Home / FOTO LAVHALAR / Markaz faoliyatining jonli efirdagi tahlili

Markaz faoliyatining jonli efirdagi tahlili

Oʻzbekiston Milliy matbuot markazida “Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazining joriy yil 9 oylik faoliyat yakunlari: natija va koʻrsatkichlar” mavzusida matbuot anjumani oʻtkazildi.

Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi va Milliy matbuot markazi hamkorligida tashkil etilgan anjumanda Imom Buxoriy xalqaro ilmiy tadqiqot markazi rahbariyati hamda respublika OAV xodimlari ishtirok etdi.

Markaz direktori, tarix fanlari doktori, professor Shovosil Ziyodov Markazda 2024-yilning 9 oyi davomida ilmiy-tadqiqotlar yoʻnalishida hamda xalqaro aloqalarni rivojlantirish boʻyicha qilingan ishlar yuzasidan maʼlumot berdi.

Taʼkidlanganidek, Imom Buxoriy, Abul Barakot Nasafiy, Abu Hafs Umar Nasafiy, Ibrohim Saffor Buxoriy kabi allomalar qalamiga mansub 14 ta noyob qoʻlyozma asar tarjima qilindi, mutafakkirlar asarlari va ilmiy xodimlar muallifligidagi 6 nomdagi kitob va monografiya nashr etildi, 10 ta kitob nashrga tayyorlandi.

Buyuk alloma va mutafakkirlar hayoti va faoliyatiga oid “10 haqiqat” ruknida 10 ta plakat va 10 ta xalqchil risola tayyorlandi.

Markaz ilmiy xodimlari tomonidan 150 ta ilmiy ish eʼlon qilindi. Shuningdek, Markaz ilmiy xodimlari xalqaro va mahalliy miqyosda oʻtkazilgan anjumanlarda 45 ta ilmiy maʼruza bilan qatnashdi.

2024-yilning oʻtgan davri mobaynida xalqaro aloqalarni rivojlantirish yoʻnalishida:

Markaz jami 3 ta, yaʼni AQSH Tinchlik instituti, Turkiyaning “Diyonat” vaqfi huzuridagi Islom tadqiqotlari markazi (ISAM), Turkiya Qoʻlyozma asarlar bosh boshqarmasi bilan hamkorlikka oid Anglashuv memorandumlarini imzoladi.

“Imom Buxoriy nomidagi xalqaro stipendiya”si tanlovining 7 nafar xorijlik sovrindori markazda ilmiy stajirovka oʻtadi.

Xalqaro miqyosda 30 dan ortiq konferensiya, anjuman, seminar, davra suhbati, chet davlatlarda kitoblar taqdimoti oʻtkazildi. Markazga 25 ta xorijiy tashrif va xorijga 14 nafar ilmiy xodim ilmiy safarlari tashkil etilib, turdosh markaz va nufuzli universitetlar bilan hamkorlik aloqalari yoʻlga qoʻyildi.

Markazning 1 nafar ilmiy xodimi Gamburg universiteti huzuridagi Osiyo-Afrika tadqiqotlari institutida 3 oylik ilmiy stajirovka oʻtadi, 3 nafar xodim Turkiya qoʻlyozma asarlar bosh boshqarmasi kitob shifoxonasi va arxiv ishlari boshqarmasi hamda Sulaymoniya yozma asarlar kutubxonasida bir oylik malaka oshirish oʻquvida ishtirok etdi.

Markaz direktori Bosh maslahatchisi, falsafa fanlari doktori, professor Baxtiyor Toʻrayev hisobot davrida qoʻlyozmalar bilan ishlash sohasida va maʼnaviy-maʼrifiy yoʻnalishda olib borilgan ishlar tahlilini keltirdi.

Unga koʻra, aholidan 10 ta qoʻlyozma kitob sotib olindi, 5 ta qoʻlyozma va 8 ta toshbosma kitob hadya sifatida qabul qilib olindi. Dunyo kutubxonalarida saqlanayotgan Imom Buxoriy qalamiga mansub 3300 ta qoʻlyozma asarning ryeestri lotin alifbosida tuzildi. Imom Buxoriy “Jomiʼ as-sahih” asarining xorijiy davlatlar qoʻlyozma fondlarida saqlanayotgan 794 ta qoʻlyozma nusxalarining elektron nusxalari jamlandi. “Sahihul Buxoriy” asarining 100 ta qoʻlyozma nusxasi annotatsiyasi tayyorlandi. Markaz elektron bazasi 867 dan ziyod qoʻlyozma va toshbosma asarlarning elektron nusxalari bilan boyitildi. Markaz fondida saqlanayotgan 259 ta qoʻlyozma kitob konservatsiya qilindi.

 Maʼnaviy-maʼrifiy yoʻnalishda esa markaz ilmiy xodimlari tomonidan “Jaholatga qarshi – maʼrifat” ruknidagi mavzularda targʻibot hamda Markaz nashrlari taqdimoti yoʻnalishlarida jami  184 ta, buyuk allomalarimiz ilmiy merosining yoshlar tarbiyasidagi ahamiyatiga oid  160 ta (jami 344 ta)  maʼnaviy-maʼrifiy tadbir oʻtkazildi.

Shuningdek, buyuk allomalarimiz ilmiy merosidagi ilm-maʼrifat, yuksak insonparvarlik gʻoyalarini xalqimizga yetkazish maqsadida turdosh tashkilotlar bilan hamkorlikda Respublika boʻylab mahalliy hokimliklarda oʻtkazilgan 161 ta oʻquv seminarlarda  maʼruzalar qilindi va nashr etilgan yangi kitob va risolalar taqdimoti oʻtkazildi. Bundan tashqari “Hadis maʼrifati” ruknida va dolzarb mavzularda  126 ta videodars tayyorlandi.

 “Youtube” videoxostingida Oʻzbekistonda faoliyati taʼqiqlangan diniy oqim vakillarining turli diniy maʼruzalariga oid 761 ta material koʻrib chiqildi va ularning har biri yuzasidan ilmiy-tahliliy maʼlumot tayyorlandi.

Markaz boʻlim boshligʻi, tarix fanlari boʻyicha falsafa doktori Shukurullo Umarov istiqbolli reja va loyihalarni tavsiflab berdi.

Matbuot anjumani UzReport TV telekanali va uning Youtube va Facebookdagi sahifalari orqali toʻgʻridan-toʻgʻri namoyish qilindi. Bu bilan internet foydalanuvchilari tadbirda onlayn ishtirok etish va savol, murojaat, ariza yoki shikoyatlar bilan murojaat qilish imkoniga ega boʻldi.

Anjuman davomida onlayn kuzatuvchilar, ijtimoiy tarmoqlar foydalanuvchilari va matbuot sohasi vakillari oʻzlarini qiziqtirgan savollariga javoblar oldi.

 Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi
Matbuot xizmati

Check Also

Oʻzbekistondagi islohotlar samarasi Britaniya jamoatchiligiga tadqim etildi

Xabar qilinganidek, Oʻzbekistondagi islom sivilizatsiyasi markazi, Imom Buxoriy, Imom Moturidiy, Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari …