Home / MAQOLALAR / ABU MANSUR MOTURIDIYNING “TAʼVILOT QURʼON” ASARI VA UNING SHARHI HAQIDA YANGI MAʼLUMOTLAR

ABU MANSUR MOTURIDIYNING “TAʼVILOT QURʼON” ASARI VA UNING SHARHI HAQIDA YANGI MAʼLUMOTLAR

Yurtimizda buyuk mutafakkir ajdodimiz, aqida ilmi rivojiga ulkan hissa qoʻshgan Imom Abu Mansur Moturidiy va u asos solgan moturidiylik taʼlimotini oʻrganishga alohida ahamiyat berilmoqda. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning “Imom Moturidiy tavalludining 1155-yilligini keng nishonlash toʻgʻrisida”gi qarori bu boradagi amaliy ishlarning yana bir yorqin ifodasidir.

Unga muvofiq, joriy yilda buyuk ajdodimiz, mutafakkir olim Imom Abu Mansur Moturidiy tavalludining 1155-yilligi mamlakatimizda keng nishonlanadi. Shu munosabat bilan tashkil qilinadigan tadbirlar doirasida Samarqand shahrida “Moturidiylik – bagʻrikenglik, moʻtadillik va maʼrifat taʼlimoti” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya oʻtkazish, shuningdek, moturidiylikka oid tadqiqotlar koʻlamini  kengaytirish vazifalari belgilangan.

Imom Moturidiy merosini oʻrganishning dolzarbligi shundaki, alloma oʻz asarlarida oʻsha davrdagi oqimlarning gʻoya va qarashlarini ham keltirib, ularga naqliy va aqliy dalillar bilan raddiya yozgan, daʼvolari asossiz ekanini koʻrsatib bergan. Oʻsha gʻoya va qarashlar bugun qandaydir destruktiv kuchlar tomonidan yangilanadigan boʻlsa, bizning ularga javobimiz tayyor, qarshi kurashishning usul va uslublari ham qoʻlimizdadir.

Samarqandda Abu Mansur Moturidiy asos solgan kalom taʼlimoti yillar oʻtib, butun islom olamiga tarqaladi va sunniylikdagi ikki yirik maktabning biriga aylanadi. Ushbu taʼlimotning mazmun-mohiyati va tarixini oʻrganishdan avval allomaning hayoti va jamiyatda tutgan mavqeini chuqur tadqiq qilish kerak. Moturidiya taʼlimoti XI asrdan boshlab islom olamida shuhrat qozonadi va shu davrdan alloma shaxsiga qiziqish kuchayadi.

Mutakallim islom dinidagi sunniylarning toʻrtta asosiy mazhabi asoschilarining asarlarini oʻrganib, oʻzi ham arab tilida tafsir va eʼtiqodga oid “Taʼvilot ahli as-sunna” (Taʼvilot Qurʼon) ni yozadi. Bundan koʻzlangan asosiy maqsad “Ahli sunna val jamoa” taʼlimotiga zid qarashlarni rad qilishdir. Bu asardan eʼtiqodiy masalalar va fiqhda keng foydalaniladi. Abu Mansur Moturidiy bu asarini yozishda asosan Abu Hanifaning qarashlariga suyanadi. “Taʼvilot Qurʼon” ilk bor birinchi jildi 1971-yilda Sayid va Ibrohim Avadaynlar tomonidan nashr etildi. Xuddi mana shu kitob  bangladeshlik olim  A.A.Rahmon  tomonidan 1981-yil yangi qoʻshimchalar bilan qayta nashr qilindi. Asarning chop qilinishi Moturidiy kalomiga oid bir qator maqolalar yozilishiga sabab boʻldi. F.Sezgin oʻzining “Arab qoʻlyozmalari tarixi” kitobida “Kitob taʼvilot” asarining dunyo fondidagi nusxalari haqida qimmatli maʼlumot beradi. Soʻnggi yillarga  kelib, uning toʻliq nashrlari ham amalga oshirildi. 2004-yil Fotima Yusuf Xaymi tomonidan 1-5 jildlari Bayrutda nashr etildi. Yana biri Mujdiy Baslum tomonidan tayyorlangan boʻlib, 2005-yil Qohirada  “Maktabatul karamat” nashriyotida chop etilgan. Eng soʻnggi 2008-2009-yillardagi ilmiy nashri Turkiyada doktor Ertigul Boynukalin tomonidan tayyorlangan, unga professor, doktor Bekir Toʻpalu oʻgʻli ilmiy muharrir boʻlgan. Turkiyadagi “Darul mezon” nashriyotida uning yetti jildi chop etildi. Soʻnggi yillarda Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida “Taʼvilot Qurʼon”ning 30-jildi arab tilidan oʻzbek tiliga tarjima qilindi. Qolgan jildlari Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi olimlari tomonidan tarjima qilinmoqda.

“Taʼvilot Qurʼon” asarining 2 ta  nusxasi Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti qoʻlyozmalar fondida №5126 va №5127 raqamlari ostida saqlanadi.

Toshkent fondidagi №5126 raqam ostida saqlanayotgan nusxasi asarning ikkinchi jildidir. Ikkinchi jild (daftar)ning umumiy hajmi 258 varaq, sharq qogʻoziga qora siyoh bilan koʻchirilgan. Qoʻlyozma asarning bir qismi – LXII-CXIV suralar taʼvilini oʻz ichiga oladi. Qoʻlyozmaning 171a sahifasida bu asar Xoja Muhammad Porso kutubxonasida saqlangani toʻgʻrisida belgi bor. Unda jumladan shunday deyiladi; “Ushbu kitob Buxoro shahrining Kuyi Dixqon manzilidagi kutubxonaga Alloh bandasi Muhammad al-Xofizi al-Buxoriy tomonidan vaqf qilingan”.

Eʼtiborli jihati shundaki, yuqorida tilga olingan qoʻlyozma “Kitob taʼvilot”ning hozirgi kunga qadar dunyodagi eng qadimiy nusxasi boʻlib turibdi. Mazkur nusxaning tavsifi СВР (Собрание восточных рукописей. – Т.I-XI. – Т.: Фан, 1952-1987)ga kiritilmagan edi va u ilk bor maqola muallifi (Sh.Z) tomonidan ilmiy muomalaga kiritildi (Abu Mansur al-Moturidiy va uning “Taʼvilot ahl as-sunna” asari haqida yangi maʼlumotlar // Sharqshunoslik. – 1999. – № 9. – B.66-73).

Bu qoʻlyozma 529/1134-35-yillarda koʻchirilgan. Buxoro jome masjidida qabul qilingan va tahrir etilgan (Qubila va suhhiha fi masjidi jaʼmi al-Buxara).

“Kitob taʼvilot” asarining yana bir nusxasi 5127 inv. raqami ostida saqlanadi. Bu nusxa asarning oxirgi jildidir. Nasx yozuvida koʻchirilgan bu nusxa 294 varaqdan iborat. Kitob oʻlchami 19,5 x 15,5 sm., matn har sahifaga 19 qatordan joylashtirilgan. Qoʻlyozma qora siyoh bilan sharq qogʻoziga yozilgan. Bu jild jigarrang charm muqovali, gʻilof ishlangan. Bunday muqovalash usuli Usmoniylar davriga xos. Muqovaning yuzida bir boʻlak qadimiy qogʻozga “Kitob taʼvilot” soʻzlari yozilgan boʻlib, yozuv yillar davomida eskirib, koʻz ilgʻamaydigan darajaga kelib qolgan. Qoʻlyozmaning boshlangʻich varagʻidagi (1a) yuqori satrda “Tafsiri shayx Abu Mansur al-Moturidiy” deb yozilgan. Shu sahifaning quyirogʻida shunday yozuvlar bor: “Bu oxirgi daftar buyuk imom, zohid, hidoyat yoʻli imomi, ahli sunna va jamoa raisi shayx Abu Mansur Muhammad ibn Muhammad ibn Mahmud al-Moturidiydan naql qilingan”. Varaqning chap tarafiga “Muhammad ibn Muhammad ibn Nasr al-Hofiz al-Buxoriy mulki” deb yozib qoʻyilgan.

Ikki nusxa ham mashhur Xoja Muhammad Porsoning kutubxonasiga tegishli (qarang: Shovosil Ziyodov, Ashirbek Muminov et Elizaveta Nekrasova «La “Bibliothèque de Khwâja Muhammad Pârsâ” revisitée», [Studia Iranica. Cahier 40], Paris: 2009, pp.17-41;).

Shu fondning oʻzida “Kitob taʼvilot” asarining mashhur hanafiy fiqh olimi Alouddin Samarqandiy (GAL, Suppl., I, 640) tomonidan yozilgan  sharhi ham mavjud boʻlib, uning nusxalari № 3249 va № 3155 raqamlari ostida saqlanadi. Bularning ham har ikkisi Xoja Muhammad Porso kutubxonasidandir. Bu nusxalarning biri (№ 3249), ayniqsa, qimmatlidir. Uning eng diqqatga sazovor joyi – uning sarvaragʻidir (1a). Unda ikki isnod keltirilgan.

Qoʻlyozmaning sarvaragʻi shunday iboralar bilan boshlanadi:

اسناد تصانيف عالم الهدى رئيس اهل السنة ابى منصور الماتريدي رضى الله عنه و اباته الجنة قال… اخبرنا الشيخ الامام حافظ الدين محمد بن محمد بن نصر البخاري قال اخبرنا الشيخ الامام العالم الرباني الحبر الرحماني صاحب الاصول و الفروع شمس الدين محمد بن عبد الستار العمادي الكردري رضي الله عنه تغمد الله بالرحمة و الرضوان قال اخبرنا الشيخ نجم الدين ابو حفص عمر بن محمد بن احمد النسفي قال اخبرنا الشيخ الامام القاضي ابو اليسر محمد بن محمد بن الحسين بن عبد الكريم النسفي عن ابيه عن جده عن ابيه عبد الكريم عن الشيخ الامام عالم الهدى رئس اهل السنة ابي منصور محمدبن محمد بن محمود الماتريدي السمرقندي تغمد الله بالرحمة و الرضوان.

الدفتر الاول من كتاب شرح التأويلات للشيخ الامام الزاهد رئس اهل السنة و الجماعت ابي منصور الماتريدي طيب الله تربته و اعلاه رحمة شرحه الشيخ الامام علاؤ الدين ابو بكر محمد بن احمد السمرقندي

“Ahl as-sunna raisi Abu Mansur al-Moturidiy – Alloh undan rozi boʻlsin – hidoyat ilmi peshvosidan ash-shayx al-imom Hofiz ad-din Muhammad ibn Muhammad ibn Nasr al-Buxoriyga asarlar quyidagi isnod bilan yetib keldi: ash-shayx al-imom ar-rabboniy, usul va furuʼ sohibi Shams ad-din Muhammad ibn ʻAbd as-Sattor ibn Muhammad al-ʻImodiy al-Kardariy xabar qildi (Alloh uni rahmatiga va rizosiga yoʻllasin), unga, oʻz navbatida, ash-Shayx al-Imom Najm ad-din Abu Hafs ʻUmar ibn Muhammad ibn Ahmad an-Nasafiy aytdi, ash-Shayx al-Imom al-qozi Abu Nasr Muhammad ibn Muhammad ibn al-Husayn ibn ʻAbd al-Karim an-Nasafiy, u – otasidan, u – bobosidan, u esa – otasi ʻAbd al-Karimdan, u esa – ash-shayx, hidoyat yoʻliga boshlovchi, ahl as-sunnaning raisi Abu Mansur Muhammad ibn Muhammad ibn Mahmud al-Moturidiy as-Samarqandiydan – Alloh uni rahmati va rizosi bilan qoʻllasin – aytadi”, degan soʻzlar bilan birinchi isnod matni tugaydi.

Ikkinchi isnod “Sharh Taʼvilot”dan bu birinchi daftarni shayx imom ar-rohib ahl as-sunna va jamoaning raisi Abu Mansur al-Moturidiydan – Alloh uning tavbasini qabul etib, rahmati va rizosi bilan qoʻllasin – Shayx al-Imom ʻAloʻ ad-din Abu Bakr Muhammad  ibn Ahmad as-Samarqandiy sharhlagan” degan jumla bilan tugaydi.

Yuqoridagi izohda Moturidiy taʼlimoti, asarlari oʻz zamonasida keyingi davrlardagidek mashhur boʻlmaganiga ishora mavjud. Bu asar dastlab Abdulkarim Pazdaviy (vaf. 999-y.) oilasi aʼzolari orasida naql etiladi. XII asrdan boshlab esa ulamolar orasida keng tarqala boshlaydi. Yana shuni taʼkidlab oʻtish joizki, Moturidiya taʼlimoti Samarqanddan Buxoroga yoyilishi tafsilotlarini ham shu manba asosida oʻrganish mumkin.

Aytish mumkinki, bu yangi manbalar Moturidiyning shaxsiy hayotiga doir ayrim jihatlarga bir qadar aniqlik kiritadi va uning taʼlimoti bilan bogʻliq qimmatli maʼlumotlar beradi.

Shovosil ZIYODOV,
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori,
tarix fanlari doktori, professor

Check Also

MOTURIDIY MEROSIGA BAGʻISHLANGAN XALQARO KONFERENSIYA

Tas-ix: