Home / MAQOLA / JOHILLIK DARAJASIGA TUSHIRADIGAN AMALNI BILASIZMI?

JOHILLIK DARAJASIGA TUSHIRADIGAN AMALNI BILASIZMI?

Itoat islomning muhim shartlaridan biridir. Musulmonlarning Alloh va Rasuliga itoat etishi farz boʻlgani kabi oʻz rahbarlariga itoati ham farzdir. Bu haqda Qurʼoni karimda bunday deyilgan: “Ey imon keltirganlar! Allohga itoat qiling, Paygʻambarga va oʻzingizdan boʻlgan ish egalariga (boshliqlarga) itoat qiling” (Niso surasi, 59-oyati).

Ushbu oyat bilan rahbarga itoat qilish xuddi Alloh va Rasuliga itoat etish kabi farz qilingan. Farzning inkori – rahbarga itoatsizlik katta gunoh boʻladi. Lekin bu itoatning oʻziga xos talablari bor. Faqat Allohning toatiga, bandalarning diniy yo dunyoviy manfaatlariga, islohotlarga buyurilganda itoat farz boʻladi. Ammo gunoh ishlar amr etilganda itoat qilinmaydi. Masalan, rahbar qoʻl ostidagilarga yo ulardan biri oʻgʻirlik yo zino qilish kabi ishlarni buyursa, unga sira ham holatda itoat etilmaydi. Chunki Imom Ahmad va Tabaroniy Imron ibn Husayn roziyallohu anhudan rivoyat qilgan hadisda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Allohga osiy boʻladigan vaziyatda bandasiga itoat qilinmaydi. Itoat yaxshi ishlarda boʻladi”, deganlar.

Anas Ibn Molik roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Sizga boshi mayizdek (qora) habashiy hokim etib tayinlangan boʻlsa ham quloq soling va boʻysuning!” dedilar” (Imom Buxoriy rivoyati).

Barcha ulamolar rahbarga itoatni Alloh va Rasuliga itoat singari farz deb bilgan. Xususan, Abu Jaʼfar Tahoviy rahimahulloh bunday deydi: “Imomlarimiz va rahbarlarimiz bizga zulm qilsa-da, ularga qarshi chiqishni haq deb bilmaymiz. Hech birini qargʻab, duoibad qilmaymiz. Ularga itoat qilishdan bosh tortmaymiz. Modomiki, gunoh ish buyurmas ekan, ularga itoat qilishni Allohga itoat qilishdek farz deb bilamiz. Ularning haqqiga salohiyat, tavfiq va salomatlik soʻrab duo qilamiz” (“Aqidatut Tahoviy”).

Taʼkidlanganidek, rahbarga itoat qilish lozim. Ammo gunoh ish buyursa, itoat etilmaydi. Faqat sabr qilib, unga qarshi qurol koʻtarishdan tiyilish lozim. Zero, Abdulloh ibn Abbos roziyallohu anhumo Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan: “Kim amir tomonidan biror qarorni nomaʼqul koʻrsa, sabr qilsin. Chunki, kim podsho qarorlaridan bir qarich boʻlsa-da tashqari chiqsa, shubhasiz johillik boʻlib (johil maqomida) oʻladi”, deb rivoyat qiladi (Imom Buxoriy, Imom Muslim, Imom Dorimiy, Imom Ahmad rivoyati).

Buyuk vatandoshimiz Umar Nasafiy rahimahullohning mana bu soʻzlari ham yuqoridagi fikrni qoʻllab-quvvatlaydi: “Imom fosiqligi va jabri sababli ishdan chetlatilmaydi” (“Aqoidun Nasafiy”).

Kaʼbul Axbordan rahbarlar haqida soʻrashganda: “Ular – Allohning Yerdagi soyasi. Kim ularga nasihat qilsa, toʻgʻri yoʻlni topadi. Kim ularni aldasa, adashadi”, degan.

Huzayfa ibn Yamon roziyallohu anhu: “Rahbarlarni soʻkmang.Chunki ular Allohning yerdagi soyasidir. Alloh ular bilan haqni qoim qiladi, dinni oshkor qiladi, zulmni daf qilib, fosiqlarni halok qiladi”, degan.

Abu Said Xudriy roziyallohu anhudan bunday rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Qiyomat kuni Alloh taologa eng suyukli va eng yaqin boʻladigan banda odil rahbardir”, deganlar” (Imom Termiziy rivoyati).

Toʻrt xalifadan keyin kelgan rahbarlar va amirlar orasida zulm ochiqchasiga keng tarqalgan boʻlgan. Islomning dastlabki uch asrida yashab oʻtgan sahobalar, tobeinlar va ulardan keyingilar rahbarlarga qarshi qoʻzgʻolon koʻtarish fikridan yiroq boʻlgan. Islom tarixida musulmon rahbarga qarshi isyon koʻtarib chiqqan ilk toifa “xavorijlar” boʻlib, ular hazrati Ali roziyallohu anhuning xalifaligini tan olmagan. Bugun musulmonlarni rahbarlarga qarshi isyon qilishga daʼvat etayotgan baʼzi kimsa yo toifalar aynan oʻsha “xavorijlar”ning maʼnaviy davomchilaridir.

Afsuski, bugun ham noshukrlik qilib, rahbarlar haqqiga noloyiq gaplar gapiradigan, imomlarni “saroy mullalari” deb masxara qiladigan johillar ham uchrab turibdi. Chunki ular bu gunohning oʻzi uchun qanchalik ogʻir ekanini tushunmaydi.

Har bir musulmon bu masalada nihoyatda eʼtiborli boʻlib, tinch-osuda hayotga rahna solib qoʻyishdan saqlanishi, islomdan chiqib, johil holatiga tushib qolishdan ehtiyot boʻlishi kerak. Rahbarlar va ulamolarga itoatda boʻlib, haqqiga duo qilib turish lozim.

Qonunlar jamiyat foydasi uchun ishlab chiqiladi. Islomning tarixiy manbalarida Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallam va Madinada yashagan toʻrt asosiy guruh: muhojir, ansor, yahudiy va islomni qabul qilmagan arablar oʻrtasida tuzilgan shartnoma haqida soʻz boradi. Tarixda “Madina Konstitutsiyasi” nomini olgan ushbu ahdnoma tom maʼnoda konstitutsiya vazifasini oʻtagan.

Har bir davlatning Konstitutsiyasi jamiyatda adolat, erkinlik va huquqni taʼminlashga qaratiladi va tinchlik, barqarorlik va taraqqiyotni taʼminlashga xizmat qiladi. Bundan tashqari, mamlakatdagi barcha sohalarni, odamlar oʻrtasidagi ijtimoiy masalalarni tartibga solib turadigan qonunlar ham boʻladi. Ularga amal qilish hammaning zimmasidagi bir xil majburiyat hisoblanadi. Kim amal qilmaydigan boʻlsa, zimmasidagi majburiyatni tark qilgan boʻladi. Buning uchun esa, tabiiyki, jazo qoʻllanadi va u ham oʻsha qonunlarda belgilab qoʻyilgan boʻladi.

Islomning eng zabardast ulamolari – avvalgilari ham, hozirgilari ham – rahbarga qarshi isyonni joiz deb bilmagan. Rahbar boʻlmagan joyda muqarrar parokandalik, boshboshdoqlik va boshqa illatlar urchiydi. Demak, biz ham ulamolar yoʻlidan borib, oʻzimizni isloh qilish, dunyo va oxiratimiz uchun foydali boʻlgan ishlar bilan mashgʻul boʻlishimiz kerak. Rahbarlar haqqiga salohiyat, tavfiq, hidoyat, omonlik tilab duoi xayrlar qilib yurishimiz lozim.

Abduvosi SHONAZAROV,
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi

Check Also

IMOM MOTURIDIY QARASHLARIDA IMON MASALASI

Ahli sunna val jamoa aqidasi bayon qilingan diniy adabiyotlarning aksariyatida imon masalasiga qisqacha yoki batafsil …