Home / MAQOLALAR / OILAVIY MUNOSABATLAR MADANIYATINING RIVOJLANISH TARIXI

OILAVIY MUNOSABATLAR MADANIYATINING RIVOJLANISH TARIXI

Oilaviy munosabatlar – bu ijtimoiy taraqqiyotning uzluksiz jarayoni hisoblanadi. Bu jarayon jamiyatning rivojlanish bosqichlaridagi maʼnaviy-axloqiy, diniy-madaniy rivojlanish darajasi bilan bogʻliq holda kechgan. Koʻpgina tadqiqotchilar fikriga koʻra, oila – madaniy meros, axloqiy norma va anʼanalarni tashuvchi umuminsoniy qadriyatning nodir ijtimoiy birligidir. Hozirgi sharoitda oilaning nafaqat shaxs maʼnaviy madaniyati rivojlanishida, balki jamiyat rivojida ham ahamiyati ortib bormoqda.

Oilaviy munosabatlar madaniyatini rivojlanishiga olib kelgan ikki tamoyilni koʻrsatish lozim: birinchisi, odamlar yashash uchun birlashib, moddiy neʼmat ishlab chiqarish ehtiyoji; ikkinchisi, nasl qoldirish yoʻli bilan hayotni davom ettirishga intilish. Bu ikkala tamoyil inson maʼnaviyatini takomillashtirishni taqozo etgan va ijtimoiy hayot tajribasi orqali hayotga tatbiq etilgan. Bu jarayonlarda hal qiluvchi asosiy omil ijtimoiy birlik boʻlib, shu asosda moddiy neʼmat yaratish takomillashtirilgan.

Oila munosabatlari ijtimoiy birlik tizimida nisbatan mustaqil hodisa hisoblangan. Shu bilan birga, jamiyat tarixiy taraqqiyotida ijtimoiy, iqtisodiy, maʼnaviy va axloqiy omillar tobora muhim ahamiyat kasb etib borgan. Oila va jamiyat har doim bir-biri bilan bogʻliq holda rivojlangan. Shu bois, oila qurishning biologik sabablari bir xil, ammo ijtimoiy mohiyati, shakllari tez takomillashib, oʻzgarib turgan. Nikoh barcha davrlarda ham haqiqiy oilaning takomillashuvi va rivojlanishiga maʼnaviy, huquqiy asos boʻlib xizmat qilgan. Nikoh yangi qurilayotgan oilani davlat, jamiyat tomonidan rasmiy ravishda tan olinishidir. Shu sababli ham nikohni qayd etish davlat organlarining vazifalaridan biri boʻlgan, uning meʼyor va maqsadlari qonunlar bilan belgilangan. Barcha diniy taʼlimotlarda nikohning shakli va maqsadlari masalasiga befarq qaralmagan. Nikohning bekor qilinishi esa, davlat tomonidan qayd etilgan, uning axloqiy, huquqiy meʼyorlari belgilab qoʻyilgan.

Islom manbalarida oila qurish, uning mazmun-mohiyati, oila munosabatlari madaniyatiga oid koʻrsatma va talablar oʻz ifodasini topgan. Nikoh – arabcha soʻz boʻlib, qoʻshilish degan maʼnoni anglatadi [3:19]. Bu faqat jismoniy juftlashish emas, balki maʼnaviy mushtaraklashishdir. U ijtimoiy hodisa boʻlgani uchun guvohlar ishtirokida amalga oshiriladi. Burhoniddin Margʻinoniy yozishicha: “Bilginki, nikoh bobida guvohlik shartdir”, chunki Rasululloh (s.a.v.): “Guvohlarsiz nikoh nikoh emas”, deganlar [1:647-648].

Islom dini targʻib qilgan oila madaniyati johiliya davrida hukm surgan oilaviy munosabatlardan tubdan farq qiladi. Johiliya davrida ayollarning oiladagi huquqlari poymol qilingan holda erkak xohlaganicha xotin olish (15-20 ta, undan ham koʻp) huquqiga ega boʻlgan. Islom manbalarida esa bu masala muayyan darajada tartibga solindi. Islomga asoslanib quriladigan oilalar yangicha mazmun va shakl kasb eta boshladi. Qariyb 1,5 ming yil davomida islomga eʼtiqod qiluvchi xalqlar islomiy nikoh asosida oila quradi va shu davr ichida oila munosabatlari madaniyati shakllanib, mazmuni boyib bordi.

Oila xususidagi qarashlar Qurʼoni karim, hadislar, shariat ahkomlarida oʻzining yorqin ifodasini topgan. Qurʼoni karimning “Niso”, “Taloq” va boshqa suralari oila qurishga bagʻishlangan. Jumladan, Alloh taolo “Niso” surasida oila qurish qatʼiy nikoh asosida boʻlishini taʼkidlab, shunday marhamat qiladi: “Ey, imon keltirganlar! Sizlarga xotinlarni majburiy ravishda meros qilib olish halol emasdir [2:80]. Yana nikohning mashruʼ boʻlishi haqida “Nur” surasining 32-oyati [2:354] “Niso” surasining 3 [2:77], 24 [2:82], 127 [2:98] – oyatlarida ham eslatilgan. Ularda sharʼiy nikohning aqidaviy talab va qoidalari, boshqa oyatlarda esa nikoh man etilgan ayollar, [2:81] opa-singillarning bir nikohda jamlanmasligi [2:81] va boshqa jihatlar oʻz ifodasini topgan.

Islomda oilaviy munosabatlarda er-xotin burchlari haqidagi koʻrsatmalar “Hidoya”ning “Nikoh va taloq kitobi”da oʻz ifodasini topgan. Jumladan, “Hidoya”da oila va nikoh masalasida adolatning asosiy mezonlari sifatida insof va diyonat, haromdan hazar qilish, poklik kabi ezgu tushunchalar inobatga olingan. “Hidoya”da oila va nikoh masalasida muhim ahamiyatga ega hukmlardan biri ayolning nikoh toʻgʻrisida bilishi, unda qanday haq-huquqlari mavjudligi haqida maʼlumotga ega boʻlishi edi. “Nikohning asl mohiyati haqida ilm boʻlishi, erkak va ayolning ijtimoiy, iqtisodiy, maʼnaviy va axloqiy jihatdan mumkin qadar bir-biriga teng boʻlishi muhim shartlardan, deb qaraladi. Jumladan, nikohda tenglik xususida shunday deyiladi: “Ogoh boʻlinglarki, ayollarni faqat oʻzlariga teng boʻlgan kishilargagina bersinlar” [1:675].

Nikoh oila tayanchi, nasl-nasabi va pokligini saqlovchi, oilada sogʻlom muhitni paydo qiluvchi, inson odob-axloqini ushlab turuvchi muqaddas tushunchadir. Shuning uchun Qurʼoni karimda unga katta ahamiyat berilgan. Nikoh har bir musulmon erkak va ayol uchun oila qurishda qoʻllanadigan zaruriy sharʼiy amal hisoblanadi. Hatto oila qurishga moddiy imkoniyati boʻlmagan kishilarni ham oilali qilib qoʻyishga daʼvat etiladi.

Masalan, Alloh taolo Qurʼoni karimning Nur surasi 32-oyatida shunday marhamat qiladi: “Sizlarning orangizdagi tul (erkak va ayol) larni hamda qul va choʻrilaringizdan yaroqlilarini uylantiringiz! Agar (ular) kambagʻal boʻlsalar, Alloh ularni oʻz fazli bilan boyitur. Alloh (fazlu karami) keng va dono zotdir” [2:77].

Jamiyat tayanchi boʻlgan oila munosabatlari madaniyatining shakllanishi va rivojlanish bosqichlarini tadqiq etishda diniy (islomiy) omilni ham hisobga olish zarur. Hozirgi kunda yosh avlodni tarbiyalashda nafaqat ota-ona, balki jamoatchilik fikri, mahalla-koʻy taʼsiri ham katta ahamiyat kasb etmoqda. Oilada yangi inson shakllanadi, maʼnaviy, jismoniy kamolga yetadi. Shuning uchun ham istiqlol davrining eng muhim vazifalaridan biri – mustahkam oilani yaratishdir.

Islom dini keng tarqalgan Oʻzbekistonda tarixan oʻzbek oilasining rivojlanish bosqichlari islomiy taʼlimotlar taʼsirida oʻtgan. Milliy va islomiy qadriyatlar asosida oilada bir tomondan, ota-onalar bilan bolalar oʻrtasida mehr-oqibat, hurmat-izzat shakllangan, ikkinchi tomondan, ota-onalar ham oʻz farzandlarini yetuk inson qilib tarbiyalashga eʼtibor qaratgan. Yaxshi tarbiya koʻrgan bola ota-onaga ham katta hurmat olib keladi.

Qurʼoni karim va hadislarda oila, nikoh va farzand tarbiyasiga alohida eʼtibor qaratiladi. Jumladan, Alloh taolo Oʻzining muqaddas kitobida: “Alloh sizlar uchun oʻzlaringizdan juftlar yaratib, juftlaringizdan sizlar uchun oʻgʻillar va nabiralar paydo qildi va sizlarni pok narsalardan rizqlantiradi” [2:354] deb marhamat qiladi. Oʻzbek oilasida qadimdan taʼlim-tarbiya anʼanasiga rioya qilingan. Islomda oiladagi tarbiyada farzandlar sogʻlom boʻlib oʻsishi hisobga olinadi, odamlarning moli, joni va obroʻyiga putur yetkazadigan narsalar harom deb hukm qilinadi. Yoshlarni halol mehnatga oʻrgatish, ularning halol bilan haromni ajratishi va jamiyatda oʻz oʻrnini topa olishi uchun Qurʼoni karim va hadislarda kelgan koʻrsatmalarga amal qilinadi.

Ota-onaning oʻz bolalariga gʻamxoʻrlik qilishi, oʻzbek xalqi anʼanalarida katta oʻrin olgan. Bunday oilalarda oʻsgan bolalar maʼnaviyatida mehnatsevarlik, ota-ona va aka-ukalariga nisbatan mehribonlik fazilati shakllanadi. Oila munosabatlari madaniyatining islom taʼlimoti asosida shakllantirish Qurʼoni karimning qator oyatlari, hadislar va shariat ahkomlarida oʻz ifodasini topgan. Ushbu koʻrsatmalarga rioya qilgan musulmonlar islom maʼnaviyatiga ega boʻlgan. Bular ota-onaga yaxshilik qilish, qarindoshlar bilan muntazam aloqada boʻlish va ularning xursandchilik yoki musibat marosimlarida ishtirok etish, doʻstlar va qoʻshnilar bilan yaxshi munosabat oʻrnatish, salomlashish va alik olish, begona xonadonga kirishdan avval izn soʻrash, kelgan odamga yonidan joy berish, shirin muomala qilish, harom va yomonlikdan saqlanish, bir-biriga yaxshilikni oʻrgatish, imonli, eʼtiqodli boʻlish, musibatga sabr qilish, rostgoʻy va halol kishilarni hurmat qilish, xato qilgan kishilarni kechirish kabi fazilatlardir. Oʻzbek xalqi mentalitetiga xos bunday xususiyatlar nafaqat islomiy qadriyatlar, balki milliylikni ham qamrab olgan holda maʼnaviyatni boyitishga xizmat qilgan.

Foydalanilgan adabiyotlar:
  1. Burhoniddin Margʻinoniy. Hidoya. –T.: Adolat, 2001. T.1.
  2. Qurʼoni karim maʼnolari tarjimasi va tafsiri. Abdulaziz Mansur. –T.: Toshkent islom universiteti, 2007.
  3. Otaxoʻjayev F. Nikoh va uning huquqiy tartibga solinishi. – T.: Adolat, 1995.
 Mahmudali DEHQONOV,
ToshDTU kafedra dotsenti

Check Also

MAʼRIFATLI AYOLNING TAʼSIRI ASRLARGA TATIYDI!

Hayotda insonning begʻaraz yordamchilari juda koʻp boʻladi. Masalan, jazirama issiqda daraxtning soyasi yo zilol chashmaning …