Home / MAQOLALAR / OʻTGANLARNI XOTIRLASH VA TIRIKLARNI QADRLASH – INSONIY BURCHIMIZ

OʻTGANLARNI XOTIRLASH VA TIRIKLARNI QADRLASH – INSONIY BURCHIMIZ

Islom dini insonlarni odob-axloq, yaxshilik va ezgulikka chorlaydi. Shu bois, islom dinida oʻtganlarni xotirlash, ularning haqiga duo qilish  va tiriklarni qadrlash targʻib qilinadi.

Qurʼoni karimda Alloh taolo musulmon ummatini oʻtganlarni xotirlab, haqiga duo qiladigan ummat, deb taʼriflagan. Dinimizda oʻtganlarni eslash, haqqiga duo va xayr ehson qilish ibodat sanaladi. Shu bilan birga, bu amal tiriklar zimmasidagi burch boʻlib, dunyodan oʻtganlarning haqidir.

Qurʼoni karimda bunday deyilgan: “Ulardan keyin (dunyoga) kelgan zotlar ayturlar: “Ey Robbimiz! Oʻzing bizlarni va bizdan ilgari imon bilan oʻtganlarni magʻfirat etgin va qalblarimizda imon keltirgan zotlarga nisbatan gina paydo qilmagin! Ey Robbimiz! Albatta, Sen mehribon va rahmli zotdirsan!” (Hashr surasi, 10-oyat).

Alloh taolo ushbu oyatda oʻzidan oldin oʻtgan moʻminlarga magʻfirat soʻraganlarni madh qilmoqda. Bu esa vafot etganlar tiriklar istigʻforidan manfaat olishiga dalolat qiladi. Imonda oʻtgan zotlar haqiga istigʻfor aytmogʻimiz imonimiz taqozosidagi amaldir. Demak, islom ummatining xususiyatlaridan biri shuki, keyingilar oldin oʻtganlarni yaxshi sifatlarini yodga olib, haqiga xayrli duo qilishdir.

Albatta, biz musulmonlar oʻtganlar ruhini shod qilish maqsadida ularni qancha koʻp xotirlab duo qilsak, farzandlarimiz ham bunday amallardan ibrat oladi. Ular ham bizni xotirlab duo qiladi. Shuningdek, oʻtganlar oʻz ortida qolgan qarindosh va yaqinlari kabi hayot yurganlar duosidan umidvor boʻlishi haqida Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan hadis rivoyat qilingan.

Abdulloh ibn Abbos roziyallohu anhumo Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan bunday rivoyat qiladi: “Qabrdagi mayyit xuddi suvga choʻkayotib, yordamga chaqirayotgan kishiga oʻxshaydi. Otasidan yoki onasidan yoki aka-ukasidan yoki doʻstidan duo kelishiga intizor boʻladi. Agar unga duo yetib borsa, duo uning uchun dunyo va undagi narsalardan koʻra mahbubroq boʻladi. Albatta, Alloh taolo qabr ahliga Yer yuzidagilarning duolarini togʻlarning misolida kiritadi. Tiriklarning mayyitlarga hadyalari ular uchun istigʻfor aytmoqlikdir” (Bayhaqiy rivoyati).

Shuning uchun kishi vafot etgan kundan boshlab har kuni imkon qadar qilgan amallari savobini mayyitga bagʻishlab, sadaqa qilish uning farzandlari va yaqinlariga mustahabdir. Shuningdek, mayyitning oilasi uchun qoʻshnilar taom qilib chiqarishi ham mustahabdir.

Ulamolar janoza namozidagi duoni dalil qilib, oʻlgan kishi tiriklar duosidan manfaat oladi, degan. Janoza namozidagi duolar maʼlum va mashhurdir. Oʻtganlar nomidan yaxshi amallar qilib, savobini ularga bagʻishlash bevosita Rasululloh sollallohu alayhi vasallam tavsiyalari bilan shariatimizda joriy qilingandir.

Shuningdek, musulmonlar, vafot etgan inson qarzini boshqa birov, hatto begona kishi boʻlsa ham toʻlab qoʻysa, uning zimmasidagi qarz soqit boʻladi degan fikrga kelgan. Qurʼon qiroat qilib, savobi vafot etganga bagʻishlansa, uning savobi yetadi.

Har bir kishi oxirati obod boʻlishi uchun tirikligida yaxshi amal qilib yashashi lozim. Vafotidan soʻng farzand va yaqinlari duo va ehson qilib, uning haqiga savobini bagʻishlashi muqaddas dinimiz koʻrsatmalaridan biridir.

Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallam oʻzlarining hadislarida marhumlarni yodga olish odobini bayon qilib berganlar. Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Dunyodan oʻtganlarning yaxshi sifatlarini zikr qilinglar, ularning yomon sifatlarini zikr qilishdan saqlaninglar”, dedilar” (Imom Abu Dovud va Termiziy rivoyati). Oʻtganlarning yaxshi amallarini eslash, avvalo, ularning ruhini shod qilsa, qolaversa, yaxshi sifat, xayrli amal va solih kishilar eslansa, u joyga baraka yogʻilib turadi.

Sufyon ibn Uyayna rahmatullohi alayh: “Solihlar zikr qilingan joyga Allohning rahmati yogʻiladi”, degan. Chunki bu xayrli ishga targʻib hisoblanadi va solih kishilardan namuna olishga ragʻbat ortib, insonlarda yaxshilik qilishga harakat kuchayadi.

Anas roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Qaysi yosh yigit bir moʻysafidni yoshi ulugʻligi uchun ikrom koʻrsatib eʼzozlasa, Alloh oʻsha yosh yigitga mazkur oqsoqolning yoshiga kirishini va oʻsha yoshida unga ikrom, eʼzoz koʻrsatuvchini taqdir qiladi”, dedilar”.

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Kim kichigimizga rahm qilmasa va kattalarimizning haqini bilmasa, bizdan emas”, dedilar”.

Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi: “Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Musulmon keksani hurmat qilish, Alloh zimmasiga yuklagan Qurʼonga eʼtiborli boʻlish (yaʼni, Qurʼoni karimga ixlos bilan xizmat qilish) va adolatli imomga itoat qilish Allohning bandalariga boʻlgan ulugʻvorligidandir”, deganlar”.

Moʻmin-musulmonlar oʻzidan kichiklarga va bolalarga rahm qilishi, mehribon boʻlishi, boshini silashi lozim. Ayni paytda, kattalarning hurmatini joyiga qoʻyishi ham kerak. Bu ishlar moʻminlar siymosi, islom jamiyati aʼzosining belgisidir. Bunday jamiyatda yashab turib, kichiklarga rahm qilmagan, kattalarga hurmat koʻrsatmagan odam ana shu muborak siymoni yoʻqotadi. Buni yaxshi anglab, amal qilishimiz, kattalarga hurmatda, kichiklarga izzatda boʻlishimiz kerak. Demak, dunyodan oʻtganlarni yaxshilik bilan eslash va hayot boʻlganlar hurmatini joyiga qoʻyish insoniy burchimizdir.

Abduvosi SHONAZAROV,
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi

Check Also

AROSATDAGI FAROSAT

Har tilning tarjima qilib boʻlmaydigan soʻz va iboralari boʻladi. Bu haqda gap qoʻzgʻalganda koʻpchilik “andisha” …