Home / MAQOLALAR / TILGA EʼTIBORSIZ – ELGA EʼTIBORSIZ

TILGA EʼTIBORSIZ – ELGA EʼTIBORSIZ

Til insonning eng mukarram, shu bilan birga, eng xatarli aʼzosidir. Agar inson uni yaxshilikka ishlatsa, ulkan ajr-mukofotga ega boʻladi. Bordi-yu yomonlikka ishlatsa, malomatga qoladi. Oqil moʻmin shirin soʻzli va ochiq yuzli boʻladi. Fitna va yomonlikdan yiroq turadi. Tilini yolgʻon, gʻiybat va chaqimchilik bilan odamlar orasida nizo keltirishdan saqlaydi.

         Qurʼoni karimda Alloh taolo:

﴿لَا خَيْرَ فِي كَثِيرٍ مِنْ نَجْوَاهُمْ إِلَّا مَنْ أَمَرَ بِصَدَقَةٍ أَوْ مَعْرُوفٍ أَوْ إِصْلَاحٍ بَيْنَ النَّاسِ وَمَنْ يَفْعَلْ ذَلِكَ ابْتِغَاءَ مَرْضَاةِ اللَّهِ فَسَوْفَ نُؤْتِيهِ أَجْرًا عَظِيمًا﴾

Ularning koʻp shivirlashib gaplashishlarida yaxshilik yoʻqdir. Magar sadaqa berishga, ezgulikka yoki odamlar oʻrtasini isloh qilishga buyurgan boʻlsalar, bu yaxshidir. Kimda-kim Alloh rizosi uchun shu ishlarni qilsa, unga ulkan mukofot berajakmiz”[1], deydi.

Alloh taolo har bir insonga uning soʻzini yozib borish uchun bir farishtani biriktirib qoʻygan. Uning gapirgan hech bir soʻzi unutilib ketmaydi, yozib saqlab boriladi.

Alloh taolo aytadi:

﴿مَا يَلْفِظُ مِنْ قَوْلٍ إِلَّا لَدَيْهِ رَقِيبٌ عَتِيدٌ﴾

“U biror soʻzni talaffuz qilsa, albatta, uning oldida hoziru nozir boʻlgan bir kuzatuvchi (soʻzni yozib oluvchi farishta) bordir”[2].

Xoh jiddiy, xoh hazil qilib gapirilgan har qanday soʻzni Roqib va Atiyd nomli ikki farishta yozib boradi.

Insonning abadiy saodatga erishib jannatga kirishi yoki baxtsiz boʻlib, doʻzaxga otilishining ham asosiy sababchilaridan biri tilidir. Abu Hurayra roziyallohu anhu rivoyat qilgan hadisda Paygʻambar alayhissalom bunday deganlar: “Kim Allohga va oxirat kuniga imon keltirgan boʻlsa, yaxshi gap gapirsin yoki jim tursin!” (Imom Buxoriy rivoyati). Abu Zarr roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda esa Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Sen uzun sukutni lozim tut. Faqat yaxshilikni gapir. Chunki, uzun sukut sendan shaytonni quvadi va diningning ishida yordam beradi”, deganlar (Ibn Hibbon rivoyati).

Yana Abu Muso roziyallohu anhudan bunday rivoyat qilinadi: “Ey Allohning Rasuli, islomda qaysi amal afzal?” deyishdi. U zot: “Qoʻli va tilidan musulmonlar omonda boʻlgan kishining amali”, dedilar” (Imom Buxoriy rivoyati).

Insonning najot topishiga taqvosi va chiroyli xulqi, halokatga uchrashiga tilini keraksiz gaplardan va avratini zinodan saqlamasligi sabab boʻlar ekan.

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam insonlarni jannatga kiritadigan amallar  haqida soʻralganlarida: “Allohga taqvo qilish va chiroyli xulq”, dedilar. Doʻzaxga kiritadigan narsa haqida soʻralganlarida esa: “Ogʻiz va farj”, dedilar (Imom Termiziy rivoyati).

Sahl ibn Saʼd roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda esa Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kim menga ikki jagʻi va ikki oyogʻi oʻrtasidagi narsani saqlashni kafolatining bersa, men unga jannat kafolatini beraman”, deganlar (Imom Buxoriy rivoyati).

 Demak, jannatning kafolati tili bilan odamlarga aziyat yetkazmaydigan va zino qilmasdan farjini saqlaydigan kishiga berilgan ekan.

Tilning ahamiyati shunchalik kattaki, inson birgina soʻzi bilan musulmon boʻlishi yoki dindan chiqishi mumkin. Baʼzilar soʻziga eʼtibor qilmaydi. Vaholanki, uning soʻzi koʻp mashaqqat va dinsizlikka olib boradi. Abu Hurayra roziyallohu anhu rivoyat qiladi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Banda bir gapni aniqlamay gapirib qoʻyadi-da, shu sababli doʻzaxning mashriq va magʻrib oraligʻidan ham uzoqroq joyiga toyib qulaydi”, dedilar” (Imom Buxoriy rivoyati).

Bugungi kunda til ofatidan jamiyatda oilalar parokanda boʻlayapti, davlatlar oʻrtasida nizo va urushlar kelib chiqayapti, qon toʻkilib, qanchadan qancha insonlar hayotdan koʻz yumayapti. Aslida til “qamab qoʻyish” uchun eng munosib aʼzo hisoblanadi. Alloh taolo insonga bir til va ikki quloq berishining hikmati ham koʻp eshitib, oz gapirishdadir.

Demak, moʻmin kishi Alloh taolo neʼmat qilib bergan tilni faqat yaxshi soʻzlarga va odamlar orasini isloh qilishga ishlatmogʻi lozim. Alloh va Rasuli qaytargan gʻiybat, yolgʻon, boʻhton va fahsh soʻzlardan tilini tiymogʻi kerak. Ana shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning: “Tilingizni saqlamaguningizcha birortangiz ham imonning haqiqatiga yeta olmaysiz” degan soʻzlariga koʻra, haqiqiy imon sohibi boʻladi (Imom Tabaroniy rivoyati).

[1] Niso surasi, 114-oyat.
[2] Qof surasi, 18-oyat.
Otabek BAHRIYEV,
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi

Check Also

OʻZBEK DAVLATCHILIGI TARIXINI OʻRGANISHDA “NIZOM AT-TAVORIX”NING AHAMIYATI

Oʻzbek davlatchiligini boshqargan somoniylar, saljuqiylar, anushteginiylar hamda moʻgʻullarga qaramlik davri (1220–1370) tarixiga oid manbalardan biri …