Home / FOTO LAVHALAR / “OʻZBEKISTON – BAGʻRIKENGLIK DIYORI”

“OʻZBEKISTON – BAGʻRIKENGLIK DIYORI”

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida shu mavzuda maʼrifiy tadbir boʻlib oʻtdi. Unda nufuzli turk olimi, Pamukkale universiteti rektori, professor Mahmud Gungoʻr va universitet vakillari, Markaz ilmiy jamoasi ishtirok etdi.

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi bilan islom ulamolari merosini tadqiq etish, asrab-avaylash va kelgusi avlodlarga yetkazishga oʻzining munosib hissasini qoʻshib kelayotgan Pamukkale universiteti oʻrtasidagi ilmiy aloqalar keng qamrovli Oʻzbekiston-Turkiya hamkorligining yorqin namunalaridan biridir.

Ikki tomonlama aloqalarni yanada mustahkamlash masalalari, qoʻshma loyihalar salmogʻini oshirish istiqbollari muhokama etilgan mazkur tadbirda koʻp millatli va koʻp konfessiyali Oʻzbekistonda turli millat va elatlar oʻrtasidagi birdamlikni, bir-birining urf-odatlariga hurmat-ehtirom ruhini mustahkamlashni, ahil-inoqlik, hamjihatlikni taʼminlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar, tinchlik-osoyishtalik, ijtimoiy barqarorlikni saqlash yoʻlida olib borilayotgan oqilona islohotlar, amaliy chora-tadbirlar haqida soʻz yuritildi.

– Bugungi kunda bagʻrikenglik insoniyat erishgan eng katta yutuqlardan biridir, bundan keyingi taraqqiyot uchun ham u muhim omillardan boʻlib qolaveradi, – dedi doktor Mahmud Gungoʻr. – Oʻzbekistonda turli din va konfessiya vakillari oʻrtasida mustahkam doʻstlik, oʻzaro hamjihatlik va bagʻrikenglik muhiti taʼminlangan. Ayniqsa, ushbu muhitda qoʻlyozma manbalar kabi noyob ilmiy xazinalarga boʻlgan eʼtibor, ularni saqlash va tadqiq etishga qaratilayotgan chora-tadbirlar yuqori bahoga loyiq. Biz bunday totuv diyordagi muhtasham muassasa bilan, ana shu bebaho manbalarni oʻrganish yoʻnalishida hamkorlik qilayotganimizdan gʻoyat mamnunmiz.

Uchrashuv doʻstona kayfiyatda, savol-javoblarga boy, qizgʻin ilmiy ruhda oʻtdi.

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi
Matbuot xizmati

Check Also

Yassaviya tariqati va maʼnaviy meros: Tarix, tadqiqot va istiqbol

11-iyun kuni Toshkentda “Turk dunyosi va Piri Turkiston: Yassaviy yoʻli va merosi” mavzusida xalqaro ilmiy …