Movarounnahrlik faqih ulamolardan biri – Nosiruddin Samarqandiy (vaf. 556/1161) Samarqandda yashab, oʻz davrida Qurʼon, aqida, fiqh, odob-axloq, tasavvuf, tarix va tilshunoslik kabi ilm sohalari boʻyicha olim boʻlgan. Olim islom dinining turli ilm sohalariga oid koʻplab kitoblar yozgan boʻlib, ulardan bir qanchasi bizgacha yetib kelgan. Jumladan, olimning odob-axloq va tasavvuf ilmiga oid “Riyozatul axloq” (رياضة الأخلاق – “Axloq tarbiyasi”) asari mavjud boʻlib, hozirda uning 2 ta qoʻlyozma nusxasi maʼlum. Manbaning birinchi nusxasi 868/1562-yilda nomaʼlum xattot tomonidan koʻchirilgan boʻlib, 1268/1842-yilda Saudiya Arabistonidagi Malik Muhammad Hasan ibn Hamza Zohirning shaxsiy kutubxonasiga kiritilgan. Ikkinchi nusxasi Suriyadagi “Zohiriya” kutubxonasida 11139 raqam ostida saqlanadi. Ushbu nusxa 1100/1689-yilda Abdullatif tomonidan koʻchirilgan va 84 varaqdan iborat. Ushbu manbada asar nomi “Riyozat axloq an-nafs” (Nafs axloqi tarbiyasi) deb keltirilgan.
Samarqandiyning mazkur asari odob-axloq, nafs tarbiyasi, tasavvuf ilmi va tushunchalari borasida muhim manba sanaladi. Asar riyozat va uning turlari haqidagi masalalar bilan boshlanib, asosiy qismini Samarqandiy, shartli ravishda, ikki qismga: “Kitobul adab” (كتاب الأدب – “Odob haqidagi boʻlim”) va “Kitobul axloq” (كتاب الأخلاق – “Axloq haqidagi boʻlim”)ga boʻladi.
Mazkur mavzuni yoritishda Nosiruddin Samarqandiyning “Riyozatul axloq” asari qoʻlyozma nusxasi va zamonaviy nashriga murojaat etildi. Qurʼon oyatlarining oʻzbek tilidagi izohli tarjimasi Shayx Abdulaziz Mansurning “Qurʼoni karim maʼnolarining tarjima va tafsiri” kitobidan keltirildi. Shuningdek, tasavvuf va axloq borasidagi maxsus adabiyotlardan istifoda etildi.
Mazkur maqolada Nosiruddin Samarqandiyning “Riyozatul axloq” asarida ilgari surilgan ijtimoiy odob-axloq masalalariga doir qarashlar qiyoslash, analiz, sintez metodlari asosida ilmiy tahlil qilingan.
Samarqandiy nafs tarbiyasi nima uchun kerak? degan savolga asarning kirish qismida: “Axloqni poklash insonni bu dunyoda baxt-saodatga va oxirat kunida esa najotga erishishiga sabab boʻladi”, deb aytadi. Bu borada Qurʼon karimning quyidagi oyatini dalil sifatida keltiradi: “Najot topuvchi odam, haqiqatan, (kufr va gunohlardan) pok boʻlur va Parvardigorining ismini yod etib, (besh vaqt) namoz oʻqir” [1:591].
Olim kitobini jihod soʻzi bilan boshlaydi, yaʼni “Jihodning afzali nafsga qarshi qilingan jihod” ekanini alohida taʼkidlab, axloq va nafs tarbiyasi haqidagi ushbu kitobni yozishdan maqsad ham insonning oʻz nafsi va shaytoni ustunidan kurashda gʻolib boʻlishga yordam berishga harakat deb atagan [4:5]. Bu bilan Samarqandiy jihodni insonlarni yomon-likdan qaytishga, yaxshiliklarni koʻpaytirishga qilingan jiddu-jahd, urinish deb keltirgan. Shuningdek, islom taʼlimotida kishi oʻzidagi yomon illatlarni tark etishi va yaxshi xulqlar bilan xulqlanishga harakat qilishi “katta jihod” sifatida keltirilgan.
“Riyozatning tartibi” nomli faslda oʻz axloqini sayqallashni xohlagan inson, birinchi navbatda, Allohning roziligiga erishishni maqsad qilishi va riyozat qilishni U (Alloh)ni zikr qilishdan boshlashi lozimligi aytiladi. Bu bilan inson qalbi taskin topib, turli yomonliklardan xoli boʻladi. Qalbi xotirjam inson esa, shoshishdan va toyilishdan xoli boʻlib, bir ishni boshlashdan oldin oʻylab, oʻziga yaqin insonlar bilan maslahatlashib, keyin ishga kirishadi. Shundagina kerakli natijaga erishadi [5:2b].
Tarbiyani esa, insonning yoshligidan boshlash maqsadga muvofiq boʻlib, bu, birinchi navbatda, ota-onaning zimmasida boʻladi. Shu sababli Nosiruddin Samarqandiy asarning “Riyozatus sibyon” (Bolalar tarbiyasi) deb nomlangan faslida bu haqda alohida toʻxtalib oʻtgan. Unda: “Bola ota-ona uchun Allohning bergan omonatidir. Inson hayoti bamisoli bir oppoq varaq boʻlib, u hayoti davomida unga turli naqshlar chizadi va har xil yozuvlar yozishga harakat qiladi. Ammo insonning bu naqsh va yozuvlari oʻchib ketadi. Faqat oʻz bolasining qalbiga yozgan yozuvlari va unga chizgan axloqiy naqshlari insonni oʻziga bu dunyoda ham, oxiratda ham qaytadi. Shu sababli ham har bir ota-ona oʻzining oq qogʻoz misoli farzandiga qanday naqsh va yozuvlar chizishiga, yaʼni taʼlim va tarbiya berishiga eʼtibor qaratishi lozim boʻladi”, deydi [5:4b].
Odob boʻlimida ibodatlarni ado etayotganda, ilm olish, ilm berish va boshqa ijtimoiy munosabatlar jarayonida amal qilinishi lozim boʻlgan odob qoidalarini sanab oʻtadi. Xususan, tolibi ilm nafsini axloqiy gʻarazlardan poklash, ilm olishda dunyoviy maqsadni umid qilmaslik, ustozini va ilmni hurmat qilish, ustozining oldida oʻzini xor tutish va tugʻyonga ketmaslik, ilm olish barcha paygʻambar va avliyolarning yoʻli ekanini esdan chiqarmaslik lozim. Chunki paygʻambar va ulamolar oʻzining martaba-lavozimi yoki mol-dunyosi bilan emas, balki ularga berilgan ilm bilan saodatli boʻlgan. Demak, tolibi ilm qanday martaba yoki nasl-nasab sohibi boʻlishidan qatʼi nazar, manmanlik va kibrdan oʻzini saqlashi, ilm talab qilishda tavoze va muloyimlikni oʻziga kasb qilib olishi lozim.
Shuningdek, muallif ilm beruvchi muallim haqida ham alohida toʻxtalib: “Ustozlar oʻzining oʻquvchilariga oʻz farzandlari kabi mehr-shafqatli boʻlishi lozim. Oʻzi ham goʻzal axloq sohibi boʻlish bilan birga, yomon xulq va odatlardan xoli boʻlishi talab etiladi. Ustozning bergan ilmi bu dunyoda koʻpchilikka manfaat yetkazsa, oxiratda oʻzi va boshqalarga savob kelishiga sabab boʻladi”, deydi [5:7b].
Bu mavzulardan soʻng Nosiruddin Samarqandiy insonlarning kundalik ishlari va fiqhiy amallari borasidagi odob qoidalarini birma-bir sanab oʻtadi. Ularga: tahorat, namoz, zakot, sadaqa, roʻza, Qurʼon oʻqish, duo qilish, kechasi tahorat bilan uxlash, taomlanish, ziyofat, taloq, savdo, tijorat, suhbat, birodarlik, oilaviy yashash, kasal boʻlish, janoza, safar va boshqa shu kabi odoblar kiradi. Xususan, roʻza tutish odobi haqida toʻxtalib, Samarqandiy roʻzadorlarni uch toifaga boʻladi: “Birinchi toifa, oddiy musulmonlarning roʻzasi – bunda roʻzador ertalabdan kechga qadar yemoq, ichmoq va jinsiy yaqinlik qilmoqdan oʻzini saqlaydi. Ikkinchi toifa, xoslarning roʻzasi boʻlib, unda roʻzador yemoq, ichmoq va jinsiy yaqinlikdan tiyilish bilan birga, tana aʼzolari bilan gunoh qilishdan saqlanadi va shu bilan birga, kimdir unga tili yoki qoʻli bilan ozor bergan boʻlsa, uni afv etadi. Uchinchi toifa esa, xoslarning xosi boʻlib, bunda roʻzador Alloh va uning rizosidan boshqa barcha narsalarni tark etadi”, deb taʼriflaydi [4:40].
Duo qilishga doir odoblar haqida olim sunnatda zikr etilgan duo ijobat boʻladigan vaqtlarda koʻproq duo qilishga eʼtibor qaratish lozimligi aytadi. Jumladan, qadr kechasi, Ramazon oyi, saharlik va iftorlik vaqti, hayit kunlari, juma kuni, tunning yarmi va tong saharda qilingan duolar fazilatli vaqt sifatida zikr etilgan. Yana namozdan soʻng va yomgʻir yoqqan oʻrinlarda duo qilish tavsiya etilgan. Duo qilishdagi holatlarga ham eʼtibor qaratib, olim oʻzi eshitadigan ovoz bilan, qibla tomonga yuzlanib, qoʻlini koʻtargan holda niyatlarini qalbidan oʻtkazib, har bir niyatini uch marta takrorlash bilan hamda uning ijobat boʻlishi chin ishonch bilan duo qilish kerakligini uqtiradi. Shuningdek, duoni avvalida Allohning zikri, salavot va istigʻfor bilan boshlash hamda yakunida yana salavot bilan tugatish tavsiya etiladi [4:41-42].
Taomlanishda zarur odoblarni Samarqandiy uch qism: ovqatlanishdan oldin, ovqatlanish vaqtida va ovqatlanishdan keyingi odoblarga ajratadi. Birinchi qismda taomning halol va shubhali narsalardan xoli boʻlishi, ovqatlanishdan oldin qoʻllarni yuvish, yerda ovqatlanish, tavoze bilan oʻtirish belgilangan. Ikkinchi qismda esa ovqatlanishni oʻng qoʻl va “bismillah” bilan boshlash, iloji boʻlsa, har luqma olganida tasmiya aytish, ovqatlanishdan oldin va keyin tuz tatish, taomni yomonlamaslik, oʻz oldidan yeyish, ovqatdan koʻp olmaslik, taomni oʻrtasidan boshlamaslik hamda taomdagi goʻshtni pichoq bilan kesmaslik kabi odoblar keltirilgan. Shuningdek, nonning ustiga yeb boʻlmaydigan narsalarni qoʻyishdan qaytarilgani, bu borada Nabiy alayhissalomning: “Nonni ikrom qilinglar. U sizlarga Alloh taolo tomonidan yuborilgan osmon barakalaridandir” degan soʻzlarini zikr etadi. Non ustiga qoʻlini qoʻyish, artish, barmoqlari orasiga kirgizish, taomga puflash mumkin emas. Uchinchi qism, yaʼni ovqatlanishdan keyingi odoblar sifatida qoʻlni sochiqqa artish, keyin yuvish, taom qoldiqlarini yalab qoʻyish hamda Allohga hamd aytish keltirilgan [4:43-44].
Nikohlanish odobida kelin tanlashda sakkiz jihatga eʼtibor berish lozimligi aytilgan. Ular dini, xulqi, husni, mahrni yengilligi, farzand koʻra olishi, bokiraligi, yaqin qarindosh boʻlmasligi hamda yaxshi xonadon ahlidan boʻlishi, deb belgilangan [4:47]. Shuningdek, oila taʼminoti erkak kishining zimmasida boʻlishi, unda isrof va kamchilikka yoʻl qoʻymaslik, ayoliga kifoya qiladigan darajada din ilmini oʻrgatish va adolatli boʻlish lozimligi uqtirilgan.
Ijtimoiy masalalardan savdo va tijorat borasida ham oʻziga xos odoblar boʻlib, Samarqandiy buni alohida mavzuda keltirib oʻtgan. Jumladan, savdoda oʻz ehtiyojiga yarasha tovarlarni sotib olish, tovarni ayblarini aytib sotish, xushmuomala boʻlish, tarozidan urmaslik, muhtojlarga qarz berish, faqirlar qarzini kechib yuborish tijorat ahli odoblari sifatida zikr etilgan.
Olim doʻst va sirdosh tanlashning ham odoblarini oʻz kitobida bayon etgan. Xususan, har qaysi inson bilan doʻst boʻlish yaxshi ish emas. Chunki Nabiy alayhissalom: “Kishi doʻstining dinida boʻladi. Shuning uchun kim bilan doʻst boʻlganiga eʼtibor qilsin”, deb aytgan. Shu bois inson oʻziga doʻst yoki sirdosh tanlashda beshta xislatiga ahamiyatli boʻlsin. Ular: aql, chiroyli xulq, fosiq, bidʼatchi hamda dunyoga xirs qoʻymagan kishi boʻlishi. Bu borada Samarqandiy Jaʼfar Sodiqning soʻzlarini keltiradi: “Besh toifani doʻst tutmagin! Birinchi yolgʻonchilar. Ularga yaqinlashsang, sendan uzoqlashadi. Ulardan uzoq boʻlsang, senga yaqinlashadi (yaʼni boshingga tashvish tushsa, yordami kerak boʻlgan vaqtda uzoqlashadi. Xursand boʻlib, ularga ehtiyoj boʻlmagan vaqtda yaqiningda aylanadi). Ikkinchisi ahmoqlar. Senga foyda keltiraman deb, zarar yetkazadi. Uchinchisi baxil odamlar. Ular ehtiyojing bor vaqtda sen bilan aloqalarini uzadi. Toʻrtinchisi qoʻrqoqlar. Ular qiyinchilik vaqtida oʻzini oʻylab, sendan yuz oʻgiradi. Beshinchisi fosiqlar. Ular seni arzimagan narsa uchun sotib yuboradi” [4:55]. Shu bois haqiqiy, chin doʻstlar oʻziga yaxshi koʻrgan narsani doʻstiga ham ilinadi, soʻrashidan avval mushkulini oson qiladi, sirini saqlaydi, oldida va ortidan duo qiladi, vafodor, sodiq boʻladi, obroʻsini koʻtaradi.
Kasal boʻlish odobi borasida Samarqandiy shunday deydi: “Chiroyli sabr qilish, nolish va ingrashni koʻpaytirmaslik, chiroyli sabr qilish va albatta, Allohga tavakkal qilib, uning dardiga shifo berishiga ishonish hamda xayrli duo qilish – bemorlikning odobidir” [5:8b]. Shuningdek, bemorlarni ziyorat qilishning ham odoblari boʻlib, bu masala “Riyozatul axloq” kitobida alohida mavzuga jamlangan. Bemorning ziyoratiga kelgan odam yengil oʻtiradi, savolni qisqa qiladi, hamdardligini izhor qilib, shifo tilab duo qiladi. Bemor avratlariga nazar solishdan oʻzini saqlaydi. Kirishdan oldin izn soʻraydi. Oʻzini tanishtiradi [4:60].
Qoʻshnichilik munosabatlari ham islom taʼlimotida alohida masala boʻlib, ular oʻrtasidagi munosabatlar islom manbalarida tartibga solingan. Olim qoʻshnichilik odoblari borasida yaxshi kunlarida birga boʻlish, musibat kunida yonida turish, xatolarini kechirish, qoʻshni devoridan nazar solmaslik, suv, qor, tuprogʻini qoʻshnining uyiga oqizmaslik, safarga ketsa, uyiga koʻz-quloq boʻlish, holidan xabardor boʻlib turish, farzandlariga iltifot koʻrsatish, hojati tushib qolsa, yordam qilish kabi odoblarni keltirib oʻtadi [4:61]. Bu borada: “Alloh kimga yaxshilikni iroda qilsa, uni shirin qilib qoʻyadi (yaʼni qoʻshnilarini muhabbatli qilib qoʻyadi)” hadisini dalil qiladi. Shuningdek, qarindoshlar bilan, garchi ozor bersa ham, aloqalarni bogʻlashga buyuriladi. Hadisi sharifda: “Sadaqaning afzali gina qiluvchi qarindoshga qilinganidir” deyilgan.
Safarga chiqishning ham oʻziga xos odoblari boʻlib, Samarqandiy bu borada zulmga qarshi turish, dinda buyurilgan amallarni bajarish, nafaqani ado qilish yoki dushmanga qarshi kurash uchun safarga chiqilishi mumkinligi, bunda yoʻldosh tanlash, oralaridan bir kishini boshliq qilib tayinlash lozimligini aytadi. Safar uchun erta tongda yoʻlga chiqish afzal vaqt sifatida keltiradi. Uyga qaytishda oila aʼzolari va yaqin qarindoshlariga sovgʻa olish tavsiya etiladi. Shuningdek, olim maqsadsiz safar qilishdan qaytarib, zarurat yoki olimlarni ziyorat qilish uchungina safarga chiqishni taʼkidlaydi. Va maqsadi hosil boʻlishi bilan darhol uyga qaytish tavsiya etiladi [4:63-65].
“Odob haqidagi boʻlim”da ijtimoiy odoblarga taʼrif berilganidan keyin “Axloq haqidagi boʻlim”ga oʻtiladi. Axloq – bu insonlar orasida namoyon boʻladigan kishining xatti-harakatlari majmui boʻlib, ular yaxshi va yomon xulqlarga ajraladi. Nosiruddin Samarqandiy bu xulqlarning birinchi harflariga eʼtibor qilgan holda arab alifbosiga moslab boblarga boʻlib, unga mos xulqlarni ketma-ket sanab oʻtadi va atroflicha sharhlab beradi. “Axloq haqidagi boʻlim” arab alifbosining birinchi harfi – “Alif” harfi bobi bilan boshlanib, dastlab, bu bobda “الاستكبار” – “Kibrlanish” axloqi haqida soʻz boradi. “Kibrlanish – bu kishini oʻz nafsida takalluf va magʻrurlikni kasb qilib olishi, ichki va tashqi holatida oʻzini boshqalardan ustun qoʻyishi”, deb taʼriflagan [5:16a]. Asarda kibr mavzusiga alohida eʼtibor qaratilib, unda kibrning kelib chiqish sabablari, turlari, kibrli insonlarning axloqi va manmanlikning dunyo va oxiratda keltiradigan zararlari borasida aytib oʻtilgan. Chunki hamma yomonliklarning boshlanishi inson oʻzini boshqalardan ulugʻ hisoblab, ularni mensimaslikdan kelib chiqadi. Natijada, kibrli inson qilayotgan ishlarini toʻgʻri deb oʻylab, yaqinlari maslahati va nasihatiga quloq solmay, oʻzini har bir ishda haq deb oʻylaydi. Bu esa, avvalo, kibrlangan kishini oʻziga, qilayotgan ishiga, keyin esa, uning atrofidagi jamiyat aʼzolariga zarar yetkazadi. Shuningdek, bu bobda “Isor” (oʻz manfaatidan boshqalarni afzal koʻrish), “Istehzo” (masxara qilish), sirlarni fosh etish, ixlos, vakil boʻlish, insoniylik kabi xulqlar keltirilgan.
“Ba” harfi bobi baxillik mavzusi bilan boshlanib, unda beadab soʻkinish, bekorchilik va noshukurlik kabi mavzular haqida soʻz boradi hamda bunday illatlar qoralanadi. Xususan, beadab soʻzlarni aytib soʻkinish insonning oʻz nutq kuchi va aql quvvatida fahsh narsalarga tobe hamda yomon xulq sohibi ekaniga dalil boʻladi. Bekorchilik esa, bu insonning dangasaligi boʻlib, mehnat qilmasdan, mashaqqat chekmasdan, tekindan keladigan narsa bilan kun koʻrishga oʻrganib qolishdan hosil boʻladi. Bu esa, bekorchi insonning har xil buzuq ishlar bilan mashgʻul boʻlishiga, oxir-oqibatda esa, boshqalarning qoʻliga qarab, ularga qul boʻlishiga sababchi boʻladi.
“Ta” harfi bobida Nosiruddin Samarqandiy tavoze, tavhid, tavakkul, maqtanchoqlik, chuqur ketish, takalluf, oʻylamasdan gapirish, mensimaslik, ikkiyuzlamachilik, toʻqlik, farovonlik, xushmuomala-lik kabi mavzularni taʼriflaydi. Xususan, xushmuomalalik mavzusida buni bagʻrikenglik va kechirimlilikdan iborat xulq, deb atagan [5:25b].
Tavakkul bu ishlarni Allohga topshirish, uning amalga oshishida Allohga suyanish boʻlib, olim kishi qilayotgan ishini tark etishi yoki hech bir kasbni qilmasdan oʻtirishi tavakkul emas, balki dangasalik ekanini taʼkidlaydi. Tavakkul maʼlum ish bilan mashgʻul boʻlib, uning muvaffaqiyatini Allohdan kutish, oʻz amaliga suyanib qolmaslikdir [4:88-89].
Nosiruddin Samarqandiy ijtimoiy odoblardan biri hayo haqida ham toʻxtalib, hayo qabih ishlarni oshkora qilishdan qaytarib turuvchi tabiiy instinkt boʻlib, islom taʼlimotida maqtalgan goʻzal xulqlardan biri hisoblanadi. Nabiy alayhissalom: “Hayosi yoʻqning imoni yoʻq” deb aytganlar. Yana: “Agar hayo qilmasang, xohlagan ishingni qilaver!” deb nasihat qilgan [4:132-133].
Axloqiy fazilatlardan biri shukr boʻlib, “Riyozatul axloq” asarida bu mavzuga alohida oʻrin ajratilgan. Samarqandiy shukrga “ochiqlash, izhor qilish” deb taʼrif beradi. Yaʼni inson oʻziga berilgan neʼmatlarni ochiqlashi shukr hisoblanadi. Shuningdek, shukr uch holatda namoyon boʻladi: Birinchisi, oʻziga berilgan imkoniyatlarni ochiqlash, ikkinchisi, Allohning buyruqlariga amal qilish hamda uchinchisi, tili bilan minnatdor boʻlish orqali yuzaga keladi. Nabiy alayhissalom doimo: “Allohga hamd boʻlsin! Har bir neʼmati uchun shukr (boʻlsin)” deb taʼkidlaganlar. Jannat ahliga neʼmatlari toʻliq qilib berilgan vaqtda ham ular: “Olamlar Robbi Allohga hamd boʻlsin!” (Yunus surasi, 10-oyat) deb shukr qilishlari keltirilgan [4:174-175]. Demak, shukr dunyo va oxiratda qilinadigan yaxshi xulq sanaladi.
Asarda axloqiy tushunchalar yuqoridagi singari boblarga, har bir bob unga tegishli mavzularga ajratilib bayon etiladi. Bu bilan muallif Samarqandiy kishilarning feʼl-atvorida uchraydigan yaxshi va yomon xulqlarni koʻrsatib berishga, ularning mohiyatini ochishga, insonlarni yomon illatlardan ogoh qilib, husni xulq va chiroyli fazilatlar bilan xulqlanishga chorlaydi.
“Axloq haqidagi boʻlim”da esa insoniyatga xos boʻlgan yaxshi va yomon axloqlar arab alifbosi asosida keltirilib, ularga taʼrif va tavsif beradi. Shuningdek, asarda tasavvufiy tushunchalar haqida ham maʼlumot berilib, batafsil sharhlashga harakat qilingan. Jumladan, “Axloq haqidagi boʻlim”da: tavhid, zikr, zuhd, rizo, xavf va rajo, rostgoʻylik, jiddu-jahd, jalol, jamol, saxiylik, ovozni baland koʻtarmaslik, duo, vaʼda, omonatdorlik, rahmat, ragʻbat, shahvat, sharaf, shavq, izzat, afv, uʼjub, gʻuluv, gʻurur, fahsh, qanoat, qusur, qiyom, madh, muroqaba, muhosaba va boshqa shu kabi tushunchalar atroflicha bayon etilgan.
Xulosa qilganda, Nosiruddin Samarqandiyning “Riyozatul axloq” kitobi ijtimoiy odob-axloq masalalari borasida nazariy manba boʻlib, unda bayon etilgan ibodat, muomalot va tasavvufga doir husni xulq va zararli illatlar nafaqat oʻz davri uchun, balki bugungi globallashuv davrida ham insonlar, ayniqsa, yoshlar tarbiyasida alohida oʻrin tutadi. Manbada ilgari surilgan ilm olish, taʼlim berish, bola tarbiyasi, nikoh, safar, doʻstlashish, qoʻshnichilik, savdo, betoblik odoblari hamda hayo, tavakkul, shukr, xushmuomalalik kabi fazilatlar, shuningdek, kibr, manmanlik, bekorchilik, baxillik illatlari va ulardan forigʻ boʻlish usullari zamonaviy jamiyat hayotida insonlar oʻrtasida munosabatlarni tartibga solish va ularning goʻzal axloqqa ega boʻlishida muhim ahamiyat kasb etadi.
FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR:
- Qurʼoni karim: maʼnolarining tarjima va tafsiri. /Tarjima va tafsir muallifi: A.Mansur. – T.: Oʻqituvchi, 2021.
- Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf. Din nasihatdir. – : Hilol-Nashr, 2018.
- Muxtarov B. Nosiruddin Samarqandiyning “Riyozat al-axloq” asari axloqiy tarbiya borasida muhim manba // Islom ziyosi. – T., 2019. – № 2.
- Nosiruddin Samarqandiy. Riyozatul axloq. / Samih Ibrohim Solih tahqiqi osti – Damashq: Darul bashoir, 2006.
- Nosiruddin Samarqandiy. Riyozat al-axloq. – Ar-Riyod: Malik Muhammad Hasan ibn Hamza Zohir shaxsiy kutubxonasi. Qoʻlyozma. Inventar raqami berilmagan. – 71 v.
- Oʻrta asr sharq allomalari va mutafakkirlari ensiklopediyasi. – Samarqand: Imom Buxoriy xalqaro markazi nashriyoti, 2016.