Bugun insoniyatni xavotirga solayotgan va ijtimoiy barqarorlikni izdan chiqarishga urinayotgan eng katta xatarlardan biri – bu ekstremizm va terrorizmdir. Gʻaraz niyatli kuchlar oʻz maqsadi yoʻlida ezgulik va tinchlik dini boʻlmish islomdan foydalanayotgani esa, oʻta ayanchlidir. Ulamolar islom buzgʻunchilik, qotillik, zoʻravonlik, mutaassiblik kabi qabih jinoyatlardan pok va yiroq ekanini anglatishga har qancha urinmasin, muqaddas dinimizni niqob qilayotgan kimsalarning qilmishlari va soxta daʼvatlari – voqelik oʻlaroq – baʼzan ularning tushuntirishlaridan kuchlilik qilmoqda. Oqibatda moʻmin-musulmon kishi boshqa din vakillari tasavvurida qoʻlida qurol tutgan jangari va qonxoʻr, tanasiga “shahid kamari” taqqan xudkush sifatida gavdalanmoqda.
Aslida-chi?!
Alloh taolo: “(Ey Muhammad!) Biz Sizni, haqiqatan, barcha odamlarga xushxabar beruvchi va ogohlantiruvchi boʻlgan holingizda (paygʻambar qilib) yubordik” (Sabaʼ surasi, 28-oyat), deb xabar berganidek, Muhammad alayhissalom butun insoniyatga U Zotning marhamatidan xushxabar beruvchi va gʻazabidan ogohlantiruvchi qilib yuborilgan paygʻambardirlar. Musulmonlarning vazifasi ana shu olamshumul chaqiriqni dunyodagi turli din, madaniyat, irq, millat va til egalariga hikmat va goʻzal nasihat bilan yetkazish, ularga islomning asl surat va siyratini koʻrsatib berishdan iborat. Bu jarayonda odamlar oʻrtasidagi turfaxillik voqeiy va tabiiy bir ish ekanini eʼtibordan chetda qoldirmagan holda.
Alloh taolo bu masalaga diqqatimizni qaratish uchun: “Agar Rabbingiz xohlaganida, (barcha) odamlarni bir ummat (bir dinga tobe) qilgan boʻlur edi. (Ular) mudom turlicha (har xil eʼtiqodda) boʻlib boraveradilar. Rabbingiz rahm qilgan kishilar esa bundan mustasnodirlar. Ularni shuning uchun yaratgandir” (Hud surasi, 118-119-oyatlar), deb taʼkidlagan. “Ularni shuning uchun yaratgandir” jumlasi “bandalarga rahm qilish uchun yoki ular har xil eʼtiqodda boʻlishi uchun insoniyatni shunday yaratgan va bu xilma-xillik borliqning sunnati (qonun-qoidasi)dir” degan maʼnoni ifodalab kelgan. Binobarin, musulmon kishi Alloh taoloning xaloyiq borasidagi irodasini idrok etgan holda boshqalar bilan bahs-munozara qilishda eng chiroyli uslublardan foydalanishi lozim.
Alloh taolo: “Darhaqiqat, (Biz) Odam farzandlarini (azizu) mukarram qildik va ularni quruqlik va dengizga (ot-ulov va kemalarga) mindirib qoʻydik hamda ularga pok narsalardan rizq qilib berdik va ularni Oʻzimiz yaratgan koʻp jonzotlardan afzal qilib qoʻydik” (Isro surasi, 70-oyat), der ekan, bu izzatu ikrom borasida muayyan bir din, yo irq, yo millat vakillariga ustunlik berilganiga ishora qilmagan. Shuning uchun islom Odam farzandiga jinsi, tanasining rangi, dini qanday boʻlishidan qatʼi nazar, inson boʻlgani uchungina izzat-ikrom nazari bilan qaraydi. Hatto mutlaqo notanish odamning janozasi toʻgʻri kelib qolsa, hech oʻylab oʻtirmasdan unda qatnashishimiz, tobutini koʻtarib, yetti qadam yurishga oshiqishimiz shundan. Savob – oʻz yoʻliga, bu oʻrinda insoniylik ham borligini hech kim inkor etmaydi.
Odamlar turfa xil boʻlgani yer yuzini obod qilishdek sharafli vazifani ado etish yoʻlida oʻzaro tanishishi, bir-birining bilim va tajribasidan foydalanishi uchun, xolos. Bu maqsad Alloh taoloning quyidagi soʻzlarida ochiq-oydin bayon qilingan: “Ey insonlar! Darhaqiqat, Biz sizlarni bir erkak (Odam) va bir ayol (Havvo)dan yaratdik hamda bir-birlaringiz bilan tanishishingiz uchun sizlarni (turli-tuman) xalqlar va qabila (elat)lar qilib qoʻydik. Albatta, Alloh nazdida (azizu) mukarramrogʻingiz taqvodorrogʻingizdir. Albatta, Alloh biluvchi va xabardor zotdir” (Hujurot surasi, 13-oyat). Axir, xolis aytadigan boʻlsak, biz, insonlar turfa xil boʻlmaganimizda edi, oʻzaro tanishib, bir-birimizni oʻrganishga, bir-birimiz bilan qiziqishga ishtiyoq boʻlarmidi!
Islom musulmonlar bilan oʻzga din vakillari oʻrtasida doʻstona aloqalar vujudga kelishi uchun ular bilan muloqot qilish, manfaati oʻzaro mushtarak boʻlgan bir ahd borasida kelishib olishga chaqiradi: “Ayting (ey Muhammad!): “Ey kitob ahli (yahudiylar va nasroniylar), biz bilan sizning oʻrtangizda (ahamiyati) barobar boʻlgan bir soʻzga kelingiz – yolgʻiz Allohgagina ibodat qilaylik, Unga hech narsani sherik qilmaylik va Allohni qoʻyib bir-birimizni iloh qilib olmaylik!” Agar (bu taklifdan) yuz oʻgirsalar: “Guvoh boʻlinglarki, biz musulmonlarmiz”, deb aytib qoʻyingiz!” (Oli Imron surasi, 64-oyat).
Albatta, musulmon kishining hayotida odob-axloq katta oʻrin tutadi. Xoh tinchlik holatida boʻlsin, xoh urush holatida – baribir. Binobarin, u Allohga va Uning rahmat qilib yuborgan Paygʻambariga boʻlgan imoniga asoslangan qarashlari va tamoyillaridan voz kechmaydi. Zero, Alloh taolo Muhammad alayhissalom haqlarida: “(Ey Muhammad!) Biz Sizni (butun) olamlarga ayni rahmat qilib yuborganmiz” (Anbiyo surasi, 107-oyat), deb taʼkidlagan.
Shu bois biz bahs-munozara chogʻida soʻzlovchi gapini oxiriga yetkazgungacha tinglaymiz, keyin gapiramiz. Soʻzlovchining gapini boʻlmaymiz. Javob berishda esa, jahl qilmay, hissiyotga berilmay, (ahamiyati) barobar boʻlgan bir soʻzga kelishga harakat qilamiz.
Ekstremizm haqida soʻz yuritadigan boʻlsak, avvalo, uning lugʻaviy maʼnosi bilan tanishib chiqish oʻrinlidir. Uning arab tilidagi varianti “siyosiy, diniy, mafkuraviy va boshqa sohalarda keskinlikka borish, chuqur ketish” maʼnolarini anglatuvchi “tatarruf”dir. Oʻzbek tilining izohli lugʻatiga koʻra, “Ekstremizm – siyosat va mafkurada ashaddiy, favqulodda usullar bilan yoʻl tutishga, keskin choralar koʻrishga tarafdorlik”. Binobarin, uning ikki jihati borligini eʼtibordan soqit qilmaslik lozim. Birinchisi, dindan uzoqlashish va uni odamlarning ongi va qalbidan uzoqlashtirishga, uning insonlar hayoti va jamiyatdagi taʼsirini kuchsizlantirishga intiladigan ekstremizm. Ikkinchisi, dinni tushunishdagi ekstremizm, yaʼni diniy tushunchalar va ahkomlarni anglash va talqin qilishda keskinlikka berilish, ashaddiylashish va meʼyordan chiqishdir.
Islom ekstremizmning ikkala koʻrinishini ham qoralaydi. Ikkisidan ham qattiq qaytaradi. Ekstremistlarni musulmonlarning yoʻlidan ogʻib ketgan kimsalar deb baholaydi. Chunki ular islomning sunnatlaridan yuz oʻgirgan, farzlari borasida keskinlikka berilgan kimsalar boʻladi. Binobarin, odamlarni yengillikdan ogʻirlikka, kengchilikdan torlikka, osonlikdan mashaqqatga yetaklaydigan har qanday kishi ekstremist deb qaralishi mumkin boʻlgan kimsadir. Vaholanki, Qurʼoni karimda: “Alloh sizlarga yengillikni istaydi, ogʻirlikni xohlamaydi” (Baqara surasi, 185-oyat), deb taʼkidlagan.
Shunisi ogʻriqliki, ekstremistlar shariatning barqaror masalalari va dinning muqaddas tushunchalariga hujum qilish uchun qulay payt poylaydi. Maqola va maʼruzalarida odamlarni tanglikka yetaklaydigan targʻibotlarni ilgari suradi. Yana shunisi ayanchliki, ekstremistlar bu keskinlikni dinning asli deb, yengillikni esa islomga xilof deb biladi. Ular oʻz aytganlarini ajrim (qatʼiy hukm) qiluvchi soʻz, ilgari surayotgan qarashlarini esa eng toʻgʻri boʻlgan yagona yoʻl deb eʼtiqod qiladi. Shunga koʻra, ular odamlarga qoʻpollik va dagʻallik bilan muomala qiladi. Oʻzini odamlar ustidan nazoratchi hisoblaydi. Vaholanki, bunday xatti-harakatlar Alloh taoloning: “(Ey Muhammad!) Rabbingizning yoʻli (dini)ga hikmat va chiroyli nasihat bilan daʼvat eting! Ular bilan eng goʻzal uslubda munozara qiling!” (Nahl surasi, 125-oyat), degan amriga tamoman ziddir.
Ali roziyallohu anhu: “Chinakam faqih odamlarni Allohning rahmatidan noumid qilmaydigan va Unga osiy boʻlinadigan ishlarga ruxsat bermaydigan kishidir”, degan. Ekstremistlar esa shariat hukmlarini hayotga tatbiq etish borasida Paygʻambar alayhissalomga ergashish oʻrniga keskinlik yoʻlini tutadi. Na sharʼiy va na qonuniy asosi bor, lekin amri maʼruf va nahyi munkarni roʻkach qilib, oʻzini buyuk nozirdek tutadi. Odamlar haqida badgumon boʻlib yuradi, oʻziga qarshi chiqqanlarni bemalol kofirlikda, juda boʻlmasa, zalolatga ketganlikda ayblaydi.
Demak, bugun ilm egalari zimmasidagi eng dolzarb vazifa – bu diniy-mafkuraviy maydonni terrorizm va ekstremizm tarafdorlaridan xoli qilish, islomning moʻtadillik, yengillik, insonparvarlik va bagʻrikenglik dini ekanini odamlarga yetkazish yoʻlida jonbozlik koʻrsatishdir. Bu yoʻlda jiddu jahd bilan kurash olib boradigan ulamolar ekstremistlar tomonidan turli taʼna-malomatlarga, jumladan, “saroy mullalari” degan asossiz ayblovlarga duchor boʻlishi tabiiy, albatta. Zotan, ular oʻz davrida bundan ham ogʻirroq malomatlarni eshitgan va tazyiqlarga uchragan paygʻambarlarning vorislaridir.