Home / FOTO LAVHALAR / Qozogʻistonda yangi kitob va maʼlumotlar taqdim etildi

Qozogʻistonda yangi kitob va maʼlumotlar taqdim etildi

Joriy yilning 29-mart kuni Qozogʻistonning Turkiston shahrida Ahmad Yassaviy nomidagi qozoq-turk xalqaro universiteti tomonidan Xoja Ahmad Yassaviy tavalludining 930-yilligi munosabati bilan “Xoja Ahmad Yassaviy – asr mutafakkiri” nomli xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya boshlandi.

Yassaviy merosini oʻrganish va keng targʻib qilish, uning hikmat va tamoyillarini taʼlim tizimga joriy etish, mahalliy va xorij olimlarining bu boradagi tadqiqotlarini oʻzaro muvofiqlashtirish maqsadida tashkil etilgan anjumanda 10 ga yaqin davlatdan kelgan 50 ga yaqin olim maʼruzasi tinglandi.

Anjuman ishida Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi boʻlim boshligʻi, tarix fanlari boʻyicha falsafa doktori Mexrojiddin Amonov ham ishtirok etib, “Zarafshon vohasi soʻfiylik tarixi boʻyicha “Irshodnoma” tahlili” mavzusida maʼruza qildi.

Maʼruzachi Yassaviya tariqatining Zarafshon vohasida faoliyat olib borgan shayxlari hayoti, ijodi va tarixiga oid yangi maʼlumotlar bilan oʻrtoqlashdi.

Olim, shuningdek, Markaz tomonidan nashr etilgan “At-Tarixu-s-sagʻir”, “Sunani Dorimiy”, “Hadis istilohlari ensiklopediyasi”, “Iqoniy”, “Markaziy Osiyoda naqshbandiya-mujaddidiya tariqati (XVIII-XIXasrlar)” kitoblarini taqdimot qildi.

Markazning taqdimot qilingan nashrlari Ahmad Yassaviy nomidagi qozoq-turk xalqaro universiteti kutubxona fondi uchun universitet rektori Janar Temirbekovaga topshirildi.

Konferensiya ertaga ishini davom ettiradi.

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi
Matbuot xizmati

Check Also

Targʻibot tadbirlari – Kattaqoʻrgʻonda

Samarqand viloyati boʻylab “Jaholatga qarshi– maʼrifat” shiori ostida mahallalarda oʻtkazilayotgan navbatdagi targʻibot tadbirlari Kattaqoʻrgʻon tuman …