Markazda amaliyot oʻtayotgan Imom Buxoriy nomidagi xalqaro stipendiya dasturi sovrindori, Turkiyadagi Kavkaz universiteti dotsenti Muhammad Alparslon Kartal Imom Buxoriy asarlarining tafsir adabiyotiga taʼsirini aniqlashga bagʻishlangan tadqiqotlarining taqdimotini oʻtkazdi.
Olim hijriy VII-VIII asrlarda bitilgan tafsir kitoblariga hadis ilmining buyuk imomi qalamiga mansub “Sahihul Buxoriy” asaridan olingan iqtiboslar orqali bu buyuk toʻplamning nufuzini aniqlash boʻyicha olib borayotgan izlanishlari haqida maʼlumot berdi. Imom Buxoriyning hadis ilmi rivojida tutgan oʻrnini alohida eʼtirof etib, uning shoh asari – “Sahihul Buxoriy”ning hamisha yuksaklarda boʻlib kelgan nufuzini tahlil qildi.
Kitob hijriy IV asr oʻrtalaridan mufassirlar diqqatini keng koʻlamda oʻziga jalb eta boshlagan boʻlsa, keyingi yuz yillikda shuhrati yanada oshib, hadis sohasida yozilgan koʻplab asarlarga chuqur taʼsir koʻrsatgan. Ayniqsa, Ibn Salohning hijriy VII asrda bitilgan ijmo haqidagi qarashlari bilan uning nufuzi yanada mustahkamlandi. Koʻplab ulamolar Imom Buxoriyni eng buyuk muhaddis sifatida taʼriflagan. Davud Qarsiy (vaf. 1169/1756) esa, “Buxoriy bilmagan hadis – hadis emas” degan soʻzlari bilan bu taʼriflarning choʻqqisiga chiqqan.
Taqdimotda hijriy VII-VIII asrlarda yozilgan yirik tafsir asarlari – “Miftohul gʻayb”, “Jomiʼul ahkomil Qurʼon”, “Anvorut tanzil”, “Madorikut tanzil”, “Bahrul muhit”, “Tafsiru Ibn Kasir” kabi manbalarga Imom Buxoriyning shoh asaridan olingan iqtiboslar keltirildi. Bu esa Muhaddislar sultoni nafaqat hadisshunoslik, balki tafsir sohasi taraqqiyotiga ham benazir hissa qoʻshganini koʻrsatadi.
Taqdimot ishtirokchilari tadqiqotchining izlanish natijalarini yuqori baholab, bunday tahlillar Imom Buxoriy merosini yanada chuqurroq oʻrganishga yoʻl ochishini taʼkidladi.