Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi, Oʻzbekiston ovchilar va baliqchilar sport birlashmasi Toyloq tumani boʻlimi va tuman IIB hamkorligida “Jaholatga qarshi – maʼrifat” mavzusida maʼrifiy suhbat tashkil etildi.
Unda Markaz ilmiy xodimlari, birlashma aʼzolari, IIB xodimlari ishtirok etdi.
Markaz ilmiy xodimi Bayozxon Mahmudov yigʻilganlarga yurtimizda soʻnggi yillarda diniy-maʼrifiy sohada amalga oshirilayotgan islohotlar, jumladan, odamlarning maʼnaviy-maʼrifiy ongini yanada yuksaltirish, diniy bagʻrikenglikni taʼminlash, yosh avlodni turli irqiy va mazhabiy nizolardan asrash yoʻlida amalga oshirilayotgan keng qamrovli chora-tadbirlar xususida atroflicha maʼlumot berdi.
Jamiyatda radikalizm va ekstremizm xavfini bartaraf etish, ularning ildiziga zarba berishda aholining huquqiy va diniy savodxonligini oshirish muhimligiga alohida eʼtibor qaratildi. Ushbu sohada davlat va jamiyatning birgalikdagi harakati, ayniqsa, yoshlar orasida sogʻlom dunyoqarashni shakllantirishda maʼrifatning oʻrni beqiyos ekani taʼkidlandi.
Tadbirda shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasida fuqarolarning vijdon erkinligini taʼminlash va diniy sohadagi davlat siyosati konsepsiyasining mazmun-mohiyati haqida ham soʻz yuritildi. Taʼkidlanganidek, Konsepsiya fuqarolarning eʼtiqod erkinligini kafolatlash, turli din va eʼtiqod vakillari oʻrtasida oʻzaro hurmat va bagʻrikenglik muhitini mustahkamlash, diniy tashkilotlar faoliyatini tartibga solish va ijtimoiy barqarorlikni taʼminlashga qaratilgandir.
Maʼrifiy suhbat ishtirokchilarda katta taassurot qoldirdi va ularning diniy-maʼrifiy bilimlarini yanada boyitishga xizmat qildi.