan ahamiyatidir. Darhaqiqat, u hadislarning bir qismini yozma manbalardan olgan boʼlsa-da, barcha rivoyatlarning, jumladan, mavzu hadislarning isnodlarini aytib oʼtishni ham eʼtibordan chetda qoldirmagan.
Bu yerda Mustagʼfiriy, odatda, bir hadisning bir necha variantini aniqlab, baʼzilarini jamlagan holda qayd qilib, toʼxtalib oʼtadi. Tabiiyki, rivoyatlardagi tafovutlarni aniqlash uchun sanad ilmiga ega boʼlish zarur. Qolaversa, muhaddis oʼz asarini yozish chogʼida yozma manbalarga murojaat qilgan boʼlsa-da, hadislarni rivoyatlari bilan birga yodlab, hofizlik darajasiga erishgani, hadislarning turli boʼlimlarini bir oʼrinda zikr etishni juda oson qilgani shubhasizdir. Mustagʼfiriy baʼzan oʼzi yozgan mavzuda oʼzi bilgan barcha rivoyatlarni aytib oʼtishga harakat qilgan. Ushbu masala boʼyicha tanlangan quyidagi misollar mavzuni tushuntirish uchun yetarlidir:
“Qurʼonni vosita qilib pul topadiganlarga tahdid haqidagi bob”da bir xil maʼnoni ifodalagan, ammo turli sanad va lafzlar bilan yetkazilgan toʼrtta hadisni birin-ketin zikr qiladi [4:135-136].
Mustagʼfiriy asos qilib olgan bu usul uning asarlarini boshidan oxirigacha boʼlib, hadis ilmidagi teran kitob ekanini ochib beradi.
Mutobaa va shohid rivoyatlarni bir yerda aytish. Mustagʼfiriy oʼzi rivoyat qilgan hadislarning turli toifalarini bir joyga yigʼishdan tashqari, bir qancha mutobaat va shohid xabarlarni ham toʼplagan. “Mutobaa” soʼzi lugʼatda “muvofiqlik” maʼnosini bildiradi.
Mutobaa – roviyning bir hadisni rivoyat qilishda boshqa roviyga sherik boʼlib kelishidir. Mutobaaning ikki turi bor:
Toʼliq mutobaa – unda roviy oʼzidan boshqa roviyga isnodning avvalidan sherik boʼladi.
Qisqa mutobaa – unda roviy oʼzidan boshqa roviyga isnodning davomida, qaysidir bir joyida sherik boʼladi.
Mutobaa va shohid atamalari oʼrtasida tafovut bor-yoʼqligi va qanday farq ekani borasida ixtilof bor. Eʼtibor natijasida topilgan hadis[1] taʼrif jihatidan mutobaa bilan bir xil boʼlsa, mutobaa maʼno jihatdan unga oʼxshash boʼladi, deb oʼylaydiganlar ham bor. Abdulloh Oydinli mutobaani bir hadisning lafzi yoki maʼnosiga muvofiq boshqa bir hadisni oldingi roviydan boshqa shaxs tomonidan, xuddi shu sanad bilan toʼliq yoki qisman rivoyat qilish” [1:228-230], deb taʼriflagan.
Mustagʼfiriy asarlarida har ikkisining misollarini koʼp uchratish mumkin. Shuning uchun bu yerda yuqorida qayd etilgan taʼrifdan kelib chiqib, Mustagʼfiriy oʼz asarlarida birlashtirgan mutobaa va shohid rivoyatlaridan ayrimlari misol tariqasida keltirildi:
– أخبرنا أحمد بن يعقوب ، حَدَّثَنا الطرخاني ، حَدَّثَنا أحمد بن زهير ثنا ابن الأصبهاني ، حَدَّثَنا شريك ، عَن أبي اليقظان عن زاذان عن عليم قال : كنت مع عبس الغفاري على سطح له فرأى قوما يتحملون من الطاعون فقال : ياطاعون خذني فقال له ابن عم له ذو صحبة لم تتمنى الموت وقد سمعت رسول الله صلى الله عليه وسلم يقول : لا يتمنين الموت أحدكم فإنه عند انقطاع عمله قال : إني سمعت رسول الله صلى الله عليه وسلم يقول : بادروا بالعمل خصالا ستا إمرة السفهاء وكثرة الشرط وبيع الحكم وقطيعة الرحم وذكر مثل حديث عبد الوهاب بن نجدة.
Mustagfiriy → Ahmad ibn Yoqub → Tarxoniy → Ahmad ibn Zuhayr → Ibn Asbahoniy → Sharik → Abu Yaqzon (Usmon ibn Umayr Bajaliy) → Zozon → Ulaymdan rivoyat qilinadi: Biz Abs Gʼiforiyning ayvonida edik. U vabodan qochib ketayotgan bir guruh odamlarni koʼrib: “Ey vabo, meni ol!” dedi. Shunda sahoba amakivachchasi: “Nega oʼlimni orzu qilyapsiz? Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning bunday deganlarini eshitdim: “Sizlardan hech biringiz oʼlimni orzu qilmasin, chunki undan soʼng, amal toʼxtaydi”. Men yana Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning: “Mana shu olti narsa kelmasidan oldin amal qilishga shoshilinglar; “Ahmoqlarning hukmdor boʼlishi, zobitlarning koʼpayishi, hukmning sotilishi, silai rahmning uzilishi”, deganlarini eshitganman deb, Abdulvahhob ibn Najdaning hadisga oʼxshash hadisni aytib berdi”.
– أخبرنا أبو بكر أحمد بن محمد بن إسماعيل ، حَدَّثَنا أبو مطيع مكحول بن الفضل ، حَدَّثَنا محمد بن حاتم الطالقاني ، أخْبَرَنا بشير بن الوليد ، عَن أبي يوسف عن ليث بن أبي سليم عن عثمان عن زاذان عن عابس الغفاري أنه نظر إلى ناس يفرون من الطاعون فقال : ياطاعون خذني ياطاعون خذني فقال له ابن عم له — وكانت له صحبة — : لم تتمنى الموت وقد سمعت رسول الله صلى الله عليه وسلم يقول : لا يتمنى أحدكم الموت فإنه انقطاع عمله ، ولاَ يرد فيستعتب فقال : إني أخاف ستا سمعت رسول الله صلى الله عليه وسلم يتخوفهن على أمته : إمارة السفهاء وكثرة الشرط وبيع الحكم وقطيعة الرحم والاستخفاف بالدم ونشأ يتخذون القرآن مزامير يقدمون أحدهم ليس بأفضلهم في الدين ولكن يقدمونه ليغنيهم به غناء.
Mustagʼfiriy → Abu Bakr ibn Ahmad ibn Muhammad ibn Ismoil → Abu Muti Makhul ibn Fazl → Muhammad ibn Hatim Toliqoniy → Bashir ibn Valid → Sharik → Abu Yusuf → Lays ibn Abu Sulaym → Usmon (Abu Yaqzon Usmon ibn Umayr Bajaliy) → Zozondan rivoyat qilinadi: Abs Gʼiforiy vabodan qochayotgan odamlarni koʼrib: “Ey vabo, meni ol! Ey vabo, meni ol!” dedi. Shunda uning sahoba amakivachchasi dedi: “Nega oʼlimni orzu qilasiz? Men Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning bunday deganlarini eshitdim: “Sizlardan hech biringiz oʼlimni orzu qilmasin, chunki bu bilan uning amallari toʼxtaydi, (yomonliklaridan) qaytib, rozilikni topa olmaydi”. Men yana Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan eshitgan, ummati uchun xavf qilgan olti narsadan qoʼrqaman: “Ahmoqlarning hukmdor boʼlishi, zobitlarning koʼpayishi, hukmning sotilishi, silai rahmning uzilishi, qonni hurmat qilmaslik (birovning joniga qasd qilish), Qurʼonni qoʼshiq qilib oʼqish, dinda afzali boʼlmagan bittasi (imom boʼlib) oldinga oʼtadi, ohangga solib oʼqigani uchungina oldinga oʼtadi”, dedilar”.
Bu hadisni Muso Juhaniy Abu Abdulloh Zazon orqali ham rivoyat qilgan. Uning rivoyatida Abu Yaqzon Usmon ibn Umayr Bajaliyga mutobaat qildi va Zozondan hadis rivoyat qilib, uni quvvatladi. Chunki Abu Yaqzon bu rivoyati bilan fard boʼlgan (yolgʼiz qolgan) edi. Bundan tashqari, Muso ishonchli roviydir. Shunga koʼra, Abu Yaqzon rivoyat qilgan hadis va uning rivoyati mutabaa alayh, Muso Juhaniy rivoyat qilgan hadis esa mutobe yoki tobedir.
Shohid rivoyatlari.
– أخبرنا عبد الرحمن بن أحمد الزهري أخبرنا إسماعيل بن محمد حدثنا إبراهيم بن معاوية بن جبلة البصري حدثنا أبو الوليد الطيالسي حدثنا مبارك بن فضالة عن ثابت عن أنس أن رجلا قال : يا رسول الله – عليه السلام – إني أحب هذه السورة {قل هو الله أحد} قال : حبك إياها أدخلك الجنة.
Mustagʻfiriy → Abdurrahmon ibn Ahmad az-Zuhriy → Ismoil ibn Muhammad → Ibrohim ibn Muoviya Basriy → Abu Valid Tayolisiy → Muborak ibn Fazola → Sobit → Anasdan rivoyat qilinadi: “Bir kishi aytdi: “Ey Rasululloh, bu sura, yaʼni “Qul huvallohu ahad”ni yaxshi koʼraman”, dedi. U zot: “Uni yaxshi koʼrishing seni jannatga kiritadi”, dedilar”.
– أخبرنا نصر بن أحمد بن إسماعيل حدثنا أبو العلاء كامل بن مكرم حدثنا إبراهيم بن مرزوق حدثنا أبو الوليد الطيالسي حدثنا مبارك بن فضالة عن ثابت عن أنس بن مالك قال : قال رجل : يا رسول الله : إني أحب سورة {قل هو الله أحد} قال : حبك إياها أدخلك الجنة.
Mustagʻfiriy → Nasr ibn Ahmad ibn Ismoil → Abu Ala Komil ibn Mukrim → Ibrohim ibn Marzuq → Abu Valid Tayolisiy → Muborak ibn Fazola → Sobit → Anasdan rivoyat qilinadi: “Bir kishi: “Ey Rasululloh, bu sura, yaʼni “Qul huvallohu ahad”ni yaxshi koʼraman”, dedi. U zot: “Uni yaxshi koʼrishing seni jannatga kiritadi”, dedilar”.
Keltirilgan har ikki hadisni Anas ibn Molik rivoyat qilgan. Muhaddislar Sobit (ibn Bunoniy)dan rivoyat qilgan Muborak ibn Fazolani zaif roviy [4/2:706] hisoblaydi. Lekin xuddi shunday mazmundagi hadisni Ubaydulloh ibn Umar ham rivoyat qilgan. Binobarin, Ubaydulloh orqali rivoyat qilingan quyidagi hadis yuqoridagi ikki hadisga shohid boʼladi.
– حدثنا الخليل بن أحمد أخبرنا ابن منيع حدثنا مصعب حدثنا عبد العزيز عن عبيد الله بن عمر عن ثابت البناني عن أنس أن رجلا كان يلزم قراءة {قل هو الله أحد} في الصلاة مع كل سورة هو ويأمر أصحابه فقال له رسول الله عليه السلام : ما يلزمك هذه السورة ؟ فقال : إني أحبها قال : حبك إياها أدخلك الجنة.
Mustagʼfiriy → Xalil ibn Ahmad → Ibn Muniʼ → Musʼab → Abdulaziz → Ubaydulloh ibn Umar → Sobit Bunoniydan rivoyat qilinadi: Anas dedi: “Bir kishi namozda boshqa suralarni qoʼyib faqat “Qul huvallohu ahad”ni qiroat qilar va yaqinlarini ham shunga buyurar edi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam unga: “Faqat bu surani oʼqishing sababi nima?” dedilar. “Men uni yaxshi koʼraman”, dedi u. U zot: “Uni yaxshi koʼrishing seni jannatga kiritadi”, dedilar”.
Aytganimizdek, bu rivoyat qolgan ikkisini ularga shohid boʼlib qoʼllab-quvvatlaydi.
“Ixlos” surasini oʼqishning fazilati haqidagi bobda keltirilgan olti hadisning roviysi Anas ibn Molikdir. Rivoyatlar tadqiq qilinganda, ular turli manbalar bilan bir xil sahobadan rivoyat qilingani, ular soʼz va mazmun jihatdan oʼxshash ekani bilinadi. Shuning uchun Mustagʼfiriy zikr etilgan oltita rivoyatning hammasini birgalikda zikr qilish orqali avvalgi hadisning turli sanadlarini bayon qiladi. Qolaversa, rivoyatlarni ham, aytilayotgan rivoyatlarning shohidlarini ham yozib olish orqali hadislarning darajasini yanada oshirishga, soʼzlarni toʼgʼri tushunishga yordam beradi. Bundan tashqari, hadislarning turli sanadlarini birlashtirib, tadqiqotchilarga koʼplab qulaylik yaratadi.
Mustagʼfiriy sanaddagi roviylar haqida baʼzan kirish maʼlumotlarini beradi. Unda roviyning tugʼilgan shahri [4:131, 135, 472], ilmiy maqomi, ishonchliligi [4:136, 2, 599, 714, 719], mavqei, hadisni qachon [4: 176, 344] va qayerdan olgani [4: 393, 395, 457] koʼrsatilgan.
Mustagʼfiriy asarlarini koʼzdan kechirganimizda, hadislar umuman, sanadi ham, matni ham toʼliq yozilganini koʼramiz. Ammo kamdan-kam hollarda va ayrim oʼrinlarda hadisni zikr qilish bilan kifoyalangan. Darhaqiqat, hadislarning turli isnodlarini jamlashga urinishi uning bunday faoliyat bilan shugʼullanishiga sabab boʼlishi mumkin. Yaʼni kitobdagi boblarda mavzuga oid bir qancha oʻxshash hadislar bir joyda bayon qilingan. Binobarin, u faqat rivoyatlarini tilga olgan hadislar matni boshqalari bilan bir xil boʼlgani va ular orasidagi farq rivoyat tufayli boʼlganini koʼrsatib, shunday usulni qoʼllagan.
- Abdulloh Aydinli. Hadis terminologiyasi lugʻati. – Istanbul, 2009.
- Imom Abu Saʼd Abdulkarim ibn Muhammad ibn Mansur Samʼoniy. Al-Ansob. – Bayrut: Darul kutubil ilmiyya, 1998. 2-12 J.
- Imom Shamsiddin Muhammad ibn Ahmad ibn Usmon Zahabiy. Siyaru aʼlamin nubalo. – Bayrut: Muassasatur risala, 1983. 16-19 J.
- Jaʼfar ibn Muhammad Mustagʻfiriy. Fazoilul Qurʼon. – Bayrut: Doru Ibn Hazm, 2006.
- Ubaydulla Uvatov. Oʻzbekiston buyuk allomalar yurti. – T.: Maʼnaviyat, 2010.