Imom Moturidiy haqida so‘z ochilganda, dastlab yodga keladigan martabalar Imomul huda (hidoyatga boshlovchi imom) va Imomul mutakallimindir (kalom ilmi olimlarining peshvosi). Dunyo musulmonlarining aksariyati asarlarini hujjat deb qabul qiladigan, aqidasini tayanch deb biladigan alloma boshqa yuksak unvonlar bilan ham sharaflangan. Alamulhuda (hidoyat bayrog‘i), Musahhih aqoidilmuslimin (musulmonlar aqidasini isloh etuvchi), Qudvaahlissunna (ahlisunna peshvosi) shular jumlasidandir.
Abu Mansur Muhammad ibn Muhammad ibn Mahmud Hanafiy Moturidiy Samarqandiy hanafiylik mazhabi asoschisi Imom A’zam, Qur’oni karimdan keyin turadigan eng mo‘’tabar manba sanaluvchi “Sahihul Buxoriy”ning muallifi Imom Buxoriy kabi islom olamining eng e’tiborli va e’zozli allomalari safida doimo katta hurmat bilan tilga olinadi. Bu bejiz emas. Hidoyatga boshlovchi imom islom tarixining o‘ta tahlikali davrida yuzaga kelgan ko‘plab buzg‘unchi oqimlarga mardonavor qarshi turish va ularning har biriga komil asosli raddiyalar berishga jur’at va shijoat topa olgan, aqida – kalom ilmiga asos solib, ahli sunnani eng mustahkam poydevor uzra jipslashtirishga bor kuch-g‘ayrati, ilmi va salohiyatini yo‘naltira bilgan benazir allomadir.Moturidiya ta’limoti ahli sunna val jamoa aqidasining asl o‘zagi ekanini shu bois ham barcha zamonlarda barcha ulamolar birdek e’tirof etgan.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Imom Moturidiy tavalludining 1155 yilligini keng nishonlash to‘g‘risida”gi qaroriga binoan qadim Samarqandda “Moturidiylik – bag‘rikenglik, mo‘’tadillik va ma’rifat ta’limoti” mavzuidagi xalqaro ilmiy-amaliy anjuman bo‘lib o‘tdi. Uning doirasida O‘zA muxbiri Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi Qodirxon MAHMUDOV bilan suhbatlashdi.
– Avvalo, Imom Moturidiyning islom tarixidagi o‘rni va diniy ilmlar rivojida uning ta’limoti qanday ahamiyat kasb etishi haqida so‘zlab bersangiz?
– Imom Moturidiy har bir adashgan oqimning ta’limoti botil ekanini raddiyalar bilan asoslay borib, pirovardida ularni “ochiq jang maydoni”da butunlay mag‘lub qilishdek ulkan jasorati bilan Imomul huda unvoniga sazovor bo‘ldi. Imomul mutakallimin martabasiga esa, aqidaning ham o‘z davri, ham kelajak avlod uchun o‘lmas ilmiy poydevorini bunyod qilgani, asrlarga tatiydigan manba, ikkilanmay aytish mumkinki, oxirzamonga qadar kuchini saqlab turadigan istehkomni qad rostlatgani uchun munosib topildi.
Bu fikrni tasdiqlash uchun “Ta’vilotul Qur’on”ning istalgan joyiga nazar solishning o‘zi kifoya. Alloma Mushafi sharifni tafsir va ta’vil qilar ekan, o‘sha davrdagi oqimlarning g‘oya va qarashlarini keltirib, ularga naqliy va aqliy dalillar bilan javob beradi, qayerda qanday adashganini, xatosi nimadan iborat ekanini ko‘rsatib beradi. Shu bilan birga, go‘yo uzoq kelajakka ko‘z tikib, o‘zidan keyin ro‘y berajak voqealarni ko‘rgandek, “agar bizga falon-falon deb savol berishsa, u holda bunday deymiz…” deb, hali o‘rtaga chiqmagan, bahs maydoniga tashlanmagan masalalarni ham keltiradi va ularning yechimini ko‘rsatib beradi.
Imom Moturidiy shunchaki tafsir bilan cheklanib qolmagan. Ya’ni “Alloh taolo ushbu oyatda bunday deyapti, uning ma’nosi bunday bo‘ladi, Parvardigor mana buni nazarda tutgan”, deyish tafsir bo‘lsa, ta’vil oyatning tub mazmunidan kelib chiqadigan boshqa ma’nolarga yo‘nalish berish, zarurat taqozo qilganda bir ma’noni unga mos yana bir ma’noga burib izohlashdir. Soddaroq aytadigan bo‘lsak, “Ta’vilotul Qur’on”ning dohiyona asar ekaniga oddiy misollardan biri shuki, muallif o‘zining so‘z va fikrlari to‘g‘riligiga avvalo Qur’onning o‘zidan dalil keltiradi. Deylik, bir oyatni keltira turib, uning zamiridan boshqa o‘rinda boshqa oyat haqida aytgan boshqa fikri to‘g‘ri ekaniga dalolat bo‘ladigan ma’nolarni chiqarib beradi. Keyingi oyat haqidagi fikriga, yana bir boshqa oyatni dalil qilib keltiradi. Bunday asosni esa, tabiiyki, hech qanaqasiga inkor etib yo rad qilib bo‘lmaydi.
Tafsir sahobalarga, ta’vil fiqh ahliga xos, deyishadi. Buni ham soddaroq aytadigan bo‘lsak, tafsir oyat nozil bo‘lgandagi vaziyatni, nozil bo‘lish sabablarini, o‘sha paytdagi butun sharoitni, holatning haqiqatini aniq bilgan shaxsning so‘zlaridir. Ta’vilda esa, qat’iy maqsad-ma’no emas, balki qaysidir ma’nolarga yo‘yib tushunish mumkinligi aytiladi. Misol uchun, “Alhamdu lillahi” so‘zlarini ba’zi mufassirlar “Alloh O‘ziga hamd aytgan” deb, ayrimlari “O‘ziga hamd aytishni buyurgan” deb tafsir qilgan. Buni ta’vil bilan aytadigan bo‘lsak, quyidagi shaklga keladi: “Bu o‘rindagi hamd Unga hamdu sano aytmoq, Uni maqtamoq ma’nosiga yo‘yiladi, Unga shukr qilish amr etilmoqda, deb tushuniladi, nimani iroda qilganini esa, Yaratgan Egamning O‘zi yaxshi biladi”. Imom Moturidiy ikki yo‘nalishni ham oladi: Alloh O‘zini maqtashga haqli ekanini ham, bu so‘zlarda bandalarga buyruq-amr borligini ham asoslab beradi.
– “Moturidiylik – bag‘rikenglik, mo‘’tadillik va ma’rifat ta’limoti” mavzuidagi xalqaro ilmiy-amaliy anjuman to‘g‘risidagi fikrlaringiz?
– Forum alloma merosini o‘rganish va targ‘ib etish borasida xalqaro miqyosdagi yangi hamkorlik rishtalarini vujudga keltirishiga shubha yo‘q. Dunyo bo‘ylab moturidiylikning eng zabardast olimlarini bir joyga to‘plagan bu anjuman islom olamida yangi muloqot platformasini yaratish bilan birga, bugun har turli shiorlar, buzg‘unchi mafkura va g‘alamis ishlar bilan muqaddas dinimizni yomonotliq qilishga urinayotgan kuchlarga qarshi kurashish uchun mustahkam istehkomni ham paydo qiladi. Negaki, Imom Moturidiyning yot g‘oya va firqalarga qarshi raddiyalari yana bir bor olam uzra bo‘y ko‘rsatib, har xil oqimlarni yana bir karra o‘zining manfur ovozini ichga yutishga majbur qiladi.
Bir so‘z bilan aytganda, ushbu anjuman bahonasida O‘zbekiston va dunyo ulamolari yana bir karra, ta’bir joiz bo‘lsa, “soatlarini tekshirib oladi”, turli buzg‘unchi kuchlarning uni o‘chadi, allomaning ruhi yana bir karra shod bo‘ladi. Zero, 12 asr avval ko‘targan bayrog‘i yana yuksak-yuksaklarda mavjlanadi.
Ayni paytda ushbu forum nafaqat musulmon olami, balki butun jahon ahli uchun dolzarb masala va muammolar yuzasidan fikr almashish, tajriba va ko‘nikmalar bilan o‘rtoqlashish, ilg‘or taklif va tashabbuslarni ilgari surish uchun eng samarali muloqot maydoni bo‘lyapti.
Bu yerda o‘z sohasining yetuk bilimdonlari sanalgan olim va ulamolar hozir bo‘lgani uchun allomaning merosi haqida hammamiz yaxshi taniydigan atoqli ilm odamining – “Al-Azhar” islom ilmlari majmuasi Bosh kotibi Shayx Muhammad Nazir Ayyadning “Ta’vilotul Qur’on” haqidagi so‘zlarini yodingizga solmoqchiman: “Bu kitob tafsir sohasida yozilgan asarlar orasida eng ahamiyatlisi va eng avlosidir. U ahli sunna val jamoa nazdida eng asosiy manba deb hisoblanadi. Zero, muallif dinning haqiqatlarini isbotlab berish, uning mazmunini bayon qilish uchun ham aqliy, ham mantiqiy dalillarni keltiradi”.
– Imom Moturidiy ilmiy merosining bugungi kundagi ahamiyati haqida nimalar deya olasiz?
– Imom Moturidiy nomi islom olamining eng e’tiborli va e’zozli allomalari safida doimo katta hurmat bilan tilga olingan va hamisha shunday bo‘lib qoladi. Buning eng asosiy, funtamental sababi shuki, alloma islom tarixining o‘ta og‘ir davrida, har xil firqalarning fitnalari avj olib, musulmon jamoalar bir-biriga g‘ayirli nazar bilan qarab qolgan pallada yashab ijod qilgan.
Imom Moturidiyning islom aqidasini tartibga solish, yot g‘oyalarga qarshi asosli raddiyalar berish maqsadida tanlagan kurash yo‘li, o‘sha mash’um zamonda, bundan o‘n bir asr avvalgi vaqtlarda yozgan asarlari bugungi kunda ham o‘zining dolzarbligini yo‘qotmay kelayotgani, ahli sunna val jamoa uchun dasturulamal vazifasini o‘tayotgani uning hamisha har tomonlama haq bo‘lib kelgani va haq bo‘lib qolayotganiga dalolat bo‘ladi, albatta.
Aqida – kalom ilmiga asos solgan, o‘z davri uchun ham, kelajak avlod uchun ham o‘lmas ilmiy poydevor bunyod qilgan, asrlarga tatiydigan manba yaratgan alloma ijodining ahamiyatli jihati shundaki, bugun har qanday yot g‘oya yoki oqimga qarshi kurashda, har qanday buzg‘unchi kuchning unini o‘chirishda barchamiz hech ikkilanmasdan moturidiya ta’limotiga murojaat qilamiz, fitnachilarga raddiya berishda Imom Moturidiy merosidan javob izlaymiz va albatta topamiz ham. Bu fikrni tasdiqlash uchun “Ta’vilotul Qur’on” yo “Tavhid” asarlarining istalgan sahifasiga nazar solish kifoya.
Odatda ilmiy asar boshlang‘ich, o‘rta yo oliy ma’lumotga ega shaxslar uchun yoziladi. Oliy ta’lim dargohida oliy matematikadan ta’lim olish uchun maktabda Pifagor teoremasini yaxshilab o‘rgangan bo‘lish zarur. Bu – ilmiy haqiqat.
Lekin Imom Moturidiy merosi haqida so‘z yuritsak, alloma “Ta’vilotul Qur’on”ni shunday yozganki, uni islom ta’limotining har qanday bosqichida bo‘lgan inson bemalol o‘qib, o‘ziga kerakli ma’lumotni ola biladi.Masalan, alloma uyqu haqida fikr yuritib, bu hodisaning yaratilishi Parvardigorning hukmi hamma uchun birdek qonun ekanini anglatishini, hamma Qodir Xudoning tasarrufida ekanini bildirishini ta’kidlaydi. “Uyqudan saqlanish hech kimning qo‘lidan kelmaydi, undan qutulishning hech qanday imkoni yo‘q”, deydi. Keyin uyquni og‘ir yukka qiyoslab davom etadi. Ya’ni kishi yelkasiga yuk olsa, horg‘in bo‘ladi. Uni qo‘ymaguncha charchog‘i ketmaydi. Uyqudan qolgan kishi ham halovatini yo‘qotadi. Uyqudan keyin esa yengillik va rohatni his qiladi.
Imom Moturidiy Naba’ surasining 10-11-oyatlaridagi “Kechani (barcha narsani yashirib turadigan) libos qildik. Kunduzni esa, tirikchilik vaqti qildik” so‘zlarini ta’vil qilayotganda, tunga nisbatan qo‘llangan “libos” so‘zi ko‘zlarning libosi (to‘silishi) ekanini, undan boshqa narsa emasligini aytadi. Buning tasdig‘i uchun o‘sha “libos” issiq yo sovuqdan keladigan zahmatning oldini olishda bizning tushunchamizdagi libosning vazifasini bajarmasligini ta’kidlaydi. Xuddi shu tarzda kunduz tirikchilik qilinadigan vaqt ekanini aytadi. “Uning o‘zi tirikchilik vositasi emas. An’om surasining 96-oyatida kunduz“mubsiron” deyiladi, chunki uning vositasida narsalar ko‘riladi. Lekin bu uning, kunduzning o‘zi mustaqil ravishda ko‘ruvchi ekanini anglatmaydi”, deydi.
Alloma Alloh so‘zining nimadan ishtiqoq qilingani, ya’ni etimologiyasi haqida so‘z yuritar ekan, bu kalima bilan Yaratuvchi zikr etilishini, u bilan Parvardigorga duo qilinishini aytadi va har xil tillarda turli shaklda bo‘lsa-da, ma’no-mohiyati doim bir xil qolishini ta’kidlaydi. “So‘zlash chog‘ida tovush va bo‘g‘inlar faqat maqsadni anglatish uchungina ishlatilishi o‘sha tovush va bo‘g‘inlar aynan ismning o‘zidir degan tasavvurga olib bormaydi”, deydi.
Bu o‘zbek xalqining holva degan bilan og‘iz shirin bo‘lib qolmasligi to‘g‘risidagi naqliga o‘xshaydi. Ya’ni alloma bu shoh asarini olim ham, avom ham birdek tushunadigan sodda, ravon tilda, xalqchil uslubda, ayni paytda yuksak ilmiy saviyada, fikrlarni har tomonlama asoslagan holda yozgan.
– Ya’ni Imom Moturidiy ilmiy merosi hozirgi davrda maydonga chiqayotgan masala va muammolarga ham yechim bo‘ladi, shundaymi?
– Albatta. Imom Moturidiy merosini o‘rganishning dolzarbligi shundaki, alloma o‘z asarlarida o‘sha davrdagi oqimlarning g‘oya va qarashlarini ham keltirib, ularga naqliy va aqliy dalillar bilan raddiya yozgan, da’volari asossiz ekanini ko‘rsatib bergan. O‘sha g‘oya va qarashlar bugun qandaydir destruktiv kuchlar tomonidan yangilanadigan bo‘lsa, bizning ularga javobimiz tayyor, qarshi kurashishning usul va uslublari ham qo‘limizdadir.
Shu bilan birga, Hidoyatga boshlovchi bu buyuk imom kelajakni ko‘ra bilgani inkor etib bo‘lmas haqiqatdir. Allomaning asarlari boshqa kitoblardan shunisi bilan ham farq qiladiki, u o‘zidan keyin ro‘y beradigan voqealarni ko‘rgandek, “agar bizga falon-falon deb savol berishsa, u holda bunday deymiz…” deb, hali o‘rtaga tashlanmagan masalalarni ham keltiradi va ularning yechimini ko‘rsatib beradi.
Imom Moturidiy ta’limotida muayyan masala yuzasidan bildirilgan har bir fikr avvalo Qur’oni karim oyati bilan asoslanadi. Shuning uchun uning ta’kidlarini rad qilib bo‘lmaydi. Albatta, alloma hadislarga, sahobalar va mujtahid ulamolarning fikrlariga ham tayanadi. Lekin bu uning haqligiga salbiy ta’sir qilmaydi, aksincha, yanada mustahkamlaydi.
Mana shu omillarni nazarda tutgan holda ishonch bilan aytish mumkinki, ushbu konferensiya islomni yot aqidalardan himoya qilish, uning sof insonparvarlik va tinchlikparvarlik, bunyodkorlik va hamkorlik, bag‘rikenglik va mo‘’tadillik g‘oyalarini targ‘ib etishda, buzg‘unchi kuch va g‘oyalarga qarshi turishda xalqaro ilmiy-amaliy hamkorlikning, keng ko‘lamda tajriba, bilim, mahorat va ko‘nikmalar bilan o‘rtoqlashish uchun qulay imkoniyatlar maydonini yuzaga keltiryapti.
Anjumanda o‘rtaga tashlangan fikr va g‘oyalar, ilgari surilgan taklif va tashabbuslar faqat konferensiya doirasi bilan cheklanib qolmaydi, balki turli shakl va mexanizmlardan iborat bardavom muloqotga debocha bo‘ladi, albatta.
O‘zA muxbiri G‘olib HASANOV suhbatlashdi.
Manba