Home / MAQOLALAR / ILM-FAN VA TADQIQOTLARDA HAM INTEGRATSIYA KERAK!

ILM-FAN VA TADQIQOTLARDA HAM INTEGRATSIYA KERAK!

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Fuqarolarning vijdon erkinligi huquqi kafolatlarini yanada mustahkamlash hamda diniy-maʼrifiy sohadagi islohotlarni yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmonida diniy-maʼrifiy sohadagi tashkilotlar faoliyati samaradorligini oshirish maqsadida doimiy asosda faoliyat koʻrsatuvchi Diniy-maʼrifiy sohada taʼlim, fan va ilmiy-tadqiqotga oid faoliyatni muvofiqlashtiruvchi kengash tashkil etish belgilab qoʻyilgani gʻoyat muhim qaror boʻldi.

Diniy maʼrifat ilmning oʻta nozik sohasi boʻlib, kishidan bir yoʻnalishni emas, keng qamrovli bilimlarni oʻzlashtirishni talab qiladi. Xususan, islomiy ilmlardan birini egallamoqchi boʻlganlar oyat va hadislarni, ularning tafsir va sharhlarini, muqaddas dinimizning barcha arkonlarini, aqidani, ulamolarning asarlarini, islom tarixini kompleks tarzda oʻrganishi kerak boʻladi. Bulardan birortasini istisno qilgan kishining ilmi oxir-oqibat nuqsonli, kemtik boʻlib qolishi muqarrar.

Bular – taʼlim va tahsil olish uchun zarurat sanalgan jihatlar.

Oʻrgatish borasida bilim qamrovini yanada kengaytirish kerak boʻladi. Pedagogika va uslubiyat boʻyicha mahorati, muomala va odobdagi fasohati, yoʻnaltirish, ruhlantirish va ilhomlantirishga layoqati boʻlmagan kishidan yaxshi ustoz chiqmaydi.

Endi shu fikrni ilmiy tadqiqot uchun qoʻllaydigan boʻlsak, ilmga oshno boʻlishni niyat qilgan insonning masʼuliyat doirasi bundan-da katta boʻladi. Negaki, uning bayon etganlari, tahlil va xulosalari safdoshlari va yangi avlodlar uchun manba, mayoq, dasturulamal vazifasini oʻtashi kerak. Har holda, pok niyatli, ilmiy unvon uchun emas, el-yurtga ilmiy ilmiy manfaat yetkazishni niyat qilgan tadqiqotchi shunday fikrlaydi.

Diniy-maʼrifiy sohada taʼlim, fan va ilmiy-tadqiqotga oid faoliyatni muvofiqlashtiruvchi kengash tashkil etilishi, Farmonda koʻrsatilganidek, buyuk ajdodlarimiz ilmiy merosida ulugʻlangan vatanparvarlik, bagʻrikenglik kabi umuminsoniy gʻoyalarni aholi orasida keng targʻib etish yoʻnalishlarini belgilashda umumiy mezonlarni ishlab chiqish va tatbiq qilishga, tadqiqot yoʻnalishlarini tizimli ravishda tartibga solishga xizmat qiladi.

Bugun Oʻzbekistonda Imom Buxoriy, Imom Moturidiy, Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari, Islom sivilizatsiyasi markazi, Xalqaro islom akademiyasi, Hadis ilmi maktabi, Mir Arab oliy madrasasi kabi muassasalar faoliyat yuritmoqda. Shu choqqacha ularning ilmiy xodimlari qaysi yoʻnalishda qanday ilmiy izlanishlar olib borayotganini, kim nimani tadqiq etayotganini hamma ham aniq bilmas edi. Baʼzan ilmiy nashrlarda, matbuotda, mazkur muassasalarning rasmiy saytlarida “parallel maqolalar” uchrab qolishi, takroriy fikrlar, bir masalaga qayta-qayta murojaatlar, mazmunan bir xil boʻlgan raddiyalar eʼlon qilinishi – bor gap. Bu noixtiyoriy takrorlanishlar tadqiqotchilarimizning salohiyati yanglish yoʻnalishlarga sarf boʻlayotganini anglatadi. Ularning izlanishlari muvofiqlashtirilganda, tartibga solinganda edi, tadqiqotlarning foydasi ziyoda boʻlardi.

Xalqchil qilib aytganda, bitta quyonga bir ovchi bitta oʻq sarflagani xuddi oʻsha quyonga oʻnta ovchi oʻnta oʻq ketganidan hamisha afzaldir. Shundagina vaqtda ham, harakatda ham, oʻq-dorida ham, diqqat-eʼtiborda ham isrofgarchilikka yoʻl qoʻyilmaydi. Qolaversa, kim birinchi boʻlgani, kim merganroq ekani toʻgʻrisidagi bahslarga ham oʻrin qolmaydi.

Farmonda belgilanganidek, Kengash endilikda diniy-maʼrifiy sohadagi muassasalar faoliyatini chuqur oʻrganib boradi, oʻquv-tarbiya jarayoniga ilgʻor axborot-kommunikatsiya va pedagogik texnologiyalar, innovatsion ishlanmalarni tatbiq etish hamda ilmiy va uslubiy faoliyatini muvofiqlashtirishga bosh-qosh boʻladi.

Bu nimalarda namoyon boʻlishi mumkin? Albatta, koʻp jihatlar dastlab qiyosda yuzaga chiqadi. Toʻgʻri, hozir ilmiy tadqiqot muassasalarida axborot-kommunikatsiya va pedagogik texnologiyalardan foydalanish, innovatsion ishlanmalarni tatbiq etish bir xil daraja yuqori, deya olamiz. Ammo ulardan har birining ilmiy-texnikaviy va manbalarga oid salohiyati turlicha. Goho birida mavjud qoʻlyozma ikkinchisida boʻlmaydi. Biri qaysidir yoʻnalishga koʻproq urgʻu beradi, unisi – boshqasiga. Uslub borasida ham shuni aytish mumkin, u hamma joyda bir xil boʻlavermasligi tayin va tabiiy.

Bir soʻz bilan aytganda, ilmiy integratsiya bugun juda zarur boʻlib turibdi!

Buning uchun esa bir muvofiqlashtiruvchi organ juda kerak. Aytaylik, Imom Moturidiy merosi boʻyicha ilmiy tadqiqot boshlamoqchi boʻlgan kishi oʻz-oʻzidan Termizga bormaydi, lekin allomaning aynan oʻsha mavzuga doir asari faqat Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazidagi qoʻlyozma fondida mavjud. Demak, u ishini Termizga borib davom ettiradi.

Axborot texnologiyalari borasida ham shunga oʻxshash misol keltirish mumkin. Kishi Xalqaro islom akademiyasida tadqiqot olib borayapti. Lekin u oʻrganayotgan aynan oʻsha qoʻlyozmani “oʻqiy oladigan” skaner va oʻchib ketgan joylarini tiklab yo tushuntirib beradigan mutaxassis (“kitob shifokori”) faqat Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida bor. Tabiiyki, u odam ishini Samarqandga koʻchiradi.

Farmonda belgilanganidek, soha tashkilotlarida toʻplangan ilmiy-uslubiy ishlanmalar va tajribani tahlil etish asosida ulardagi taʼlim mazmunini takomillashtirish va muvofiqlashtirish, oʻquv reja va fan dasturlarini ishlab chiqishda uzviylik tamoyillarini taʼminlash ham muhim. “Falon muassasa odatda bunday qilar ekan”, “xuddi shunday vaziyatda falon markaz bunday yoʻl tutganda foyda bergan ekan” kabi oʻrtoqlashuvlar har tomonlama manfaatli boʻladi, albatta. Yuqorida taʼkidlandiki, ilmiy integratsiya kerak. Shu uzviy aloqa qaror topmasa, kim nimani oʻrgatayotgani va kim nimani oʻrganayotgani aniq boʻlmasa, biz imkoniyat va salohiyatni yanglish yoʻnaltirgan va saʼy-harakatlarimizning kamida yarmini havoga sovurgan boʻlamiz.

Barcha taʼlim va ilmiy-tadqiqot muassasalarida bajariladigan diniy mavzudagi tadqiqotlar uchun mavzu va yoʻnalishlar boʻyicha, ularning ahamiyati, dolzarbligi yuzasidan tegishli tavsiyalar berish ham foydadan xoli emas. Takroriy tadqiqotlar haqida yuqorida aytildi. Ayni paytda mavzuning dolzarbligi va ahamiyati, shuningdek, tadqiqotning ilm-fanga, ijtimoiy hayotga qanchalar foyda keltirishi ham muhim masaladir. Kimdir chuqur ilmiy mavzuda tadqiqot oʻtkazsa, yana kimdir namozda qoʻl koʻtarish-koʻtarmaslik, sabboba qilish-qilmaslik, fotihadan keyin kaftlarni yuzga surish kabi oʻta mayda, omilarga xos, prinsipial ahamiyat kasb etmaydigan masalalarni oʻrganishi mumkin. Ikkinchi holatda, tadqiqotchini toʻgʻri yoʻlga solish, vaqti va mehnatini ahamiyatsiz narsalarga sarflayotganini unga toʻgʻri anglatish zarur. Kimdir istihola, kimdir andisha qilishi tufayli bunday “tadqiqotlar” ham himoyadan oʻtib ketishi hech gap emas. Kengash esa, ilm-fan uchun chinakam qaygʻuradigan rasmiy organ sifatida buning oldini oladi.

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi Nashrlar boʻlimidagi faoliyatimiz davomida koʻplab maqolalar bilan tanishishimizga toʻgʻri kelyapti. Ularning mualliflari orasida ilmning haqiqiy fidoyilari ham bor, afsuski, hujjat uchun yozayotganlar ham yoʻq emas. Oʻshanday toifa vakillarini chigʻiriqdan oʻtkazish vaqti allaqachon kelgan. Diniy-maʼrifiy sohada taʼlim, fan va ilmiy-tadqiqotga oid faoliyatni muvofiqlashtiruvchi kengash tashkil etilishi mana shu jihatdan ham ayni muddao boʻldi. Oʻzbekistonda ilm-fan va taʼlim sohasini ustoz Abdulla Qahhorning fikrini biroz oʻzgartirib aytganda, “fanga adashib kirib qolgan” toifalardan himoyalash uchun ham shunday tuzilma kerak aslida.

Anvar BOBOYEV,
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi

Check Also

OʻTGANLARNI XOTIRLASH VA TIRIKLARNI QADRLASH – INSONIY BURCHIMIZ

Islom dini insonlarni odob-axloq, yaxshilik va ezgulikka chorlaydi. Shu bois, islom dinida oʻtganlarni xotirlash, ularning …