Home / FOTO LAVHALAR / Yangi loyiha boshlandi

Yangi loyiha boshlandi

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi va Islom tarixi, sanʼati va madaniyatini tadqiq etish markazi (IRCICA) hamkorligidagi “Markaziy Osiyo – Islom sivilizatsiyasi oʻchogʻi” nomli ilmiy loyihaga start berildi.

Loyihadan koʻzlangan maqsad – Markaziy Osiyo xalqlari tarixi, madaniyati, yozma manbalar, yodgorliklar va ilmiy merosiga oid mavzular yuzasidan Oʻrta asrlarda jahon tamadduni rivojiga bebaho hissa qoʻshgan alloma va mutafakkirlarimizning turli yoʻnalishlardagi izlanishlari, dunyoviy va islomiy bilimlari, sohaga doir zamonaviy ilmiy-tadqiqotlar bilan tanishish va tajriba almashishdan iborat.

Uning doirasida islom tarixi, madaniyati, sanʼati kabi yoʻnalishlarda nufuzli xorijiy va mahalliy ilmiy muassasalardagi ilmiy doiralar vakillari ishtirokida tizimli ravishda onlayn seminarlar yoʻlga qoʻyiladi.

29-aprel kuni loyihaning ilk seminari tashkil etildi. Unda Markaz xodimlari, Oʻzbekiston Fanlar akademiyasining Tarix instituti va Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti, Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti, Buxoro va Samarqand davlat universitetlari, Oʻzbekiston Xalqaro islom akademiyasi, Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti, Oʻzbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti olimlari, Oʻzbekiston faylasuflar assotsiatsiyasi vakillari, Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi, Berdaq nomidagi Qoraqalpoq adabiyoti tarixi davlat muzeyi, Oʻzbekiston Milliy arxivi ilmiy xodimlari, shuningdek, Qirgʻiziston ilmiy muassasalari tadqiqotchilari jami ellikka yaqin nuqtadan turib ishtirok etdi.

Dastavval Markaz direktori Shovosil Ziyodov mahalliy va xorijiy ilmiy hamjamiyatlar vakillarini yangi loyiha bilan tabriklab, uning ahamiyati hamda bundan koʻzlangan maqsad va vazifalarga toʻxtaldi va Markazning boshqa ilmiy loyihalari singari davomli va samarali boʻlishiga ishonch bildirdi.

Seminarning asosiy qismida IRCICA Bosh direktorining Markaziy Osiyo tadqiqotlari boʻyicha maslahatchisi, professor, dr. Ashirbek Moʻminovning “Markaziy Osiyo ilmiy markazlarida anʼanalar davomiyligi: inqirozlar va uzilish davrlari” mavzusidagi maʼruzasi tinglandi.

Olim mintaqa ilmiy hayotining tarixiy bosqichlarida kuzatilgan inqirozli davrlarni tavsiflab, ularning sabab va oqibatlarini bayon qildi. Moʻgʻullar istilosi va undan keyingi davrlarda ham manbalar maʼlumotlari tahlilining mavjud boʻlmagani, hukmron sinflarning ulamolarga nisbatan befarq munosabati va boshqa qator ijtimoiy-iqtisodiy omillar ilmiy markazlar rivojiga salbiy taʼsir koʻrsatganini taʼkidladi.

Jumladan, “Al-Qand fi zikri ulamoi Samarqand” va “Al-Ansob” asarlarida XVII asr oʻrtalarigacha boʻlgan maʼlumotlar mavjud boʻlsa-da, keyingi davr xronologiyasi uchramaydi. Olimlar bilan hukmron doiralar oʻrtasidagi nozik, baʼzan ziddiyatli boʻlgan munosabatlar esa bu boradagi oʻrganishlarda yangi konsepsiyalar ishlab chiqishni talab etadi.

Shuningdek, islom ilmlari taraqqiyotida tasavvuf taʼlimotining ham tanazzulga uchragan holatlari tilga olinib, diniy ulamolar va dunyoviy olimlar oʻrtasida yuzaga kelgan ixtiloflar borasida ham mulohazalar bildirildi.

Maʼruzachi har bir tarixiy bosqichda koʻplab anʼanaviy silsilalar muayyan muddat saqlanib qolgani, oʻsha davrlar uchun zamonaviy boʻlgan uslublarda yangi asarlar yaratila borgani ilmiy faoliyatni oʻta ayanchli va ortga qaytmas inqirozdan muhofaza qilganini qayd etdi. Ayniqsa, keyingi davrda maxsus stipendiyalarning joriy qilinishi, ogʻzaki tarixdan yozma anʼanalarga oʻtilishi, ulamolar hayoti va ijodiga oid tarixiy va biografik asarlarning vujudga kelishi tanazzuldan taraqqiyot sari qoʻyilgan odimlar sifatida eʼtirof etildi.

Professor tarixiy davrlardagi im-fan taraqqiyotiga doir olib borilayotgan zamonaviy tadqiqotlar borasida ham soʻzlab, xususan, tasavvuf silsilasi XVII asrda toʻxtab qolmagani, keyingi yuzyilliklarda ham davom etgani Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi katta ilmiy xodimi Mexrojiddin Amonov tomonidan ilmiy jihatdan isbotlab berilganini ijobiy baholab, yangi-yangi manbalarni nafaqat izlab topish, balki yanada xos uslub va yondashuvlar, zamonaviy tendensiya va uslubiyatlar asosida oʻrganishga oid bir necha takliflarni ilgari surdi.

Seminar qizgʻin savol-javoblar bilan davom etdi.

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi
Matbuot xizmati

Check Also

Bayram munosib qarshilandi

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida 11-noyabr – “Oʻzbekiston kasaba uyushmalari kuni”ga bagʻishlab, sogʻlom turmush tarzi …