27-may kuni Samarqand shahrida “Islom dunyosining maʼnaviy merosi va madaniy ifodalari: xattotlik, musiqa, sheʼriyat va hamjihatlik” mavzusida xalqaro forum boʻlib oʻtdi. Samarqand – 2025-yilda Islom dunyosining madaniy poytaxti deb eʼlon qilinishi munosabati bilan ICESCO tashabbusi bilan tashkil etilgan nufuzli anjumanda aʼzo davlatlarning madaniyat ishlari vazirlari, xalqaro tashkilot va muassasalar rahbarlari, Oʻzbekiston hukumati vakillari qatorida Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori Shovosil Ziyodov ham ishtirok etdi.
Olim oʻz nutqida Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlar natijasida diniy-maʼrifiy merosimizni oʻrganish va uning ilmiy tadqiqi yoʻlida muhim qadamlar qoʻyilayotganini taʼkidladi. Samarqand zaminining har qarichidan ilm va maʼrifat ruhi ufurib turganini, bu muqaddas diyordan Imom Moturidiy, Imom Dabusiy, Imom Dorimiy kabi ulkan mutafakkirlar yetishib chiqqanini taʼriflab oʻtdi.
Sh. Ziyodov, shuningdek, bu buyuk allomalarning boy ilmiy va maʼnaviy merosini chuqur oʻrganish, tadqiq etish va uni zamonaviy ilmiy metodlar asosida jahon jamoatchiligiga yetkazish yoʻlida Markaz tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar, xalqaro hamkorlik va ilmiy platformalar tashkil etilayotgani haqida soʻz yuritdi. Bu saʼy-harakatlar xalqlar oʻrtasidagi oʻzaro muloqot va maʼnaviy yaqinlashuvga xizmat qilishini alohida qayd etdi.
Forum nafaqat islom madaniyatining yuksak qadriyatlarini yoritish, balki dunyo mamlakatlari oʻrtasidagi madaniy aloqalarni yanada mustahkamlashda muhim poydevor vazifasini oʻtadi. Bunday anjumanlarda Oʻzbekistonning faol ishtiroki yurtimizning jahon tamadduni va maʼnaviyati rivojiga qoʻshayotgan hissasining yana bir dalilidir.