Home / FOTO LAVHALAR / Bagʻrikenglik rang-baranglikdagi birdamlikdir

Bagʻrikenglik rang-baranglikdagi birdamlikdir

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi va Samarqand davlat chet tillar instituti hamkorligida “Diniy bagʻrikenglik va ijtimoiy totuvlik” mavzusida maʼnaviy-maʼrifiy tadbir oʻtkazildi.

Xalqaro aloqalarni yanada mustahkamlayotgan Oʻzbekistonda kelajak bunyodkorlari boʻlmish yoshlar chet tillarni ham puxta oʻrganmoqda. Bu quvonarli holat, albatta. Til bilgan elni ham biladi. Yaʼni, boshqa millat yo elatning tili oʻrganilganda, kishi oʻz-oʻzidan uning madaniyati, urf-odatlari, turmush tarzi, eʼtiqodi bilan ham tanishib boradi.

Hozirgi kunda Oʻzbekiston millatlararo totuvlik va diniy bagʻrikenglik borasida jahon ahli uchun oʻrnak boʻladigan mamlakatlardan sanalishi xorijlik davlat va siyosat arboblari, ulamo va ekspertlar tomonidan koʻp eʼtirof etiladi. Yurtimizda 130 dan ortiq millat va elat, turli diniy konfessiyalar vakillari tinch-omon, ahil-inoq yashab kelayotgani ijtimoiy barqarorlikning asosiy omili bagʻrikenglik ekaniga bir tasdiqdir.

Tadbirda Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimlari Jonibek Jumayev va Bayozxon Mahmudov millatlararo totuvlik va konfessiyalararo tolerantlik tinchlik va barqarorlikni mustahkamlash, bunyodkorlik va taraqqiyotning eng muhim shartlaridan ekanini taʼkidladi.

– “Bagʻrikenglik tamoyillari deklaratsiyasi”da “Bagʻrikenglik – rang-baranglikdagi birdamlik. Bu faqat maʼnaviy burchgina emas, balki siyosiy va huquqiy ehtiyoj hamdir. Bagʻrikenglik – tinchlikka erishishni taʼminlovchi va urush deb nomlangan madaniyatsizlikdan tinchlik deb nomlangan madaniyatga eltuvchi yoʻldir”, – deb yozib qoʻyilgan dedi J.Jumayev. – Darhaqiqat, Vatanimiz tarixiga nazar tashlasak, eng murakkab, ziddiyatli, ogʻir davrlarda ham yurtimizda diniy asosda biror nizo yo mojaro sodir boʻlmagan. Chunki xalqimiz diniy bagʻrikenglik borasida koʻp asrlik anʼanalarga tayanuvchi tajribaga ega. Biz ham ajdodlarimiz kabi bagʻrikenglik tamoyillariga tayansak, maqsadga muvofiq boʻladi.

Yurtimizda millatlararo totuvlikni, davlatlararo birdamlik va hamkorlik ruhini mustahkamlashga qaratilgan tadbirlar nafaqat Oʻzbekistonning oʻzida, balki xalqaro miqyosda doʻstlik va hamjihatlik qoʻrgʻoni yanada mustahkam boʻlishiga xizmat qilmoqda.

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi
Matbuot xizmati

Check Also

Bagʻrikenglik va ilm: Xalqaro markazlar oʻrtasidagi muloqot samarasi

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida Qozogʻistondagi Nur Muborak Misr Islom madaniyati universiteti huzuridagi xalqaro ilmiy-tadqiqot …