Home / MAQOLALAR / MAVLONO MUHAMMAD QOZINING “SILSILATUL-ORIFIN VA TAZKIRATUS-SIDDIQIN” ASARIDAGI TARIXIY-TASAVVUFIY GʻOYALAR

MAVLONO MUHAMMAD QOZINING “SILSILATUL-ORIFIN VA TAZKIRATUS-SIDDIQIN” ASARIDAGI TARIXIY-TASAVVUFIY GʻOYALAR

Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar natijasida dunyoga mashhur allomalarimiz maʼnaviy merosini oʻrganishga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Biz ajdodlarimizning donishmandlik anʼanalariga amal qilib, ularning gʻoyalarini teran anglagan holda islohotlarni amalga oshirmoqdamiz. Bu yoʻlda ular yaratgan maʼnaviy meros  biz uchun dasturulamal boʻlib xizmat qilishi shubhasizdir. Zero, Yangi Oʻzbekiston taraqqiyotining bugungi bosqichida ulugʻ alloma va mutafakkirlarimizning koʻplab bebaho asarlarini saqlash, oʻrganish va kelajak avlodga yetkazish borasidagi ishlarni yanada jadallashtirish muhim ahamiyat kasb etadi”[4].

Qomusiy olim Sayyid Sharif Jurjoniy tomonidan “haqiqiy bilimga intilish, hammaga ibrat” deb tushuntirgan tasavvuf taʼlimotida Naqshbandiya muhim oʻrin tutadi. Bu taʼlimotning taraqqiyoti va yuksalishida Mavlono Muhammad Qozi muhim oʻrin tutadi. Uning qalamiga mansub nodir qoʻlyozma “Silsilat ul-orifin va tazkiratus siddiqin” asari Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Abu Rayhon Beruniy nomidagi sharqshunoslik instituti qoʻlyozmalar fondida saqlanmoqda.

Mavlono Muhammad Qozi maʼnaviy merosini bugungi kunda Sharqshunoslik instituti qoʻlyozmalar xazinasida saqlanayotgan nusxasi misolida koʻrib chiqamiz. Asarda tasavvuf namoyandalari Zunnuni Misriy, Boyazid Bastomiy, Shayx Shibliy, Ahmad Hanbal, Imom Abu Qosim Qushayriy, Imom Gʻazzoliy, Faxr Roziy, Abu Yusuf  Hamadoniy, Abdulxoliq Gʻijduvoniy, Orif  Revgariy, Jaloliddin Rumiy, Shayx Maslahat Xoʻjandiy, Bahouddin Naqishband, Alouddin Attor, Muhammad Porso, Alouddin Gʻijduvoniy, Bahouddin Umar, Shayx Siroj Pirmastiy, Mavlono Sayfiddin Manoriy, Yaʼqib Charxiy, Nizomiddin Xomush, Saʼduddin Hamaviy, Ahmad Yassaviy, Hasan Andoqiy kabilar haqida soʻz yuritilgan. Allomaning ismi qoʻlyozmada quyidagicha keltirilgan: “Muhammad ibn Burhoniddin boʻlib, Muhammad Qozi bilan mashhur”dir. U XV asrda Samarqand shahrida maʼrifatli fozil inson Burhoniddin Samarqandiy (taxallusi – Miskiniy) oilasida dunyoga kelgan.

Uning tugʻilgan yili manbalarda aniq koʻrsatilmagan. Manbada Muhammadning otasi Burhoniddin Miskiniy Samarqandiy mashhur Imodiddin Qoziga yaqinligi sabab uning oʻgʻlini Muhammad Qozi deb atagan, deyiladi. Yuqoridagi maʼlumotni Mirzo Muhammad Haydar oʻzining “Tarixi Rashidiy” asarida “Ularning ismlari Mavlono Muhammad Burhoniddindur. Otalari qozi Imodiddin Samarqandiyning maxsuslaridin erdi. Ushbu jihatdan Mavlono Muhammad Qozi deb shuhrat topibdurlar”, deb yozadi[3]. Uning “Silsilatul orifin va  tazkiratus siddiqin” asari 885/1480-yilda yozilgan [2.:3a varaq].

Qoʻlyozmada ushbu asar tariqat sayyidi, haqiqat daryosi, irshod masnadi sadri, hidoyatga yetaklovchi xassos, qalblar tabibi Xoja Ubaydulloh Ahrorga bagʻishlab tasnif etilgani qayd qilingan. Muallif 12 yil Xoja Ahror huzurida xizmat qilib, tariqat sir-asrorlarni qunt bilan oʻrganadi. Bu haqda Faxriddin Ali Safiy oʻzining “Rashahotu aynul hayot” asrida “Hazrati Eshonning  asʼhoblari va maqbullarining ajillalaridin turur va ul Hazratning manoqiblari, shamoyilu xasoyis va fazoyillarida kitobe tasnif  etibdurlar. “Silsilatul orifin va tazkiratus siddiqin” bila musammodur. Ul joyda keltiribdurkim, sananing taʼrixi sakkiz yuz sakson beshda (1480) erdikim, Hazrati Eshonning mulozamatlarigʻa yetushuldi. Va oʻn ikki yilgʻa qarib ul Hazratning mulozamatlarida boʻldi” [1]. “Silsilatul orifin va tazkiratus siddiqin” asari siddiq va oriflar haqida yozilgan kitob boʻlib, muqaddima, uch fasl va xotimadan iborat.

Birinchi faslida Hazrat Eshon (Xoja Ahror Vali) va Xojagan silsilasi [2.7 a varaq] azizlari haqida soʻz yuritilgan boʻsa, ikkinchi fasli latif xabarlar va goʻzal majlislar toʻgʻrisida. Uchinchi faslida esa (Xoja) Eshondan zuhur boʻlgan odat va karomatlar haqida bayon qilingan. Asarning xotimasida axloq sifatlari va bu toifa (xojagon) haqida turli hikoyatlar zikr etilgan. “Hazrat Eshon (Xoja Ahror Valiy)ning nasabalari va hasabalari bayon qilinadi. Hazrat Xoja Kalon (q.s.) Hazrat Xojamning oʻgʻlidur. U kishi Xoja Mahmudning oʻgʻlidur. U kishi esa Xoja Shahobiddinning oʻgʻli. U kishi uch yoki toʻrt vosita bilan Xoja Muhammad Nomiyga yetadi. Xabar berildiki, Muhammad Nomiy Bagʻdoddan. Uning ustozi  shayx Abu Bakr Muhammad ibn Ali ibn Ismoil Qaffol Shoshiydir. Qaffol Shoshiy shofeiy mazhabi ulamolaridan edi. Zohiriy va botiniy ilmda zamonasining peshvo imomlaridan edi. Abu Bakr Qaffol Shoshiy oʻz hayotlarini uch qismga boʻlgan ekanlar. Bir vaqt Rum tarafga gʻazotga borganlari, (U paytda Rumda hanuz Islom muyassar boʻlmagan ekan), bir vaqt hajga borganlari, bir vaqt oʻz viloyatlarida oʻtirib, xalqni Haqqa daʼvat qilganlari”[2:35а-b varaq].

Qoʻlyozmaning 36а-37b varagʻida: “Abu Bakr Muhammad ibn Ali Qaffol Shoshiy zamonasining mashhur ulomalaridan boʻlib, Shosh (Toshkent) shahrida istiqomat qilar edilar. U zot koʻp marotaba hajga safar qilib, borishda va qaytishda aksar ilmlarni olgan Bagʻdodga kirib oʻtar edilar. Bir galgi safarlarida Bagʻdodga kelsalar, ulamolarning nihoyatda sarosimada qolganini koʻrdilar. Chunki Rum podshohi – qaysari ibriy tilida xalifaga bir qasida yuborib, yo ushbu qasidaga munosib javob yozasizlar, yo har yili oʻlpon toʻlaysizlar, yoki urushga tayyorlanaveringlar, deb talab qilgan edi. Oʻsha paytda ularning Rum bilan urushishga imkoni yoʻqligi,  talab qilingan oʻlponni ham toʻlash uchun yetarli mablagʻi boʻlmaganidan qasidaga javob yozishga majbur edi. Bagʻdodning jami ulamo va fozillari yigʻildi. Lekin qasidaga mos javob yozishga barchasi ojiz qoldi. Rum elchisi esa ularni shoshiltirar edi. Shayx Bagʻdodga kirib kelganlarida, Turkiston yurtidan Bagʻdodga bir zabardast donishmand kelibdi, degan xabar tarqaladi. Xalifa odam yuborib, u kishi javob qasidasini yozsa, evaziga xohlagan narsasini berishini aytadi”. “…Naql qilinishicha, Hazrati Shayx gʻazotga borib, rumliklar bilan jang qilgan yili ahli Islomga shikast yetib, koʻpgina musulmonlar bilan birga asirga tushadi. Hazrati Shayxni Rum podshosining oldiga olib kelganida podshoh Shayxga boqib: “Sen bu viloyatning odamiga oʻxshamaysan, rostini ayt, qayerdansan?” deb soʻraydi. Hazrati Shayx: “Shosh viloyatidanman”, deb javob beradi. Podshoh: “Sen biz uchun Tavrotni arab tiliga oʻgir, sen va asir musulmonlarning gunohidan oʻtaman va koʻp neʼmatlarni inʼom qilaman!” deydi. Shayx unga: “Mayli, roziman, ammo shartim shuki, Tavrot qanday nozil qilingan boʻlsa, arab tiliga xuddi oʻshanday tarjima qilaman. Ammo hozir sizlarning qoʻlingizdagi Tavrot oʻzgartirilgandir!” deb javob qiladi.

Podshoh dargʻazab boʻlib: “Agar bu ishni qilmasang, seni asir musulmonlar bilan birga qatl ettiraman!” deb dagʻdagʻa qiladi. Shayx esa: “Nimani xohlasang, shuni qil! Men Haqdan nozil boʻlgan Tavrotdan boshqa Tavrotni tarjima qilmayman!” deydi.

Podshoh ulamolar va ulugʻlar bilan maslahat qilgan holda oxiri rozi boʻlib: “Mayli, sen arabcha qil, ammo biz Muhammadning sharhlariga kelganda koʻzimizini yumamiz va uni oʻqimaymiz!” deydi. Alqissa, Hazrati Shayx ishga kirishadi. Ozgina fursatda shunday katta ishning uddasidan chiqib, Tavrotni boshdan oyoq tarjima qiladilar. …Rum podshohi Hazrati Shayxga inʼomlar berib, ahli Islomning barchasini ozod qiladi. Oʻn ming asir xalos boʻlgani bilan Hazrati Imom Bagʻdod xalifasining huzuriga keladi va koʻp hurmatli boʻlib, “Mendan tilang”, deganda bir noma tiladilarkim, Toshkent shahrining voliyi (hokimi)ning nomigakim, qadimgi podsholardan qolgan arigʻlar botil boʻlib (koʻmilib ketib), Toshkent shahriga suv kelishi mashaqqat boʻlibdir. Imkoni boʻlsa, viloyat hokimi buyrugʻingiz boʻyicha bosh boʻlib, suvni joriy qilib bersa, dedilar. Xalifa noma yozib, abbosiy xazinasidan bir yuz oltmish tanga berdi. Hazrati Imom mazkur tanga bilan nomani keltirib, viloyat hokimiga beradilar”. Natijada xalq koʻp ariq qazib, band bogʻlab, suv chiqariladi.

Asarning 66b-67a varagʻida Xorazm voliysi Qutluq Temur, Mirzo Shohruh, Abu Said Mirzolar haqidagi voqealar bayon qilingan. Tarixiy manbalarda Mirzo Ulugʻbek shahid etilgan mavze Samarqand shahrining chekkasida joylashgani haqida baʼzi maʼlumotlar keltirilgan. Lekin bu mavzening aniq oʻrni hozirgacha nomaʼlum edi. Mirzo Ulugʻbek – Bogʻi Maydondagi Bogʻi Chinnida vafot etgani haqida Muhammad Qozi bunday deydi: “Mirzo Ulugʻbekning umri Bogʻi Maydon-Chinnixonada tamom boʻldi”, [2:68 a] degan maʼlumotni beradi.

Zikr talqini Hazrati Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning muborak dillaridan Abu Bakr Siddiqqa oʻtadi. Keyin bu saodat Salmon Forsiyga oʻtadi. U kishidan Jaʼfar Sodiqqa, keyin Boyazid Bistomiyga oʻtadi. Undan keyin Abul Hasan Haraqoniyga, undan shayx Abul Qosim Gurgoniy Tusiyga, undan shayx abu Ali Farmadiy Tusiyga, undan shayx Abu Yusuf Hamadoniyga oʻtdi. U kishidan zikr talqini yanada quvvati oshib, toʻrt buzrukvor (xalifa-shogird)ni tarbiya qildilar. Toʻrtoviga ham tariqat daʼvatiga ijozat berdilar. Birinchisi Abdulloh Barraqiy, keyin Xoja Hasan Andoqiy, uchinchisi Ahmad Yassaviy va oxirgisi Xoja Abdulxoliq Gʻijduvoniydir [2:58a varaq].  Xoja Abdulxoliq Gʻijduvoniy esa Xoja Ahmad Siddiq, Xoja Orif Revgariy va Avliyoi Kalonga ijozat berdi. Xoja Orif Revgariydan Xoja Mahmud Anjir Fagʻnaviyga oʻtdi. Undan Hoja Ali Romitaniyga [2:58b -59a varaq], undan Xoja Muhammad Bobo Sammosiyga oʻtdi. Undan Amir Kulolga, undan Xoja  Bahouddinga oʻtdi. Bahouddin Xufiya zikrga mashgʻul boʻldi. “Men seni qanday tarbiyat etgan boʻlsam, farzandim Bahouddinni ham xuddi shunday parvarish qilgin va shafqatni darigʻ tutmagaysan”. Shu tariqa Amir Kuloldan zikr taʼlimini oldi.  Xojagon silsilani shu yerga qadar Muhammad Hofiz Muhammad Porso yozishmalari orqali naql qildi [61b varaq].

Asarda turli bayt, gʻazal, masnaviylar ham berib borilgan.

 Jumladan:
“Daftar sarfi savod va huruf nest,
Chiz dil safid mehavon baraf nest”,

Yaʼni:

“Nomaʼi aʼmol daftarida yozuvlar koʻp, ammo savod (eʼtiqod) bilan yozilmagan, goʻyoki dilim pok deb yozgani bilan, dil oq (pok) boʻlib qolmaydiku” [2:9а varaq].

Mavlono Muhammad Qozi maʼnaviy merosidagi “Silsilatul orifin va tazkiratus siddiqin” asari asl tariximizni kelajak avlodga yetkazishda, shuningdek, Uchinchi Renessans poydevori boʻlgan sifatli kadrlarni tayyorlashda nodir manba boʻlib xizmat qiladi. Zero, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan taʼkidlanganidek: “…Eng katta boylik – bu aql zakovat va ilm, eng katta meros – bu yaxshi tarbiya, eng katta qashshoqlik – bu ilmsizlikdir! Shu sababli hammamiz uchun zamonaviy bilimlarni oʻzlashtirish, chinakam maʼrifat va yuksak madaniyat egasi boʻlish uzluksiz hayotiy ehtiyojga aylanishi kerak”[5].

Foydalanilgan adabiyotlar:
  1. Faxriddin Ali Safiy. Rashahotu aynil hayot. www.ziyouz.com kutubxonasi. 467
  2. Муҳаммад ибн Бурҳонуддин ибн Хожа Муҳаммад Ризо Муҳаммад ал-Қози. Силсилатул орифин ва тазкиратус сиддиқин. ЎзР ФА ШИ қўлёзмалар хазинаси. №11413. – B.276.
  3. Mirzo Muhammad Haydar. Tarixi Rashidiy. –T.: 2011. – B.308.
  4. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Qadimiy manbalarni saqlash va tadqiq etish tizimini takomillashtirishga doir chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Qarori// Xalq soʻzi, 2022-yil 11-fevral.
  5. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlisga Murojaatnomasi. 24.01.2020. http://www.press-service.uz.
MANSUR ALIMOV,
SamDCHTI mustaqil tadqiqotchisi

Check Also

RASULULLOH SOLLALLOHU ALAYHI VASALLAM QOʻRQQAN FITNA

(Bir hadis sharhi) Fitnalar har doim boʻlib kelgan. Bunday ishlardan eng yomoni nohaqdan shirk va …