Alloh taolo azza va jalla islom ummatini ilm ummonining marjon va javharlari, yaʼni ilmu maʼrifat bilan mukofotladi. Bu ummonga berkingan xazinalardan bizni xabardor qilish uchun dunyoni ulamolar bilan ziynatladi.
“الْعُلَمَاءُ” “Al-Ulamo” soʻzi arab tilidagi “عَلِمَ” (alima) feʼlining koʻplik shakli boʻlib, “biluvchilar”, “olimlar” va “ilm egalari” kabi maʼnolarni ifodalaydi. Demak, lugʻaviy nuqtayi nazardan “ulamo” soʻzi ilmli, oʻz sohasining bilimdoni boʻlgan shaxslarni anglatadi. Islom shariati istilohida esa bu soʻz Qurʼon, Sunnat va islom huquqi (fiqh) kabi diniy ilmlarni chuqur oʻzlashtirgan, shu ilmlari asosida fatvo beradigan va odamlarga hidoyat yoʻlini koʻrsatadigan olimlar deya izohlangan.
Olimlar jamiyatda muhim oʻrin tutadi. Odamlar oʻzlari bilmagan yoki tushunmagan hayoti va diniy masalalarda, albatta, ularga murojaat qiladi. Ulamolar bergan javoblari uchun Alloh oldida masʼul ekanliklarini anglagan holda har bir savolga ehtiyotkorlik va masʼuliyat bilan yondashadi. Ular oʻz bilimi orqali odamlarga toʻgʻri yoʻlni koʻrsatadi, diniy savollarga aniq va asosli javoblar beradi va kishilarni adashishdan himoya qiladi.
Ulamoning fazilati va darajalari haqida koʻplab oyat va hadislar bor.
Jumladan, “Fotir” surasining 28-oyatida bunday marhamat qilingan:
﴿… كَذَلِكَ إِنَّمَا يَخْشَى اللَّهَ مِنْ عِبَادِهِ الْعُلَمَاءُ إِنَّ اللَّهَ عَزِيزٌ غَفُورٌ﴾
“Allohdan bandalari orasidagi olim-bilimdonlargina qoʻrqar. Shak-shubhasiz, Alloh qudratli, magʻfiratlidir”.[1]
Ushbu oyati karima orqali Alloh taolo bandalariga oʻzidan faqat olimlargina qoʻrqishini bildirib qoʻydi. Chunki ular har ishda Alloh taoloning qudrati va ulugʻligini his qilgan, bunga aqli va ongi bilan ishonib, imon keltirgan. Allohning azamati va yaratish hikmatini anglagan insongina chin olim sanaladi. Ilmning biror jabhasida buyuk kashfiyotlar qilib tanilgan bir olim Allohni tanisa, bu uning yetuk olimligidan darak beradi.
Alloh azza va jalla moʻminlarning darajasini koʻtarib, ularning orasidagi ulamolarni baland martaba va fazilati bilan siylagan. Alloh taolo “Baqara” surasining 269-oyatida bunday marhamat qiladi:
﴿يُؤْتِي الْحِكْمَةَ مَنْ يَشَاءُ وَمَنْ يُؤْتَ الْحِكْمَةَ فَقَدْ أُوتِيَ خَيْرًا كَثِيرًا وَمَا يَذَّكَّرُ إِلاَّ أُولُو الأَلْبَابِ﴾
“U Oʻzi istagan kishilarga hikmat (foydali bilim) beradi. Kimga hikmat berilgan boʻlsa, bas, unga koʻp yaxshiliklar berilibdi. Vaʼz-eslatmalarni faqat ahli donishlargina oladilar”.[2]
Mufassirlar oyatdagi “الحكمة” (“hikmat”) soʻzini quyidagicha taʼvil qilgan: “Hikmat” lugʻatda “narsa va hodisalarning eng afzal jihatlarini anglash-tushunish, har bir ishning eng daqiq va nozik joylarigacha bilib, uni mukammal tarzda bajarish” maʼnosini bildiradi.[3] Hikmat ortidan nafaqat olimga, balki unga ergashgan odamlarga ham koʻp yaxshiliklar beriladi. Chunki odamlar olimning ilmi sababli dunyo va oxirat saodatiga erishadi.
Paygʻambar sollallohu alayhi vasallamdan bunday rivoyat qilinadi.
عَنْ أَبَى الدَّرْدَاءِ: فَإِنِّي سَمِعْتُ رَسُولَ اللَّهِ صلى الله عليه وسلم، يَقُولُ: “مَنْ سَلَكَ طَرِيقًا يَطْلُبُ فِيهِ عِلْمًا سَلَكَ اللَّهُ بِهِ طَرِيقًا مِنْ طُرُقِ الْجَنَّةِ، وَإِنَّ الْمَلائِكَةَ لَتَضَعُ أَجْنِحَتَهَا رِضَاءً لِطَالِبِ الْعِلْمِ، وَإِنَّ الْعَالِمَ لَيَسْتَغْفِرُ لَهُ مَنْ فِي السَّمَوَاتِ وَمَنْ فِي الأَرْضِ، و الْحِيتَانُ فِي جَوْفٍ الْمَاءِ، وَإِنَّ فَضْلَ الْعَالِمِ عَلَى الْعَابِدِ كَفَضْلِ الْقَمَرِ، لَيْلَةَ الْبَدْرِ، عَلَى سَائِرِ الْكَوَاكِبِ، وَإِنَّ الْعُلَمَاءَ وَرَثَةُ الأَنْبِيَاءِ، وَإِنَّ الأَنْبِيَاءَ لَمْ يُوَرِّثُوا دِينَارًا وَلا دِرْهَمًا، وَرَّثُوا الْعِلْمَ، فَمَنْ أَخَذَهُ أَخَذَ بِحَظٍّ وَافِرٍ”[4]. رَوَاهُ اَبُو دَاؤُدَ.
Abu Dardo[5] roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Men Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning bunday deb aytayotganlarini eshitdim: U zot: “Kim ilm talabida yoʻlga chiqsa, Alloh taolo unga jannatga eltuvchi yoʻlni yengil qilib qoʻyadi. Albatta Farishtalar tolibi ilm uchun, rozi boʻlgan holda, qanotlarini toʻshaydilar. Olim (kishi) uchun yeru osmondagi (barcha) zotlar, hatto suvdagi baliqlar ham istigʻfor aytadi. Albatta, olimning obid[6]ga nisbatan fazli Badr kechasidagi toʻlin oyning boshqa yulduzlarga nisbatan fazilatiga oʻxshaydi. Ulamolar paygʻambarlarning merosxoʻrlaridir. Paygʻambarlar biror dinor ham va biror dirham ham meros qoldirmaganlar. Ular ilmni meros qilib qoldirganlar. Kim uni olsa (dunyoda) ulugʻ nasibani olibdi”, dedilar. (Imom Abu Dovud rivoyati).
عَنْ أَبِى أُمَامَةَ الْبَاهِلِىِّ قَالَ: ذُكِرَ لِرَسُولِ اللَّهِ صلى الله عليه وسلم رَجُلاَنِ أَحَدُهُمَا: عَابِدٌ وَالآخَرُ عَالِمٌ، فَقَالَ رَسُولُ اللَّهِ صلى الله عليه وسلم: “فَضْلُ الْعَالِمِ عَلَى الْعَابِدِ كَفَضْلِى عَلَى أَدْنَاكُمْ”، ثُمَّ قَالَ رَسُولُ اللَّهِ صلى الله عليه وسلم: “إِنَّ اللَّهَ وَمَلاَئِكَتَهُ وَأَهْلَ السَّمَوَاتِ وَالأَرْضِ حَتَّى النَّمْلَةَ فِى جُحْرِهَا وَحَتَّى الْحُوتَ لَيُصَلُّونَ عَلَى مُعَلِّمِ النَّاسِ الْخَيْرَ”[7]. رَوَاهُ التِّرْمِذِىُّ.
Abu Umoma Bohiliy[8] roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga ikki kishi zikr qilindi: biri obid, boshqasi olim. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Olimning obidga nisbatan afzalligi xuddi mening sizning eng kichigingizdan afzalligimga oʻxshaydi”, dedilar. Soʻngra Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Albatta, Allohdan Uning farishtalari, osmonlar va yerning ahli, hattoki uyasidagi chumolilar va (suvdagi) baliqlar ham odamlarga yaxshilikni oʻrgatuvchi muallim (olim) haqqiga magʻfirat soʻrab duo qiladi”, dedilar”. (Imom Termiziy rivoyati).
Aslida sahoba, oʻzi katta baxt. Katta sahoba boʻladimi yoki kichik sahoba boʻladimi, u sahoba maqomidagi kishidir. Faqat katta sahobalar Paygʻambar sollallohu alayhi vasallam bilan koʻp vaqt birga boʻlib, koʻp narsani oʻrgangan. Shuningdek, obidlik ham yaxshi daraja. Ammo obidni olim bilan tenglashtirib boʻlmaydi. Olimning darajasi juda ham yuqori. Hadisi sharifda olim bilan obidning orasidagi farq xuddi Paygʻambar sollallohu alayhi vasallam bilan eng kichik sahobaning orasidagi farqqa oʻxshatildi.
Bu farqni toʻla tasavvur etish uchun Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallamning zoti muboraklari naqadar oliy ekanligini anglab yetishimiz kerak boʻladi. U zot odam bolasining eng ulugʻi, Paygʻambarlarning eng afzalidirlar. Oddiy insonlar ichida eng afzal insonlar sahobalar boʻlib, ularning ichida katta sahobalar, katta sahobalar ichida esa toʻrt xalifa eng afzalidir. Barchasining fazli jamlansa ham Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallamning fazllari oldida hech narsa boʻlmay qoladi. Endi mana shu qiyosni Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallam bilan eng kichik sahoba oʻrtasidagi farq bilan tasavvur qilib koʻraylik.
عَنِ ابْنِ عَبَّاسٍ قَالَ: قَالَ رَسُولُ اللهِ صَلَّى الله عَليْهِ وسَلَّمَ: «فَقِيهٌ وَاحِدٌ، أَشَدُّ عَلَى الشَّيْطَانِ مِنْ أَلْفِ عَابِدٍ [9]«. رواه ابن ماجة.
Ibn Abbos[10] roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Shaytonga mingta obiddan (koʻra) birgina faqih (olim) kishi qattiqroq (xavfliroq)dir”, dedilar. (Imom Ibn Moja rivoyati).
Obid koʻp ibodat qiluvchi, faqat oʻzini oxirat azobidan saqlash uchun ibodat bilan mashgʻul boʻladigan kishidir. Olim esa diniy va dunyoviy ilmlarni chuqur oʻzlashtirgan va bu bilimlari bilan jamiyatni dunyo va oxirat yaxshiliklariga yetaklaydigan kishidir. Olim odamlarni Allohning azobidan ogohlantirib, rahmatiga chaqiruvchi shaxs boʻlsa, shayton insonlarni mana shu saodatdan mahrum qilishga, oxiratda abadiy azobga mubtalo etishga harakat qiladi. Har ikkisining maqsadi ham, amali ham bir-biriga ziddir. Shu sababli shayton uchun mingta obiddan koʻra birgina olim xavflidir.
Nabiy sollallohu alayhi vasallamga merosxoʻr darajasidagi olimning sifati haqida salafi solihlar bunday deganlar:
Masruq[11] aytadi: “Kishining ilmli ekaniga Allohdan qoʻrqishining oʻzi dalil va kifoyadir. Uning johil – ilmsiz ekanligiga esa oʻziga oʻzining ajablanishi yetarlidir”.
Yahyo ibn Abu Kasir[12] aytadi: “Olim Allohdan qoʻrqqan kishidir. Allohdan qoʻrqish esa parhezkor (taqvodor)likdir”[13].
Ayyub Sixtiyoniy[14] aytadi: “Olim qudratli va ulugʻ Allohga tavoze qilgan holda boshiga kul qoʻyib yurishi lozim”[15].
Hasan Basriy[16] aytadilar: “Kishi agar ilm talab qilsa, (ilmini) xushusida, koʻzi, tili, qoʻli va dunyoga eʼtibor qilmasligida koʻrsatishni kechiktirmasin. Agar kishi ilm eshiklaridan birini qoqsa, unga amal qilsin. Ana shu ish unga dunyodagi bor narsalardan yaxshiroqdir. Agar mazkur narsalar oʻziniki boʻlsa, ularni oxirat uchun ishlatsin”.
Ibn Uyayna[17] aytadi: “Agar kunlarim yomon xulq va qoʻpollik boʻlsa, tunlarim esa johil ilmsizning kechasi kabi boʻlsa, unda ilmni yozib nima qildim!?” [18]
Abdulloh ibn Abbos roziyallohu anhu: “Ilm mohir notiqlikda emas, balki taqvoning koʻpligidadir”, degan.
Hasan Basriy esa: “Olim – Allohdan gʻoyibona qoʻrqqan va Alloh qiziqtirgan narsaga qiziqqan, Alloh yomon koʻrgan narsadan qochgan odamdir”, deb ortidan, “Allohdan bandalari orasidagi olim-bilimdonlargina qoʻrqar” oyatini tilovat qilgan.
Yuqorida keltirilgan oyat va hadislar Islom dini nuqtayi nazarida olimning fazilati va darajasini qanchalik buyukligini ifoda qiladi. Ammo bugungi kunda ayrim johil kimsalarning ulamolar, xususan, din arboblari shaʼniga turli asossiz soʻzlarni aytayotgani sogʻlom aql egalarini xavotirga solmoqda. Yuqorida zikr etilgan va koʻplab asoslarga koʻra, ulamolar shaʼniga tosh otish, obroʻsini toʻkishga harakat qilish sogʻlom ilm va islom dinining ilmiy hujjatlariga hujum sanaladi. Chunki Islomda odamlarning, xususan, ulamolarning shaʼni va hurmati qattiq himoya qilingan, inson shaʼniga tajovuz qilishning gunohi odam oʻldirganning gunohi bilan tenglashtirilgan.
Jumladan, Abdulloh ibn Amr va Ubboda ibn Somit roziyallohu anhumodan rivoyat qilingan hadisda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam:
عن عبدالله بن عمرو و عبادة بن صامت رضي الله عنهما: أن النبي صلى الله عليه وسلم قال: “ليس من أمتي من لم يجل كبيرنا ويرحم صغيرنا ويعرف لعالمنا حقه”[19].
“Kim yoshi ulugʻlarimizni ulugʻlamasa, kichiklarimizga mehribonlik (gʻamxoʻrlik) qilmasa va olimlarimiz haqqini bilmasa, u mening ummatimdan emas”, deb aytganlar. (Imom Buxoriy va Imom Ahmad rivoyati).
Ushbu hadisga binoan ulamolarga nisbatan salbiy fikrlar bildirib, negativ baho berayotganlar, ulamolarning islom dinidagi ilmiy va axloqiy mavqeini baholashda notoʻgʻri fikr bildirayotganlar Nabiy sollallohu alayhi vasallamning ummati emas, deyishimiz mumkin.
Demak, olimlar paygʻambarlarning vorisidir, Alloh taolo kimga yaxshilik va hikmat berishni iroda qilsa, uni olim qilib qoʻyadi. Ularni hurmat qilish dinni asrashdir, ularga nisbatan hurmatsizlik inson uchun halokatdir. Hasan Basriy rahmatullohi alayhdan rivoyat qilinadi:
عن الحسن أن أبا الدرداء قال:» كن عالمًا أو متعلمًا أو محبًّا أو متبعًا، ولا تكن الخامس فتهلك»[20].
Abu Dardo roziyallohu anhu bunday degan: “Yoki olim boʻlgin, yoki taʼlim oluvchi boʻlgin, yoki olimga quloq soluvchi boʻlgin, yoki olimni yaxshi koʻruvchi boʻlgin! Beshinchisi, yaʼni olimni yomon koʻruvchi boʻlmagin, halok boʻlasan!” )Imom Bayhaqiy va Imom Tabaroniy rivoyati(.
Xulosa qilib aytganda, ulamolar Islom dinining tayanchi, jamiyatning maʼnaviy ustunlaridir. Ularning ilmi, taqvosi va hikmati jamiyat rivojlanishi uchun gʻoyat muhim. Zero, ulamolarga hurmat koʻrsatish, ularning ilmidan foydalanish har bir musulmonning vazifasidir.