Home / MAQOLALAR / SHABBIR AHMAD USMONIYNING ILM VA SIYOSAT MAYDONIDAGI FAOLIYATI TAHLILI

SHABBIR AHMAD USMONIYNING ILM VA SIYOSAT MAYDONIDAGI FAOLIYATI TAHLILI

Shabbir Ahmad Usmoniy yashagan davr Hindiston inglizlar mustamlakasi boʻlgan vaqtlarga toʻgʻri keladi. Dinidan qatʼiy nazar har bir fuqaro bosqinchilardan qutulib, vatanini ozod qilishga harakat qilgan. Olimlar ham yurtini ozod qilishga oʻz hissasini qoʻshgan. Ular odamlarga vatanini sevish va dushmanga qarshi turishga chaqiriqlarda ishtirok etgan.

Shabbir Ahmad Usmoniy 1305/1889-yil 13-dekabrda Hindistonning Bijnur shahrida tugʻilgan. Usmon roziyallohu anhuning oltinchi avlodi Abdurahmon Madinai munavvaradan chiqib, Movarounnahr shaharlariga kelib yashagan. Uning avlodlaridan Xoʻja Abulvafo ibn Ubaydulloh Devbandga kelib, yashab qolgani manbalarda keltirilgan [3:33]. Shabbir Ahmadning nasabi Xoʻja Abulvafoga borib taqalgani uchun “Usmoniy” nisbasi berilgan.

Shabbir Ahmadga otasi Fazlulloh deb ism qoʻygan. Lekin Shabbir Ahmad deb mashhur boʻlib ketgan. Bu haqda Shabbir Ahmadning oʻzi ham “Tafsiri Usmoniy” asarida “Shabbir Ahmad deb chaqiriladigan Fazlulloh ibn Fazlurahmon Usmoniy…” [1:933], deb keltirgan.

Dastlabki taʼlim bosqichida urdu va fors tilidagi kitoblarni oʻqidi. Keyin esa arab tili va islomiy ilmlarni oʻrgana boshladi. Oʻz davrining yetuk allomalaridan ilm oldi. Shabbir Ahmad islomiy ilmlarning hammasini mukammal oʻqib, mohir boʻlib yetishdi. Eng yuqori baho bilan Dorul ulub Devbandni bitirdi.

Unga kamyob ziyraklik, chuqur fahm, mukammal darajada anglash xususiyati berilgan edi. Talabalik vaqtlarida mantiqdan dars berar edi. Muhammad Shafe Usmoniy: “Muhammad Qosim Nonutviy Devband madrasasida falsafa, mantiq va hikmatdan dars berar edi. Uning darslarini yaxshi oʻqiydigan talabalar ham tushunishga qiynalar edi. Lekin ikki kishi Muhammad Qosimning hikmatini sharh va izohiga kuchi yetar hamda yaxshi tushunar edi. Biri Shabbir Ahmad Usmoniy, ikkinchisi Qori Muhammad Toyyib” [4:23], deb aytgan edi.

Shabbir Ahmad oʻqishni tugatishi bilan Dorul ulum Devbandda oʻqituvchilikka tayinlandi. Bir necha oy oʻtib, Dehlidagi “Fathpuri” madrasasi mudiri Dorul ulum Devbanddan Shabbir Ahmadni ustoz qilib yuborishini soʻradi. Koʻp oʻtmasdan uni ortga qaytarib, Dorul ulumda dars berish uchun chaqirtirib olishdi. Qaytishi bilan yuqori kurs talabalari oʻqiydigan kitoblardan dars berishga tayinlandi. Bosqichma-bosqich “Sunani Termiziy”, “Sunani Abu Dovud”, “Sahihi Muslim” va “Sahihi Buxoriy” kitoblaridan dars berishga oʻtdi.

Hijriy 1354/1935-yildan 1362/1943-yilgacha Devband madrasasida bosh mudarris sifatida ham faoliyat olib bordi. Oʻziga yuklatilgan vazifani mukammal ado qildi. Keyin yana bir necha oy Dobhilga borib ishladi. Bir necha dard-kasallikka uchragani uchun yana Devbandga qaytib keldi.

Ilm va sof eʼtiqodni tarqatish borasida katta ishlarni amalga oshirdi. U odamlarga vaʼz-nasihat va boshqa dindagi hindlar bilan bahs-munozara qilar edi. Toʻgʻri yoʻlni isbot qilish va xatoni koʻrsatib berishda kuchli dalillar keltirar edi. Bu yoʻlda bor kuch-gʻayrati va ilmini sarf qilar edi. Uning toʻgʻri yoʻlga chaqirigʻi Hindistonning hamma joyiga yetib borgan. Islom falsafasida ham oʻziga yarasha katta tajriba va malakasi bor edi.

Shabbir Ahmad ilmiga amal qiladigan, odamlarni yaxshi yoʻlga va savobli ishlarga chaqiradigan olim boʻlgan. U ijtimoiy, madaniy va siyosiy sohalarda ham odamlarga toʻgʻri yoʻlni koʻrsatar edi. Shabbir Ahmad birinchi bor Bolqon urushi boshlangan vaqtda siyosat maydoniga kirdi. Musulmonlarga daxldor siyosiy masalalarni hal etishda faol ishtirok etdi. Hindistondagi musulmon jamiyatini qoʻllab-quvvatladi. Bu jamiyat oʻsha vaqtda musulmonlarga qarshi boʻlgan inglizlarga qarshi kurashadigan yagona jamiyat edi.

Olim Pokiston mustaqilligi haqidagi qarorni qoʻllab-quvvatladi. Pokistonni taʼsis etishda Muhammad Ali Jinoh yonida turib, juda katta mehnat qildi. Bu ishi uchun ayrim olimlar va toifalar tomonidan turli tanqidlarga uchradi. Lekin uning ovozi kundan-kunga kuchayib, Pokiston 1947-yil mustaqil boʻldi. Pokistonning ilk general-gubernatori Muhammad Ali Jinoh oʻsha kuni Shabbir Ahmaddan birinchi boʻlib Pokiston bayrogʻini koʻtarishini soʻradi. Bu bilan olimning mehnatini eʼtirof qilayotgan edi.

Shabbir Ahmad Pokiston mustaqil boʻlgandan keyin bir yilu toʻrt oy yashadi. Lekin shu qisqa vaqt ichida Pokiston hukumatiga katta foydasi tegdi. Yangi davlat qonunlarini tuzishda oʻzidagi bor bilim va imkoniyatini sarfladi. Hukumat uning yordamida qonunlarni tartibga keltirdi.

Olim siyosat maydonida faol boʻlish bilan birga, tasavvuf va nafs tarbiyasida ham yetuk edi. Mustahkam taqvoli, chiroyli xulqli, odamlarga mehribon, tavozeli, qalbi yumshoqlik kabi oliyjanob xulqlarga ega edi. Doim Allohni zikr qilib, Qurʼon tilovati bilan band edi.

Alloma Shabbir Ahmad Usmoniy milodiy 1329/1949-yil 13-dekabr seshanba kuni Baxovalpur shahrida vafot etdi. U Abbosiya universitetining ochilishi marosimida qatnashish uchun Karachidan Baxavalpurga yoʻlga chiqqan edi. Pokistonda olimning vafoti haqidagi xabar tarqalganda butun mamlakat bilar birga, ilmiy soha vakillari ham qattiq qaygʻuga tushdi. Butun islom olami taʼziya bildirdi. Pokiston aholisi juda katta musibatga duchor boʻlgan edi. Olimning jasadi Karachiga olib kelindi. Ikki yuz ming odam janoza namozida ishtirok etdi. Janozani Muhammad Shafe oʻqidi.

Xulosa oʻrnida shuni aytish mumkinki, Shabbir Ahmad Usmoniy yetuk olib boʻlgan. Zohid Kavsariy oʻz maktubida Shabbir Ahmad Usmoniyni “Darhaqiqat, siz bu asrda hanafiylarning faxrisiz” [4:211], deb eʼtirof etgan. Shuningdek, olim bir qancha asar yozgan boʻlib, uning noyob ilmidan oʻquvchilar ham bahramand boʻlishi mumkin. “Fathul muslim” asari esa “Sahihi Muslim” asarining hanafiy fiqhi boʻyicha sharhlangan qimmatli manba sanaladi.

Shabbir Ahmad maʼrifiy soha bilan cheklanib qolmasdan, vaziyat taqozosiga koʻra, siyosiy maydonda ham faol boʻlgan. Vatandoshlari va yurti kelajagi uchun bor kuch-gʻayratini sarf qilgan. Uning teran fikri va uzoqni koʻra olish qobiliyati siyosat maydonida ham yaxshi natijalarga olib kelgan. Xususan, olim Pokiston mustaqilligi uchun harakat qilgan insonlar tomonida turgan. U musulmonlar tinch-xotirjam yashashi tarafdori boʻlgan. Olimlar ham, siyosatchi boʻlishni istovchilar ham Shabbir Ahmad Usmoniy fikr-mulohazalari bilan tanishishi va amalga oshirgan ishlarini oʻrganishi lozim. Bunda uning yutuqlaridan foydalanish va kamchiligi boʻlsa ibrat olish maqsadga muvofiqdir.

FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR:
  1. Shabbir Ahmad Usmoniy. Tafsir Usmoniy. – Karachi: Dorul ishoat, 2007. – J. 3.
  2. Shabbir Ahmad Usmoniy. Fathul mulhim. – Damashq: Dorul qalam, 2006. – J.1.
  3. Muhammad Anvar Hasan Shirkutiy. Hayoti Usmoniy. – Karachi: Dorul ulum, 1985.
  4. Muhammad Anvar Hasan Shirkutiy. Kamolati Usmoniy. – Multan: Idora ishoatil xayr, 2006.
OYBEK HOSHIMOV,
Hadis ilmi maktabi “Hadis ilmlari” kafedrasi katta oʻqituvchisi

Check Also

ILM VA ULAMOLARNING OʻRNI

Insonga berilgan eng ulugʻ neʼmatlardan biri ilmdir. U nur kabi qalblarni yoritadi, aql-idrokni ravshan qiladi, …