Home / ALLOMALAR / ABU DOVUDNING HAYOTI, ILMIY MEROSI VA UNING HADIS ILMI RIVOJIGA QOʻSHGAN HISSASI

ABU DOVUDNING HAYOTI, ILMIY MEROSI VA UNING HADIS ILMI RIVOJIGA QOʻSHGAN HISSASI

Movarounnahr va Xurosondan koʻplab muhaddislar yetishib chiqqan. Ular qoldirgan asarlari hamda olib borgan faoliyati bilan hadis ilmi rivojiga ulkan hissa qoʻshgan. Shunday muhaddislardan biri Abu Dovud Sijistoniy boʻlib, hijriy III asrda yashagan. Abu Dovud rohmatullohi alayh boshqa hadis olimlari kabi hadis izlab koʻplab shaharlarga borgan. Abu Umar Zarir, Muslim ibn Ibrohim, Ahmad ibn Hanbal, Abdulloh ibn Maslama Qaʼnabiy, Abdulloh ibn Rojaʼ, Abu Valid Tayolisiy, Ahmad ibn Yunus, Abu Jaʼfar Nufayliy, Abu Tavba Halabiy, Sulaymon ibn Harb kabi allomalardan ilm olgan. Hijoz, Shom, Misr, Iroq, Jazira, Xuroson kabi oʻlkalarda koʻplab ilm xalqalarida ishtirok etdi.

U kishining qoʻlida taʼlim olgan mashhur shogirdlari orasida Imom Termiziy, Imom Nasoiy, Imom Abu Bakr ibn Abu Dovud, Abu Avona, Abu Bishr Dulobiy, Ali ibn Hasan ibn Abd, Abu Usoma Muhammad ibn Abdulmalik, Abu Said ibn Aʼrobiy, Abu Aliy Luʼluʼiy, Abu Bakr ibn Dosa, Abu Solim Muhammad ibn Said Jaludiy, Abu Amr Ahmad ibn Ali kabi ulugʻ olimlar bor edi.

Abu Dovud rohimahullohning toʻliq ismi Sulaymon ibn  Ashʼas ibn Isʼhoq ibn Bashir ibn Shaddod ibn Amr ibn Imron Azdiy Abu Dovud Sijistoniydir. Buni “Sunan”larning roviylaridan boʻlgan Ibn Dosa va Abu Ubayd zikr qilib oʻtgan. Shuning uchun ham Hofiz Abu Tohir Silafiy: “Uning nasabi borasidagi eng toʻgʻrisi va qalb ham koʻproq moyil boʻladigani Abu Dovuddir” [16:224], degan.

Imom Abu Dovud ismidan koʻra kunyasi bilan koʻproq mashhur boʻlgan. Chunki u kitoblarda faqatgina kunyasi bilan zikr qilinadi.

U zotning bobosi Imron Ali roziyallohu anhu tarafida turib Siffin jangida jang qilgan va shahid boʻlgan [7:356].

Imom Abu Dovud arab qabilalaridan boʻlgan Azd qabilasiga mansubdir. Bu arablarni katta qabilalaridan boʻlgan. Bu qabila aslida Yaman tomonlardan kelib, arab jazirasining turli taraflariga tarqalib yashagan. Islomda fathlar boʻlgandan keyin esa ular boshqa shaharlarga ham borib istiqomat qila boshlagan.

Imom Abu Dovud Sijistondan boʻlgan. Sijiston Xurosonni janubidagi juda katta viloyatlardan sanalgan. Sijistonning chegaradosh hududlari: janub tarafdan Makron, shimol tarafdan esa Xuroson, gʻarb tarafdan esa Quhuston va Karmon sahrosidir. Sharq tarafdan esa qoʻshnisi aniq emas [17:23]. Bu maʼlumot qadimgi shaharlar xaritasiga asoslanadi. Hozirgi xaritaga koʻra, U Afgʻoniston janubi-gʻarbida joylashgan. Bu hudud hozirgi kunda Qandahor, Hilmand, Nimruz viloyatlarini oʻz ichiga oladi.

Sijiston markazi Zaranj shahri boʻlgan. Bu ham Afgʻoniston janubi-gʻarbida joylashgan. Hozirgi kunda bu shahar Afgʻonistonning Nimruz viloyati markazi hisoblanadi. Zaranj shahri Sijiston shahri deb mashhur boʻlgan. Chunki keyingi zamonda yashagan arablar bu shaharni Sijiston shahri deb atagan. Shuning uchun ham baʼzida Sijiston va Zaranj bu ikkalasi bitta shaharni nomi deyiladi. Lekin aslida unday emas, chunki Zaranj Sijiston shahri markazi hisoblanadi. Keyingi zamonlarda Sijiston atamasiga nisbatan uning markazi nomi boʻlgan Zaranj koʻp qoʻllangan.

Musulmonlar Sijiston diyorini hijriy 23-yil Umar ibn Xattob roziyallohu anhu davrida Osim ibn Amr Tamimiy va Abdulloh ibn Umayr boshchiligidagi qoʻshin bilan fath qilgan.

Sijiston hududi hamma asrlarda ham bir xil boʻlmagan, balki davrlar oʻtishi bilan turlicha koʻrinishga kelgan. Imom Abu Dovud Zaranj shahridan boʻlgan. U zot hadis olish uchun koʻplab shaharlarga safar qilgan, oxir oqibat Basra shahrida qoʻnim topgan.

Tugʻilishi. Imom Abu Dovud Sijiston shahrida hijriy 202-yil tugʻilgan. Bu maʼlumotni shogirdi Abu Ubayd: “Men Sulaymon ibn Ashʼas Abu Dovudni “Men 202-yil tugʻilganman”, deganini eshitganman”, deb aytgan” [4:294].

U zot Imom Buxoriydan 8-yil keyin tugʻilgan. Chunki Imom Buxoriy hijriy 194-yil tugʻilgan. Shuningdek, u zot Imom Buxoriydan 19-yil keyin vafot etgan.

Imom Abu Dovud rohimahulloh ilmga muhabbatli va ilmli oilada voyaga yetgan. Otasi Ashʼas ibn Isʼhoq Hammod ibn Zayddan hadis rivoyat qiladigan roviylardan boʻlgan. Akasi Muhammad ham muhaddis va shu yoʻlda safar qiladiganlardan edi [11:149]. Bunday ilmiy muhit sababli ham Imom Abu Dovud ilmga erta kirib kelib, yuksak maqomga erishgan. Imom Hokim aytadi: “Abu Dovudni tugʻilgan joyi Sijiston, bu joyda hozirgacha uning va oʻtmishdoshlarining bitim, mulk va vaqflari bor” [12:217].  Imom Abu Dovud ilmga juda erta kirganlardan hisoblanadi. Chunki u 20 yoshga yetmasdan ilm talabida safar qila boshlagan va shunga qadar zaruriy ilmlarning hammasini egallab boʻlgan.

Imom Abu Dovud uylangan va uni bitta Abdulloh ismli oʻgʻli boʻlgan. Bu oʻgʻlining kunyasi Abu Bakr edi. U ham hofiz va muhaddislardan sanalgan. Imomni bitta akasi ham bor boʻlib, bu haqda yuqorida ham zikr qilindi. Uning ismi Muhammad ibn Ashʼas boʻlgan. Akasi uning ilm talabidagi safdoshi boʻlgan. Ular ilm uchun birga safar qilgan [11:149].

Imom Abu Dovud rohimahulloh ilmda va amalda oliy darajaga olib chiqadigan yuqori sifatlar bilan taʼriflangan. U zot himmatning oliyligida, ilmiga amal qilishida va hamma ishlarini sunnatga muvofiq tarzda bajarishida ergashishga loyiq zotlardan boʻlgan va yana zuhd bilan ham tanilgan. Shuning uchun ham keyingi ulamolar u zotni maqtagan va “dindagi imom” deb sifatlagan.

Imom Abu Dovudning fazilatlari. Hamma ishlarda sunnatga ergashishi.  U zot rohimahullohni ulamolar shuning uchun ham ustozi Ahmad ibn Hanbalga oʻxshatgan. Ahmad ibn Hanbal esa ustozi Vakeʼga mengzalgan. Vakeʼni esa ustozi Savriyga, Savriyni ustozi Mansur ibn Moʻtamirga, Mansurni esa Alqamaga, Alqama esa Abdulloh ibn Masʼud roziyallohu anhuga oʻxshatishgan. Hammaga maʼlumki, Ibn Masʼudni Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga oʻxshatishgan. Xatib Bagʻdodiy oʻz sanadi bilan Aʼmashdan rivoyat qiladi: U Ibrohimdan: U Alqamadan: U zot aytdi: Andulloh ibn Masʼud roziyallohu anhu hidoyatda va sifatlarda Nabiy sollallohu alayhi vasallamga oʻxshatilar edi. Jarir ibn Abdulhamid aytadi: Ibrohim Alqamaga, Mansur esa Ibrohimga oʻxshatilar edi. Jarirdan boshqalar esa “Sufyon Mansurga oʻxshatilar edi”, deydi. Umar ibn Ahmad aytadi: Vakeʼ Sufyonga, Ahmad esa Vakeʼga  va Abu Dovud esa Ahmad ibn Hanbalga oʻxshatilar edi [13:99, 101].

Izzat-nafs, ilm va hadis aytishda sharafli hamda unday boʻlmaganlarni teng koʻrishi.

Zohid, taqvodor va tavozeli ekanligi. U zotdan quyidagilar rivoyat qilinadi: “Kimki past kiyim kiysa va past taom yesa, jasadini rohatlantiribdi”, “yashirin shahvat – bu bosh boʻlishni yaxshi koʻrishdir”, “kalomlarning eng yaxshisi beixtiyor quloqqa eshitilganidir” [12:217].

Imom Abu Dovudni yuqoridagilardan boshqa juda koʻp maqtovga sazovor sifatlari va xislatlari boʻlgan. Juda katta jiddu-jahd bilan hayot kechirgan Imom Abu Dovud rohimahulloh hijriy 275-yil shavvol oyining 14-sanasi, haftaning juma kuni vafot etgan [16:227].

U sunnatga juda qattiq ergashgani sabab oʻlim toʻshagida yotganida, uni Hasan ibn Musanno yuvishini vasiyat qilgan. Chunki u bu amalni sunnatga muvofiq tarzda qilar edi. Abu Dovud aytadi: “Agar Hasan ibn Musanno meni yuvishga rozi boʻlsa, oʻzi yuvsin. Agar rozi boʻlmasa, Sulaymon ibn Harbning Hammod ibn Zayddan rivoyat qilgan kitobiga amal qilgan holda yuving deb vasiyat qilgan”. Keyin U zot vafot etganidan keyin vasiyat qilgan ishi amalga oshirildi. Uni Hasan ibn Musanno juma namozidan keyin yuvdi va kafanladi. Unga Abbos ibn Abdulvohid ibn Jaʼfar ibn Sulaymon Hoshimiy janoza namozini oʻqidi. U Sufyon Savriyning qabri yoniga dafn qilindi [8:38].

Ilmiy safarlari. Yuqorida aytib oʻtildiki, Imom Abu Dovud rohimahulloh ilmga erta kirgan va ilm yoʻlida yosh safar qilgan. U 20 yoshga yetmasdan diniy sohadagi zaruriy ilmlarning hammasini egallab boʻlgan. Bu fikrni u zotning Iroqqa safar qilishidan oldin Sijiston va Xuroson olimlari haqida kitoblar yozgani ham isbotlaydi.

Imom Hokim oʻz kitobida: “Abu Dovud Iroqqa chiqib ketishidan oldin Xurosonda Hirot shahri haqida, Bagʻdodda Qutayba haqida va Rayda Ibrohim ibn Muso haqida kitob yozgan”, degan [7:366]. Demak, bundan kelib chiqadiki, alloma amalga oshirgan ishlarning hammasi 20 yoshdan oldin boʻlgan. U zot bu yoshda katta ulamolardan ilm olish uchun safar qilish darajasiga yetib boʻlgan.

Abu Dovud rohimahullohning safar xaritasini oʻrganib chiqadigan boʻlsak, u oʻz safarini birinchi Xurosondan boshlagani maʼlum boʻladi. Soʻngra arab shaharlariga yuzlangan va birinchi Bagʻdoddan boshlagan. Lekin bu yerda koʻp turmagan balki, shu yilni oʻzida Basraga safar qilgan. Bu yerda juda koʻp muddat turib, ilm oʻrgangan va oxirida shu yerni vatan tutgan.

Imom Abu Dovud ilm olish va hadis eshitish uchun juda koʻplab shaharlarga safar qilgan. Xatib Bagʻdodiy aytadi: “U koʻplab yurtlarga safar qilgan, hadis toʻplagan va kitoblar tasnif etgan. Shuningdek, Iroq, Xuroson, Shom va boshqa turli yurt muhaddislaridan hadis eshitgan va ularni yozib olgan olimlardan biridir” [7:356].

Hokim aytadi: U Sijistonda tugʻilgan va hadis eshitish uchun Basraga safar qilib, oʻsha joyda yashagan. Basrada asosan Sulaymon ibn Harb, Abu Noʻmon va Abulvaliddan hadis eshitgan. Soʻngra Shom va Basraga safar qilgan. Bu yerlardan esa Iroqqa, soʻngra Naysaburga safar qilgan. Bu yerda oʻgʻliga Isʼhoq ibn Mansurdan hadis eshittirgan va Sijistonga qaytgan. U yerdan Basraga qaytib, oʻsha joyda umrining oxirigacha yashagan” [12:204].

Saxoviy aytadi: “Abu Dovud rohimahulloh islom shaharlarining hammasini aylanib chiqqan olimlardan hisoblanadi. U 18 yoshida oʻz shahridan Bogʻdodga borgan. Chunki oʻzi “Men Affonga Bagʻdodda 20 yoshimda janoza namozini oʻqidim”, degan soʻzlari bor. Affon oʻsha yili Rabiul oyi oxirida vafot etgan. Shu yili Rajab oyida Basraga borgan. Abu Amr Zarirni bitta majlisiga qatnashgan. Yigirma bir yoshida esa Koʻfa va Damashqqa borgan” [13:78,79].

Ustozlari. Imom Abu Dovud rohimahulloh ilm uchun juda koʻp safar qilishi natijasida bir necha shaharlardagi koʻplab ustozlaridan hadis yozib olgan. Bunga yuqorida aytib oʻtilgan Mizziy va Xatibning soʻzlari gaplari boʻladi.

Alloma ilm uchun juda erta safar qilgani sababli tengdoshlari ichida eng oliy sanad egasi boʻlgan. Baʼzi shayxlari borasida Imom Buxoriyga teng keladi. Ibn Daqiq aytadi: “Imom Abu Dovud oliy sanad borasida Abu Abdulloh Buxoriydan keyin turadi. Chunki u kishi oltita kitob mualliflari rivoyat qilishda Buxoriyga barobar boʻlmagan rivoyatlarda barobar boʻlgan” [15:5]. Mizziy rohimahulloh oʻz kitobida Abu Dovudning 179 ta ustozini tarjimayi holini keltiradi [7:356,359]. Keyin Ibn Hajar rohimahulloh “Tahzib” kitobida Mizziyga eʼtiroz bildirib aytadi: “Abu Dovudni sunan va boshqa kitoblardagi ustozlari 300 ga yaqin. Mizziy rohimahulloh bularni hammasini keltirmagan” [14:155]. Abdulloh ibn Solih rohimahulloh Ibn Asokirning kitobidan Abu Dovud rohimahullohning sunan kitobidagi ustozlarini ajratib chiqqan, ularning soni 421 taga yetgan [1:17,25]. Imom Abu Dovud rohimahullohning ustozlari borasida Abu Ali Husayn ibn Muhammad Jayyoniy alohida kitob yozgan va unda imomning ustozlari soni 498 taga yetgan. Bu kitobni nomi “Tasmiyatu shuyuxi Abi Dovud Sijistoniy”dir. Imom Abu Dovudning ustozlarini vafot etgan yiliga qarab quyida tabaqalashtiramiz:

Birinchi tabaqa. Bular Abu Dovud rohimahulloh ilm talab qilishni boshlagan paytda hadis eshitgan ustozlari: Ibrohim ibn Muso Roziy, Hafs ibn Umar Basriy, Abdulloh ibn Maslama Qaʼnabiy, Osim ibn Ali ibn Osim Vositiy, Muslim ibn Ibrohim Farohidiy, Muhammad ibn Kasir Abdiy, Muso ibn Ismoil, Said ibn Mansur Xurosoniy.

Ikkinchi tabaqa. Juda koʻp hadis eshitgan ustozlari: Musaddad ibn Musarhad Basriy, Yahyo ibn Main, Ali ibn Abdulloh ibn Madiniy, Abu Bakr ibn Abu Shayba Vositiy, Isʼhoq ibn Ibrohim ibn Maxlad Hanzaliy (Ibn Rohuyah deb tanilgan), Qutayba ibn Said, Ahmad ibn Muhammad ibn Hanbal, Hannod ibn Sariy ibn Musʼab Koʻfiy, Muhammad ibn Alo ibn Kurayb Hamdoniy, Ahmad ibn Solih Misriy, Muhammad ibn Bashshor Misriy (Bundor deb tanilgan), Muhammad ibn Yahyo ibn Abdulloh Zuhliy.

Uchinchi tabaqa. Bular oʻzi bilan yoshi yaqin boʻlgan ustozlari: Hasan ibn Muhammad Sabboh, Umar ibn Xattob Sijistoniy, Abbos ibn Valid Bayrutiy, Abbos ibn Muhammad Duriy, Muhammad ibn Affon Toiy [9:42, 44].

Quyida alloma ustozlaridan 15 nafari ismini Abu Dovudning “Sunan” kitobida rivoyat qilingan hadislari soniga qarab ketma-ketlikda keltirib oʻtamiz:

Musaddad ibn Musarhad Basriy. Imom bu ustozidan oʻz kitobida 539 ta hadis rivoyat qilgan.

Abdulloh ibn Maslama Qaʼnabiy. Undan 336 ta hadis rivoyat qilgan.

Muso ibn Ismoil. Undan 314 ta hadis rivoyat qilgan.

Usmon ibn Abu Shayba. Undan 282 ta hadis rivoyat qilgan.

Imom Ahmad ibn Muhammad ibn Hanbal. Undan 229 ta hadis rivoyat qilgan.

Qutayba ibn Said ibn Jamil Bagʻloniy. Undan 155 ta hadis rivoyat qilgan.

Imom Ahmad ibn Solih Misriy. Undan 149 ta hadis rivoyat qilgan.

Abdulloh ibn Muhammad Nufayliy. Undan 142 ta hadis rivoyat qilgan.

Hasan ibn Ali Hulvoniy. Undan 132 ta hadis rivoyat qilgan.

Muhammad ibn Kasir Abdiy. Undan 129 ta hadis rivoyat qilgan.

Muslim ibn Ibrohim Farohidiy. Undan 108 ta hadis rivoyat qilgan. Bu inson Abu Dovudning eng katta ustozi hisoblanadi [14:529].

Muhammad ibn Musanna Basriy. Undan 100 ta hadis rivoyat qilgan.

Hafs ibn Umar ibn Horis Namariy. Undan 98 ta hadis rivoyat qilgan.

Muhammad ibn Alo ibn Kurayb Hamdoniy. Undan 85 ta hadis rivoyat qilgan.

Ahmad ibn Amr ibn Sarh Misriy. Undan 80 ta hadis rivoyat qilgan.

Shogirdlari. Imom Abu Dovud rohimahullohdan juda koʻplab ulamo va imomlar hadis rivoyat qilgan. Biz quyida ularning baʼzilari ismini keltiramiz. Ular Imom Termiziy (Imom Termiziy undan sunan kitobida 3 ta hadis rivoyat qilgan), Imom Nasoiy, Abu Bakr Ahmad ibn Muhammad ibn Horun, Hofiz Abu Avona Yaʼqub ibn Isʼhoq (Imom Muslim sahihlariga “mustaxraj” yozgan), Ali ibn Abdussomad, oʻzini oʻgʻli Abu Bakr Andulloh ibn Abu Dovud, Abu Bakr Abdulloh ibn Muhammad ibn Abu Dunyo, Ali ibn Hasan Ansoriy, Hofiz Abu Bishr Muhammad ibn Ahmad, Abu Ali Ahmad ibn Amr Luʼluiydir. Undan ustozi Ahmad ibn Hanbal ham bitta hadis rivoyat qilgan [13:95, 97].

Asarlari. Imom Abu Dovud rohimahulloh hadis, jarh va taʼdil, fiqh, aqida va tafsir ilmlari borasida juda koʻplab kitob yozgan. Lekin bugungi kungacha bu kitoblarning hammasi ham yetib kelmagan. Bizga yetib kelgan kitoblari:

Hammaga mashhur “Sunan” kitobi. Bu kitob juda koʻp marotaba nashr etilgan, sharhlar yozilgan va bir qancha tillarga tarjima ham qilingan.

Makka ahliga yozgan risolasi. Bu kitob ham juda koʻp marotaba nashr qilingan.

Marosil. Bu kitob hukmlar borasidagi mursal hadislarni oʻz ichiga jamlagan kitobdir. Abu Dovud rohimahulloh bu kitobni fiqhiy boblarga koʻra tartiblagan. Har bir bob tagida oʻziga mos mursal hadislarni keltirgan. Bu kitobdagi hadislar soni 537 tadan iborat.

Masoilu Imom Ahmad. Bu kitob fiqhga bagʻishlangan boʻlib, u fiqhiy boblarga koʻra tartiblangan. Kitob oxirgi marta hijriy 1353-yil Muhammad Rizo tahqiqi bilan nashr qilingan.

Sualatu Abi Dovud li Imom Ahmad fiy ar-rijol (Abu Dovudning Imom Ahmaddan roviylar borasidagi savollari). Bu kitob ham hijriy 1414-yil Ziyod Muhammad Mansur tahqiqi bilan nashr qilingan.

Ar-Ruvat minal ixvati val uxuvvat (aka-uka va opa-singil boʻlgan roviylar). Bu kitob hijriy 1408-yil nashr qilingan.

Sualatu Abi Ubayd Ajuriy Aba Dovud fil jarh vat taʼdil (Abu Ubayd Ajuriyning Abu Dovuddan jarh va taʼdil haqida soʻragan savollari). Bu kitobning bir qismi hijriy 1399-yil Muhammad ibn Ali Umariy tahqiqi bilan nashr qilingan. 1418-yil esa Doktor Abdulalim tahqiqi bilan toʻliq holda nashr qilingan.

Zuhd kitobi. Bu kitob ham hijriy 1413-1414-yillar nashr qilingan.

Imomning bu kitoblardan tashqari bizga yetib kelmagan koʻplab kitoblari bor. Bular quyidagilar:

Nosix va mansux. Bu kitobni Abu Dovud rohimahullohdan shogirdi Abu Bakr Najjor rivoyat qilgan. Bu kitobni Ibn Xoyr Ishbiliy “Nosixul Qurʼon va mansuxuhu” deb nomlagan [10:47]. Imom Mizziy rohimahulloh ham bu kitobdagi hadislarni kitobida keltirib خد (xd) deb belgi qoʻygan.

Ar-Rod ala ahlil qadar (Qadariylarga raddiya). Bu kitobni baʼzilar “Ar-Rod ala ahlil havoval qadar” deb nomlagan. Bu kitobni ham Imomdan juda koʻplab ulamolar naql qilgan. Imom Mizziy rohimahulloh bu kitobga قد  (qd) deb belgi qoʻygan.

Al-Baʼs van nushur (Qayta tirilish).

Daloilun nubuvvat (Nubuvvat dalillari).

At-Tafarrud fid din. Mizziy rohimahulloh aytadi: “Bu kitobda faqat bitta shahar ahli rivoyat qilgan hadislar jamlangan” [6:150]. U ham fiqhiy boblarga koʻra tartiblangan. Bu asarni Abu Dovud rohimahullohdan Ibn Dosa va Luʼluiy rivoyat qilgan.

Musnadu Molik. Mizziy rohimahulloh bunga كد (kd) deb belgi qoʻygan.

Fazoilu Ansor. Bunga Mizziy rohimahulloh صد (sd) deb belgi qoʻygan.

Al-Mavaqit. Saxoviy va boshqalar kitob nomini shunday nomlagan. Mizziy rohimahulloh esa “Maʼrifatu Avqot” deb nom bergan [6:151].

At-Tahoratul kabir.

Fazoilu Ramazon va sittin min shavvol va ashr va ashuro.

Manasikul hajjil kabir.

Al-Qazoul kabir.

Al-Iyman qovl va amal.

Aʼlamun nubuvva.

Al-Mubtada. Bu kitob Muso alayhissalomning tugʻilishi, Firʼavnning suvga gʻarq boʻlishi, Bani Isroil xabarlari va Nabiy sollallohu alayhi vasallam siyratlari haqida yozilgan [13:91].

Imom Abu Dovud rohimahulloh juda koʻplab fanlarda yetuk imomlardan sanaladi. Xususan, rivoyat, diroyat va ilal ilmlarida hadis imomlaridan edi. Shuningdek, u zot fiqh borasida ham imom edi. Abu Dovud rohimahullohda ilmda bunday yetuk darajaga yetishish uchun bir necha sifatlar jamlangan edi. Bular: ilm talabida himmati yuqoriligi, yoshligi va quvvatini ilmga sarflagani, kerak boʻlmagan narsalarni ketkazadigan pok qalbli ekani va mashhurlikni yoqtirmasligidir. Shu bilan birga, ilm uchun umrini bergan va faqat ilm uchun safar qilgan.

Imom Abu Dovudning ilmi yetuk ekaniga Amir Muvaffaq bilan sodir boʻlgan voqea yetarlidir [5:614, 620].

Imom Abu Dovud rohimahulloh boshqa ilmlardan koʻra, hadis va fiqhda juda yetuk boʻlgan. Xossatan, hadis ilmida yetuk sanalib, unga juda katta hissa qoʻshgan. Imom Abu Dovud rohimahulloh aytadi: “Men Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning 500 mingta hadisini yozib oldim va “Sunan” kitobimga shular ichidan tanlab oldim” [3:57].

Bilamizki, jarh va taʼdil ilmi hadis ilmlari ichida eng qiyinidir. Bu ilm bilan hadis va roviylarning koʻpchiligidan xabardor boʻlgan insonlargina shugʻullana oladi. Imom Abu Dovud rohimahulloh roviylarning tugʻilgan va vafot etgan vaqti, kimlardan hadis eshitgani, undan kimlar hadis olgani, roviylarning yozgan hadis kitoblari, ularning holati, hadis tariqlaridagi uzilishlar kabi roviy va rivoyatlar tariqlarini bilgan. Bunday martabaga faqatgina Alloh taolo shu yoʻlni ochib qoʻyganlargina yeta oladi. Imom Abu Dovud rohimahulloh mana shu martaba yetganlardan hisoblanadi. U jarh va taʼdil fani imomlaridan sanaladi. Shuning uchun ham bu borada kitoblar yozgan.

Shuningdek, hadis ilmining qiyin ilmlaridan yana biri ilal ilmi hisoblanadi. Bu ilmda ham u kishi imom boʻlgan. Shuning uchun ham Ibn Manda aytadi: “Kitobida sahih hadis keltiradiganlar, sahihni illatlidan va toʻgʻrini xatodan ajratadiganlar 4 ta: Buxoriy, Muslim, Abu Dovud va Nasoiy” [2:42].

Ahmad ibn Muhammad ibn Yosin Hiraviy aytadi: “Abu Dovud Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning hadislari ilmi, illatlari va sanadini biladigan hofizlardan biridir” [3:58].

Imom Abu Dovud rohimahulloh fiqhda mujtahid darajasiga ham yetgan. Buni koʻplab imomlar aytgan. Abu Dovud rohimahulloh mujtahid ekaniga shogirdlari guvohlik bergan. Boshqa koʻplab ulamolar ham oltita kitob sohiblari ichida faqatgina Buxoriy va Abu Dovud rohimahulloh mujtahid boʻlgan, degan. 

FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR:
  1. Abdulloh ibn Solih Barrok. Imom Abu Davud Sijistoniy va kitabuhu as-sunan. – Ar-Riyod: Daru Roya, 1993.
  2. Abu Abdulloh Muhammad ibn Isʻhoq ibn Manda. Shurutul aimma. – Ar-Riyod: Doru Muslim, 1995.
  3. Abu Bakr Ahmad ibn Aliy Xatib Bagʻdodiy. Tarixu Bagʻdod. J. 9. – Bayrut: Dorul kutub al-Ilmiyya, 2004.
  4. Abu Davud Sulaymon ibn Ashʻas Sijistoniy. Sualatu Abi Ubayd Aba Davud. 2. – Bayrut: Muassasatu Rayyon, 1997.
  5. Abu Jaʻfar Muhammad ibn Jarir Tabariy. Tarixu Tabariy. J.9. – Qohira: Darul Maʻarif, 1970.
  6. Abul Hajjoj Jamoliddin Yusuf Tahzibul kamol. – J:1. – Bayrut: Muassasatar-risala, 2018.
  7. Abul Hajjoj Jamoliddin Yusuf Mizziy. Tahzibul kamol. – J:11. – Bayrut: Muassasatar risala, 2018.
  8. Alouddin Mugʻultoy ibn Qolij Hanafiy. Ikmalu tahzibil kamol. J.6. – Bayrut: Daru Kuttub al-Ilmiyya, 2011.
  9. Muhammad ibn Muhammad Jamil Nuristoniy. Madxal ila sunanil imam Abi Davud. – Quvayt: Maktab ash-Shuʻun al-fanniyya, 2008.
  10. Ibn Xayr Ishbiliy. Fihrisatu Ibn Xayr. – Tunus: Daru Gʻarbil Islamiy, 2009.
  11. Muhammad Ibn Hibbon ibn Ahmad. As-Siqot. J.9. – Haydarobod: Maʻariful Usmoniyya, 1973.
  12. Shamsiddin Muhammad ibn Ahmad ibn Usmon Zahabiy. Siyar Aʻlomu an-nubalo. J.13. – Bayrut: Muassasatar risala, 1993.
  13. Shamsuddin Abuxayr Muhammad ibn Abdurahmon Saxoviy. Bazlul majhud fiy xatmi sunani Abi Davud. – Misr: Azyaus salaf, 2008.
  14. Shihobiddin Ahmad ibn Ali ibn Hajar Asqaloniy. Taqribut tahzib. J.4. – Bayrut: Muassasatar risala, 2014.
  15. Taqiyyiddin Ibn Daqiqil Iyd. Sharh Ilmaʻ bi ahadis al-ahkam. – Suriya: Darun Navodir, 2010.
  16. Yahyo ibn Sharaf Navaviy. Tahzibul asmo val lugʻot. – J:2. – Bayrut: Dorul Kutub al-Ilmiyya, 2013.
  17. Yaqut ibn Abdulloh Himaviy. Moʻjamul buldan. – J:3. – Misr: Daru Sodr, 1951.
MAXMUD ABDURAXMANOV,
Hadis ilmi maktabi “Hadis ilmlari” kafedrasi mudiri

Check Also

IMOM MOTURIDIY ILMIY FAOLIYATINING ISLOM ILM-FANIDA TUTGAN OʻRNI

Allomaning toʻliq ismi Abu Mansur Muhammad ibn Muhammad ibn Mahmud Hanafiy Moturidiy Samarqandiydir. Baʼzi tarixchilar …