Home / HADIS / HADISLARNI TOʻGʻRI ANGLASHNING OʻZIGA XOS USULLARI

HADISLARNI TOʻGʻRI ANGLASHNING OʻZIGA XOS USULLARI

Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallamning muborak hadislari har bir musulmon uchun Qurʼoni karim oyatlari kabi muhim ahamiyatga ega. Ammo hadislarni toʻgʻri tarjima qilish, maʼnosini tahlil qilib, mohiyatini toʻgʻri tushunishga hammaning ham ilmiy salohiyati yetarli emas. Shu sababli ota-bobolarimiz sharʼiy masalalarga doir yechimlarni oyat va hadislardan mustaqil ravishda oʻzlari olishga intilmagan. Aksincha, bu borada ilmiy salohiyati yetarli, chuqur bilimga ega ulamolarga murojaat qilgan. Ulamolar, faqih va muhaddislar esa oyatlarni, xususan, hadislarni chuqur tahlil qilib, odamlarga ularning zamiridagi haqiqiy maʼnolarni yetkazgan.

Nabiy sollallohu alayhi vasallamning muborak hadislarini tahlil qiladigan boʻlsak, ular musulmonlar orasida sodir boʻlayotgan voqeʼlikka asoslangan holda, baʼzan kishining shaxsiyati, salohiyati va feʼl-atvoridan kelib chiqib aytilganini anglaymiz.

Ayrim hadislar vaqt oʻtishi bilan mansuxga aylanganini, yaʼni hukmi bekor boʻlganini koʻramiz. Masalan, islomning avvalida qabrlarni ziyorat qilish taqiqlangan, shirkka tenglashtirilgan boʻlsa, keyinchalik Nabiy sollallohu alayhi vasallamning oʻzlari buni targʻib qilib, uning savobli amallardan biri ekanini taʼkidlaganlar.

عن أنس بن مالك رضى الله عنه: يقولُ النَّبيُّ صَلَّى اللهُ عليه وسلَّمَ:كنتُ نهيتُكم عن زيارَةِ القبورِ ألا فزورُوها ، فإِنَّها تُرِقُّ القلْبَ ، و تُدْمِعُ العينَ ، وتُذَكِّرُ الآخرةَ ، ولا تقولوا هُجْرًا

Anas ibn Molikdan rivoyat qilinadi:Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Sizni qabrlarni ziyorat qilishdan qaytargan edim. Soʻzimga diqqat qiling! Qabrlarni ziyorat qilavering, zero, bu amal qalblarni yumshatib, koʻzlarning yoshini oqizadi va sizga oxiratni eslatadi”, deb aytar edilar”.

Ayrim hadislar to qiyomatgacha amal qiladi. Masalan, amallar ijrosida xolis boʻlish, ota-ona, qarindosh-urugʻ va qoʻni-qoʻshniga yaxshilik qilish, tanigan-tanimaganga salom berish, ilm olishga ragʻbatli boʻlish, nafaqat odamzot, balki hayvonot olamiga ham yaxshi muomalada boʻlish shular jumlasidandir.

Nabiy sollallohu alayhi vasallam hadislarida musulmonlar jamiyatda keng tarqalgan illatlardan qaytarilgan. Manmanlik va kibr bilan yurish taqiqlangan hadislarni misol keltirish mumkin. Nabiy sollallohu alayhi vasallam davrlarida kishi yerga sudralib turadigan darajada uzun kiyim kiyishi kibr alomati sanalgan. Shu sababli Nabiy sollallohu alayhi vasallam uzun kiyishdan qaytarganlar.

Ibn Umar roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Kim manmanlik bilan kiyimini sudrab yursa, qiyomat kuni Alloh unga nazar solmas”, dedilar”.

Bizning zamonamizga kelib, bu hadisni toʻgʻri anglash uchun uning majoziy maʼnosi taʼvil qilinadi. Masalan, odamlar 100 ming soʻmlik soat taqqani holda, bir kishi oʻzini koʻrsatish uchun 1 millionlik soat taqsa, oʻsha holat kibr boʻladi. Ammo ehtiyoj yuzasidan, yaʼni kasbi (masalan, geolog, yoʻlboshlovchi, alpinistlar va hokazo) taqozosiga koʻra, bir necha vazifani bajaradigan qimmat soat taqishi manmanlik sanalmaydi. Odamlar 100 ming soʻmlik kiyim kiysa-yu bir kishi oʻzini koʻrsatish uchun aynan shunday kiyimning eng qimmatini kiyishga intilsa, u ham kibr boʻladi. Ammo oʻzini sadaqa va zakotdan behojat koʻrsatish maqsadida haddidan oshmagan, boshqalarning nazarini jalb qilmagan holda oʻrtamiyona yo qimmatroq kiyinishi mustasno.

Hadislarni tahlil qilsak, ayrim sahobalarning umumiy buyruq maʼnosida aytilgan hadisdan istisno qilinganini ham koʻramiz. Abu Bakr roziyallohu anhuni misol keltirishimiz mumkin. Taʼkidlanganidek, Nabiy sollallohu alayhi vasallam davrlarida uzun kiyim kiyish manmanlik, mutakabbirlik alomati hisoblangan. Ammo uzun kiyim kiygan har bir kishi mutakabbir boʻlavermas ekan.

Ibn Umar roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Kim manmanlik ila kiyimini sudrab yursa, qiyomat kuni Alloh unga nazar solmas”, dedilar. Abu Bakr: “Ey Allohning Rasuli, albatta, mening izorim (pastki kiyim)ning bir tomoni, uni ushlab yurmasam, tushib qoladi?” dedi. U zot: “Sen manmanlik ila qiladiganlardan emassan”, dedilar. Yaʼni, Abu Bakr roziyallohu anhuning uzun kiyim kiyishi manmanlik va faxrlanish uchun emasligi sababli unga ijozat berdilar.

Ayrim hadislar muayyan shaxsga xos boʻlib, individual ahamiyat kasb etadi. Yaʼni, Nabiy sollallohu alayhi vasallam sahobai kiromlarning har biriga ularning salohiyati va imkoniyatiga qarab amal buyurganlar. Masalan, bir sahobaga “gʻazablanma” degan boʻlsalar, boshqasiga tunlarni ibodatda oʻtkazish, nafl namozlari oʻqishni buyurganlar. Yana biriga tunni Vatan sarhadlari himoyasida bedor oʻtkazish savobi naqadar ulugʻligini aytganlar. Yaʼni, qaysi sahoba qanday amalga salohiyatli boʻlsa, oʻshanga mos amalni buyurganlar. Ota-onasi yordamga muhtoj boʻlgan insonga ularga yaxshilik qilishni, boy odamga sadaqa qilishni amr qilganlar. Kambagʻal kishiga “Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallam “sadaqa qil”, deb aytganlar, sen ham sadaqa qil”, deb aytilmaydi. Yoki shifokor “qanday ish savobliroq” deb soʻrasa, “kechasi bilan tahajjud namozi oʻqish” yo “chegarada qoʻriqchilik qilish” deb javob berilmaydi. Har bir insonning salohiyatidan kelib chiqib, imkoniyatiga qarab yaxshilik qilish buyuriladi. Shifokorga qoʻli kalta bemorga tekin xizmat koʻrsatish, haydovchiga yoʻlda qolganga yordam berish va hokazo.

Islom tarixiga nazar solsak, islom shariati hukmlari har doim ham ijroda qoʻllanmaganiga guvoh boʻlamiz. Bir ayol zinoga qoʻl urib qoʻyganini tan olib, oʻziga had (jazo) joriy etilishini soʻrab murojaat qilganda, Nabiy sollallohu alayhi vasallam jazolamaganlari, Makka fath etilganda, aholisi asir olinmagani, Umar roziyallohu ocharchilik payti oʻzi va oilasini toʻydirish uchun oʻgʻrilik qilgan kishining qoʻlini kestirmagani bunga misol boʻla oladi. Demak, shariat maqsadi faqat jazolash emas, aksincha, tarbiya berish, toʻgʻri yoʻlga solish ham ekan.

Ayrim hadislar maʼnosi zamoni kelganda boʻladigan voqea-hodisalar bilan tafsir qilinadi. Konstantinopolning (Istanbulning) fath etilishi, ummatning yetmish ikki firqaga boʻlinishi, osmonoʻpar binolar qurilishi, oxirzamon fitnalari va shunday maʼnodagi boshqa hadislar shular jumlasidandir.

Yuqoridagilardan xulosa qilib aytish mumkinki, hadislarni sharhlash va ulardan hukm olish oʻta nozik, ilmtalab ishdir. U chuqur bilim va salohiyat talab qiladi. Biz, Nabiy sollallohu alayhi vasallam ummatlari ilmsiz ravishda yo sayoz bilim bilan hadislarga maʼno berishdan saqlanishimiz kerak. Hadislarga amal qilib, hayotimizga tatbiq etishdan avval soha olimlaridan maslahat soʻrash turli adashish va tushunmovchiliklarning oldini oladi.

[1] Imom Hokim – Abu Abdulloh Muhammad ibn Abdulloh Naysoburiy. Al-Mustadrak aʼla as-sahihayn. – Bayrut: “Risolatul olamiya” nashriyoti, 2018. 2-jild. 1393-hadis.; Imom Ahmad. Musnad. – Bayrut: Muassasatur risola, 2001. 21-jild. 13487-hadis. 
Nodir QOBILOV,
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi

Check Also

MAʼRIFATLI AYOLNING TAʼSIRI ASRLARGA TATIYDI!

Hayotda insonning begʻaraz yordamchilari juda koʻp boʻladi. Masalan, jazirama issiqda daraxtning soyasi yo zilol chashmaning …