Home / FOTO LAVHALAR / MUQADDAS QADAMJOLAR BOY TARIXIMIZ VA UMRBOQIY QADRIYATLARIMIZDAN SOʻZLAYDI

MUQADDAS QADAMJOLAR BOY TARIXIMIZ VA UMRBOQIY QADRIYATLARIMIZDAN SOʻZLAYDI

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markaziga Qozogʻistondagi Falsafa, siyosatshunoslik va dinshunoslik instituti huzuridagi Dinshunoslik markazi direktori Almasbek Shagʻirbay va ilmiy xodimi Nurmuhammed Meymanxoʻja tashrif buyurdi.

Mehmonlar Markaz muzeyida boʻlib, Imom Buxoriy hayoti va ilmiy merosiga oid eksponat hamda qoʻlyozma manbalar nusxalari bilan yaqindan tanishdi.

Tashrif davomida Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi bilan Qozogʻistondagi Falsafa, siyosatshunoslik va dinshunoslik instituti oʻrtasida hamkorlikka oid Anglashuv memorandumini imzolash marosimi oʻtkazildi. Unda soʻzga chiqqanlar oʻzaro hamkorlik istiqbollari, qator yoʻnalishlarda amalga oshirilishi nazarda tutilgan qoʻshma loyihalar samaradorligini taʼminlash yuzasidan fikr-mulohazalar bildirib, mazkur huquqiy hujjat mushtarak maqsadlarga erishishda muhim ahamiyat kasb etishini taʼkidladi.

Shundan soʻng, mehmonlar ishtirokida “Markaziy Osiyoda yassaviylik taʼlimoti (Shayx Iqoniy hayoti va faoliyati misolida)” mavzuida xalqaro ilmiy davra suhbati tashkil etildi. Tadbirda Markaz rahbariyati va ilmiy jamoasi hamda Samarqand viloyati Jomboy tumani hokimi Qayum Sobirov ishtirok etdi.

Hokim Yangi Oʻzbekistonda yangicha gʻoya va qarashlar asosida har sohada olib borilayotgan tub islohotlar zamirida yuksak maʼnaviyat mujassam ekani, xalqimizning asriy anʼanalari va milliy madaniyati alloma ajdodlarimiz qoldirgan boy ilmiy meros asosida shakllangani, yurtimiz, xususan, Samarqanddagi muqaddas qadamjolarning qadim tariximiz va oʻlmas qadriyatlarimizdan soʻzlovchi yodgorliklar sifatidagi beqiyos qadr-qimmati haqida gapirdi. Shuningdek, hududdagi ziyoratgohlarning noyobligi, tarixiy nodir qiymatini ilmiy asoslashga Markaz xodimlari ham munosib hissa qoʻshayotganini eʼtirof etib, fikrining dalili sifatida tumandagi Shayx Kamoliddin Iqoniy Aliobodiy maqbarasi tarixini tadqiq qilishda jamoaning mehnatini alohida tilga oldi va minnatdorlik bildirdi.

Markaz direktori Shovosil Ziyodov mutafakkirlar hayoti va ilmiy merosini oʻrganish va kelgusi avlodga yetkazish davlat eʼtiboridagi muhim masalalar sirasiga kiritilgani bu borada olib borilayotgan faoliyat samaradorligini taʼminlab, davlat va jamoat tashkilotlari, shuningdek, ilmiy muassasalarning uzviy hamkorligini yanada jadallashtirayotganini taʼkidladi.

Almasbek Shagʻirbay tarixan yakdil va hamfikr boʻlgan turkiy xalqlarning madaniyati, sanʼati va ilmiy faoliyati bir-biriga hamohang va mushtarak ekanini qayd etib, ular asos solgan davlatlarda rivoj topgan madaniyat va tamaddun yutuqlari jahon sivilizatsiya taraqqiyotida alohida oʻrin tutishini tilga oldi. Oʻz davrida Markaziy Osiyoda keng tarqalgan Yassaviya taʼlimoti ham shular jumlasidandir.

Suhbatda soʻz olganlar Yassaviya tariqatining yorqin namoyandalaridan biri Shayx Iqoniy siyratiga chizgilar berib, maʼnaviy merosining eʼtiborga molik jihatlariga toʻxtaldi.

Tadbir doirasida Markaz ilmiy xodimi Mehrojiddin Amonovning “Markaziy Osiyoda Naqshbandiya-Mujaddidiya tariqati” mavzuidagi monografiyasi hamda “Iqoniy” nomli kitobi taqdimoti oʻtkazildi. Muallif ilmiy ishlarining qisqacha tavsifini keltirib, ularga kiritilgan maʼlumotlar haqida tushuncha berdi. Ishtirokchilar ushbu risolalarni yuksak ilmiy muvaffaqiyat sifatida baholab, muallifni mazkur yutuq bilan qizgʻin tabrikladi.

Tadbirlarning amaliy qismi Jomboy tumanidagi Shayx Kamoliddin Iqoniy Aliobodiy ziyoratgohida davom etdi.

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi
Matbuot xizmati

Check Also

Targʻibot tadbirlari – Kattaqoʻrgʻonda

Samarqand viloyati boʻylab “Jaholatga qarshi– maʼrifat” shiori ostida mahallalarda oʻtkazilayotgan navbatdagi targʻibot tadbirlari Kattaqoʻrgʻon tuman …