Xabar qilinganidek, Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi xodimlari Oʻzbekiston delegatsiyasi tarkibida Jazoirning Agʻvot shahrida Soʻfiylik taʼlimoti madaniyati festivali doirasida “Tasavvuf navolari: oʻtmish merosi, bugunning sadosi va kelajak ovozi” mavzusida oʻtkazilayotgan xalqaro anjumanda ishtirok etmoqda.
Anjuman shoʻbalaridan birida Markaz ilmiy xodimi Shukurillo Umarov “Naqshbandiya tariqati va uning islom olamida keng tarqalishi” mavzusida maʼruza qildi.
Islom taʼlimotida insonning zohiriy va botiniy kamolotiga alohida eʼtibor qaratiladi. Maʼruzada aynan shunday mukammal tarbiya maktabi – tasavvuf va uning muhim tarmoqlaridan biri boʻlmish naqshbandiya tariqati haqida atroflicha soʻz yuritildi.
Maʼruzachi Naqshbandiya tariqatining tarixi, yuksalish bosqichlari, Turkiston, Hindiston, arab mamlakatlari va hatto Yevropa boʻylab tarqalishi, sulton va podshohlar, xususan, Amir Temur, temurzodalar va usmoniylarning unga eʼtiborini muhokama qildi.
Taʼkidlanganidek, “Ilm insonni ibodatga yetaklasa, tasavvuf qalbni Allohga yetaklaydi”. Bu soʻzlar tasavvufning inson ruhiyatidagi oʻrni va ahamiyatini yaqqol namoyon etadi. Yaʼni, tariqat shunchaki nazariy taʼlimot emas, amalda u qalb pokligi, nafsni tarbiya qilish, ixlos, tavozeʼ, ehson kabi axloqiy fazilatlarni shakllantiradi.
Markaz olimi tariqatning asl botiniy mazmuni, unga qaratiladigan tanqidlar borasida ham ilmiy mulohazalar bildirib, tasavvufning zamonaviy jamiyatdagi ahamiyatini alohida qayd etdi.
Maʼruza yigʻilganlarda katta qiziqish uygʻotdi. Mavzuning ilmiy muhokamasi tasavvuf merosini yanada chuqur oʻrganish va zamonaviy sharoitda uni teranroq anglashga xizmat qildi.