Home / FOTO LAVHALAR / Soha rivoji – davlat darajasidagi eʼtibor mahsuli

Soha rivoji – davlat darajasidagi eʼtibor mahsuli

30-may kuni Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti, Samarqand Davlat universiteti va Avstriya Fanlar akademiyasi huzuridagi Eronshunoslik instituti hamkorligida “Moʻgʻullar va temuriylar davriga oid Oʻrta Osiyo qoʻlyozmalari (XIII-XV asrlar)” mavzusida oʻtkazilayotgan xalqaro konferensiya davom etdi.

Anjumanda mamlakatimiz olimlari, Avstriya, shuningdek, AQSH, Rossiya, Fransiya, Germaniya, Turkiya, Eron va Tojikistondan kelgan  mutaxassislar, qoʻlyozmalar sohasining yetuk tadqiqotchilari dolzarb mavzularda jami sakkizta shoʻbada ish olib bordi.

Tadbirda mintaqamizda koʻchirilgan qoʻlyozmalarning ayrim qadimiy nusxalari, allomalarning oʻzaro yozishmalari, manbalar saqlanayotgan kutubxona va kolleksiyalar, sohaga oid yangi topilmalar borasida mutafakkirlarning alohida olingan asarlari yuzasidan qizgʻin bahs-munozaralar yuritildi. Ishtirokchilar XIV-XV asrlarda Markaziy Osiyo fiqhiy qoʻlyozmalarida matn kompozitsiyasining alohida jihatlari, temuriylar davri qoʻlyozmalarida moddiyat, tasviriy madaniyat va qogʻoz bezaklari uygʻunligiga ham alohida eʼtibor qaratdi.

Mintaqa qoʻlyozmalaridagi nasr, sheʼriyat va obrazlar esa muhokama uchun alohida mavzu boʻldi. Ayniqsa, “Jomeʼut tavorix” asarining ilk qoʻlyozmalari, “Shohnoma”ning ishchi nusxalari, shuningdek, Saʼdiy Sheroziy qalamiga mansub “Kulliyot” asari ilk nusxalaridan birining kodikologik va matn xususiyatlari, Alisher Navoiy devonlarining shoir ijodiy laboratoriyasini oʻrganish manbasi boʻlgan umrboqiy qoʻlyozmalari, Firdavsiyning “Yusuf va Zulayho” asaridagi fors qoʻlyozmalari anʼanasi barchaning eʼtiborini tortdi.

Konferensiyada, shuningdek, mintaqamizda Oʻrta asrlarda qoʻlyozma qogʻozi ishlab chiqarishning nisbatan taraqqiy topgan sanoati muayyan manbalar misolida eʼtirof etildi.

Bugungi kunda mamlakatimizda qoʻlyozmalarni oʻrganish sohasida olib borilayotgan xayrli ishlar ham xorijlik mutaxassislar nazaridan chetda qolmadi. Yurtimiz fondlaridagi manbalarning saqlanishi va oʻrganilishi ular tomonidan yakdillik bilan ijobiy baholandi.

Anjuman yakunida ikki kun davom etgan tadbir sarhisob qilinib, Markaziy Osiyo hududida yuzaga kelgan qoʻlyozma manbalarni har jihatdan oʻrganish orqali ilmiy yangiliklar yaratish istiqbollari, bu sohaga mamlakatimiz hukumati tomonidan qaratilayotgan eʼtibor alohida tilga olindi, muhokama qilingan mavzular yuzasidan ilmiy xulosalar shakllantirilib, sohaga oid dolzarb savollarga javoblar berildi.

Konferensiya ishtirokchilariga tashkilotchilarning tegishli sertifikatlari topshirildi.

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi
Matbuot xizmati

Check Also

Oʻzbekistondagi islohotlar samarasi Britaniya jamoatchiligiga tadqim etildi

Xabar qilinganidek, Oʻzbekistondagi islom sivilizatsiyasi markazi, Imom Buxoriy, Imom Moturidiy, Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari …