Sharof Rashidov nomidagi Samarqand davlat universitetida filologiya fanlari doktori, professor Muslihiddin Muhiddinov tavalludining 80-yilligiga bagʻishlab, “Alisher Navoiy va adabiy taʼsir masalalari: Badiiy ijod, komparativistika va renessans” mavzuida xalqaro ilmiy-nazariy anjuman oʻtkazildi.
Mamlakatimiz va xorijdagi navoiyshunos olimlar, oliy taʼlim muassasalari professor-oʻqituvchilari va tadqiqotchilar qatnashgan bu tadbirga Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy kotibi Baxtiyor Tursunov ham ishtirok etdi.
Konferensiya avvalida Samarqand davlat universiteti rektori R.Xolmurodov, Samarqand viloyat hokimi vazifasini bajaruvchi A.Boboyev, Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi akademigi Q.Gʻulomov, Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universiteti rektori, akademik Sh.Sirojiddinov, Anqara universiteti professori Sema Barutju xonim va boshqalar Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan yoshlar murabbiyi, “El-yurt hurmati” ordeni sohibi M.Muhiddinovning oʻzbek adabiyoti tarixini, xususan, Navoiy ijodiy merosini oʻrganish borasidagi ulkan xizmatlarini tilga olib, olimni qutlugʻ yoshi bilan tabrikladi.
Yalpi majlisdan soʻng anjuman “Alisher Navoiy va Riyoziy Samarqandiy”, “Navoiy qitʼalari: Obraz, maʼno va tasvirdagi yangilanishlar”, “Alisher Navoiy ijodiga izdoshlik va ijodiy oʻziga xoslik”, “Navoiy qofiyasining taqtiʼ imkoniyatlari”, “Navoiyning hamd va naʼt qitʼalari poetikasi”, “Qutbiy ijodida Navoiy anʼanalari” kabi shuʼbalarda davom etdi. Bu majlislarda saksonga yaqin olimning ilmiy maqolalari tinglanib, muhokama qilindi.

Markaz vakili B.Tursunov ustoz Muslihiddin Muhiddinovning oʻzbek adabiyotini oʻrganish yoʻlidagi saʼy-harakatlari yangi avlod tadqiqotchilari uchun boy yoʻriqnoma boʻlib xizmat qilayotganini taʼkidladi. Alisher Navoiyning “Xamsa” asariga oid noyob qoʻlyozma haqida soʻzlab, u shahrisabzlik kotib Niyoz Muhammad bin Gʻavs Muhammad Keshiy tomonidan 1822-1830 yillar oraligʻida nastaʼliq xatida koʻchirilganini, adabiyotshunoslik uchun qimmatli manbalardan biri sanalishini qayd etdi. Taʼkidlanganidek, bunday qoʻlyozmalar boʻyicha izlanishlar nafaqat ilmiy, balki maʼnaviy-maʼrifiy jihatdan ham katta ahamiyatga ega boʻlib, kelgusida aynan shu bitik asosida olib boriladigan tadqiqotlar ham Alisher Navoiyning badiiy anʼanalarini chuqurroq anglash va uning ijodiy merosini yangi avlodga yetkazishda muhim oʻrin tutadi.

Bu kabi ilmiy anjumanlar nafaqat Hazrat Navoiy xazinasini yanada teran oʻrganish, balki Soʻz mulkining sultoniga xos ijodiy anʼanalarni kengroq targʻib etishda alohida ahamiyat kasb etadi. Muslihiddin Muhiddinov kabi fidoiy olimlarimizning hayot yoʻli va ilmiy faoliyati esa bugungi va ertangi avlod uchun hamisha oʻrnak boʻlib xizmat qiladi.