Home / MAQOLALAR / MAZHABDA BOʻLISH VOJIB

MAZHABDA BOʻLISH VOJIB

Islom olamida koʻp asrlardan buyon faoliyat yuritib kelayotgan hanafiy, shofeʼiy, hanbaliy va molikiy mazhablarining haq ekaniga musulmon olimlari ijmo qilgan. Ular mazkur mazhablarning fatvolari Qurʼon va sunnatga tayanishini bir ovozdan tasdiqlagan.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Sizlarga ikki narsani qoldiryapman. Ularni mahkam tutsangiz, hargiz adashmaysiz. Biri Allohning kitobi, ikkinchisi mening sunnatimdir”, deganlar.

Toʻrt mazhab asoschilari Qurʼon va hadislardan hukmlarni istinbot[1] qilish usuli bilan musulmonlarning kundalik hayotida yuzaga keladigan fiqhiy savollarga javob topishga harakat qilgan.

 Alloh taolo: “Ularga omonlik yoki xavf-xatarga oid xabar kelganda, uni tarqatib yuboradi. Ular uni Rasulga va oʻzlaridan boʻlgan ish boshqaruvchilarga topshirganida, istinbot qiladiganlari uni bilar edi. Sizlarga Allohning fazlu marhamati boʻlmaganda, koʻpchiligingiz shaytonga ergashib ketardingiz”, degan (Niso, 83-oyat).

 Oyatda mujtahid boʻlmaganlarni Qurʼon va hadislardan hukmlarni chiqarib olish usullarini yaxshi biladiganlarga ergashishga chaqirilmoqda. Bu mazhabga ergashish vojibligiga ochiq dalildir.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Muoz ibn Jabalni Yamanga yuborayotganda: “Qanday hukm qilasan? deganlar.U: “Allohning kitobidagi oyatlar bilan hukm chiqaraman”, degan. “Allohning kitobida boʻlmasa-chi?” deganlar. “Allohning Rasuli (sollallohu alayhi vasallam)ning sunnatlari bilan hukm chiqaraman”, degan. “Allohning Rasuli (sollallohu alayhi vasallam)ning sunnatida boʻlmasa-chi?” deganlar. “U holda, oʻz raʼyim bilan ijtihod qilaman”, degan. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Rasulullohning elchisini toʻgʻrilikka yoʻllagan Allohga hamd boʻlsin!” deganlar.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Muoz ibn Jabalning: “U holda oʻz raʼyim bilan ijtihod qilaman” degan javobidan xursand boʻlib, Allohga hamdu sano aytmoqdalar. Bundan biror diyordagi mujtahidning Qurʼon va hadislarga qiyos qilib aytgan fatvolariga oʻsha diyor ahli ergashishi vojib ekani maʼlum boʻladi. Chunki Muoz ibn Jabal Yamanga aynan shu maqsadda yuborilgan edi. Agar odamlar uning fatvolariga amal qilmasa, uni yuborishdan maʼno qolmas edi.

Alloh taolo musulmonlar uchun rahmat eshiklarini ochib, ularning orasidan mujtahid olimlarni chiqardi. Soʻng mujtahidlar orasidan Imom Abu Hanifa, Imom Shofeʼiy, Imom Ahmad va Imom Molik kabi har bir masalada fatvo aytishga ulgurib, fiqhiy dastur tuzishga muvaffaq boʻlganlarini tanlab olib, ularning mazhabini keng yoydi. Fors diyorlari va Movarounnahrda hanafiy, baʼzi diyorlarda shofeʼiy, baʼzisida hanbaliy va yana baʼzisida molikiy mazhablarining rivojlanishini taʼminladi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Yaman xalqiga Muoz ibn Jabal kabi mujtahidni nasib etgan Allohga hamdu sano aytganlaridek, har bir diyor ahli ulugʻ mujtahidlardan birining mazhabini ato etgani uchun Allohga hamdu sano aytishi va Yaman ahli Muoz ibn Jabalning fatvolariga amal qilishi vojib boʻlganidek, har bir diyor ahli oʻz yurtida rivojlangan mazhab fatvolariga amal qilishi vojibdir.

Har bir yurtda bitta mazhabga amal qilinishi musulmonlarning birdamligiga xizmat qilishi tajribadan maʼlum. Birdamlik esa islom dinidan koʻzlangan asosiy maqsadlardan biridir. Alloh taolo: “Albatta, moʻminlar bir-biriga birodardir. Bas, oʻrtangizni isloh qiling!” (Hujurot, 10-oyat) degan. Moʻminlar bir-biriga ittifoq boʻlib yashashi vojib ekan, ularning bitta mazhabda boʻlishi ham vojibdir. Chunki vojibga eltuvchi narsa ham vojib hisoblanadi.

Biz yuqorida keltirgan dalillar dengizdan tomchi xolos. Ammo baʼzi adashgan toifalar bitta mazhabda boʻlishga hech qanday dalil yoʻq, deb daʼvo qiladi. Ular bu bilan dalilni tushunmaydigan ilmsiz odamlarnigina aldaydi. Ular toʻrt mazhabdan biriga ergashishni inkor qilib, oʻzining mazhabiga ergashishga chaqiradi. Aslida, bu ham bitta mazhabga ergashishga chaqirishdir. Ammo ularning mazhabi botil ekaniga barcha ahli sunna olimlari ittifoq qilgan.

[1]Qurʼon va hadislardan hukmlarni chiqarib olish usullarini yaxshi bilish.

Obid XURSANDOV,
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi

Check Also

IMONDA ISTISNO QILISH (“Al-Eʼtimod fil eʼtiqod” asari asosida)

Kim imonning olti ruknini qalbi bilan tasdiqlab, tili bilan iqror boʻlsa, u haqiqiy moʻmindir. Alloh …