Home / FOTO LAVHALAR / IKKI MUASSASA BILAN HAMKORLIKKA ASOS SOLINDI

IKKI MUASSASA BILAN HAMKORLIKKA ASOS SOLINDI

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markaziga Turkiyaning Kirikkale universiteti va professor Fuat Sezgin nomidagi Islomiy ilmlar tarixi tadqiqotlari vaqfi qoʻshma delegatsiyasi tashrif buyurdi.

Mehmonlar Markaz faoliyati, uning ilmiy yoʻnalishlari, muzey, qoʻlyozmalar fondi va xalqaro hamkorlik aloqalari bilan yaqindan tanishdi.

Delegatsiya va markaz rahbariyati oʻrtasidagi muloqot davomida ilm-fan va diniy maʼrifatni yanada rivojlantirish, islom sivilizatsiyasi merosini oʻrganish hamda kelajak avlod uchun mustahkam maʼnaviy-ilmiy zamin yaratishdagi hamkorlik masalalari muhokama qilindi.

Shuningdek, tashrif doirasida tomonlar oʻrtasida oʻzaro anglashuv memorandumlari imzolandi. Bu hujjatlar ikki tomonlama aloqalarni yangi bosqichga olib chiqish, qoʻshma ilmiy tadqiqotlar, arxiv va qoʻlyozmalarni oʻrganish, xalqaro anjumanlar oʻtkazish, ilmiy nashrlar tayyorlash, mutaxassislar almashinuvi va yosh tadqiqotchilarni qoʻllab-quvvatlash kabi yoʻnalishlarni qamrab oladi.

Tomonlar mazkur hamkorlik orqali boy tarixiy va ilmiy merosni jahon jamoatchiligiga yetkazish, uni keng targʻib qilish va fan tarixi sohasida yangi tashabbuslarni roʻyobga chiqarish imkoniyatlari kengayishini taʼkidladi.

Tashrif davomida mehmonlar ishtirokida “Umumiy meros va kelajak: ilm-fanimiz tarixi” mavzusida davra suhbati oʻtkazildi.  Kirikkale universiteti rektori, professor Ersan Aslan Islom dunyosida kashf etilgan ilm xazinalarini oʻziga xos tarzda, mavjud voqelikdan kelib chiqqan holda  tasniflab berdi. Davra suhbatida asosiy eʼtibor islomning oltin davriga qaratilgan boʻlsa-da, mushtarak maqsad yoshlarimizga oʻtmishimiz haqida maʼlumot berish va ularni yorqin kelajakka tayyorlashdir.  Bu yoʻldagi hamkorlik uchala muassasa uchun ham xayrli boʻlsin!

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi
Matbuot xizmati

Check Also

Buyuk islomiy merosga ehtirom ifodasi

Samarqandda Imom Moturidiy tavalludining 1155-yilligiga bagʻishlab “Moturidiylik – bagʻrikenglik, moʻtadillik va maʼrifat taʼlimoti” mavzusida oʻtkazilgan …