Home / MAQOLALAR / BUXOROLIKLARNING TURKIYA (USMONIYLAR SALTANATI)DAGI MADANIY-MAʼRIFIY UYUSHMALARI TARIXI (1905-1913-YILLAR)

BUXOROLIKLARNING TURKIYA (USMONIYLAR SALTANATI)DAGI MADANIY-MAʼRIFIY UYUSHMALARI TARIXI (1905-1913-YILLAR)

XIX asr oxiri XX asr boshlarida Buxoro amirligidagi taraqqiyparvarlik harakati aʼzolari va tarafdorlarining Turkiyadagi “Yosh turklar” bilan munosabatlari yoʻlga qoʻyildi. Natijada Buxoro yoshlarining Istanbulga intilishi kuchaydi. Istanbul – Buxoro  oʻrtasidagi azaliy munosabatlar va savdo aloqalari tufayli Turkiyada buxoroliklar ham koʻpchilikni tashkil etar edi. Ayniqsa, Istanbul  XX asr boshlarida Yevropa ilm fani va madaniyatini oʻrganish va targʻib qilishning Sharq dunyosidagi muhim markaziga aylandi. Shuning uchun Istanbulda Buxoro fuqarolarining  milliy uyushmalari vujudga kelgani tabiiy jarayon edi. 1905-yilda ushbu shaharda buxoroliklarining ikkita milliy  uyushmasi, yaʼni “Buxoro maorifi nashri” hamda “Fan va ilmni targʻib qilish Buxoro jamiyati” ish olib borgan. Amirlikdan bu mamlakatga doimiy vakil qilib Abdulhamid Abdurahmon afandi yuborilgan. Jamiyatni moddiy jihatdan qoʻllashda sarmoyador buxoroliklar muhim rol oʻynagan [2: 163-165].

Ushbu shaxslar va 1905-yilda haj ziyoratidan qayta turib Istanbulda oʻrnashib qolgan Nurali Hasanov va oʻgʻli Gʻiyos Hasanovlarning savdo doʻkonlari, tegirmonlari hamda boshqa koʻchmas mulklari boʻlgan. Bu mulklar Istan­bul oʻquv yurtlarida buxoroliklarning tahsil olishi uchun vaqf qilingani arxiv hujjatlaridan maʼlum. Buxoro­ning Turkiyadagi agentlari Mukammaliddin Maxsum Burxonov va Muhar Burxonov homiyligida 1909-1910-yillarda 15 ta, 1911-1912-yillarda yuqorida nomlari keltirilgan uyushmalar orqali 30 nafar buxorolik yoshlar Istanbulda tahsil olgan [1:199; 22].

XX asr boshlarida Buxoro amirligi markazi Buxoro shahrida 7 ming nafar turk, 4 ming sonli afgʻon istiqomat qilgan [3: 200-201]. Ushbu fuqarolarning Turkiyadagi buxorolik talaba va oʻquvchilari bilan oʻzaro aloqalari mavjud boʻlganini arxiv hujjatlari tasdiqlaydi. Turkistonliklar va Buxoro ijtimoiy-madaniy hayotida 1909-yil dekabr oyida Istanbulda ochilgan “Buxoroda barcha kishilar orasida foydali ilmlarni tarqatishning baxtli jamiyati” uyushmasini ham oʻziga xos oʻrni bor. Ushbu jamiyatning qarorgohi Istanbul shahridagi Vazirxon koʻchasida joylashgan boʻlib, maqsadi va vazifalarini belgilab bergan Nizomi qabul qilingan edi. Jamiyatning Nizomi oradan koʻp vaqt oʻtmay, TRQB[1] boshligʻiga 10 nusxada taqdim etilgan. Rossiya imperiyasining Turkistondagi maxfiy idorasi ushbu jamiyat faoliyatidan tezda xabardor boʻlib, unga xayrixoh boʻlgan “panislomchi” va “panturkistlar”ni Buxoro amirligi hamda Turkiston oʻlkasidan izlay boshlagan. Bu haqda Turkiston general-gubernatorlik devonxonasi bilan TRQB oʻrtasidagi oʻzaro yozishmalar xabar beradi [5:16].

“Buxoroda barcha kishilar orasida foydali ilmlarni tarqatish baxtli jamiyati” Nizomi ilova qismidan tashqari 17 banddan iborat boʻlib, uning aʼzolari haqiqiy aʼzolar va muxbir (korrespondent) aʼzolardan iborat edi. Haqiqiy aʼzolar orasidan 14 kishidan iborat Boshqaruv kengashi saylangan. Jamiyatga aʼzo boʻlib kiradiganlar birdaniga 2 Usmon lirasi miqdorida aʼzolik badali va har oyda 10 piastra badal toʻlagan. Agar aʼzolardan kimki uch oyda ketma-ket oylik badalini toʻlamasa, bunday shaxs jamiyat aʼzoligidan chiqarilgan. Muxbir aʼzolar tarkibiga kirish uchun esa 120 piastra (turk puli) badal toʻlangan. Agar  jamiyatga oʻquvchilar aʼzo boʻlib kirsa, 100/3 qism yillik badalni toʻlagan. Agar ular ishonchga kirib ulgurmagan boʻlsa, 120 piastra badal toʻlagan [5:17].

Jamiyatning favqulodda yigʻilishi 1-yilda bir bor chaqirilgan, umumiy yigʻilish 3 oyda bir marta oʻtkazilgan. Kengash yigʻilishlari esa joriy masalalarni hal qilish uchun har haftada bir bor chaqirilgan [5:7].

Jamiyat Kengashida eng muhim qarorlar 14 nafar kengash aʼzolaridan 10 nafari bir fikrga kelganda qabul qilingan. Turkistondan Istanbulga safar qilgan, jamiyatga aʼzo va xayrxoh shaxslar safar xarajatlari uyushma mablagʻlaridan toʻlangan. Jamiyat Istanbulda yangi usul (usuli savtiya) maktablari uchun oʻquv qoʻllanma, darsliklar chop etish, kitoblar xarid qilish, turkistonlik va buxorolik yoshlar orasidan Turkiyada oʻqitish uchun talabalar tanlash va ularni oʻqitish bilan shugʻullangan [4:18].

Har bir shahardagi 30 nafar jamiyat aʼzosi bir nafar oʻquvchini oʻqishga yuborishi, qaysi shaharda aʼzolar soni 30 dan ortiq boʻlsa, unga bir nafar koʻp talaba yuborish vakolati berilgan. Jamiyat mablagʻlari unga aʼzo boʻlgan Turkiya,Turkiston va Buxoro amirligidagi shaxslar toʻlagan badallardan, boy-badavlat yer egalari, vaqf mulklari sarmoyadorlaridan va savobtalab insonlar bergan yordam hisobidan toʻplangan. Istanbulda Buxoro va Turkiston oʻlkasi shaharlaridan doʻkon, tegirmon, vaqf qilingan mulklar egalari boʻlgan boy-badavlat sarmoyadorlar anchagina edi.

Arxiv maʼlumotlariga koʻra, XX asr boshida Istanbulda 15-20 ta buxorolik tijorat va yer-mulk egalari ushbu jamiyatni moddiy qoʻllab turgan [7].

Oʻquvchi va talabalarni tanlab oʻqitishda ularga bir qator talablar qoʻyilgan. Birinchidan, savodi chiqqan va yozishni bilishi, ikkinchidan, mustahkam va kuchli eʼtiqodga ega boʻlish, uchinchidan, yoshi 10-15 yoshdan katta boʻlmasligi  shart qilib qoʻyilgan. Biroq badavlat sarmoyador shaxslarning bolalari 10 yoshdan kichik boʻlsa ham (7-9 yosh oraligʻida) oʻqishga qabul qilinardi. Sarmoyador shaxslarga ikki oy davomida farzandlaridan xabar olish, ular xarajatini shaxsiy hisobidan qoplash majburiyati ham yuklangan. Oʻquvchi bolalarning rasmiy hujjatlari, guvohnoma va pasportlari oʻqish muddati tugagunga qadar jamiyatda saqlangan. Jamiyat  boshqa tashkilotlar va davlat ixtiyoridagi uyushmalar bilan deyarli aloqa qilmagan. Har yili (1909-1913-yillar) jamiyat hisobidan Istanbulda tahsil olgan  oʻquvchi va talabalar 15-20 tadan oshmagan [6:21].

Jamiyat oʻqishni tugatgan yoshlar taqdiri bilan ham qiziqib, ularni ishga joylashtirish chora-tadbirlarini ham koʻrgan. Sobiq oʻquvchilardan qay biri koʻpchilik qaroriga qarshi chiqib, oʻzboshimchalik qilsa, undan jamiyat oʻqishi uchun qilgan xarajatlarni qaytarish talab qilingan. Ushbu jihat jamiyat Nizomining ilova qismi 4-bandida alohida qayd etib qoʻyilgan [6:21].

Jamiyat xarajatlari yildan-yilga oshib borgani uchun ayrim oʻquvchilarning boy-badavlat qarindoshlaridan ortiqcha xarajatlarni qoplash uchun har yili 50 rubl mablagʻ talab qilingan. Jamiyatning kutubxonasi boʻlib, unda kitob, risola turli sohaga oid traktatlar mavjud edi. Kutubxona kitob fondidan jamiyat aʼzolari, oʻquvchi va talabalar birdek, yaʼni tekin foydalangan [6:23].

“Buxoroda barcha kishilar orasida foydali ilmlarni tarqatishning baxtli jamiyati” aʼzolarining soni, uning taʼsischi va tashabbuskorlari haqidagi maʼlumotlarni manbalarda uchratmadik. Ehtimol, bu kabi milliy vatanparvarlar jamiyatlari imperiya maʼmurlari tomonidan qatʼiy nazoratga olinishi tufayli taʼsischilar oʻz ism-sharifini sir tutgan yoxud asl nomini oʻzgartirishga majbur boʻlgan. Usmoniylar saltanati poytaxti Istanbuldagi Rossiya elchixonasi turkistonliklar xatti-harakatini  sinchkovlik bilan kuzatib, ular haqidagi maʼlumotlarni Sankt-Peterburg, Toshkent, Yangi Buxoro, Petro-Aleksandrovskiyga muntazam yetkazib turgan. Chunki, bu kabi milliy uyushmalar faoliyati imperiya manfaatlariga zid boʻlib, ular milliy gʻurur va ruhni uygʻotishga xizmat qilar, tub joy aholi savodxonligi uchun kurash olib borar edi.

Foydalanilgan adabiyotlar:
  1. OʻMA. I-3 fond. 1-roʻyxat. 1168-yigʻma jild. 199-varaq. Hayitov Sh. Oʻzbek muhojirligi tarixi (1917-1991-yillar). Abu-matbuot konsalt, 2008. – B. 22.
  2. OʻMA. I-3 fond. 1-roʻyxat. 1168-yigʻma jild. 163-165-varaqlar.
  3. OʻMA. I-3 fond. 1-roʻyxat. 1168-yigʻma jild. 200-201-varaqlar.
  4. OʻMA. I-461-fond. 1-roʻyxat. 942-yigʻma jild.18-varaq.
  5. OʻMA. I-461-fond. 1-roʻyxat. 949-yigʻma jild. 16-varaq.
  6. OʻMA. I-461-fond. 1-roʻyxat. 949-yigʻma jild 21-varaq.
  7. Hayitov Sh.A. Buxoroliklarning xorijdagi tashkilot va uyushmalari. // Iz Istorii kulturnogo naslediya Buxarы (2 vыpusk). Izd. Buxara, 2008. – S.71-74.; Shu muallif: Buxoroliklarning xorijdagi mulklari va vorisiylik huquqi masalasiga doir (XIX asr oxiri – XX asr boshlari) // Buxoro davlat universiteti ilmiy axboroti. 2012. 3-son. – B. 35-39. Shu muallif: Buxoro amirligidan Istanbul va muqaddas shaharlarga vaqf qilingan mulklar //BuxDU ilmiy axboroti. 2008. 2-son. – B. 47-50.
 
[1] TRQB (Turkiston rayon qoʻriqlash boʻlimi, Oxranka, Maxsus idora, maxfiy maʼlumotlar toʻplash uchun tuzilgan idora)
ZOKIR TOGʻAYEV
NavDPI tadqiqotchisi

Check Also

OʻZBEKISTON FALSAFA TARIXI RIVOJIDA NAJMIDDIN KOMILOV TASAVVUFSHUNOSLIK MAKTABINING OʻRNI VA IZDOSHLIK ANʼANALARI

Insonning aqliy kashfiyoti, intellektual salohiyati yuqori darajaga yetgan global davrni raqamlashgan dunyo boshqarmoqda. Ammo bashariyat …