Home / MAQOLALAR / MAMLAKAT BARQARORLIGI VA RAVNAQI AVVALO JAMIYAT BAGʻRIKENGLIGI BILAN BELGILANADI

MAMLAKAT BARQARORLIGI VA RAVNAQI AVVALO JAMIYAT BAGʻRIKENGLIGI BILAN BELGILANADI

Bugun komil ishonch bilan ayta olamizki, Oʻzbekiston jamiyatda diniy bagʻrikenglik va konfessiyalararo tolerantlik, millatlararo totuvlik va ijtimoiy ahillikni taʼminlash, jahon ilm-fani, madaniyati, sanʼati, meʼmorligi va hayotiy falsafasi rivojiga ham fikriy, ham amaliy jihatdan beqiyos hissa qoʻshgan ulugʻ alloma va mutafakkirlarimizning boy ilmiy-maʼnaviy merosini chuqur oʻrganish va targʻib etish, yosh avlodni el-yurtga muhabbat va sadoqat, milliy va diniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalash, mamlakatimizning bashariyat sivilizatsiyasi beshiklaridan biri sifatidagi tarixiy-maʼnaviy maqomi va nufuzini tiklash boʻyicha keng koʻlamli islohotlar amalga oshirilmoqda.

Xususan, 2017-yildan hozirgacha boʻlgan tarixan qisqa muddatda yurtimizda Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari, Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi, Oʻzbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi, Hadis ilmi maktabi, Mir Arab oliy madrasasi tashkil etildi va bu jamiyatda sogʻlom maʼnaviy muhitni taʼminlashga, yoshlarni zamonaviy fikrlaydigan va buyuk ajdodlarimizga har jihatdan munosib etib tarbiyalashga xizmat qilmoqda.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining yaqinda qabul qilingan “Fuqarolarning vijdon erkinligi huquqi kafolatlarini yanada mustahkamlash hamda diniy-maʼrifiy sohadagi islohotlarni yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoni bu yoʻldagi ishlar surʼatini yanada oshirish va miqyosini kengaytirishga xizmat qiladigan hujjat boʻldi.

Farmonda birinchi navbatda diniy-maʼrifiy sohadagi faoliyatni takomillashtirishning ustuvor yoʻnalishlari belgilab berilgani eʼtiborga molikdir. Bular sirasida jamiyatda diniy bagʻrikenglik va konfessiyalararo totuvlikni yanada mustahkamlashga oid ilgʻor mexanizmlarni joriy etish, alloma bobokalonlarimizning ezgu umuminsoniy va olijanob gʻoyalarga asoslangan merosini chuqur oʻrganish va keng targʻib etish, diniy-maʼrifiy sohada kadrlar tayyorlash tizimini yanada yaxshilash orqali zamon talablariga mos mutaxassislar tayyorlash, odamlar orasida birdamlik, jipslik, oʻzaro hurmat va mehr-oqibat ruhini kuchaytirishga, ijtimoiy-maʼnaviy muhit barqarorligini taʼminlashga qaratilgan dolzarb ilmiy tadqiqotlarni qoʻllab-quvvatlash, diniy-maʼrifiy yoʻnalishda xalqaro hamkorlikni kengaytirish va rivojlantirish kabilar diqqat markaziga olingan.

Aytish kerakki, uzoq tarix davomida yurtimiz zaminida zardushtiylik, yahudiylik, buddaviylik, nasroniylikning turli yoʻnalishlariga eʼtiqod qilingan. Islomdan avval shuncha dinlar mavjud boʻlganiga, musulmonlik mustahkam oʻrnashgandan keyingi davrda ham yoʻqolib ketmaganiga qaramay, ming yillar mobaynida bu yerda biror marta ham diniy nizo boʻlmagan. Boshqa din va konfessiya vakillari har qancha ozchilikni tashkil qilmasin, doim tinch-omon hayot kechirgan. Bagʻrikenglikning bu asriy anʼanasi bugun ham davom etmoqda.

2018-yil 12-dekabr kuni BMT Bosh assambleyasining yalpi majlisida Oʻzbekiston tashabbusi boʻlgan “Maʼrifat va diniy bagʻrikenglik toʻgʻrisida”gi maxsus rezolyutsiya qabul qilindi.

Ayni paytda yurtimizda 16 konfessiyaga mansub jami 2 356 diniy tashkilot faoliyat yuritayotgan boʻlsa, shundan 197 tasi noislomiy konfessiyalarga taalluqlidir. Ular orasida pravoslav, katolik va protestant cherkovlari, baptistlar, adventistlar, lyuteranlar ibodatxonalari, bahoiylik, krishnaviylik va buddaviylik jamoalari bor. Soʻnggi yetti yil davomida 91 masjid, 23 cherkov ochildi. Shu muddat mobaynida 350 masjid qayta qurildi, 555 masjid va 10 cherkov kapital qayta taʼmirlandi. Mir Arab, Koʻkaldosh kabi madrasalardan iborat jami 13 islom bilim yurti bilan bir qatorda, pravoslav va pyatidestyanik seminariyalari faoliyat yuritmoqda.

Diniy sohadagi milliy qonunchilik, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi tomonidan ratifikatsiya qilingan xalqaro-huquqiy hujjatlar fuqarolarning manfaatlarini – ularning milliy va diniy mansubligidan qatʼi nazar – kafolatlash, millati yoki dinga munosabati asosida kamsitilishiga yoʻl qoʻymaslik imkonini beradi. Davlat diniy tashkilotlarga turli muammoli masalalarni hal etishda koʻmaklashish, dinlararo va millatlararo tinchlik, jamiyatda totuvlikni taʼminlash, konfessiyalararo muloqot madaniyatini rivojlantirish boʻyicha hamkorlikda taklif va chora-tadbirlar ishlab chiqish orqali ular bilan yaqin hamkorlikni taʼminlaydi. Din ishlari boʻyicha qoʻmita huzuridagi Konfessiyalar ishlari boʻyicha kengash diniy munosabatlar sohasidagi masalalarni muhokama qilish uchun samarali platforma yaratmoqda. 2018-yildan Kengash tarkibi kengaytirilib, unga 16 diniy konfessiyaning barcha rahbarlari kiritilgan.

Aholi orasida diniy bagʻrikenglik tamoyillarini mustahkamlashga xizmat qiladigan jarayonlardan biri sifatida har yili “16-noyabr – Xalqaro bagʻrikenglik kuni” munosabati bilan tashkil etiladigan tadbirlar anʼanaviy tus oldi. “Bagʻrikenglik haftaligi” doirasida diplomatik korpus, diniy konfessiyalar vakillari ishtirokida turli ilmiy-maʼrifiy anjumanlar, davra suhbatlari va doʻstona uchrashuvlar tashkil etib kelinmoqda. Sohaning faol ishtirokchilariga, shu jumladan, turli konfessiya vakillariga “Diniy bagʻrikenglik” koʻkrak nishonlari topshirilmoqda.

Fuqarolarning diniy erkinliklarini taʼminlash va ibodatiga qulay sharoit yaratish maqsadida davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan haj safariga boradigan yurtdoshlarimizning soni koʻpayib bormoqda, umra ziyorati uchun muntazam aviaqatnovlar tashkil qilinyapti. Boshqa din vakillarining Isroil, Gretsiya va Rossiyadagi diniy qadamjolarga ziyoratlarini tashkil qilish ishlari ham izchil davom ettirilmoqda. Bunda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan doʻstlik aloqalarini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoni asosida tashkil etilgan Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan doʻstlik aloqalari qoʻmitasi hamda Baynalmilal madaniyat markazi negizida Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan doʻstlik aloqalari qoʻmitasi faoliyati katta ahamiyat kasb etmoqda.

Endilikda yangi Farmonga muvofiq, jamiyatda vijdon erkinligini kafolatlash, diniy bagʻrikenglik,  fuqarolararo totuvlik va ijtimoiy-maʼnaviy muhit barqarorligini taʼminlash maqsadida “Bagʻrikeng jamiyat – barqaror davlat” tamoyili asosida Din ishlari boʻyicha qoʻmita bilan Oʻzbekiston mahallalari uyushmasi, Ichki ishlar vazirligi, Yoshlar ishlari agentligi hamda Oila va xotin-qizlar qoʻmitasining yangi hamkorlik tizimi yoʻlga qoʻyiladigan boʻldi.

Uning asosiy vazifalari sirasiga diniy sohaga davlat siyosatining maqsadi, asosiy vazifalari va tamoyillarini amalga oshirishda davlat va jamoat  tashkilotlarining oʻzaro hamkorligini yoʻlga qoʻyish, fuqarolarning vijdon erkinligi borasidagi huquqini taʼminlash, jamiyatda turli diniy konfessiyalar vakillarining oʻzaro ahil-inoq va hamjihat hayot kechirishini qoʻllab-quvvatlash, dini, eʼtiqodi, millati, ijtimoiy kelib chiqishidan qatʼi nazar, har bir shaxsning oʻz huquq va qonuniy manfaatlarini toʻliq roʻyobga chiqara olishini taʼminlash, diniy mansublikka qarab ustunlik berish, kamsitish va vijdon erkinligi kafolatlari buzilishining boshqa har qanday shakllarining oldini olish kabilar kiritildi.

Ochigʻini aytganda, bugun dunyoda yuz berayotgan nizo va mojarolarning aksariyati diniy yo konfessiyalararo ziddiyatlar ustiga qurilgan. Aslida bu kelishmovchiliklarning barchasi buzgʻunchi kuchlarning siyosiy, geosiyosiy, moddiy va boshqa manfaatlar yoʻlida sunʼiy, oʻylab topilgan qarama-qarshiliklar uyushtirishga qaratilgan gʻarazli maqsadlari oqibatidir. Ayrim davlatlardagi nizolar goʻyo musulmonlar va nasroniylar, baʼzilari xuddi yahudiylar va musulmonlar oʻrtasidagi ziddiyatlardan kelib chiqqandek koʻrsatiladi. Vaholanki, oʻsha xalqlar mojaro kelib chiqishidan avval asrlar davomida yonma-yon yashab, ahil-inoq turmush kechirib kelgani barchaga yaxshi maʼlum. Buzgʻunchilarning fitnalari shu qadar chigalki, turli sunʼiy oqimlar xatti-harakati tufayli baʼzan hatto bir din vakillari oʻrtasida birodarkushlik urushlari paydo boʻlyapti.

Shularni inobatga olib aytganda, yangi qabul qilingan Farmon Oʻzbekistonda dinlararo va konfessiyalararo bagʻrikenglik tamoyillarini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi. Zotan, mamlakat rivojining birlamchi omili barqarorlikdir. Imkoniyat va salohiyatni yuzaga chiqarish ana shuni taʼminlagandan keyin mumkin boʻladi. Yurtimizdagi iqtisodiy taraqqiyotni eʼtirof etib kelayotgan xalqaro hamjamiyat bu zamindagi ijtimoiy barqarorlikka ham guvohdir. Mazkur Farmon doirasida amalga oshiriladigan saʼy-harakatlar bu eʼtirofni yanada mustahkamlashiga shubha yoʻq.

Shodiyor ALIMOV,
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi

Check Also

OʻTGANLARNI XOTIRLASH VA TIRIKLARNI QADRLASH – INSONIY BURCHIMIZ

Islom dini insonlarni odob-axloq, yaxshilik va ezgulikka chorlaydi. Shu bois, islom dinida oʻtganlarni xotirlash, ularning …