Home / MAQOLALAR / BANDALARNING FEʼLLARI (Abul Barakot Nasafiyning “Al-Eʼtimod fil eʼtiqod” asari asosida)

BANDALARNING FEʼLLARI (Abul Barakot Nasafiyning “Al-Eʼtimod fil eʼtiqod” asari asosida)

Ahli sunna ulamolari aytadi: “Bandalarning feʼllari (ish-harakatlari) haqiqatan Alloh taolo yaratgan narsalardir. Sahoba va tobeinlar ham shu fikrda boʻlgan”.

Bandalarning ish-harakatlari Allohning yaratgani va ularning kasbidir. Yaʼni, bandaning ish-harakatini Alloh taolo yaratadi. Banda ishni qiladi, ammo u ishni yaratish Allohdan boʻladi. Ish-harakat bandaga nisbat berilsa, “qildi” deyiladi. Alloh taologa nisbat berilsa, “yaratdi” deyiladi. Yaʼni, urinish bandadan boʻladi, yaratib, vujudga chiqarish Allohdan boʻladi. Alloh xalq qilmasa, banda har qancha urinmasin, biror natija chiqmaydi[1].

Jabariylar va ularning boshligʻi Jahm ibn Safvon: “Bandada biror ish-harakat ham, ixtiyor ham, qudrat ham yoʻq. Bular titrayotgandagi va tomir urgandagi kabi majburiy harakatlar sanaladi. Ish-harakat bandalarga majozan nisbat beriladi. U bajaruvchiga (insonning oʻziga) emas, balki tana aʼzolarga nisbat berish lozim boʻlgan narsalar qabilidandir”, degan. Ularning nazdida “Zayd keldi. Amr ketdi”, degan gaplar “Bola oʻsdi. Soch oqardi”, degan bilan barobardir.

Jabariylar oʻzlarining ushbu soʻzlari bilan ish-harakatlarni aʼzolarga Alloh taolo majburan qildiradi, demoqchi. Bu esa mutlaqo xato fikrdir. Chunki, har bir bandaga juzʼiy ixtiyor (tanlash huquqi) berilgan. U ana shu ixtiyor bilan oʻz ish-harakatlarini belgilaydi. Alloh taolo esa uning aʼzolarida tanlangan ish-harakatlar uchun qudrat yaratadi va banda oʻsha qudrat bilan ularni amalga oshiradi. Agar bandalar majburlangan boʻlganida, gunohlar uchun ularni azoblash zulm boʻlar edi. Holbuki, Alloh taolo Qurʼoni karimda: “Men bandalarga zulm qiluvchi emasman”[2], deydi. Qolaversa, bandalarda ixtiyor boʻlmaganda, Qurʼon nozil qilib, ularni yaxshilikka buyurib, yomonlikdan qaytarish behuda ish boʻlardi. Demak, kimki Allohning amriga itoat etsa, oʻz ixtiyori bilan itoat etgani uchun savob oladi. Ammo itoatsizlik qilsa, bu ishni ham oʻz ixtiyori bilan qilgani uchun jazoga loyiq boʻladi.

Jabariylar bandaning ixtiyoriy xatti-harakatlarini undagi gʻayriixtiyoriy ishlar bilan ham tenglashtirgan. Holbuki, Zaydning kelishi va Amrning ketishi ularning oʻziga bogʻliq ishdir. Ammo bolaning oʻsishi va sochning oqarishi insonning oʻziga bogʻliq emas. Shuning uchun inson gʻayriixtiyoriy ishlari uchun javobgar boʻlmaydi.

Moʻtaziliylar: “Bandalar oʻz ish-harakatlarini oʻzlari paydo qiluvchidir”, degan. Ular Jubboiy chiqqunga qadar bandani yaratuvchi deb nomlashga jurʼat qilmagan. Jubboiy esa paydo qilish va yaratish oʻrtasida farq yoʻq, deb hisoblab, bandalarni oʻz ish-harakatlarini yaratuvchisi deb atagan.

Bu toifaning ham eʼtiqodi botildir. Chunki yaratish faqatgina Alloh taologa xos ekani Qurʼoni karimda ochiq bayon qilingan. Quyida ana shu mazmundagi oyatlardan baʼzilarini dalil sifatida keltirib oʻtamiz:

  1. ﴿اللَّهُ خَالِقُ كُلِّ شَيْءٍ “Alloh barcha narsaning yaratuvchisidir”[3]. Bandaning ish-harakati ham bir narsadir. Bu oyat umumiy boʻlib, u barcha narsani qamrab oladi. Hatto bandalarning ish-harakatlarini ham.
  2. ﴿وَاللَّهُ خَلَقَكُمْ وَمَا تَعْمَلُونَ “Holbuki, Alloh sizlarni ham, qilgan ishlaringizni ham yaratgan”[4]Oyatda Alloh taolo insonni ham, uning ishlarini ham yaratgani yaqqol koʻrinib turibdi.
  3. ﴿أَفَمَنْ يَخْلُقُ كَمَنْ لَا يَخْلُقُ أَفَلَا تَذَكَّرُونَ “Yaratadigan Zot yaratmaydigan zot kabi boʻlurmi? Oʻylab koʻrmaysizlarmi?!”[5]Oyatda Alloh taolo Oʻzini yaratuvchilik sifati bilan maqtamoqda. Agar yaratish borasida U Zotga boshqasi sherik boʻlganda, Oʻzini maqtashi befoyda boʻlardi. Chunki maqtanish U Zotga boshqa hech kim sherik boʻlolmaydigan ishlar bilan hosil boʻladi.
  4. ﴿أَلَا يَعْلَمُ مَنْ خَلَقَ وَهُوَ اللَّطِيفُ الْخَبِيرُ “Yaratgan Zot bilmaydimi?! Holbuki, U oʻta nozik narsalarni biluvchi va xabardordir”[6]Oyatda yaratish qudratining shartlaridan biri – xoliq maxluqni u hosil boʻlishidan avval bilishi zarurligi bayon qilinyapti. Yaʼni, Alloh taolo har bir insonning kelajakda qiladigan ish-harakatlarini oldindan biladi. Banda esa kelajakda qanday ish-harakatlarni amalga oshirishidan bexabar boʻladi. Shuning uchun ish-harakatlarni yaratishni bandaga nisbat berish katta xatodir.

Xulosa oʻrnida shuni aytish mumkinki, bandalar yaratuvchi emas, balki Alloh taolo yaratgan ish-harakatlarni amalga oshiruvchi hisoblanadi. Chunki yaratish faqatgina Alloh taologa xosdir. Qurʼoni karimda bu maʼno quyidagicha bayon qilingan: ﴿أَلَا لَهُ الْخَلْقُ وَالْأَمْرُ “Ogoh boʻlingki, yaratish va amru tadbir Uning Oʻziga xosdir”[7].

[1] Muhammad Anvar Badaxshoniy. “Aqiydatut tahoviya” sharhining talxiysi. Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf tarjimasi. –T:. “HILOL-NASHR”, 2019. – B.323-324.
[2] Qof surasi, 29-oyat.
[3] Raʼd surasi, 16-oyat.
[4] Soffat surasi, 96-oyat.
[5] Nahl surasi, 17-oyat.
[6] Mulk surasi, 14-oyat.
[7] Aʼrof surasi, 54-oyat.
Ravshan ELMURODOV,
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi
ilmiy xodimi

Check Also

OʻZBEK DAVLATCHILIGI TARIXINI OʻRGANISHDA “NIZOM AT-TAVORIX”NING AHAMIYATI

Oʻzbek davlatchiligini boshqargan somoniylar, saljuqiylar, anushteginiylar hamda moʻgʻullarga qaramlik davri (1220–1370) tarixiga oid manbalardan biri …