Home / ALLOMALAR / ABUL YUSR PAZDAVIYNING ILMIY FAOLIYATI TAHLILI

ABUL YUSR PAZDAVIYNING ILMIY FAOLIYATI TAHLILI

XI-XII asrlarda Movarounnahrda ensiklopedik allomalarning aksariyati Buxoro va Samarqand shaharlarida toʻplangan edi. Lekin ularning safi turli viloyatlardan kelgan yangi kuchlar hisobiga toʻlib borgan. Bu esa, oʻz navbatida, Movarounnahrning kichik shaharlarida ham diniy-maʼrifiy hayotning yuqori darajada boʻlganidan darak beradi. Bu kabi shaharlar orasida Nasaf, Kesh, Koson, Pazda, Poykand, Ustrushana, Isfijob, Axsikat, Rishton, Margʻilon, Oʻsh va Oʻzgand kabilarni sanab oʻtish mumkin.

Movarounnahrning mashhur shaharlaridan biri Nasaf shahri islomning turli ilmlarini oʻzida mujassam etgan zabardast olimlarni voyaga yetkazdi. Bu shahar oʻzining qomusiy allomalari bilan koʻproq shuhrat topgan. Jumladan, Abdulkarim Pazdaviy (912-999) va uning avlodlari: oʻgʻli Husayn, nabirasi Muhammad, uning ikki oʻgʻli Faxrul islom Abul Usr Pazdaviy (1009-1089) va Sadrul islom Abul Yusr Pazdaviy (421-493/1030-1100) hamda ularning farzandlari Hasan ibn Faxrul islom (1078-1161) va Ahmad ibn Abul Yusr Pazdaviy (1088-1147), Najmiddin Abu Hafs Nasafiy, Burhon Nasafiy, Qozi Abu Ali Nasafiy, Abul Barakot Nasafiy kabi yetuk allomalar Movarounnahrda hanafiy fiqhi va moturidiylik aqidaviy taʼlimoti hamda ilm-fanning turli sohalarini rivojlantirishda misli koʻrilmagan xizmati bilan dong taratdi.

Ushbu mavzuni yoritishda asosiy biografik maʼlumotlar Abdulkarim Samʼoniyning “Al-Ansob”, Abdulqodir Muhyiddin Qurashiyning “Al-Javohirul mudiya fi tabaqotil hanafiya”, D.Rahimjonovning “Abu Hafs Nasafiy va uning “Kitob al-qand” asari” kitoblaridan keltirilgan. Samarqand kalom maktabi va unda koʻtarilgan masalalar esa, Abu Mansur ibn Tohir Bagʻdodiyning “Kitobut tavhidul farq baynal firaq”, Abu Hafs Nasafiyning “Al-Yavoqit fil mavoqit” kitobidan olingan. Abul Yusr Pazdaviyning kalom ilmiga oid qarashlari olimning “Usulud din” kitobidan keltirildi. Shuningdek, kalom ilmi borasidagi maxsus adabiyotlarga murojaat etilgan.

Mazkur maqolada Samarqand kalom maktabi, Pazdaviy ulamolar faoliyati hamda Abul Yusr Pazdaviy ilmiy merosiga doir maʼlumotlar qiyoslash, analiz, sintez metodlari asosida ilmiy tahlil etilgan.

Samarqandda “qoziul-quzzot”, “xojalar xojasi”, “Movarounnahr shayxi” nomlari bilan mashhur boʻlgan Abul Yusr “Qoziy Sadr” Muhammad ibn Muhammad ibn Husayn ibn Abdulkarim ibn Muso ibn Mujohid Pazdaviy Nasafiy Movarounnahrning yirik faqihlaridan boʻlgani toʻgʻrisida tarixiy manbalarda maʼlumotlar mavjud. Abul Yusr Samarqandda hanafiy fiqhi va moturidiy aqidaviy taʼlimotining rivojlanishida katta xizmat qilgan. Koʻplab asarlar mualliflari bergan maʼlumotlariga qaraganda, Abul Yusr koʻp qirrali olim boʻlgan. U fanning anchagina sohalarida faoliyat olib borgan. Fiqh ilmining keng aql-zakovat, zukkolik talab etuvchi usul va furuʼ sohalarida ilmiy izlanishlar olib borgan. Buni Bagʻdodiy bergan maʼlumotga koʻra, uning fiqhga oid “Al-Mabsut” (Kengaytirilgan) va “Voqeot” (Voqealar) asarlaridan ham bilish mumkin. Bu har ikki asar ham furuʼ sohasida yozilgan boʻlib, asosan oʻsha davrda mavjud boʻlgan fiqhiy muammolarni oʻz ichiga olgan. Chunki bu asarlarning tarkibiy mazmuni manbalardan maʼlum boʻlsa-da, har ikkisi ham, afsuski, bizgacha yetib kelmagan. Shuningdek, uning yana bir “Qorilar tomonidan yoʻl qoʻyiladigan xatolar” (Zillatul-qori) nomli Qurʼonni toʻgʻri oʻqish qoidalariga doir asari ham mavjudligi haqida manbalarda maʼlumotlar mavjud [3:308].

Abu Saʼd Samʼoniyning izlanishlariga koʻra, Abul Yusr Pazdaviydan Usmon ibn Ali Poykandiy, Ahmad ibn Nasr Buxoriy, Muhammad ibn Abu Bakr Sangiy, Abu Rajo Muhammad ibn Muhammad kabi muhaddislar hadis rivoyat qilgan. Samʼoniy uning ustozlarini keltirib oʻtmagan [4]. Abu Hafs Nasafiyning “Al-Yavoqit fil mavoqit” asari orqali Abul Yusrning ustozlari kim boʻlganini aniqlash mumkin. Unga koʻra, Abul Yusr quyidagi ustozlaridan hadis rivoyat qilgan: Abul Husayn Muhammad ibn Muhammad ibn Zayd Husayniy, Abu Nasr Ahmad ibn Abdulloh Xayroxariy, Abu Nasr Hasan ibn Abdulvohid Sheroziy, Abul Qosim Hasan ibn Muhammad Xoqoniy, Abu Toyyib Tohir ibn Husayn Mutuʼiy, Abu Yaʼqub Yusuf ibn Mansur Saffor, Abu Sahl Abdulkarim ibn Abdurahmon Kalaboziy, Abu Masʼud Ahmad ibn Muhammad, Abu Masʼud Ahmad ibn Muhammad Roziy Bajaliy. Ushbu olimlar oʻz davrining koʻzga koʻringan muhaddislari boʻlgan [5:98].

Uning huzurida Abdulkarim ibn Muhammad, “At-Tuhfa” kitobining muallifi Abu Bakr Muhammad ibn Ahmad Samarqandiy va oʻgʻli Abul Maʼoliy Ahmad faqihlik darajasiga yetgan [8:157]. Samʼoniyning qayd etishicha, Abul Maʼoliy Ahmad otasi Abul Yusrdan Marv shahrida hadislar rivoyat qilgan. Bu paytda u haj safariga ketayotgan boʻlgan [1:114]. Bundan maʼlum boʻladiki, ushbu davrda maʼlum joyga kelgan taniqli olimdan ilm olib qolishga qattiq eʼtibor berilgan. Abu Hafs Nasafiy ustozi Abul Yusrdan hadislarni oʻttiz yoshigacha boʻlgan vaqtda eshitib, yozib olgan [6:119].

Pazdaviy sulolacidan bir necha faqihlar yetishib chiqqan, aksariyati qozilik va mudarrislik faoliyatida, din va davlat ishlarida katta mansablar sohibi boʻlgan. Bu sulolaning yirik namoyandalaridan “Faxrul islom” va “Sadrul islom” Pazdaviylar bir oiladan yetishib chiqqan ikki aka-uka faqihlar boʻlib, fiqhning furuʼ va usul borasida ilmiy faoliyat olib borgan va shu sohada qoʻllanma asarlar sohibi boʻlgani sababli “usuliy” deya tanilgan [7:471].

Movarounnahr, xususan, nasaflik olimlarning umumislom nazariy mafkurasini rivojlantirishdagi beqiyos xizmatlari isbot talab etmaydigan haqiqatdir. Ayniqsa, bunda Nasaf faqihlarini alohida taʼkidlab oʻtish lozim. Ularga tegishli yuzlab asarlarning jahon qoʻlyozma xazinalaridagi minglab nusxalari, eng zamonaviy matbaalarda bu asarlarning qayta-qayta nashr etilayotgani soʻzimizni isbotlaydi.

Oʻz davrida nasaflik olimlar din ilmlarini qaytadan jonlantirishga harakat qildi. Ularning asarlari nafaqat oʻz davrining muhim masalalariga, balki bugungi kundagi oʻta dolzarb muammolarga ham yechim boʻla oladi.

Pazdaviy kalom ilmiga oid “Usulud din” (Din asoslari) asarini yozgan. Alloma mazkur asarni yozishga undagan sabablar sifatida Imom Moturidiyning “Kitobut tavhid” (Tavhid kitobi) asarida bir oz chigallik, ortiqchalik va tartibida murakkablik borligi, bu borada samarqandlik ulamolar yozgan kitoblar kifoya qilmasligi hamda mana shu davrda turli adashgan firqalarning paydo boʻlgani uchun ularga raddiya berish zarurligini zikr qilgan [2:3].

Sadrul islom “Usulud din” asarining muqaddimasida Kindiy kabi faylasuflarning, Jubboiy (235/849-303/816), Kaʼbiy (279/886-313/931) va Nazzom (185/777-221/836) kabi moʻtazila namoyandalarining hamda ashʼariya taʼlimoti asoschisi Abul Hasan Ashʼariyning (260/874-324/936) asarlarini oʻqib chiqqanini aytib, ular haqidagi fikrlarini bayon qilgan. Abul Yusr Pazdaviy bundan tashqari, Imom Moturidiyning “Kitobut tavhid” va “Taʼvilotu ahlis sunna” (Ahli sunnaning taʼvillari) asarlarini, fiqh kitoblari va turli fanlar borasida yozilgan kitoblarni mutolaa qilganini oʻz asarida taʼkidlab oʻtgan. Pazdaviy asarlari orasida uning “Usulud din” asari muhim ahamiyatga ega. Pazdaviy ushbu asarida eng koʻp Abu Hanifaning, ikkinchi oʻrinda Imom Moturidiyning qarashlarini zikr qilgan. Pazdaviy Imom Moturidiyni ahli sunna val-jamoa raislaridan biri sifatida qabul qilgan va ahli sunna eʼtiqodini uning qarashlari pozitsiyasidan kelib chiqqan holda tushuntirib bergan. Shu bilan birga, ahli sunnaning ikkinchi imomi boʻlgan Abul Hasan Ashʼariyni baʼzi oʻrinlarda ochiqcha tanqid qilgan. Pazdaviy bir muddat Samarqandda qozi boʻlgan. Shu jihatdan olimning ushbu asari Imom Moturidiy qarashlarining jamiyatda paydo boʻlishi va tarqalishiga katta hissa qoʻshgan, deb eʼtirof qilinadi. Mazkur asar mazmun-mohiyatidan ahli sunna val jamoa yoʻnalishi va moturidiylik taʼlimoti qarashlarining butun mohiyatini ochib berish va Movarounnahrda tarqalgan “Ahluz zaygʻ val bidʼa” (Adashganlar va bidʼatchilar)ning taʼsirini kamaytirish uchun yozilganini alohida qayd etish lozim.

Imom Moturidiy yashagan davrda uning nomi va taʼlimoti deyarli ikki asrga yaqin muddatda islom olamida mashhur boʻlmagan edi. Buning tasdigʻi sifatida XI asrda yashab ijod qilgan Abul Yusr Pazdaviyning “Usulud din” (Din asoslari) va Abu Shakur Keshiyning “Tamhid” asarlarida moturidiylik atamasining oʻrniga ahli sunna val jamoa nomi qoʻllanilganini aytib oʻtish mumkin. Shu sababli moturidiylik taʼlimotining rivojlanishi va islom olamida keng tarqalishi XI-XII asrlarga toʻgʻri kelganini aytish mumkin.

Abu Mansur Moturidiyning aqidaviy taʼlimotiga va Pazdaviygacha boʻlgan ahli sunna val jamoaning eʼtiqodiy qarashlariga “Dorul Juzjoniya” taʼlim dargohi vakillari hamda taʼlimoti asos boʻlgan. X-XII asrlarda Samarqandda faoliyat yuritgan “Dorul Juzjoniya” taʼlim dargohi islom ilmlari keng tarqalgan markazlardan boʻlgan. Uning nomi Samarqandga birinchi boʻlib hanafiy mazhabini olib kelgan alloma Abu Bakr Sulaymon Juzjoniy (125/743-225/840) nomi bilan bogʻliq. X-XII asrlarda mazkur madrasada Abul Fath Solih Roziy Nasafiy (vaf.532/1138) va Hamza ibn Ali Xaylomiy (vaf.523/1128-29) kabi ulamolar dars bergan. Shuningdek, Ibrohim ibn Nasr Tamgʻachxon (431/1040-462/1070) asos solgan Tamgʻachxon madrasasi, Masjidul Minora kabi ilmiy dargohlar koʻplab faqih olimlarni yetishtirgan. Ushbu taʼlim dargohlarida Ismoil ibn Abdussodiq, Abu Yaʼqub Yusuf ibn Mansur Sayoriy, Yaʼqub ibn Yusuf ibn Muhammad Naysaburiy va Shayx Imom Abul Hattob, tafsir sohasida Isʼhoq ibn Ibrohim Hanzaliy, Abd ibn Humayd Keshiy va Abu Mansur Moturidiy, kalom ilmi borasida esa Abu Mansur Moturidiy, Abul Yusr Pazdaviy, Abu Shakur Keshiy, Abul Muin Nasafiy, Abu Hafs Najmuddin Umar Nasafiy, Qozi Abul Maoliy Ahmad, Usmon ibn Ali Poykandiy va Ahmad ibn Nasr Buxoriylar taʼlim olgan. Yana uning shogirdlari orasida Ruknul aimma Abdulkarim ibn Muhammad Sanoʼiy (yoki Saboʼiy) Madaniy, Muhammad ibn Tohir Samarqandiy va Abdulloh ibn Muhammad Hulamiy kabi ulamolarni ham alohida koʻrsatish mumkin.

Ularning davomchisi sifatida faoliyat yuritgan Abul Yusr Pazdaviyning ilmiy faoliyati XI asrning ikkinchi yarmidan to umrining oxirigacha boʻlgan davrni oʻz ichiga oladi. Ushbu davrda Movarounnahrda kechgan diniy-siyosiy jarayonlar va madaniy muhit shak-shubhasiz allomaning dunyoviy qarashlari va ilmiy salohiyati rivojiga hamda ilm-fan taraqqiyoti, xususan, hanafiy mazhabi va moturidiylik taʼlimoti rivojiga katta taʼsir koʻrsatgan.

Xulosa qilganda, Movarounnahrda Abul Yusr Pazdaviy, Abu Shakur Keshiy, Abul Muin Nasafiy, Abu Hafs Nasafiy, Nuriddin Sobuniy kabi mutakallim olimlar moturidiylik taʼlimoti rivojiga katta hissa qoʻshgan. Ushbu davrda nafaqat kalom ilmi, balki ilm-fanning barcha sohalarida eng yuqori darajadagi ilmiy izlanishlar amalga oshirilgan va asarlar yozilgan. Bu davrda juda koʻplab moturidiylik taʼlimoti namoyandalari yashab ijod qilgan.

Nasaf vohasidan yetishib chiqqan Faxrul islom Abul Hasan Ali ibn Muhammad Pazdaviy (vaf.482/1090), uning ukasi Sadrul islom Abul Yusr Muhammad Pazdaviy va Abul Muin Nasafiy (437-508/1046-1114), Najmiddin Abu Hafs Nasafiy (vaf.537/1143) kabi mashhur olimlarning gʻarbiy qoraxoniylar davlatining poytaxti Samarqandga koʻchib oʻtishi hanafiy mazhabi va moturidiylik taʼlimotining rivojlanish yoʻnalishlarini sezilarli darajada ijobiy tomonga oʻzgartirdi. Ular turli adashgan firqa va oqimlarga qarshi kurashish bilan birga, shofeʼiy-ashʼariylarning hanafiy taʼlimotiga qarshi qaratilgan faoliyati bilan raqobat qilishda jonbozlik koʻrsatgan.

Bundan tashqari, ularning Samarqanddagi faoliyatining muhim yoʻnalishi Moturidiyning “Kitobut tavhid”, “Taʼvilotul Qurʼon” asarlarida bayon etilgan taʼlimotini yanada rivojlantirish hamda yoyish, umuman, moturidiylik taʼlimotini alohida maktab sifatida shakllantirish edi. X asrda yashagan mutakallimlar Abul Qosim Hakim Samarqandiy, Abu Muteʼ Makhul Nasafiy, Abul Hasan Rustufagʻniy, Abu Salama Samarqandiy va boshqalarga ham shunday izzat-ikrom koʻrsatilgan. Chokardiza qabristoni esa ulamolar dafn qilinadigan muqaddas makonga aylangan.

 FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR:
  1. Abdulkarim Samʼoniy. Al-Ansob. – Damashq: Dor al-fikr, 1988. – J. 3.
  2. Abul Yusr Muhammad Pazdaviy. Usulud din / Tahqiq: X.Piter. – Qohira: Al-Maktabatul azhariya li-t turos, 2003.
  3. Abu Mansur ibn Tohir Bagʻdodiy. Kitobut tavhidul farq baynal firaq. – Qohira, 1910.
  4. Abu Hafs Nasafiy. Al-Yavoqit fil mavoqit. Qoʻlyozma: OʻzRFA Abu Rayhon Beruniy nomidagi sharqshunoslik instituti, AR-3176.
  5. Abdulqodir Muhyiddin Qurashiy. Al-Javohirul mudiya fi tabaqotil hanafiya. – Misr: Dor Hajar, 1993. – J.4.
  6. Rahimjonov D. Abu Hafs Nasafiy va uning “Kitob al-qand” asari / monografiya. – T.: Innovatsion rivojlanish nashriyot-matbaa uyi, 2020.
  7. Strange G. The Lands of the Eastern Caliphate: Mesopotamia, Persia, and Central Asia from the muslim conquest to the time of Timur. – Cambridge, 1930.
  8. Taqiyuddin ibn Abdulqodir Hanafiy. At-Tabaqotus saniya fi tarojimil hanafiya. – Riyoz: Dorur Rifoʼiy, 1983. – J. 2.
Shokir SHOVKATOV,
Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi
Malaka oshirish markazi katta oʻqituvchisi

Check Also

ABU SHUJOʼ SAMARQANDIY

Samarqand allomalar yurti. Najmiddin Nasafiyning “Al-Qand fiy zikri ulamoi Samarqand” nomli asarining bugungacha yetib kelgan …