30-iyun kuni Xorazm Maʼmun akademiyasida “Najmiddin Kubro maʼnaviy-maʼrifiy merosi va uning zamonaviy tadqiqi” mavzusida respublika ilmiy-amaliy konferensiyasi boʻlib oʻtdi.
Anjuman davlatimiz rahbari tomonidan Najmiddin Kubro tavalludining 880-yilligini keng nishonlash toʻgʻrisida ilgari surilgan tashabbus doirasida, Najmiddin Kubroning ilmiy va maʼnaviy merosini chuqur oʻrganish, bu merosni zamonaviy tadqiqot metodlari asosida tahlil qilish hamda uning umuminsoniy va milliy qadriyatlar tizimidagi oʻrnini belgilash maqsadida tashkil etildi.
Din ishlari boʻyicha qoʻmita, Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Xorazm viloyati hokimligi, Xorazm Maʼmun akademiyasi, Oʻzbekiston musulmonlari idorasi, Oʻzbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi hamda Islom sivilizatsiyasi markazi, Imom Buxoriy, Imom Termiziy va Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari hamkorligida ZOOM platformasi orqali onlayn tarzda ham tashkil etilgan tadbirda yurtimizning taniqli islomshunos, tarixchi va faylasuf olimlari, diniy taʼlim muassasalari va ilmiy markazlar vakillari, soha mutaxassislari hamda yosh tadqiqotchilar ishtirok etdi.
Anjumanda Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi katta ilmiy xodimi, tarix fanlari boʻyicha falsafa doktori (PhD) Mexrojiddin Amonov “Kubroviylik tariqati: silsila va shajara” mavzusida maʼruza qilib, XV-XIX asrlarda kubroviylik tariqatining Zarafshon vohasida tarqalishi, uning irfon va maʼrifat anʼanalariga qoʻshgan hissasi, avliyolar silsilasining uzviyligi haqida atroflicha maʼlumot berdi. “Oʻta mustahkam ustoz-shogird va ota-bola” shajarasiga ega tariqatning soʻfiylik maʼrifatini nasldan-naslga yetkazishda tutgan oʻrniga alohida eʼtibor qaratdi. Xususan, Qorakoʻl, Manqishloq va Buxoro atroflarida yashab, kubroviylik anʼanalarini saqlab qolgan va keng yoygan soʻfiylar faoliyati haqida qimmatli maʼlumotlar keltirdi.
Maʼruzada kubroviylik va naqshbandiya tariqatlari oʻrtasidagi uzviy aloqalar, ayrim hollarda bir shaxs ikki tariqatda ham faoliyat olib borgani haqida ilmiy manbalarga tayanib bildirilgan fikrlar ishtirokchilarda katta qiziqish uygʻotdi.
– Kubroviylik soʻfiylik maktabi faqat ilmiy-maʼnaviy meros emas, balki bugungi inson tarbiyasida ham ilhom manbai boʻlib xizmat qilishi mumkin. Zarafshon vohasida faoliyat yuritgan kubroviy shayxlarning avlodlari soʻfiylik risolalarini davom ettirib, maʼnaviy merosni yozma va amaliy yoʻllar bilan saqlab qolgan. Bunday uzviylik hozirgi zamonda taʼlim va maʼrifat sohasida ham katta ahamiyatga ega,- deb taʼkidladi maʼruzachi.
Anjuman doirasida Najmiddin Kubroning tasavvufiy va maʼrifiy gʻoyalari, ularning zamonaviy maʼnaviy-axloqiy muammolarni hal etishdagi oʻrni, allomaning hayoti va faoliyatiga oid tarixiy manbalar, asarlarining bugungi kundagi ilmiy va amaliy ahamiyati, kubroviylik taʼlimotining tarixi va bugungi holati, shuningdek, ushbu taʼlimotning keyingi tasavvuf maktablariga taʼsiri keng muhokama etildi.
Tadbir yakunida Najmiddin Kubro va uning maʼrifiy maktabi haqidagi tadqiqotlarni yanada chuqurlashtirish, soʻfiylik taʼlimotining maʼnaviy tarbiyadagi oʻrnini keng yoritish hamda ushbu merosni taʼlim tizimiga integratsiya qilish boʻyicha taklif va tavsiyalar ishlab chiqilib, anjuman materiallari toʻplami nashr qilinishi va ishtirokchi tashkilotlarning rasmiy sahifalari orqali keng jamoatchilikka taqdim etilishi belgilandi.