Home / FOTO LAVHALAR / Oʻzbekiston delegatsiyasi Indoneziyada: ilmiy muloqot, maʼnaviy yaqinlik va hamkorlik rivoji

Oʻzbekiston delegatsiyasi Indoneziyada: ilmiy muloqot, maʼnaviy yaqinlik va hamkorlik rivoji

Ayni vaqtda Din ishlari qoʻmitasi, Oʻzbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi, Oʻzbekiston musulmonlari idorasi, Imom Buxoriy, Imom Moturidiy va Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari vakillaridan iborat mamlakatimiz delegatsiyasi Indoneziyada xizmat safarida boʻlib turibdi. Delegatsiya tarkibida Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori Shovosil Ziyodov va ilmiy xodim Kamola Hasanova ham uchrashuvlarda faol ishtirok etmoqda.

Safar doirasida Oʻzbekiston delegatsiyasi Indoneziya Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari, Ijtimoiy rivojlanish vaziri Muhaymin Iskandar, Indoneziya Ulamolar kengashi Bosh kotibi Amirshoh Tambunan hamda Nahdatul ulamo tashkilotining Oliy kengashi vakili Ulil Absor Abdulloh bilan uchrashuvlar oʻtkazdi.

Muzokaralar chogʻida ikki tomonlama hamkorlik aloqalarini yanada mustahkamlash, dolzarb diniy-maʼrifiy masalalar yuzasidan qoʻshma ilmiy loyihalarni amalga oshirish, tajriba almashish va ilmiy salohiyatni oshirish yuzasidan fikr almashildi.

Muhaymin Iskandar Oʻzbekiston zaminidan yetishib chiqqan buyuk allomalar qoldirgan ilmiy merosda mujassamlashgan umuminsoniy gʻoyalar bugungi global muammolarga yechim topishda muhim ahamiyat kasb etishini taʼkidlab oʻtdi. Uning qayd etishicha, Imom Buxoriy asarlarida bayon etilgan maʼnaviy va axloqiy qadriyatlar Indoneziya jamiyatidagi koʻplab ijtimoiy muammolarni bartaraf etishda muhim manbaga aylangan.

Shuningdek, Ulil Absor Abdulloh hozirgi kunda Indoneziyada koʻplab oilalar farzandlariga Buxoriy, Moturidiy, Termiziy va Ulugʻbek kabi nomlarni berib kelayotganini faxr bilan taʼkidladi.

Delegatsiya safari davom etmoqda.

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi
Matbuot xizmati

Check Also

“Taraqqiy”dan boshlangan saodatli safo

2025-yil 27-iyun kuni Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuniga …