Home / FOTO LAVHALAR / Zamon tahdidlariga qarshi maʼnaviy yechim

Zamon tahdidlariga qarshi maʼnaviy yechim

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi tomonidan Favqulodda vaziyatlar vazirligi Boshlangʻich tayyorgarlik va malaka oshirish markazi xodimlari ishtirokida “Jaholatga qarshi – maʼrifat” gʻoyasi asosida “Oʻzbekiston – bagʻrikeng diyor: Madaniy meros va dinlararo muloqot” mavzusida maʼrifiy tadbir oʻtkazildi.

Markaz ilmiy xodimi Bayozxon Mahmudov yigʻilganlarga Oʻzbekiston Respublikasida diniy sohadagi davlat siyosatining asosiy maqsadlariga, yaʼni fuqarolarning vijdon erkinligi va diniy eʼtiqod huquqini taʼminlashga oid muhim tushunchalar berib, yurtimizda shakllangan koʻp asrlik bagʻrikenglik anʼanalari, turli din vakillarining tinch-totuv yashashi uchun yaratilgan shart-sharoit haqida soʻz yuritdi.

Anjumanda jamiyatda diniy ekstremizm va radikalizmning oldini olishda maʼrifatning, ilm va ziyoning naqadar muhim oʻrin tutishi alohida qayd etildi. Diniy savodxonlikni oshirish, yoshlarni toʻgʻri yoʻlga yoʻnaltirish, ular ongida sogʻlom tushunchalarni shakllantirish bugungi kunning dolzarb vazifalaridan biri ekaniga urgʻu berildi.

Tadbir ishtirokchilari Favqulodda vaziyatlar vazirligi xodimlari ushbu maʼrifiy muloqotdan olgan bilimlarini oʻz xizmat faoliyati davomida ham qoʻllashi, aholi bilan ishlashda diniy bagʻrikenglik va millatlararo totuvlik, tinchlikparvarlik tamoyillarini targʻib etishi muhimligini, bu kabi tadbirlar jamiyatda oʻzaro hurmat, hamjihatlik va osoyishtalik muhitini mustahkamlashga xizmat qilishini taʼkidladi.

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi
Matbuot xizmati

Check Also

Chinakam bilim va ijtimoiy faollik – asl qadriyat

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi, Oʻzbekiston ovchi va baliqchilar sport birlashmasi Jomboy tumani boʻlimi va …