Home / FOTO LAVHALAR / Islom merosi va maʼrifat: Jazoirda Oʻzbekiston taqdimoti

Islom merosi va maʼrifat: Jazoirda Oʻzbekiston taqdimoti

Oʻzbekiston delegatsiyasining Jazoirga safari doirasida “Diniy maʼrifat va madaniy meros: Oʻzbekistonning Islom sivilizatsiyasi rivojiga qoʻshgan hissasi” mavzusida taqdimot oʻtkazildi. Unda Jazoirdagi yetakchi ilmiy markazlar, qoʻlyozma va tarixiy manbalarni saqlash muassasalari vakillari, tadqiqotchi va mahalliy ulamolar ishtirok etdi.

Yigʻilganlarga Oʻzbekistonda soʻnggi yillarda fuqarolarning vijdon erkinligini taʼminlash, diniy bagʻrikenglikni mustahkamlash va islom dinining asl insonparvarlik mohiyatini ochib berish borasida amalga oshirilayotgan islohotlar haqida atroflicha maʼlumotlar berildi. Xususan, davlat va din munosabatlarini sof maʼrifiy yondashuv asosida yoʻlga qoʻyish, diniy bilim berish sohasida ilmiylik, ochiqlik va xalqaro hamkorlikni taʼminlash ustuvor yoʻnalishlardan ekani taʼkidlandi.

Shu nuqtayi nazardan, Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi faoliyati mamlakatimizdagi islohotlarning muhim natijalaridan biri sifatida alohida eʼtirof etildi. Markazning asosiy maqsad va vazifalari – buyuk muhaddis Imom Buxoriy va islom olamining boshqa namoyandalari qoldirgan ilmiy merosni chuqur oʻrganish, keng jamoatchilikka yetkazish, yosh avlodda ilmiy-maʼrifiy asosda dinimizga qiziqish va hurmatni oshirish, shuningdek, xalqaro ilmiy aloqalarni mustahkamlashdan iborat ekani qayd etildi.

Taqdimot chogʻida Markaz faoliyati, ilmiy tadqiqotlari, xalqaro hamkorlik yoʻnalishlari va istiqbolli loyihalari haqida videorolik namoyish etildi. Bu material jazoirlik ishtirokchilarda katta qiziqish uygʻotdi va islom sivilizatsiyasini asrab-avaylash va targʻib etishdagi Oʻzbekistonning ulkan hissasi haqida aniq tasavvur hosil qilishga yordam berdi.

Taʼkidlash joizki, yaqinda qabul qilingan Oʻzbekiston Respublikasida fuqarolarning vijdon erkinligini taʼminlash va diniy sohadagi davlat siyosati konsepsiyasi nafaqat mamlakatning oʻzida, balki xalqaro miqyosda ham keng eʼtirof etilmoqda. Unga koʻra, davlat diniy tashkilotlar faoliyatiga aralashmasdan, ularning qonuniy, maʼrifiy va ilmiy yoʻnalishdagi tashabbuslarini qoʻllab-quvvatlaydi, jumladan, xalqaro hamkorligini ragʻbatlantiradi.

Jazoirlik olimlar Oʻzbekistonda islom merosiga eʼtibor, davlat va din munosabatlari, diniy taʼlimdagi zamonaviy, shu bilan birga, ilmiy yondashuvlarni yuksak baholadi.

Tadbir ikki mamlakat oʻrtasidagi ilmiy-maʼnaviy aloqalarni yanada mustahkamlash barobarida Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlarni xalqaro maydonda keng targʻib qilish, jahon musulmon jamoatchiligiga mamlakatimizning ilmiy-maʼrifiy nufuzini yana bir bor namoyon etishga imkon berdi.

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi
Matbuot xizmati

Check Also

Markaz ilmiy xodimi – Turkistondagi xalqaro simpoziumda

Ayni soatlarda Qozogʻiston Respublikasi, Turkiston shahrida “Ahmad Yassaviy ilmiy merosi zamonlar va madaniyatlar muloqotida: Insonparvarlik …