Home / MAQOLALAR / MAʼNAVIY HAYOT VA SIYOSIY FAOLIYAT

MAʼNAVIY HAYOT VA SIYOSIY FAOLIYAT

Jamiyat maʼnaviy hayoti tushunchasi muayyan davr va jamiyatga xos belgilar, davlat siyosati bilan bogʻliq xilma-xil xususiyatlar va turlicha namoyon boʻladigan ijtimoiy-siyosiy, madaniy-maʼrifiy jihatlar, odamlar ruhiyati va kayfiyatini ifoda etadi. Oʻzbekistonning ijtimoiy-siyosiy va iqtisodiy taraqqiyoti bilan bogʻliq masalalar yechimi davlatimiz rahbarining “Yangi Oʻzbekiston strategiyasi” kitobida berilgan. Bu, oʻz navbatida, har qanday jamiyatni isloh qilishda maʼnaviy qadriyatlar oʻrni va ahamiyatiga alohida ahamiyat berish zarurligini anglatadi.

Maʼlumki, jamiyat qurilishi, davlat boshqaruvi, barcha siyosiy tuzilma turlarining ish uslubi va faoliyati ham ana shu tamoyillar asosida shakllanadi. Aslida esa, avvalo, inson, uning haq-huquqlari va baxt-saodati davlat siyosati, barcha davlat organlari faoliyatining eng ustuvor maqsadi boʻlishi lozim. Jamiyat qurilishi va davlat siyosati ana shu gʻoyaga tayanishi va “Davlat – inson uchun” tamoyili asosida tashkil etilishi zarur. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev oʻzining har bir chiqishi va maʼruzasida alohida taʼkidlaganidek, gʻoyalarga amal qilish siyosiy soha va boshqaruv tizimining hozirgacha saqlanib qolayotgan paradigmasini tubdan oʻzgartirish lozimligidan dalolat beradi.

Bugungi kunda ushbu sohadagi asosiy paradigma “inson – jamiyat – davlat” shakliga aylandi va bu ayni bugungi hayot haqiqatini aks ettirmoqda. Aytish mumkinki, davlat mavjudligidan asosiy maqsad – inson hayoti va jamiyat taraqqiyotiga doir siyosatni toʻgʻri olib borish, bu boradagi tizim va tuzilmalar faoliyatini xalq manfaatlari yoʻlida samarali tashkil etishdan iborat.

Har qanday jamiyat hayoti va siyosiy faoliyatida moddiy, maʼnaviy, siyosiy va ijtimoiy sohalar muhim oʻrin egallaydi. Ayni paytda, davlat siyosatida moddiy va maʼnaviy sohalar bir butunlikda ekanini unutmaslik lozim. Bu, oʻz navbatida, ushbu sohalarning muqarrar ravishda siyosiy omillar bilan uzviy aloqadorlikda namoyon boʻlishini, jamiyatning siyosiy va maʼnaviy tomonlarini bir-biridan ajratish va birini ikkinchisidan ustun qoʻyish mantiqqa zid ekanini anglatadi. Bu jihatdan ham maʼnaviy hayot siyosiy hayotning muhim hamrohi ekani namoyon boʻladi.

Albatta, bunda ham ijtimoiy-maʼnaviy hayot alohida insoniy mazmunga ega va u bir vaqtning oʻzida inson yaratgan infratuzilma sifatida namoyon boʻladi. Ushbu tushunchada xalq turmushi va madaniyati aks etadi, iqtisodiy va ijtimoiy rivojlanishning muayyan tarixiy davrga xos jihatlari oʻz ifodasini topadi. Ushbu xususiyatlarga ega boʻlgan va muttasil jamlanib boradigan maʼnaviy hayotning ijtimoiy-siyosiy modelida barcha maʼnaviy jihatlar oʻzaro bogʻliq tarzda namoyon boʻladi. Aynan ana shu bogʻliqlik kishilarni ijtimoiylashtirish va tarbiyalashga xizmat qiladi.

Har qanday jamiyatning maʼnaviy hayoti nafaqat ijtimoiy soha, balki siyosiy tizimi va faoliyati bilan uzviy aloqada namoyon boʻladi. Bu esa, ushbu jabhaning qonuniyatidir. Barcha siyosiy institutlar, davlat hokimiyati, siyosiy partiyalar va jamoat birlashmalari jamiyat maʼnaviy hayotiga taʼsir koʻrsatadi. Bu borada davlat, hokimiyat va boshqaruv tizimining oʻrni va ahamiyatini alohida taʼkidlash joiz. Negaki, aynan ular maʼnaviy hayotni boshqaradi, bu boradagi faoliyatni tashkil qiladi va muvofiqlashtiradi. Bu jihatdan masalaga yondashganda taʼkidlash joizki, hozirgi ilgʻor xorijiy mamlakatlarning siyosiy tizimiga xos demokratik tamoyillar, qonun ustuvorligi, muqobil saylov tizimi, koʻppartiyaviylik va siyosiy institutlar xilma-xilligi jamiyat maʼnaviy hayotidagi jarayonlarni belgilovchi muhim omillar sirasiga kiradi.

Ayni paytda davlat tashkilotlari, siyosiy partiyalar, turli ijtimoiy-siyosiy tuzilmalar, fuqarolik institutlari jamiyatimiz maʼnaviy hayotiga taʼsir etuvchi tamoyillar va siyosiy omillar majmuini tashkil qiladi. Bunday serqirra jarayonda jamiyat siyosiy hayoti bilan bogʻliq voqelik, siyosiy institutlar, siyosiy munosabatlar va jarayonlar hamda siyosiy madaniyat va mafkura ham muhim ahamiyat kasb etadi. Bunda davlat hokimiyati, uning ichki va tashqi siyosati,  qaror qabul qilish mexanizmi, uning tuzilmaviy qismlari, siyosiy tashkilot va ularning faoliyati oʻz oʻrniga egadir.

Maʼnaviy hayot bilan uzviy bogʻliq boʻlgan jamiyatning siyo“Davlat”, “hokimiyat” va “hokimiyat munosabatlari”  maʼnaviy hayot bilan uzviy bogʻliq boʻlgan jamiyatning siyosiy hayotida muhim nuqtalar hisoblanadi. Ular bu sohaning eng muhim elementlari sifatida siyosat va maʼnaviyatning aloqadorligini tushunish uchun oʻziga xos “kalit”dir.  Ayni shu asosda jamiyat maʼnaviy hayotining milliy davlat va ijtimoiy-siyosiy munosabatlar majmuida tutgan oʻrnini toʻgʻri tushunish mumkin. Shuningdek, bu borada jamiyat maʼnaviy hayotida siyosiy sohada mavjud norma va qoidalar, xulq-atvor stereotiplari, siyosiy ramz va milliy-maʼnaviy qadriyatlar bilan bogʻliq boshqa jihatlar ham alohida oʻrin tutadi. Xalqning maʼnaviy hayotida unga xos boʻlgan siyosiy mentalitet va stereotiplar bilan bogʻliq xususiyatlar oʻz taʼsiri va oʻrniga ega boʻladi.

Jamiyatning oʻziga xos maʼnaviy hayoti uning madaniyati, anʼanalari, davlat tili va ramzlari orqali shu xalq siyosiy tafakkurini ham bir qadar aks ettiradi. Ayni paytda, maʼnaviy hayotda turli qatlam va ijtimoiy-siyosiy birliklarning siyosiy voqelik, qonunlar va ularning amal qilish qoidalari, siyosiy qadriyatlari toʻgʻrisidagi tasavvurlari ham oʻz oʻrniga ega boʻladi. Shu bilan birga, uzoq yillar shakllangan siyosiy anʼana va bu amaliyotda mavjud gʻoya va konsepsiyalar ham maʼnaviy hayotga taʼsir koʻrsatadi.

Sharq va Gʻarb ijtimoiy-siyosiy tafakkuri tarixida “maʼnaviy hayot”, “siyosiy jarayonlar”, “axloq” va “inson” tushunchalari aksariyat hollarda bir-biri bilan bogʻliq holda tasavvur qilingan. Chunonchi, faylasuf Abu Nasr Forobiy bu sohadagi bogʻliqni taʼkidlab, insonning shakllanishi, kamol topishi, hayot neʼmatlaridan toʻla bahramand boʻlishi uchun unga jamiyat, ijtimoiy muhit kerak ekanini quyidagicha ifodalagan: “Har bir inson oʻz tabiati bilan shunday yaratilganki, u yashash va oliy darajadagi yetuklikka erishish uchun koʻp narsalarga muhtoj boʻladi. U bir oʻzi bunday narsalarni qoʻlga kirita olmaydi, ularga ega boʻlish uchun insonlar jamoasiga ehtiyoj tugʻiladi”.

Albatta, Forobiy yashagan davrda mavjud boʻlgan jamiyat maʼnaviy hayoti oʻziga xos edi. Ammo oʻsha davrda ham inson, xalq va millat maʼnaviyati jamiyat hayoti hamda oʻsha zamon siyosatiga bogʻliq boʻlgani shubhasiz.

Xullas, jamiyat maʼnaviy hayoti va siyosiy voqelikning aloqadorligi ijtimoiy munosabatlarni oʻzlashtirish jarayonida namoyon boʻladi va u bosqichma-bosqich yuz beradi. Jamiyat aʼzolari siyosiy ongida u oldingi tajriba orqali kelajakni farqlashni oʻz ichiga olgan tadrijiy tartibda amalga oshadi.

Yuqorida qayd qilinganlar “jamiyat maʼnaviy hayoti” tushunchasining ushbu omillar bilan bogʻliq quyidagi xususiyatlarini tavsiflash imkonini beradi:

Avvalo, maʼnaviy hayot va siyosiy faoliyat birligi jamiyatning tabiiy, tarixiy va ijtimoiy birligini taʼminlaydigan muayyan makonda shakllanadi. U rang-barang tarzda, turli shakllarda namoyon boʻladi va jamiyat aʼzolari ongiga, hayot tarziga oʻziga xos reallik sifatida taʼsir qiladi.

Ikkinchidan, siyosiy jarayon va maʼnaviy qadriyatlar jamiyat aʼzolarining oʻzaro munosabatida, ijtimoiy faoliyatida koʻzga tashlanib turadi. Bu munosabat faoliyat, maqsad, ehtiyoj va intilish uchun muayyan mezon boʻlib xizmat qiladi.

Uchinchidan, jamiyat maʼnaviy hayoti va siyosiy voqelik uning moddiy, maʼnaviy, iqtisodiy va boshqa sohalardagi muayyan natijasi sifatida yuzaga keladi. Bu, oʻz navbatida, uning aʼzolari uchun ijtimoiy zarurat, umumiy mezonga aylanadi.

Toʻrtinchidan, jamiyat maʼnaviy hayoti va siyosiy voqeliklar ijtimoiy rivojlanish jarayonida oʻzgarib, takomillashib boradi. U doimiy yangilanib turadi, shu bilan birga, vorislik orqali avloddan-avlodga meros boʻlib oʻtadi.

Beshinchidan, bu yoʻnalishdagi ishlar salmogʻi va sifati jamiyat maʼnaviy hayoti barqarorligini taʼminlash, uni rivojlantirishda davlat siyosati mazmunini belgilaydi.

Xulosa qilganda, keyingi yillarda Oʻzbekistonda rivojlangan mamlakatlarga xos inson huquq va erkinliklari ustuvor boʻlgan demokratik davlat qurish va fuqarolik jamiyatini barpo etish ishlari amalga oshirilmoqda. Bu, oʻz navbatida, Uchinchi Renessans poydevorini barpo etish yoʻlidagi islohotlar mohiyatini teran anglashimizga yordam beradi. Yangi Oʻzbekiston strategiyasida, eng avvalo, insonga oliy qadriyat sifatida munosabatda boʻlish, uning manfaatlarini islohotlarning asosiy mezoni tarzida tushunish muhim ekani aytilgan.

Shu bilan birga, bugungi globallashuv sharoitida jamiyatdagi ijtimoiy xilma-xillik, siyosiy va mafkuraviy rang-baranglik, turli xil maqsad va qiziqishlarni uygʻunlashtiradigan  umumiy mezonlarga ehtiyoj kuchayib bormoqda. Ayni paytda, bu zamonaviy texnologiya va ilm-fan yutuqlaridan jamiyat maʼnaviy hayot darajasini taʼminlash uchun samarali foydalanish imkoniyatini kengaytirishni taqozo qilmoqda.

Foydalanilgan adabiyotlar:
  1. Mirziyoyev Sh. Erkin va farovon, demokratik Oʻzbekiston davlatini mard va oliyjanob xalqimiz bilan birga quramiz. – Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining rasmiy veb-sayti, http://www.president.uz/uz/lists/view/; “Xalq soʻzi” gazetasi, 2016-yil, 15-dekabr.
  2. Abu Nasr Forobiy. Fozil odamlar shahri. – T., 1993.
  3. Avloniy A. Turkiy guliston yoxud axloq. – T.: Oʻqituvchi, 1992.
  4. Axmedov X. Ijtimoiy-maʼnaviy muhit barqarorligini taʼminlash asoslari. – T.: Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi, 2021.
  5. Akhmedov X. Education and spiritual education. // The light of islam, 2020. – P. 139-144.
  6. Joʻrayev T. Milliy davlatchilik: xavfsizlik va barqarorlik. –T.: Akademiya, 2007.
  7. Mahmudxoʻja Behbudiy va uning “Oyina” jurnali [Matn]: / Z.Abdurashidov, N.Egamqulova. – T.: Muharrir, 2019. – B.164.
  8. Temur tuzuklari. – T.: Oʻzbekiston. 2019. – B.184.
  9. Qodiriy A. Oʻtkan kunlar. –T.: Gʻafur Gʻulom, 2017.
  10. Gʻazzoliy A.H. Mukoshafatul qulub: qalblar kashfiyoti. – T.: Gʻafur Gʻulom, 2018.
  11. Shopoʻlatov A. Jamiyatni isloh qilishda maʼnaviy qadriyatlarning oʻrni //Milliy gʻoya – bizning gʻoya (Matn). – T.: Turon zamin ziyo, 2016.

 

Xusniddin AXMEDOV,
OʻzXIA Malaka oshirish markazi direktori,
siyosiy fanlar doktori, professor

Check Also

DINIY EKSTREMIZM VA SOF ISLOM

Din – arabcha soʻz boʻlib, “eʼtiqodga ehtiyojli har bir insonning talabini qondirishni oʻzida mujassam etuvchi” …