Home / MAQOLALAR / IMOM BUXORIY DUNYOQARASHI SHAKLLANISHIDA MUHITNING TAʼSIRI

IMOM BUXORIY DUNYOQARASHI SHAKLLANISHIDA MUHITNING TAʼSIRI

VII asrda dunyoda olamshumul voqealar yuz berdi. Bu asrda sodir boʻlgan voqealar dunyo siyosati va madaniyatiga katta oʻzgarishlar olib keldi.  Yer yuzida mavjud anʼanaviy siyosiy kuchlar qisqa muddat ichida barham topdi. Bu oʻzgarishlarning bosh sababi Arabiston yarim orolida islom dinining vujudga kelishi edi. Muhammad alayhissalom tomonidan asos solingan Islom davlati Paygʻambar sollallohu alayhi vasallam vafotidan keyin qisqa muddatda Rum va Fors imperiyalarini magʻlub etib, bepoyon hududlarni egalladi.

Paygʻambar sollallohu alayhi vasallam vafotidan keyin davlat tepasiga kelgan xalifalar Abu Bakr, Umar, Usmon va Ali bu ishni davom ettirdi. Bu rahbarlardan keyin iqtidorga kelgan Muoviya ibn Abu Sufyon Umaviylar sulolasiga asos soldi. Bu voqea 661-yil Hasan ibn Alining Kufani Muoviyaga topshirishi bilan sodir boʻldi [1:901]. Bu sulola ham davlatni bir asrga yaqin muddat idora qildi. Umaviylar davrida ham mamlakat ancha keng edi, lekin hukumat tepasida faqat arablar faoliyat yuritar edi. Boshqa madaniyatlar bilan taʼsirlanish kuzatilmagan edi.

750-yilda Abul Abbos Saffoh umaviylardan davlat boshqaruvini tortib oldi va Abbosiylar sulolasiga asos soldi [2]. Abbosiylar Xitoydan Ispaniyagacha, Afrikadan Kavkazgacha boʻlgan katta hududni meros qilib oldi. Poytaxtni Damashqdan Iroqqa koʻchirib, Bagʻdod shahriga asos soldi. Ikkinchi Abbosiy xalifa Abu Jaʼfar Mansur Dajla sohilida, eski Madoin shahri yonida, Salafqa shahri xarobalari ustiga Bagʻdod shahrini qurdirdi. Xalifalik poytaxtini Hoshimiyadan Bagʻdodga koʻchirdi. Sakkizinchi xalifa Muʼtasim ham Bagʻdoddan oʻn ikki farsah (oʻn ikki soatlik) masofada Samarra shahrini barpo etib, u yerga koʻchib oʻtdi. Oʻzidan keyin kelgan xalifalarning koʻpchiligi ushbu shaharda yashadi [3].

Arablar “Movarounnahr” (daryo orti) deb atagan oʻlka uchun janglar  umaviylar davrida boshlangan edi. Xuroson hokimi Ubaydulloh ibn Ziyod 672-673-yillarda Buxoro qoʻshini bilan jang qilib, yengadi va katta mablagʻ evaziga Buxorxudotning ayoli (eri vafot etgan va oʻgʻli kichik boʻlgani uchun Buxoroni boshqarib turgan) bilan sulh tuzadi [4:64].

Bu ayol Ubaydulloh ibni Ziyoddan keyin Said ibn Usmon bilan ham sulh tuzdi. 706-yilda Xurosonga tayinlangan Qutayba ibn Muslim Buxoroga qoʻshin tortadi. Qutayba ularni uch marta islomga daʼvat qildi. Har safar ular islomni qabul qilar va Qutayba qaytgach, yana majusiylikka qaytar edi. Toʻrtinchi marta Qutayba shaharni toʻliq egallab, har bir hovlining yarim qismiga arablardan odam joylashtirdi. Bu arablar ularni islomga amal qilishini kuzatar edi. Katta qiyinchilikdan soʻng Buxoroda islom tarqaldi. Shundan soʻng masjidlar qurildi va majusiylik barham topdi [4:77].

Qutayba Buxoroda jome masjid va hayit namozi oʻqiladigan namozgoh qurdirdi. Bu namozgoh Arslonxon zamonigacha mavjud edi. Arslonxon namozgohni yaqinroq joyga koʻchirdi. Qutayba Buxoro shahrini arablarga taqsimlab berdi. Shaharda yetti darvoza bor edi. “Bob haq roh” darvozasi joylashgan mahallada Muhammad ibn Hasan Shayboniyning shogirdi Abu Hafs Kabir Buxoriy yashar edi. Uning sababidan Buxoro “Qubbatul islom” nomini oldi. Chunki bu yerda ilm tarqalib, hurmatga sazovor olimlar yetishib chiqishiga Abu Hafs Kabir sabab boʻldi [4:86-87]. Abu Hafs Kabir 822-yilda vafot etdi va bu vaqtda Imom Buxoriy oʻn ikki yoshga yetgan edi.

Umaviylar davrida amalga oshirilgan ishlar abbosiylar davrida ham davom etadi. Abbosiy xalifa Maʼmun davrida (198-218/813-833) islomni qabul qilgan mahalliy hokimlarni ragʻbatlantirish siyosati jadallashtiriladi. Keyinchalik xalifa Muʼtasim billah davrida (218-227/833-841) bu siyosat oʻz samarasini beradi. Yaʼni Soʻgʻd, Fargʻona, Ustrushana, Shosh va boshqa shu kabi Movarounnahr shaharlaridan koʻplab askarlar abbosiylar qoʻshini tarkibida xizmat qila boshlaydi. Mahalliy hokimlar Muʼtasim billahga ishonch bildirib, abbosiylar bilan yaqin munosabatda boʻladi. Natijada, Movarounnahr oʻlkasida islom dini taʼlimoti keng yoyilib, bu oʻlkadan yetuk islomiy olimlar yetishib chiqishiga zamin yaratiladi. Muʼtasim billah baytul moldan ikki million dirham ajratib Shosh vohasida koʻmilib ketgan daryolarni qayta qazdiradi va shoshliklarning bir muammosini hal qilish bilan birga, ularning muhabbat va eʼtiborini ham qozonadi. Maʼmun xalifa boʻlishidan oldin Xurosonda, xususan, Marv shahrida istiqomat qilgan. Shu bois Xuroson va Movarounnahr aholisi urf-odat va anʼanalaridan yaxshi xabardor boʻlgani ehtimoldan holi emas.

Abu Abdulloh Muhammad ibn Ismoil Buxoriy yashagan davr (810-870) abbosiylar sulolasining gullab yashnagan va butun dunyoga Birinchi Renessansni taqdim etgan IX asrga toʻgʻri keladi. Imom Buxoriy tugʻilishidan bir yil oldin Horun ar-Rashid vafot etib, hukmronlik uning oʻgʻli Aminga oʻtdi. Bu vaqtda Maʼmun hozirgi Turkmanistonda joylashgan Marv shahrida edi. Amin bilan Maʼmun oʻrtasida kelishmovchilik boshlandi va Amin Maʼmunni valiahdlikdan boʻshatdi [1:1717].

Amin va Maʼmun oʻrtasidagi nizo kuchayib, Amin Maʼmunga qarshi qoʻshin joʻnatadi. Maʼmun tarafidan jangga kirgan sarkarda Tohir ibn Husayn Bagʻdodgacha barcha shaharlarni egallaydi va 813 yilda Amin qatl etilib, Maʼmun taxtga oʻtiradi [5:899-906].

Imom Buxoriy yashagan davrda abbosiy sulolasi vakillaridan oʻn nafari hukmronlik qildi. Ular: Amin, Maʼmun, Muʼtasim, Vosiq, Mutavakkil, Muntasir, Mustain, Moʻtaz, Mahdiy, Moʻtamiddir. Abbosiylar hukmronligi avvalida davlatni kuchli siyosatchilar boshqardi. Ularning hukmi davlatning barcha jabhalarida kuchli taʼsirga ega edi. Ammo keyinchalik hukmdorlar siyosati zaiflashdi, chunki har tarafdan qarshi harakatlar yuzaga kela boshladi. Davlatning har chekkasida qarshi harakatlar harbiy kuch bilan bostirilar edi. Bu qarshiliklar natijasida abbosiylar davlatidan toʻliq yoki qisman mustaqil davlatlar ajralib chiqdi. Mustaqil davlatlar ham abbosiylarni diniy xalifalik sifatida tan olar, minbarlarda xutbada abbosiy xalifa nomini oʻqitar, tanga pullarda mustaqil amir ismidan oldin abbosiy hukmdor ismini zarb qilar va yigʻib olingan xiroj soligʻidan bir qismini xalifalik baytul mol (davlat jamgʻarmasi)iga joʻnatar edi [6:48].

Maʼmunga qilgan xizmatlari evaziga Xurosonga amir qilib tayinlangan Tohir ibn Husayn 820-873-yillarda hukm surgan Tohiriylar davlatiga asos soldi va Nishopur shahrini markaz qildi. Imom Buxoriy mana shu davlat soyasida yashadi.

Hijriy III asrda (milodiy IX asr) oldingi ikki asrda boshlangan ilmiy harakatlar yanada kengayib, turli sohalarni qamrab oldi. Ilm doiralari kengaydi, fan turlari koʻpaydi, naqliy ilmlarga katta eʼtibor berila boshlandi. Tafsir, qiroat, hadis, fiqh, siyrat, tarix ilmlarida zabardast olimlar yetishib chiqdi. Hadis va sunnat ilmida buyuk muhaddis va hofizlar, mohir tanqidchi olimlar, kuchli mualliflar ijod qildi. Bu asrda hadis ilmi islom diyorining turli chekkalariga tarqaldi. Hadis ustozlari va hofizlaridan ilm olish uchun muhaddislarning safarlari koʻpaydi. Eng mukammal hadis asarlari shu asrda taʼlif etildi. Ulardan mashhurlari: Imom Ahmadning “Musnad”i, Imom Buxoriyning “Sahihul Buxoriy” asari, “Sahihul Muslim”, “Sunani Said ibn Mansur”, Ibnu Abi Shaybaning “Al-musannaf” asari, “Musnadi Humaydiy”, “Sunani Dorimiy”, “Sunani Abu Dovud”, “Jome at-Termiziy”dir.

Bu asarlar hadis ilmi asosini tashkil qiladi. Bu asarlarning barchasi Buxoriy yashagan asrda yaratildi. Ular orasida eng moʻtabar asar “Sahihul Buxoriy”dir. Birgina hadis ilmida shuncha ishlar amalga oshirildi. Barcha ilmlarda ham shunday inqilob va renessans kuzatildi. Bu asr hadis ilmida oldingi asrlarning xulosasi va natijasi boʻldi. Bu borada Zahabiy qanday ajoyib gap aytdi: “Bu asrda hadis imomlaridan juda koʻp xalq yashab oʻtdi. Biz bu yerda ularning oʻndan birini ham keltira olmadik”. Shuningdek, fiqh olimlaridan ham koʻp olimlar yetishib chiqdi [6:49].

VIII-IX asrlarda Movarounnahr madaniyati va maʼnaviy hayotida juda katta ijobiy oʻzgarishlar roʻy berdi. Bu oʻzgarishlar nafaqat Oʻrta Osiyo, balki butun musulmon Sharqida uygʻonish va renessansga sabab boʻldi. Islom dini bu xalqlarni faqat dinigina boʻlib qolmadi, balki u yangi maʼnaviy yoʻnalish sifatida butun madaniy jarayon, ijtimoiy-madaniy va maʼrifiy aloqalar kuchayishiga juda katta taʼsir koʻrsatdi. Bu davrda hurfikrlilik, ilm, ilmga hurmat-eʼtibor koʻrsatish va uni yuksak baholash ustunlik qildi. Diniy ilmlar bilan uzviy holda dunyoviy ilmlar ham rivojlandi. Yunon, hind va boshqa xalqlarning ilmiy salohiyatidan keng foydalanildi. Aynan shu davrdan hududlarda maktab va madrasalar paydo boʻla boshladi [7:7].

VIII asr oxiri IX asr boshlarida xalifalikni larzaga keltirgan ogʻir siyosiy vaziyat abbosiylarning Movarounnahr va Xurosonda olib borayotgan siyosatini oʻzgartirishga majbur qildi. Birin-ketin Oʻrta Osiyoda tohiriylar, safforiylar, somoniylar davlatlari tashkil topdi. Mamlakatda sodir boʻlgan bunday siyosiy oʻzgarishlardan soʻng Movarounnahr Xurosondan ajralib, oʻz mustaqilligini toʻla tiklab olish imkoniga ega boʻldi. Movarounnahrni birlashtirib, mustahkam davlat tuzgan davlat arbobi Ismoil Somoniy, 900-yilda Xurosonni ham safforiylardan tortib olib, ulkan davlat barpo etdi. Xalifa Somoniylar davlatini tan olishga va unga hukmronlik yorligʻini yuborishga majbur boʻldi. Shu tariqa IX asr oxirlariga kelib Movarounnahr xalqlari arab xalifaligidan abadiy xalos boʻldi va undan mustaqil boʻlgan yirik feodal davlat – Somoniylar davlati tashkil topdi.

Bu davrda ilm olish aholining keng qatlamlari uchun hayotiy zaruratga aylangani, hatto nochor va beva-bechoralar ham ilm olishga imkon topa olganini ifodalaydi. Akademik V.V.Bartold oʻzining “Moʻgʻullar bosqini davrida Turkiston” asarida bir beva ayol tikuvchilik qilib, ikki oʻgʻlini Samarqand madrasalarida oʻqita olganini xabar beradi [7:8].

IX asr birinchi yarmida xalifalik poytaxti Bagʻdod shahrida joylashgan “Baytul hikma” nufuzini koʻtarishda Oʻrta Osiyodan borgan Xorazmiy, Fargʻoniy, Javhariy, Marvaziy kabi olimlarning aniq va tabiiy fanlar sohasidagi xizmati juda katta ahamiyatga ega boʻlgan. Matematika fani rivojiga yurtdoshimiz Muhammad Xorazmiy (taxm. 166-235/783-850) katta hissa qoʻshgan. Sifr, yaʼni nolni toʻqqizlik songa qoʻshib, oʻnlik algoritm nazariyasiga asos solgan. Bugungi kundagi kompyuterlashgan tizimlar oʻsha mehnat mahsulidir. Amerikalik mashhur olim D.Sarton oʻz asarida IX asr birinchi yarmini “Xorazmiy davri” deb ataydi [7:13].

Xorazmiy matematika va algebraga oid “Muxtasar fi hisabil jabri  val muqobala” asarini va astronomiyaga oid “Ziji Xorazmiy” asarini yozdi [7:17]. Xorazmiyga zamondosh boʻlgan Abu Nasr Forobiy va Ahmad Fargʻoniy ham astronomiyaga oid kitoblar yozgan. Fargʻoniy birinchi boʻlib asboblar ixtiro qilgan va 1022 yulduzning joylashuvi haqida maʼlumot qoldirgan. Bizgacha olimning “Ilmi nujum asoslari haqida kitob”, “Astronomiya ilmi” va boshqa kitoblari yetib kelgan [7:18]. Kimyo ilmi ham bu asrlarda ancha rivojlandi. Abu Nasr Forobiy “Kimyo ilmining foydasi” kitobida elementlarning xossalari haqida yozib, moddalarni kimyoviy yoʻl bilan oltinga aylantirish kabi soxta nazariyalarni tanqid qildi. Kimyo sohasida oʻtkazilgan tadqiqotlar tufayli metallurgiya, keramika, shisha, nitrat kislota ishlab chiqarish, gazlamalarni boʻyash, novshadil, kinovardan simobni ajratib olish va boshqa ishlarni amalga oshirishga muvaffaq boʻlindi.

Tibbiyot ham jadal rivojlandi. Tabiblar uchun zarur boʻlgan jarrohlik asboblari – nozik kesuvchi nashtarlar (skalpel), jarohatlarni tikish ninalari va turli-tuman dorilar tayyorlanar edi. Oʻsha davrdayoq oʻlikni yorib oʻrganish orqali tananing ichki aʼzolari tasavvur qilingan va tirik mavjudotlarda qon aylanish tizimi mavjudligini bilishgan. Arxeologlar tomonidan Poykent shahrida (Qorakoʻl va Jondor tumanlari tutashgan joy) topilgan dorixonada qon quyib, qon oladigan alambiklar, dori tayyorlanadigan kolbalar topilishi oʻsha davrda tibbiyot nechogʻlik rivoj topganidan dalolat beradi. Bu davrda olimlar nafaqat tabobat bilan shugʻullandi, balki tibbiyot nazariyasi rivojiga ham hissa qoʻshdi. Abu Nasr Forobiyning “Inson aʼzolari haqida risola” asari shular jumlasidandir [7:22]. Bu davrga kelib yunon, sanskrit va boshqa sharq tillarida yozilgan tibbiyot va dorishunoslikka oid Arastu, Dioskrit va Galen kabi olimlar asarlari suryoniy va arab tillariga tarjima qilinishi bu fanning Movarounnahr hududlarida rivojlanish omiliga aylandi [7:23].

Veterinariya sohasida ham ishlar amalga oshirilgan. Otlar va lochinlarni koʻpaytirish va parvarishlashga alohida eʼtibor berilgan.  Bu borada  Abu Nasr Forobiyning “Hayvon aʼzolari toʻgʻrisida risola” kitobi hozir ham ahamiyatli hisoblanadi.

VIII asrga kelib arab tili xalifalikning rasmiy va tijorat olib boradigan tiliga aylandi. Oʻsha davrda faqih va olimlar arab tilini bilishi zarurat edi. Yunon, hind va fors tillaridan tarjima qilingan asarlar ham arab tilining bir qismiga aylandi. Muhammad ibn Ahmad ibn Yusuf kotib Xorazmiyning “Mafotihul ulum” asarining beshinchi bobi arab adabiyoti va sheʼriyatiga bagʻishlangan. Xalil, Sibavayh va Mubarradlar arab tili grammatikasiga oid asarlar yozgan. Tarixchi Ibn Xaldun asarining yetti fasli arab tili grammatikasiga bagʻishlangan [4:753-778].

Maʼlumki, xalifalik markaziga boshqa shaharlardan kelgani singari Movarounnahrdan ham ilm olish va tijorat maqsadida koʻplab olim va savdogarlar tashrif buyurgan. Ular poytaxtda boʻlayotgan voqea-hodisalarning guvohi boʻlib, bu haqdagi maʼlumotlarni bizning zaminimizgacha olib kelgan. Bu gaplar xalq orasida tarqalib, arab tilining ommalashuviga sabab boʻlgan. Shotlandiyalik arabshunos olim A.R.Gibb (1895-1971) arab adabiyotiga: “Arab adabiyoti bir millat emas, balki butun tamaddun tomonidan yaratilgan oʻlmas yodgorlikdir”[7:28], deb taʼrif bergan.

VIII-IX asrlarda Movarounnahr va Xorazmda hunarmandlik va arxitektura ham rivoj topdi. Shaharlarda toʻqimachilik, kulolchilik, chilangarlik, misgarlik, zargarlik, shishasozlik, duradgorlik kabi kasb-hunarlar rivojlanishi natijasida shaharlarning qiyofasi tubdan oʻzgardi. Podsho saroyi, registon, saroy ayonlari va mulkdorlar qurdirgan saroylar, maqbara va karvonsaroylar, ustaxonalar koʻplab qurildi. Shu tariqa Buxoro, Samarqand, Urganch, Kesh, Axsikat kabi shaharlar hunarmandchilik ravnaq topgan yirik markazlarga aylandi. Xorazmiy va Forobiyning geometriyaga oid asarlari binokorlik ishlarida muhim oʻrin tutgan. Shu davrgacha xom gʻisht va loydan foydalanib kelingan boʻlsa, endilikda pishiqroq ashyolardan foydalanish boshlandi [7:33-35]. Oʻsha vaqtda shaharlarda kanalizatsiya sopol quvurlar orqali qurilgan edi. Bu quvurlar oʻsha davrda qurilgan inshootlarni qazib olganda koʻp uchraydi. 862-yilda xalifa Muntasir vafot etgach, onasi uning qabriga maqbara qurishga ijozat soʻraydi. Shundan keyin bizning yurtlarda ham maqbaralar koʻpaydi [7:39]

VIII-IX asrlarga kelib oʻlkada temirchilik ham rivojlangan. Istaxriy maʼlumotiga koʻra, Ustrushonada joylashgan Mink va Marsmanda temirdan turli buyumlar yasalgan hamda Bagʻdod va Eronga eksport qilingan. Bu oʻlkada uzoqdan kelganlar uchun bir oyda bir marta yarmarka tashkil qilingan [7:40]. Bu davrga kelib, haykaltaroshlik va rassomchilik oʻrniga oʻymakorlik va naqqoshlik rivojlandi va bu qurilish inshootlarida oʻz aksini topdi. Kulolchilik, zargarlik, duradgorlik kabi sohalar ham jadal rivojlandi. Qogʻoz ishlab chiqarishda Samarqand peshqadam boʻlgan. Bunga sabab 751 yilda Talos vodiysida arablar va xitoyliklar oʻrtasida boʻlgan jangda asir tushganlar Samarqandga olib kelingan va u yerdan butun dunyoga tarqalgan. Bungacha Xitoy qogʻoz ishlab chiqarishda peshqadam boʻlgan. Zahiriddin Muhammad Bobur “Boburnoma”da keltirishicha, eng yaxshi qogʻoz Samarqandda ishlab chiqarilgan [8:58].  Istaxriyning aytishicha, IX asrda qogʻoz faqat Movarounnahrda ishlab chiqarilgan. X asrga kelib esa Damashq, Tveriya (Falastin) va Tripolida qogʻoz ishlab chiqarilgan boʻlsa-da, Samarqand hali ham markaz boʻlib qolavergan [7:49]. Bu davrda qogʻoz narxi juda qimmat boʻlgan, zotan hunarmandning bir oylik ish haqiga ikki yoki uch dona qogʻoz sotib olish mumkin boʻlgan. IX asrga kelib, toʻqimachilik ham yaxshi rivojlangan. Buxoro “karbos” (paxtadan tayyorlanadigan mato) – “zandanachi”ni ishlab chiqaradigan shahar sifatida mashhur boʻlgan. Narshaxiyning xabar berishicha, shaharda jome masjidi yaqinida qurilgan mato toʻqiydigan korxona boʻlib, uni “Dorut tiroz” (Toʻqimachilik korxonasi) deb atashgan [4:39].

VIII-IX asrlarga kelib, oʻlkada konchilik ham yaxshi rivojlangan. Zarafshon togʻlaridan temir, mis, qoʻrgʻoshin, oltin, kumush, feruza qazib olingan boʻlsa, Fargʻona vodiysi togʻlaridan temir, qoʻrgʻoshin, mis, simob, qalay, novshadil qazib olingan. Hatto Buxoro va Fargʻonada oʻsha davrdanoq toshkoʻmir va neft topilib, amalda foydalanilgan. Hozirgi Navoiydagi oltin konlaridan oʻsha davrdanoq foydalanib kelingan. Bu davrga kelib qishloq xoʻjaligi ham yaxshi rivojlangan. Murgʻon va Zarafshon daryolariga toʻgʻonlar qurilgan va suv taqsim qilingan. Hazar dengizi orqasi viloyatidagi baʼzi sugʻorish shaxobchalari Abdulloh ibn Tohir tomonidan tashkil qilinib, hatto bu ishlarga Bagʻdod hukumati ham jalb qilingan. Toshkent atrofida katta daryo qazish uchun xalifa Muʼtasim tomonidan ikki million dirham hadya qilingani manbalarda zikr qilinadi [7:64]. Bu davrga kelib, chorvachilik yuksak darajada rivojlangan. Oʻlkada chorva mollari behisob boʻlgan. Narshaxiy maʼlumotlariga koʻra, VIII-IX asrlarda Qorakoʻldan tutilgan qush va baliqlar butun Xuroson hududidan ovlangan baliqlardan ancha koʻp boʻlgan [7:65].

Islom dini kirib kelgandan soʻng Movarounnahrda katta uygʻonish va rivojlanish vujudga keldi. VIII-IX asrlarda oʻlkadan qomusiy olimlar yetishib chiqib, ular koʻplab kashfiyot qildi va jahon ilm-fani taraqqiyotiga katta hissa qoʻshdi. Muhammad Xorazmiy birinchi boʻlib, kvadrat tenglamalar tiplarini va har bir tipni yechish uslubini (klassifikatsiyasini) yaratdi. Ahmad ibn Abdulloh Marvaziy va Abul Vafo Buzjoniy yassi va sferik trigonometriya sohasida katta yutuqlarga erishdi. Muhammad ibn Muso Xorazmiy boshchiligida trigonometriya faniga birinchi boʻlib tangens va kotangens istilohlari kiritildi. Ahmad Fargʻoniy esa astronomiya fani boʻyicha birinchi boʻlib, osmon jismlari radiusini aniqlab berdi [7:67].

Imom Buxoriy eng yetuk muhaddis boʻlib yetishishiga qaramay, Buxoroga qaytib kelganda unga hasad qiladiganlar paydo boʻldi. Hasadchilar igʻvo qilib, Buxoriyni Buxoro amiri Xolid ibn Ahmad bilan orasiga adovat soladi va natijada Buxoriy oʻz vatanini tashlab, Samarqandga ketishga majbur boʻladi [9].

IX asrda ilmning barcha sohalarida, kasb-hunar, savdo-iqtisodiy sohalarda ham oldin misli koʻrilmagan rivojlanish boʻldi. Bu holat oʻsha davr insonlarining ilmga kuchli intilgani, barcha qatlam vakillari oʻz ishining professional mutaxassislari boʻlishga muvaffaq boʻlganini koʻrsatadi. Chunki biror soha orqada qolmadi, balki barcha sohalarda oʻsish kuzatildi. Bu davrda insonlar oʻz aql-idroki va tafakkuridan ommaviy va maksimal darajada foydalandi. Butun islom Sharqi maʼrifat va madaniyat beshigiga aylangan edi. Bugungi Gʻarbning texnologik yutuqlari islom Sharqining renessansi taʼsirida shakllandi. Minglab gʻarbliklar Sharq madaniyatini oʻrganib, “sharqshunoslik” faniga asos soldi. Bu ishlarning hammasi Sharqdagi yutuq va bilimga mahliyo boʻlganidan kelib chiqqan edi.

Imom Buxoriy yashagan davrda ilmga intilish choʻqqisiga chiqqan edi. Qayerda bir majlis boʻlsa,u yerda qaysidir ilm bahs qilinayotgan boʻlar edi. Ilm shahar va qishloqlarga tarqalganidan hamma oz yoki koʻp miqdorda ilm olishi mumkin edi. Bu davrda shaharma-shahar safar qilish chegara va toʻsiqlarsiz amalga oshirilar edi. Ilmga qiziqqan olimlar safarda yurib, umri oʻtib ketganini sezmay ham qolardi. Imom Buxoriy ham shunday olimlardan biri edi. Imom Buxoriygacha hadislar uni yodlab olgan kishilar zehnida saqlangan. Hadislarni yod olganlar butun musulmon Sharqi boʻylab tarqalgan edi. Buxoriy koʻp yillar safarda boʻlib, bu insonlardan olti yuz ming hadisni yod oldi. Imom Buxoriy mehnati tengsiz boʻlishining muhim omili, uning hadis roviylariga qoʻygan ishonchlilik talablaridir. Hadis ilmida roviylar hayotini chuqur oʻrganib, ularni ishonchli yoki ishonchsiz ekanini isbotlash shartlarini ishlab chiqdi. Bu ilm “jarh va taʼdil” (roviylarni ishonchli va ishonchsizga ajratish) ilmi deyiladi. Allomaning hadis ilmida tengsiz boʻlib yetishishining yana bir omili uning kuchli quvvai hofizasi, yaʼni zehnidir. Shubhasiz, Buxoriy yashagan davr odamlarining izlanuvchanligi va ilmga chanqoqligi allomaga ijobiy taʼsir koʻrsatgan. Uning safarlarda turli shayxlar suhbatidan manfaat olishi butun umri ilm safarlarida oʻtib ketishiga olib keldi. Koʻp yillar davomida qilingan uzluksiz mehnat oʻz samarasini berdi. Imom Buxoriy buyuk meros qoldirdi.

Allomani bu buyuklikka oʻsha davr muhiti, oʻsha davr olimlari yetkazdi. Albatta, har qanday olim ustozlar xizmati bilan yuksaladi. Imom Buxoriyning oʻzi eʼtirof etishicha, bir ming sakson nafar ustozdan hadis oʻrgangan. Bu davrda Buxoriy va unga oʻxshagan koʻp olimlar yetishib chiqishiga ilmiy muhit asosiy sababdir. Insonlar ilm barcha narsaning yechimi ekanini anglab yetdi va butun umr ilm talabida boʻldi. Bu davrda qomusiy olimlar juda koʻp boʻlgan. Insonlar ilmga chanqoq edi. Yangi ixtirolar inson tafakkuridan kelib chiqadi.

Bugungi kunda ham oʻsha davrdagi ilmiy-maʼrifiy muhit barcha insonlar orasida joriy qilinsa, albatta, oʻz samarasini beradi. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev taʼkidlaganidek, biz taʼlim va tarbiyani toʻgʻri yoʻlga qoʻya olsak, birinchi va ikkinchi Renessansni takrorlab, Uchinchi Renessansni ham barpo qila olamiz. 

FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR:
  1. ابو جعفر محمد بن جرير الطبري. تأريخ الطبري. الرياض, بيت الافكار الدولية. 1ج, 2260 ص. Noor book. com
  2. Iroq Abbosiy xalifaligi. https://siyrat.uz/maqola/1210
  3. ابو بكرمحمد بن جعفر النرشخي. تأريخ بخارى. الفاهرة, دار المعارف. 196ص. Noor book. som
  4. عز الدين ابو الحسن علي بن محمد بن محمد بن عبد الكريم ابن الاثير. الكامل في التأريخ. تأريخ ابن الأثير. الرياض, بيت الافكار الدولية. 2000ص. Noor book. com
  5. أبو عبد الله محمد بن اسماعيل البخاري. صحيح البخاري. بيروت, 2019. 1904ص
  6. Abu Hafs Kabir Buxoriy va hanafiy fiqhi. T.: – Toshkent islom universiteti nashriyoti, 2014.
  7. Zahiriddin Muhammad Bobur. Boburnoma. – T.: Oʻzbekiston, 2019.
  8. Imom Buxoriy. https://islom.uz.
JOBIR ELOV,
Buxoro muhandislik-texnologiya instituti mustaqil tadqiqotchisi

Check Also

ZAMONAVIY XALQARO MUNOSABATLAR TIZIMIDA XITOYNING GEOSIYOSIY VA GEOIQTISODIY AHAMIYATI

Soʻnggi yillarda Xitoyning xalqaro maydondagi roli sezilarli darajada ortib, u global siyosiy, iqtisodiy va xavfsizlik …