Home / FOTO LAVHALAR / “Buyuk sarkarda, adolat va ulugʻvorlik timsoli”

“Buyuk sarkarda, adolat va ulugʻvorlik timsoli”

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida Sohibqiron Amir Temur tavalludining 688-yilligi munosabati bilan oʻtkazilgan maʼnaviy-maʼrifiy tadbir ana shunday nomlandi.

Ilmiy xodimlar ishtirok etgan tadbirni Markaz rahbari Shovosil Ziyodov ochib, Temurning ulugʻvor siymosi, u barpo etgan saltanat qudratining davlatchiligimiz tarixida tutgan oʻrni va yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashdagi muhim ahamiyatini qayd etdi.

Markaz ilmiy xodimi Bayozxon Mahmudov sarkarda siyrati va Temuriylar davrining oʻziga xos jihatlariga toʻxtaldi. Adolat kurashchisi, ilm-fan, madaniyat va taʼlim peshvosi, bobokalonimiz Amir Temur siyosat maydoniga 24 yoshda kirib kelgan. U mamlakatda parokandalik, mahalliy-siyosiy kuchlar oʻrtasidagi oʻzaro qarama-qarshiliklar avj olgan, Chingizxon avlodlari Movarounnahrga tez-tez bosqin uyushtirib turgan paytda jamiyatda ozodlik va taraqqiyotga boʻlgan intilishlar epkini boʻlib, gʻayratli yoʻlboshchi sifatida tarix sahnasiga chiqdi. Movarounnahrdagi Ikkinchi Renessans ham temuriylar davri bilan bogʻliq boʻlib, Temurning taxtga kelishi bilan boshlangan.

Tadbirda Sohibqironning jasorati, vatanparvarligi, xalqparvarligi, ham inson, ham davlat boshligʻi, ham donishmand sifatidagi xislatlari har qanday shaxs va rahbar uchun namuna, benazir maktab ekani taʼkidlandi. Amir Temurning ibratli hayoti va ulugʻvor ishlari maʼnaviyatni rivojlantirish, xalq qalbida milliy gʻurur tuygʻusini yanada kuchaytirish, oʻzlikni anglash, millatimiz nimalarga qodirligini dunyoga namoyish etishda doim yorqin mayoq boʻlishi eʼtirof etildi.

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi
Matbuot xizmati

Check Also

Targʻibot tadbirlari – Kattaqoʻrgʻonda

Samarqand viloyati boʻylab “Jaholatga qarshi– maʼrifat” shiori ostida mahallalarda oʻtkazilayotgan navbatdagi targʻibot tadbirlari Kattaqoʻrgʻon tuman …