Home / MAQOLALAR / AMIR SAID OLIMXON SHAXSIYATI

AMIR SAID OLIMXON SHAXSIYATI

Tarixda shunday shaxslar borki, ularning hayoti doimiy ravishda odamlarda qiziqish uygʻotgan. Buxoro amirligining soʻnggi hukmdori Amir Said Olimxon hayoti, uning siyosiy faoliyati sovet davrida ommaga yetarlicha ochib berilmagan. U haqdagi maʼlumotlar atayin boʻrttirilib, amir maishatparast, qoʻrqoq, xudbin, xalq holiga befarq hukmdor sifatida talqin qilingan. Vaholanki, bu borada olib borilgan soʻnggi tadqiqotlar voqelikka boshqa tomondan qarashga undamoqda.

Said Olim Toʻra 1881-yil 1-yanvarda Buxoro amiri Abdulahadxon xonadonida Karmana bekligidagi Olchin saroyida dunyoga kelgan. Said Olim Toʻraning toʻliq ismi Said Mir Muhammad Olimdir. Amir Said Olimxonni yoshligidan boshlab Toʻrajon deb eʼzozlashgan[7:509]. Onasining ismi Davlat Baxt oyim. Amir Said Olimxon oilada ikkinchi farzand edi. Otasi Amir Abdulahadxon tomonidan Amir Said Olimxonning akasi Said Mir Abdulloh taxt vorisi etib tayinlangani uchun hech kim Olim Toʻrani taxtga oʻtirishini kutmagan[5:109].

Ammo 1888-yilda akasining kutilmaganda bezgak kasalidan vafot etishi Said Olim Toʻraga taxt uchun yoʻl ochdi. Amir Abdulahadxon oʻgʻlining zamonaviy taʼlim olishini va taxt vorisi sifatida Rossiya tomonidan eʼtirof etilishini xohlar edi. Buxoro amirlaridan birinchi boʻlib Abdulahadxon shaxsan Rossiya imperatori bilan uchrashish amaliyotini boshlab bergan. Uning 1893-yilda tashkil etilgan ilk safari natijasida Said Mir Olim taxt vorisi sifatida eʼtirof etilgan[6:8].

Shu tariqa Rossiya imperatori Aleksandr III Said Olimxonni Buxoro amirligi taxt vorisi ekanini eʼlon qiladi. Amir Said Olimxon oʻz davri uchun kerakli bilimlarni otasi saroyida egallagan. Uning avlodlaridan biri Sayyid Mansur Olimiy taʼkidlaganidek: “Diniy hamda oʻsha davrda keng tarqalgan bilimlarni zamonasining olimlaridan oʻrgandi”[11:71].

Amir Said Olim Toʻra 13 yoshida otasi amir Abdulahadxon buyrugʻi bilan harbiy taʼlim olish uchun Peterburgga borib, 3-yil davomida harbiy muhandislik mutaxassisligi boʻyicha bilim oladi[8:305]. U Nikolayev kadet korpusida imperator oliy hazratlarining faxriy qorovullari vazifasini bajaradigan “pajlar” boʻlimida oʻqishni boshlaydi. Olimxon rus zodagonlari taʼlim oladigan maktabga oʻqishga qabul qilinadi, ammo bir muddat oʻtgach, harbiy qismga olib ketiladi va u yerda harbiy tayyorgarlikdan tashqari saroy qorovuli vazifasini ham bajaradi. Bu qismni muvaffaqiyatli tamomlab, podshoning kazaklardan tashkil topgan gvardiya polkiga komandir etib tayinlanadi. Buxoro amiri boʻlgach, Olimxonning oʻzi xuddi Peterburgdagi kabi qoʻriqchilar polkini tuzgan. Lekin bu qoʻriqchilar polki Peterburgdagidek Terek kazaklaridan emas, balki amirning xizmatidagi qullardan tuzilgan edi.

Olimxonning taʼlim olish uchun Moskvaga yuborilishi uning merosxoʻr sifatida eʼlon qilinishi natijasidir. Rossiya tomonidan valiahdning qabul qilinishi oʻsha davrda Buxoro amirligi uchun shart edi. Chunki Rossiyaning roziligini olmagan sulola aʼzosining amir boʻlishi yoki avvalgi hukmdor tomonidan amir deb eʼlon qilinishi Rossiyaning Buxorodagi siyosiy, harbiy va iqtisodiy mavqei tufayli mumkin emas edi. Aynan rus hukumati 1868 va 1873-yillarda tuzilgan kelishuvlar natijasida taxt vorislarini tasdiqlar va boshqaruv ishlariga aralashardi. Chunki bu kelishuvlarga koʻra, Buxoro Rossiya himoyasini qabul qilgan edi. Tegishli kelishuvlarning hayotga tatbiq etilishi Buxoro amirligining siyosiy ahvoliga bevosita taʼsir koʻrsatdi. Shuningdek, ushbu shartnomalar Rossiya taʼsirining Buxoroda chuqurlashishiga yoʻl ochar va imperiyaga qaramlikni yanada oshirar edi[5:110].

Said Olimxonning bu maktabga yuborilishi unga gʻarb va rus madaniyati bilan yaqindan tanishish imkonini berdi. Olimxon olgan taʼlim uning maʼnaviy hayotiga sezilarli taʼsir koʻrsatdi. Darhaqiqat, Qizil Armiya Buxoroga bostirib kirganida, Olimxon saroyidan Tolstoy, Dostoyevskiy, Belinskiy va Nekrasov asarlarining topilishi uning Rossiyada olgan bilimi natijasidir.

Korpusdagi taʼlim davrida tarbiyachi polkovnik Demin Said Olimxonning psixologik portretini taʼriflashga harakat qilgan. Buni quyidagi fikrlar isbotlaydi: “Said Mir Olim magʻrur, unga biriktirilgan amirlik amaldorlari bilan sharqona munosabatga kirishadi. Korpusdan tashrif buyurgan kadet bolalari bilan birga oʻynaganda, gʻolib yoki birinchi boʻlsagina oʻynashni istaydi”[6:25].

Peterburgda uch yil oʻqigan Said Olimxon 1896-yil 7-mayda diplom olib otasining yoniga qaytadi. Yosh buxoroliklar partiyasi asoschilaridan biri Fitrat u haqda quyidagicha yozadi: “Abdulahad oʻgʻlining tahsilni tugatishi munosabati bilan Peterburgga borib, katta ziyofat va inʼomlar bergan holda Amir Said Olim Toʻrani oʻzining valiahdi deb eʼlon qildi” [1:12].

Said Olimxon otasidan iqtisodiy, siyosiy, savdo, davlat boshqaruvi, ichki taʼlim masalalarini ikki yil davomida oʻrganadi. Otasining buyrugʻiga koʻra 1898-yil Buxoro amirligining Qarshi bekligiga hokim qilib tayinlanadi[9:27].

Said Olimxon Qarshidagi hokimlik faoliyatini shunday eslaydi: “Bu ojiz bandaning Nasaf viloyatidagi hukmronligi muddati oʻn ikki yil davom etdi. Bu muddat ichida mening hukumatim hamisha faqirparvar va gʻaribnavozlikka intilardi, mazlumlarni zolimlardan asrab, haqni qaror toptirardi. Shunday qilib, mazkur viloyat aholisini oʻzimdan xursand-u mamnun etardim. Mazkur viloyatga yaqin joyda Qashqa degan shoʻx daryo oqardi. Undan kambagʻal beva-bechoralarning kechib oʻtishda rohati buzilib, doimo gʻam-tashvishda edi. Aholining osoyishtaligini koʻzlab mazkur daryoga tosh-u temirdan bir koʻprik qurdirdim, koʻprikni esa oʻz nomim bilan atadim. Shoyad faqiru fuqarolar suv kechish tashvishidan qutilib, tinch osuda yashasalar, deb oʻyladim. Shu bilan yana boshqa bir qancha madrasa va ibodatxonalar qurib, bu borada anchagina yumushlarni yuzaga keltirdim” [2:4].

Amir Said Olim Toʻraning Qarshidagi hokimlik davri xususida uning avlodi Sayyid Mansur Olimiy oʻzining “Buxoro – Turkiston beshigi” risolasida quyidagicha taʼkidlaydi: “12-yillik hukmronlik davrida katta Qarshi nahri ustiga koʻprik qurdirdi, madrasa barpo etdi”[11:71].

Amir Said Olim Toʻraning Qarshidagi faoliyati xususida Fitrat keltirgan maʼlumotlar esa shunday: “Olim Toʻra Qarshiga kelgan zahotiyoq viloyatning barcha ish, yumushlarini Usmonbek ixtiyoriga qoldirib, oʻzi aysh-ishrat bilan shugʻullandi. Mamlakatning ahvoli va ishlaridan shunchalik uzoq ediki, hech kim biror ish yuzasidan unga murojaat etmasdi” [1:12]. Shu oʻrinda birinchi oʻzbek professori Abdurauf Fitratning Amir Said Olimxonga muxolifatda ekanini unutmasligimiz kerak.

Said Olim Toʻra Qarshida 12-yil hukmronlik qiladi. Amir Abdulahadxonning sogʻligi yomonlashgach, Karmanaga hokim etib tayinlanadi. Oradan 2-yil oʻtgach Abdulahadxon vafoti munosabati bilan Said Olim Toʻra Buxoro amirligining hukmdoriga aylanadi. Bu haqda oʻsha davr rus matbuotida ham eʼlon berilgan edi[3:57].

Shu tariqa Amir Said Olimxon Buxoro amirligini boshqarishga kirishdi. Xalq orasida Abdulahadxon vafotidan keyin uning oʻrniga taxtga oʻtirgan merosxoʻr nima qiladi, degan savol tugʻildi. Mamlakatda yosh amir haqida ijobiy muhit vujudga keldi va xalq uning saltanat boshqaruvini sabrsizlik bilan kuta boshladi. Amir Said Olimxon Sankt-Peterburgda rus va Yevropa sivilizatsiyalari bilan maʼlum darajada tanishish imkoniga ega boʻlgan shaxs edi. Shu sabab jamoatchilik va ziyolilar orasida mamlakatda islohotlar haqida fikrlar mavjud edi. Baʼzi mish-mishlar koʻchalarda aylana boshladi. Goʻyoki “amir mamlakat boshqaruvini mutlaqo yangicha uslublar boʻyicha tashkil qiladi, maktab va taʼlimga ahamiyat beradi, davlat xizmatchilari va askarlarning oylik maoshlarini oshiradi, poraxoʻrlikni yoʻq qiladi”[10:72].

Bu gʻoyalarning shakllanishi va odamlarning shunga oʻxshash umidlari boshdan kechirgan oʻzgarishlar natijasidir. Abdulahad davrida Olimxon qaysidir maʼnoda bu fikrga ega boʻlganlar uchun umid manbai boʻlgan[5:112].

Amir Olimxonning Turkiyadagi Gʻoziantep shahrida yashayotgan oʻgʻillaridan biri Abdulkabir Azimiy otasining shaxsiy fazilatlari haqida quyidagilarni aytgan edi:

“Qiblagohim 1944-yilda Kobulda olamdan oʻtdilar. Oʻshanda men 13-14 yoshlarda edim. Menga: “Bolalarga qara, janoza paytida tashqariga chiqib, baqir-chaqir qilishmasin”, deb topshiriq berdilar. Haramdan tashqarida katta hovli boʻlardi. Oʻsha yerda qorilar yigʻilib, Qurʼon tilovat qilishardi. Otamni yuvib, oʻrab, bir xonaga yotqizib qoʻyishgandi. Ayollari chiqib ketgach, biz farzandlari saf tortib, birma-bir kirib, otamning qoʻllari va oyoqlarini oʻpib chiqdik. Otamning bosh vaziri Hoshimxon va yana bir qancha amaldorlar u yerda saf tortib turishardi. Padarimizni olib chiqishayotganda meni bir narsa hayratga soldi. Yigʻlamagan odamning oʻzi qolmagandi. Janozaga hattoki Buxoro yahudiylari ham kelishgandi. Ular shunchalar koʻz yosh qilishar ediki, men koʻrib koʻzimga ishonmasdim. Odamlardan biri ulardan: “Siz nimaga yigʻlaysiz?” – deb soʻraganida, ular: “Axir u bizning podshohimiz edi”, – deb javob qaytarishgandi. Oʻsha kuni Afgʻonistonda bayroqlar yarim tushirildi, hatto, baʼzi elchixonalar bayroqlari yarim tushirilgandi”.

Abdulkabir Azimiy yana davom etadi: “(Otam) hayotliklarida Omonulloxon otamni Pagʻmonga chaqiradi. Yoʻlda ketayotib, Rusiya elchisining avtoulovi loyga tiqilib qolganini koʻradilar. Otam unga yordam berishni aytadilar. Keyin elchi: “Bu kishi kim?” – deb soʻraydi. “Buxoro amiri”, – deb javob qiladilar. U kelib, otamga tashakkur bildiradi. Padarimning haydovchilari kobullik boʻlgan, u kishi: “Nima uchun unga yordam qildingiz?” – deb soʻraganlarida, otam: “Men bir paytlar Rusiyada tuz-non yegan edim”, –deb javob bergan ekanlar. Otam ana shunday inson edilar” [12].

Amir Said Olimxon hukmronligi davrida taʼlim sohasida ham islohotlarni amalga oshirdi. U 1911-yil mart oyida “Taʼlim toʻgʻrisida” farmon chiqardi. Unda quyidagi vazifalar belgilangan edi:

– madrasa talabalariga turli hoshiyalar oʻqitil­masligi, tafsir va hadis rasmiy dars sifatida oʻqitilishi;

– davlat xazinasiga olingan vaqflardan yigʻilgan pullarga shaharning turli yerlarida maktablar qurish va ularga muallimlar tayinlash;

– maktab muallimi olim, xushxat va xushqiroat boʻlishi;

– ularga maktablarning vaqflaridan tashqari davlat xazinasidan yillik 120 rubl maosh tayinlash;

– tahsil uchun bolalardan pul olmaslik;

– maktablarga bir nozir tayinlash va u har oy maktabni taftish qilib, amirga hisobot berish[4].

Yuqoridagi maʼlumotlar atroflicha tahlil qilinsa, Amir Said Olimxon sovet davri adabiyotlarida talqin qilinganidek maishatparast, qoʻrqoq, xudbin emas, balki qaysidir maʼnoda xalq holiga befarq boʻlmagan hukmdor sifatida gavdalanadi. Albatta, bu oʻrinda biz amirni kamchilikdan xoli shaxs sifatida tasvirlashdan yiroqmiz. Amir Said Olimxon qahramon emas edi, ammo bu shaxsni xoin deb ham boʻlmaydi. Davr, vaziyat taqozosi bilan amir Buxorodan chiqib ketsa ham bir umr vatan sogʻinchi bilan yashagan. Tarixiy shaxslarning yutuqlaridan namuna, kamchiliklaridan esa saboq olgan holda xolisona oʻrganishimiz kerak.

Foydalanilgan adabiyotlar:
  1. Abdurauf Fitrat. Amir Olimxonning hukmronlik davri. – T.: Minhoj, 1992.
  2. Amir Sayyid Olimxon. Buxoro xalqining hasrati tarixi. – T.: Fan, 1991.
  3. Emir Buxarskiy // Niva, 1911, № 3.
  4. Jamolova D. // Oʻzbekiston tarixi, №2. 2017.
  5. Nurettin Hatinoğlu. Türkistanda son türk devleti Buhara emirliği ve Alim Han. – Istanbul: Ötüken, 2011.
  6. Qilichev O. Sayyid Mir Olimning harbiy taʼlimi. – Buxoro: Durdona, 2021.
  7. Rajabov Q. Olimxon // Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi. Tom 6. – T.: OʻzME nashriyoti, 2003.
  8. Rajabov Q. Turkiston tarixida oʻtgan 55 buyuk siymo. – T.: Fan, 2022.
  9. Rajabov Q. Buxoroga kizil armiya bosqini va unga qarshi kurash: tarix haqiqati (1920-1924). – T.: Maʼnaviyat, 2002.
  10. Sadriddin Ayniy. Buxoro inqilobi tarixi uchun materiallar. – M.: Sentralnoye izdatelstvo narodov SSSR, 1926.
  11. Sayyid Mansur Olimiy. Buxoro-Turkiston beshigi. – Buxoro: Buxoro, 2004.
  12. www.bbc.com/uzbek/news “Uzoqdagi yaqinlar va yo hijratdagi taqdirlar”.
MAHMUD HAMRAYEV,
NavDPI tayanch doktoranti

Check Also

MUSTAQILLIK YILLARIDA TASAVVUF TAʼLIMOTINING TADQIQ ETILISHI

Mustaqillikning ilk yillarida islom diniga qoʻyilgan bir asrlik cheklov [4:252] barham topib, eʼtiqod erkinligi uchun …