Home / FOTO LAVHALAR / Hamkorlik istiqbollari – muhokamalar markazida

Hamkorlik istiqbollari – muhokamalar markazida

Xabar berilganidek, Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi, Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi, Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi va Hadis ilmi maktabi rahbar va xodimlaridan iborat delegatsiya Malayziya safarida boʻlib turibdi.

23-oktyar kuni delegatsiya aʼzolari poytaxt Kuala-Lumpurda joylashgan Malayziya islomni anglash institutida uchrashuv oʻtkazdi. Unda Institut huzuridagi Iqtisodiy va ijtimoiy tadqiqotlar markazi va Ilmiy tadqiqotlar markazi rahbariyati ishtirok etdi.

Muloqot chogʻida Malayziya va Oʻzbekistonning diniy-maʼrifiy yoʻnalishdagi taʼlim va ilmiy-tadqiqot muassasalari oʻrtasida hamkorlik masalalari muhokama qilindi. Jumladan, konferensiya va seminarlar tashkil etish, ilmiy jurnallarda maqolalar chop etish, Institutning tele- va radiodasturlarida Movarounnahrdan yetishib chiqqan buyuk allomalar ilmiy merosiga bagʻishlangan koʻrsatuv va eshittirishlar tayyorlash, dolzarb mavzularga bagʻishlangan monografiyalar chop etish borasida kelishuvlarga erishildi.

Institut rahbari Muhammad Aʼzam bin Muhammad Odil Oʻzbekistonga safari mazmunli kechgani, yurtimizning qadim va boy tarixi, noyob madaniy merosi, oʻziga xos anʼana va qadriyatlari, milliy taomlari katta taassurot qoldirganini taʼkidladi. Oʻz soʻzida: “Oʻzbekistonga safarim davomida Amirsoy dam olish maskanida boʻldim. U goʻsha Shvetsariyadan qolishmaydigan maftunkor tabiatga ega ekan. Malayziyaliklar bunday dam olish manzillariga borishni xush koʻradi. Biroq ularda Oʻzbekistondagi togʻli, qorli dam olish zonalari mavjudligi haqida yetarli maʼlumot yoʻq. Bunday maskanlar toʻgʻrisida malayziyaliklarni yaxshi xabardor qilsak, yurtingizga bu yerdan koʻplab sayyohlar borishi shubhasiz”, deya fikr bildirdi.

Tashrif dasturiga binoan Oʻzbekiston delegatsiyasi Islom sanʼati muzeyida boʻldi. Muzey rahbariyati Oʻzbekistondagi madaniy muassasalar bilan hamkorlik aloqalariga ega ekanini, Islom sivilizatsiyasi markazi muzeyi konsepsiyasini shakllantirishda ishtirok etayotganidan mamnunligini taʼkidladi. Delegatsiya muzey ekspozisiyasi, xususan, undagi Oʻzbekistonga oid tarixiy ashyo va osori-atiqalar bilan tanishdi.

Muloqot davomida muzeyda Oʻzbekistonning qadim va boy tarixini, ziyorat turizmi imkoniyatlarini namoyish etuvchi koʻchma fotokoʻrgazma tashkil etish masalasi muhokama qilindi.

Delegatsiyaning navbatdagi tashrif manzili Islom ilmlari universiteti boʻldi. Uning professor-oʻqituvchilari bilan suhbatda Malayziya tomoni Oʻzbekistondagi diniy sohaga oid taʼlim va ilmiy-tadqiqot muassasalari bilan hamkorlikdan manfaatdor ekanini bildirdi.

Delegatsiya safari davom etmoqda.

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi
Matbuot xizmati

Check Also

Oʻzbekistondagi islohotlar samarasi Britaniya jamoatchiligiga tadqim etildi

Xabar qilinganidek, Oʻzbekistondagi islom sivilizatsiyasi markazi, Imom Buxoriy, Imom Moturidiy, Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari …